|
Bolalar adabiyoti istilohi haqida tushuncha
|
bet | 2/7 | Sana | 20.11.2023 | Hajmi | 33,84 Kb. | | #101877 |
Bog'liq 1 лекцияBolalar adabiyoti istilohi haqida tushuncha. Tarixning eng qadimgi davrlaridanoq inson nafaqat o‘zining tirikchiligi uchun kurasha boshlagan, balki u o‘z avlodi bardavomligi haqida qayg‘urgan. Insoniyatni o‘rab turgan dunyo va u haqdagi tasavvuri, yig‘ilgan bilimlari, hayotiy tajribasi, hamda bu boradagi dono fikrlari, xulosalari bolalarga turli pand-nasihatlar shaklida, tushunarli vositalarda anglatilgan. Bu jihat barcha xalqlar og‘zaki adabiyotining mushtarak xususiyatlari hisoblanadi.
Folklor har bir xalqning milliy-adabiy ijodini boshlab berishi ham shundan. Bu xususiyat bolalar adabiyoti inkishofida ham muhim rol o‘ynaydi. Qachonlardir Ovrupoda aka-uka Grimmlar, X.K.Andersen, Sh.Perro, J.Rodari kabilarning ertak to‘plamlari paydo bo‘lgan bo‘lsa, vaqti kelib, o‘zbek bolalar adabiyotining boshlanmasida ham bu hodisa poydevor bo‘la oldi. Inson ruhiyatida o‘z-o‘zini anglash davri aynan bolalikda kashf etilishi ham turli xalqlarda turli davrlarda kechdi. Negaki, bolalik insondagi bebaho ichki olam sifatida, beg‘uborligu ajoyibotlari bilan kattalarni o‘ziga rom etuvchi davr ekani, kattalik davri esa, xuddi eng samimiy va bolalarcha beg‘uborlik tark etilgan jarayon sifatida anglay boshlanishi uchun jamiyat ma’naviy ongida yangilanish zaruratini yuzaga keltirgan. Hamchunin, Yevropa adiblari XVI-XVII asrdayoq nafaqat bolalikni kashf etdi, balki uni eng sof mukammallik namunasi va mehr-shafqat timsoli sifatida insoniyatga me’ros qilib qoldirdi.
Har bir mamlakatda bolalar tarbiyasiga oid, ularga bag‘ishlangan yoxud maxsus yaratilgan ijod namunalari u haqdagi istilohlarni ham vujudga keltiradi. Jumladan, o‘zbek bolalar adabiyoti tarixida folklordan tashqari, didaktik adabiyot, bolalar kitobxonligi, ma’rifatparvarlik adabiyoti, milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti tushunchalari uning shakllanishidagi asosiy omillar hisoblanadi. Hodisaning maydonga kelishi, uning ilmiy iste’molga olib kirilishi, nihoyat, mustaqil fan sifatidagi takomili esa yaxlit tizimni tashkil etadi.
Bolalar va o‘smirlar uchun yaratilgan badiiy, ilmiy, ilmiy-ommabop va publitsistik asarlar majmui tom ma’noda bolalar adabiyotini tashkil etsa-da, asosan, sof badiiy asarlar bu tushuncha mohiyatini anglatishi taomilga kirgan. Bolalar o‘qishi uchun mo‘ljallangan asarlar barcha xalqlar tarixida qadimdan davom etib kelgan. Jumladan, o‘zbek bolalar adabiyoti Sharq yozma adabiyotida “pandnoma”, “ma’vizatnoma”, “nasihatnoma”, “axloq kitoblari” singari nomlar bilan tasnif qilinuvchi asarlar zaminida voqelikka aylangani, shuningdek, uning shakllanishi ma’rifatparvarlik va maktab-maorif tizimi islohotlari bilan chambarchas bog‘liqligi ayon haqiqat. Bolalar adabiyoti avvalo, turli yoshdagi bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan so‘z san’atidir. U voqelikni aynan o‘n olti-o‘n yetti yoshgacha bo‘lgan bolalar idroki, tasavvuri, tafakkur obrazlarida gavdalantiruvchi badiiy asar namunalarini o‘zida mujassamlashtiradi. Shu jihatdan u umumbadiiy adabiyot bag‘rida shakllangan. Ayni paytda, u qator xususiyatlariga ko‘ra alohidalik kasb etadi.
Bolalar adabiyoti avvalo:
– so‘z san’atiga asoslangani va badiiy ijod mahsuli ekanligi jihatdan umumadabiyotga hamohang bo‘lsa;
– unda bolalar ta’lim-tarbiyasi ustuvorligi pedagogika bilan;
– bolalar va o‘smirlarning murakkab ruhiyati, qiziqishlarini aks ettirishi psixologiya;
– yosh xususiyatlarini ifodalashi fiziologiya bilan;
– ona-tabiat, atrof-olam hodisalarini keng aks ettirishiga ko‘ra tabiatshunoslik fanlari;
– kichkintoylar til xususiyatlarini mujassamlashtirib tilshunoslik fanlari va defektologiya;
– xalqona ohang va jonli so‘zlashuv tilidan foydalanib, xalq og‘zaki ijodi bilan uzviylikda namoyon bo‘ladi.
Bolalarbop barcha asarlarda yosh avlodning dunyoqarashi, tafakkuri, o‘y-kechinmalari, orzu-istaklari, voqelikka estetik munosabati o‘z ifodasini topadi. Ularning aksariyati yozuvchilar (kattalar) tomonidan yaratilsa-da, voqelik bolalar dunyoqarashi nuqtayi nazaridan talqin va tadqiq etiladi, bolalar tilidan hikoya qilinadi va baholanadi. Binobarin, xuddi shu xususiyatlarni o‘zida namoyon qila oladigan o‘zbek bolalar adabiyoti XX asrning 20-30-yillarida to‘liq shakllanib, umumadabiyotning alohida tarmog‘i sifatida maxsus yo‘nalish kasb etadi. Bunda Abdulla Avloniy, Hamza Hakimzoda Niyoziy singari ilk namoyandalari, Shokir Sulaymon, G‘ayratiy, Dorjiya Oppoqova, G‘ulom Zafariy, Elbek, Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom, Ilyos Muslim, Zafar Diyor, Sulton Jo‘ra, Qudrat Hikmat, Quddus Muhammadiy, Shukur Sa’dulla, Hakim Nazir, Po‘lat Mo‘min kabi professional yozuvchi-shoirlar o`z ijodi orqali sohaning shakllanishi va taraqqiyot xususiyatlarini belgilay oladi. Natijada, bolalar she’riyati, nasri o`tgan asrning ikkinchi yarmidan ancha yuksaldi. Bolalar dramaturgiyasi va publitsistikasiga asos solindi. Bolalar kinosi va teatri rivojlandi.
Muhimi, bu istiloh ruscha “detskaya literatura” so‘zining aynan tarjimasi tarzida emas, balki real voqelikka aylangan, o‘zbek bolalariga mo‘ljallanib yaratila boshlangan, ularga ixtisoslashgan adabiy hodisani ifodalagan holda dunyoga keldi. Buning tarixiy-tadrijiy tamoyillari, ilmiy-nazariy umumlashmasi esa “Bolalar adabiyoti” deb nomlangan mustaqil fan tarixida o‘z ifodasini topa bordi.
|
| |