|
Microsoft Word ch aytmatov sarvqomat dilbarim lotin ziyouz com docBog'liq Chingiz-Aytmatov-Sarvqomatdilbarimwww.ziyouz.com kutubxonasi
8
tushuntirdim so‘ng qizga.
— Mening ismim Asal...
Biz ovulga yaqinlasha boshladik. Endi yo‘l ancha tekis edi. Men mashinani yana qichabroq
haydadim. Shabada kabina derazasiga urilib, Asalning boshidagi durrachasini yulqilar va sochlarini
to‘zitar edi. Biz churq etmasdik. Ikkimiz ham iliq hislar quchog‘iga cho‘mib borardik. Tirsagi
tirsagingga tegay-tegay deb o‘tirgan mana shu qiz haqida bundan bir soat ilgari sen hech narsa
bilmasding, endi bo‘lsa nima uchundir faqat uning to‘g‘risida o‘ylaging keladi. Shunday paytlarda
mashinani haydash ham juda oson, juda marokli bo‘lar ekan... Asalning ko‘nglida nimalar
kechayotganini bilmasdim, ammo uning ko‘zlari tabassum bilan porlardi. Ehtimol, u ham menga
o‘xshab hech qachon ajralmaslik uchun uzoq va tinimsiz yurishni istayotgandir. Bu mening orzu-
xayollarim, albatta. Shu chog‘ mashina ovul ko‘chalaridan o‘tib borayotgan edi. Shunda Asal
mashinada ketayotgani to‘satdan esiga tushib qolgandek:
— To‘xtating, tushaman! — dedi cho‘chinqirab. Men mashinaga tormoz berdim.
— Yetib keldik shekilli? Shu yerda turasizmi?
— Yo‘q, — dedi u negadir hayajonlanib, bezovtalanib. — Yaxshisi, shu yerda tushib qo‘ya qolay.
— Nega endi? To‘ppa-to‘g‘ri uyingizga olib borib qo‘yaman! — deb uning e’tiroz biddirishiga
imkon bermay, mashinani yana haydab ketdim.
— Shu yerda tushaman, — dedi Asal nihoyat. — Rahmat!
— Marhamat! — dedim arang, so‘ng: — Agar ertaga mashinam yana boyagi yerda tiqilib qolsa,
yordam berasizmi? — dedim hazil aralash jiddiylik bilan.
U javob berishga ulgurolmadi. Yaqindagi hovlining ko‘cha eshigi ochilib, allanimadan
tashvishlangan keksagina ayol yugurib chiqdi.
— Asal! — deb qichqirdi u nimadandir ogohlantirmoqchi bo‘lgandek, qo‘li bilan og‘zini berkitib.
— Qayoqlarda daydib yuribsan, xudo ko‘tarsin seni! Bor, tezroq kiyimlaringni almashtir, sovchilar
kelishdi!
Asal uyalib ketdi. Yelkasidan kamzulini ham tushirib yubordi, so‘ngra uni yerdan oldi-da,
itoatkorona onasi orqasidan ketdi. U eshik oldiga borganda orqasiga bir qayrilib qaradi, ammo shu
zahotiyoq eshik «taq» etib yopildi.
Men ko‘chadagi qoziqda bog‘log‘liq turgan egarlangan va uzoq yo‘l yurib terga botib kelgan
otlarni endigina payqabman. O‘tirgan yerimdan turib, devor osha hovliga qaray boshladim.
O‘choqboshida xotin-xalaj uymalashib yurishardi. Katta rux samovardan burqsab tutun chiqib turardi.
Ikki kishi ayvonda yangi so‘yilgan qo‘y terisini shilmoqda. Xullas, sovchilarni ko‘ngildagidek kutib
olishayotgan edilar. Mening bu yerda qiladigan ishim qolmagandi. Borib yuklarni tushirishim kerak
edi.
Avtobazaga kech kirganda qaytdim. Mashinani yuvib, garajga kiritib qo‘ydim. Bu yerda ancha
vaqtgacha o‘ralashib yurdim, mashinaning u yoq-bu yog‘ini ko‘zdan kechirib, tuzatgan bo‘ldim.
Bugungi voqeani ko‘nglimga shunchalik yaqin olganimni negadir o‘zim ham tushunmasdim. Butun
yo‘l bo‘yi o‘zimni o‘zim dam koyirdim, dam yupatardim: «Xo‘sh, senga nima? Qanaqa ahmoqsan
o‘zing? Axir u sening kiming bo‘ladi o‘zi? Qaylig‘ingmi? Yo singlingmi? Tasodifan yo‘lda uchrashib
qolib, uyiga olib borib qo‘yibsan, xo‘sh, nima bo‘pti? Go‘yo ilgaridan bir-birlaringni sevib yurgandek
kuyunishingni qara-yu! Ehtimol, u sening haqingda o‘ylashni ham istamas. Senga juda ko‘zi uchib
turgani ham yo‘qdir! Axir qizning ayttirib qo‘ygan kuyovi bo‘lsa, sen uning kimi bo‘lasan, hech kimi!
Yo‘lda uchragan begona shofyor bo‘lsang, senga o‘xshagan shofyorlar son-sanoqsiz-ku, axir... Yana
birovlarning ishiga aralashishga nima hadding bor: ular quda-anda bo‘lishyapti, yaqinda to‘y qilishadi,
ularning ishiga tumshug‘ingni suqib nima qilasan? Hammasiga tupur. Sening ishing nima? Yaxshisi,
rulingni aylantirib yuraver!..»
Ammo butun balo shunda ediki, o‘zimni har qancha avrasam ham u qizni yodimdan chiqara
olmasdim.
Chingiz Aytmatov. Sarvqomat dilbarim (qissa)
|
| |