|
Tarix falsafasida tarixiy taraqqiyot g‘oyasi
|
bet | 2/3 | Sana | 19.11.2023 | Hajmi | 81,5 Kb. | | #101425 |
Bog'liq Mavzu -Tarix-falsafasi-va-falsafa-tarixi-uyg unligi-Reja-fayllar.orgTarix falsafasida tarixiy taraqqiyot g‘oyasi Tarixda mazmunning mavjudligi haqidagi tasavvur, shuningdek O‘rta asrlar falsafasi ilk bor ta'riflab bergan insoniyatning taraqqiyoti g‘oyasi ancha yashovchan bo‘lib chiqdi: u turli yo‘nalish va oqimlarga mansub faylasuflar tomonidan muayyan falsafiy ta'limotlar nuqtai nazaridan u yoki bu tarzda talqin qilingan. Masalan, Ma'rifat davrida barcha tarixiy voqyealarga oqilonalik mezoniga muvofiq baho berilgan. Mazkur konsepsiya eng mukammal ko‘rinishda D.Didro tashabbusi bilan yaratilgan «Ensiklopediya»ning faol ishtirokchilaridan biri, fransuz ma'rifatchisi Nikolay Kondorse asarida o‘z aksini topgan. U o‘zining «Inson tafakkuri taraqqiyotining tarixiy manzarasiga chizg‘i» deb nomlangan risolasida kishilik jamiyatining barcha jabhalariga tafakkurning kirishi g‘oyasini mazkur jamiyat rivojlanishining uzoq istiqboli sifatida asoslashga harakat qiladi. Tafakkurning tantanasi g‘oyasi insoniyat tarixining mazmuni sifatida Gegel tomonidan ham asoslangan. U tarixga mutlaq ruh, olamiy Aql taraqqiyoti sifatida yondashgan. Gegel fikriga ko‘ra, mazkur taraqqiyot o‘zining alohida vazifasini ado etishi lozim bo‘lgan ayrim xalqlar ruhi orqali amalga oshadi. Uning fikricha, tarixiy jarayon «aqlga muvofiq», ya'ni tasodiflardan yoki ayrim shaxslarning o‘zboshimchaligidan qat'iy nazar o‘ziga yo‘l ochadigan ob'ektiv qonuniyatlar bilan belgilanadi. Tarixning mazmuni mutlaq ruh o‘zini o‘zi anglab yetishidadir, deb qayd etadi Gegel. Tarixning mazmunini aniqlash borasidagi keyingi izlanishlar amalda muayyan ideal tajassumi sifatidagi tarixning mazmuni haqidagi tezisning ko‘rinishlari hisoblanadi. Idealning mazmuni har xil, hatto qarama-qarshi bo‘lishi mumkin: texnokratik illyuziyalar, ommaviy iste'mol jamiyati ideali, axborot jamiyati ideali, xususiy mulk va ekspluatatsiyasiz umumiy tenglik jamiyati va h.k. Tarixning mazmunini aniqlash yo‘lidagi izlanish rang-barang ekanligiga qaramay, uning har bir talqini aholi muayyan qismining orzu-umidlariga mosdir. Tarixning mazmuni tushunchasining eng teran talqinlarini XX asr faylasuflari -K.Yaspers taklif qilgan . U jahon tarixining mazmunini davrlarning umuminsoniy aloqalarga asoslanadigan mazmun jihatidan bog‘lanishida ko‘radi. Mazkur bog‘lanishning mavjudligini tarixning mazmunini aks ettiradigan dunyoviy vaqt o‘qi kafolatlaydi. U Sharq va G‘arb madaniyatlarining umumiy asosi hisoblanadi. Yaspers jahon tarixida tillarning vujudga kelishi, mehnat qurollari ixtiro qilinishi, olovdan foydalanishga kirishilishi kabi to rt bosqichini farqlaydi:. Vaqt o‘qining boshlanishi Hindiston, Xitoy, Yunoniston ,Markaziy Osiyo, Eron buyuk madaniyatlari deyarli bir vaqtda vujudga kelgan miloddan avvalgi 800 va 200 yillar oralig idagi davrga mos keladi. yevropada fan-texnika davrining boshlanishi mazkur madaniyatlarning davomi (ma'lum ma'noda esa ularning ziddi) bo‘lgan. To‘rtinchi bosqichda insoniyatning birligi vujudga keladi. Bu davrda jamiyat insonga munosib bo‘lgan asoslar va tamoyillarga muvofiq rivojlanadi. Totalitarizmdan butunlay voz kechishga asoslangan huquqiy davlat mazkur birlikning kafili hisoblanadi. Tarixning mazmuni - umuminsoniy madaniyatni va vaqt o‘qining avvalida shakllangan an'analarni saqlash va rivojlantirishdadir. Bugungi kunda jamiyatning globallashuvi munosabati bilan tarixning mazmuni haqidagi masala yana kun tartibidan o‘rin olmoqda. Zamonlar va xalqlar aloqasini, xalqlar o‘rtasidagi hamjihatlikni qaror toptiradigan, ajdodlarning ma'naviy merosini saqlash va kopaytirishni, hozirgi avlodlarning erkinligi va ijodiy imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishni ta'minlaydigan qadriyatlar tizimiga qarab mo‘ljal oluvchi g‘oyalar yana muhim ahamiyat kasb etmoqda. XIX asrda falsafadan sotsiologiya ajralib chiqa boshladi. Mazkur fan jamiyatni tushunishga nisbatan falsafiy yondashuvlarni asosan tan - oladi va ayni vaqtda o‘z predmeti va tadqiqot metodlariga ega.
- O.Kont. Ijtimoiy tadqiqotlarning ob'ektivligiga erishish lozim, degan g‘oyani himoya qilgan O.Kont (1798-1857) fan sifatidagi sotsiologiya asoschisi. U sotsiologiyani ikki qismga ajratadi: birinchi qism ijtimoiy statikani, ya'ni ijtimoiy tizimlarning mavjudlik shartlarini va ularning amal qilish qonunlarini, ikkinchi qism esa - ijtimoiy dinamikani, ya'ni jamiyatning rivojlanish va o‘zgarish qonunlarini o‘rganadi. Ijtimoiy statika - odam organizmining tuzilishiga o‘xshab ketadigan jamiyat «anatomiyasi»dir. Kont jamiyatda oila, din, davlat kabi muhim institutlarni farqlaydi. U jamiyat rivojlanishining uch bosqichi qonunini ta'riflaydi. Mazkur bosqichlar insoniyat aqliy rivojlanishining uch bosqichiga mos keladi: teologik bosqich (u qadimgi davr va ilk O‘rta asrlarni qamrab oladi va XIII asrda tugaydi), metafizik bosqich (XIV-XVIII asrlar) va pozitiv bosqich (XIX asrda boshlanadi).
- Marksizm. K.Marks (1818-1883) va F.Engels (1820-1895) jamiyatni o‘z-o‘zidan rivojlanadigan, iqtisodiy rivojlanishning bir bosqichidagi barcha mamlakatlar uchun umumiy bo‘lgan o‘ta murakkab tizim sifatida tavsiflaydi. Jamiyatning ziddiyatli birlikni tashkil etadigan barcha tarkibiy qismlari moddiy ishlab chiqarish munosabatlari bilan belgilanadi. Mazkur munosabatlar majmui bazisni, ya'ni jamiyatning iqtisodiy negizini tashkil etadi. Shu asosda jamiyatning o‘ziga xos ijtimoiy munosabatlar amal qiladigan muayyan-tarixiy tipi shakllanadi. Jamiyatning umumiy iqtisodiy asosda shakllanadigan va «alohida, o‘ziga xos xususiyat»ga ega bo‘lgan tipini Marks ijtimoiy-iqtisodiy formatsiya deb belgilaydi. Ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalarning o‘zgarishiga Marks pirovard natijada ishlab chiqarish kuchlari va ishlab chiqarish munosabatlarining dialektikasi bilan belgilanadigan qonuniy, tabiiy-tarixiy jarayon sifatida qaraydi.
- G.Spenser. Sotsiologiyada organik yo‘nalish asoschisi Gerbert Spenser (1820-1903) jamiyatga individlar birlashmasi sifatida yondashadi.
- Uning fikricha, mazkur individlarning rivojlanishidagi farqlar jamiyat evolyusiyasining dastlabki shartlari hisoblanadi. Jumladan, ibtidoiy qabilalar rivojlanishda oqsaganini Spenser ularning qobiliyatlari rivojlanish darajasining pastligi bilan tushuntiradi. Eng moslashuvchan jamiyatlarning yashash uchun kurashini ijtimoiy taraqqiyotning asosiy qonuni deb hisoblaydi. U iqlim, tabiiy sharoitning ijtimoiy jarayonlarga ta'sirini o‘rgangan. Spenser yaratgan ta'limotni keyinchalik sotsiologiyadagi geografik oqimlarning vakillari rivojlantirgan. E.Dyurkgeym. E.Dyurkgeym (1858-1917), jamiyatni tushunishni qadriyatlar tizimi bilan bog‘lagan, faqat shu yo‘l bilan tarixni uning o‘ziga xos xususiyatiga muvofiq tarzda o‘rganish mumkin, deb hisoblagan. E.Dyurkgeym ham qadriyatlarni jamiyat tuzilishini belgilovchi muhim omil deb bilgan. Jamiyat tuzilmasini o‘rganishga nisbatan u strukturaviy funksionalizm nuqtai nazaridan yondashgan. Jamiyat borliqning alohida sohasi bo lib, u o‘z qonunlariga muvofiq rivojlanadi. Noijtimoiy xususiyatga ega bo‘lgan omillar jamiyat hayotiga jiddiy ta'sir ko‘rsatishga qodir emas. Jamiyat tuzilmasiga Dyurkgeym o‘zaro ta'sirga kirishadigan va bir-birini vujudga keltiradigan ijtimoiy dalillar majmui sifatida qaraydi. Ijtimoiy dalillar sababini ongdan emas, balki bundan oldingi ijtimoiy dalillardan qidirish lozim. Ijtimoiy tuzilma dalillarning ikki guruhidan tarkib topadi: birinchidan, u moddiy va ma'naviy qadriyatlarni, ikkinchidan, ijtimoiy jamoalarni o‘z ichiga oladi. Ijtimoiy jamoalarni tahlil qilar ekan, Dyurkgeym oila, kasbiy guruh kabi jamoalarni, shuningdek mehnat taqsimotiga muvofiq vujudga keladigan, ijtimoiy birlik (axloq, din)ni ifoda etadigan ijtimoiy institutlarni farqlaydi. Ijtimoiy jarayonda sababiyat ijtimoiy muhitning yuqorida zikr etilgan elementlarining u yoki bu hodisani vujudga keltiradigan o‘zaro ta'siridir.
- Dyurkgeym ijtimoiy evolyusiya mavjudligini qayd etadi va uni mehnat taqsimoti bilan bog‘laydi. U rivojlangan mehnat taqsimoti, ixtisoslashuv va kooperatsiyani yuksak darajada uyushgan jamiyatning belgisi deb hisoblaydi. Mazkur jamiyat mehnat taqsimoti mavjud bo‘lmagan arxaik jamiyatlardan ayni shu belgiga ko‘ra farq qiladi. Mehnat taqsimoti individlar o‘rtasidagi farqlarni belgilaydi va shaxs shakllanishining omili hisoblanadi.
- U odamlarni o‘zaro aloqadorlik tizimi bilan birlashtirib, ijtimoiy aloqalarga uyg‘un tus beradi.
- Dyurkgeym shaxs va jamiyatning uzviy aloqasini qayd etadi. Uning fikricha, jamiyatning tubanlashuvi muqarrar tarzda shaxsning tubanlashuviga sabab bo‘ladi. Ne'matlar va xizmatlarni ayirboshlashning buzilishi natijasida yuzaga keladigan tengsizlik, shuningdek shaxs o‘z kasbiy roliga moslashmagani jamiyatda sinfiy kurashni keltirib chiqaradi. Mehnat taqsimotini muvofiqlashtirishning maqbul vositalarini topish, imkoniyatlar tengligini ta'minlaydigan qoidalarning aniq majmuini belgilash talab etiladi. Dyurkgeym bu jarayonda sotsiologiya fan sifatida ayniqsa muhim rol o‘ynaydi deb hisoblagan.
- M.Veber. Maks Veber (1864-1920) o‘z sotsiologik qarashlarida Rikkertning borliq va ongning o‘zaro aloqasi zamirida sub'ektning qadriyatga bo‘lgan muayyan munosabati yotadi, degan g‘oyasiga tayangan. Shunga muvofiq Veber tahlil qilinayotgan materialning iqtisodiy, diniy va axloqiy qadriyatlar bilan o‘zaro nisbatini aniqlash lozim deb hisoblagan. O‘zining «Protestantcha axloq va kapitalizm ruhi» asarida Veber dastlab Niderlandiya, Angliya va AQShda vujudga kelgan sanoat kapitalizmining qaror topishiga protestantcha axloq qadriyatlarining ta'sirini tahlil qiladi. U hozirgi zamon xo‘jalik hayotida hukm surayotgan kapitalizmning o‘ziga xos xususiyatiga mos keladigan xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar - tadbirkorlar va ishchilar shakllanishi natijasida vujudga kelganini qayd etadi. Veber tarixiy materializmning g‘oyalar iqtisodiy munosabatlar ustqurmasi sifatida yuzaga kelgan, degan «sodda» tasavvurlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri e'tiroz bildiradi va aksincha, kapitalizm «ruhi» uning vujudga kelish omili bo‘lgan, deb hisoblaydi.
- U kapitalizm modelini kapitalistik naf ko‘rishga oqilona intilishdan keltirib chiqarishga harakat qiladi. Veber ratsionalizm tamoyillari G‘arb madaniyatining barcha hodisalarida: fanda, san'atda, monumental qurilmalar yaratish konstruktiv tamoyillarida hukm surishini qayd etadi. Oqilona ishlab chiqilgan konstitutsiya, huquq, oqilona yaratilgan qoidalarga qarab mo‘ljal oladigan mutaxassis-amaldorlardan iborat siyosiy institut sifatidagi davlat faqat G‘arbda mavjud.
- Ammo ratsionalizm qadriyatlarini amalga oshirishning eng oqilona ifodasi tadbirkorlik sohasida mujassamlashgan: ishlab chiqarishning kommersializatsiyalashuvi, buxgalteriya hisoboti, chayqovchilikni oqilonalashtiruvchi qimmatli qog‘ozlar va birjalar, mehnatni oqilona tashkil etish va h.klardir.
- O‘zining boshqa bir qator asarlari, chunonchi: «Tushunuvchi sotsiologiyaning ba'zi bir kategoriyalari haqida», «Jahon dinlarining xo‘jalik axloqi», «Xo‘jalik va jamiyat», «Xo‘jalik tarixi»da Veber ijtimoiy harakat va uning motivatsiyasi tushunchasini ta'riflab berdi. Borliqni tushuntirish uchun u «ideal tiplar» metodologiyasini yaratdi va undan foydalandi. Veber fikriga ko‘ra, ijtimoiy organizm hujayrasi hisoblanadigan ijtimoiy harakat ikki omil: sub'ektiv motivatsiya va boshqalarga qarab mo‘ljal olishni o‘z ichiga oladi. U ijtimoiy harakatning oqilona maqsadli ijtimoiy harakat, oqilona qadriyatli ijtimoiy harakat, affektli ijtimoiy harakat va an'anaviy ijtimoiy harakat kabi tiplarini farqlaydi.
- O‘zining ijtimoiy harakat konsepsiyasini Veber hokimiyatni tushunishga nisbatan ham tatbiq etadi. O‘zgalarning umidlariga qarab mo‘ljal olish ijtimoiy harakatning muqarrar belgisi bo‘lgani bois, hokimiyat siyosiy munosabatlarda ishtirok etuvchi tomonlarning o‘zaro umidlarini nazarda tutadi. Shu holdagina hokimiyat qonuniylik kasb etadi: boshqarayotganlar o‘z buyruqlariga bo‘ysunishlariga umid qiladilar; boshqarilayotganlar esa oqilona buyruqlarni kutadilar. Veber qonuniy davlatlarning: ish vakolatlari qonuniy belgilanishining majburiyligiga bo‘lgan ishonchga ko‘ra hukmronlik; muayyan xulq-atvorga ko‘nikish bilan belgilangan hukmronlik; xarizmatik hukmronlik kabi uch tipini farqlaydi. Boshqaruvning oqilona-byurokratik tipi vujudga kelishi bilan bog‘liq bo‘lgan hokimiyatning namunaviy-oqilona tipini Veber hokimiyat ideali deb hisoblagan.
|
| |