|
Microsoft Word ch aytmatov sarvqomat dilbarim lotin ziyouz com docBog'liq Chingiz-Aytmatov-Sarvqomatdilbarimwww.ziyouz.com kutubxonasi
9
Mashina oldida qiladigan ishim ham qolmadi. Yotoqxonaga borsam bo‘lardi. U yerda shovqin-
suronli, gavjum joy — qizil burchak ham bor. Mening u yoqqa borgim yo‘q. Ko‘nglim yolg‘iz
bo‘lishni istardi. Qo‘llarimni boshim ostiga qo‘yib, mashina qanotiga chalqanchasiga yotdim.
Yonginamda, mashina ostida Jontoy degan shofyor ivirsib yurgan edi. U chuqurdan boshini chiqardi-
da:
— Senga nima bo‘ldi, chiroyli yigit? Xayol suryapsanmi? — dedi masxaraomuz to‘ng‘illab.
— Ha, pul haqida! — deb shartta kesdim gapini. Men uni yoqtirmasdim, u uchchiga chiqqan xasis,
ayyor va hasadgo‘y yigit edi. U boshqalarga o‘xshab yotoqxonada turmasdi. Allaqanday bir ayolnikida
ijaraga turardi. Aytishlaricha, unga uylanishga va’da berganmish, nima bo‘lsa ham uy-joyli bo‘lib
oladi-da.
Men teskari o‘girilib oldim. Hovlida, mashinalar yuviladigan joyda yigitlarimiz qiy-chuv ko‘tarib,
hazil-huzul qilishyapti. Kimdir kabinaga chiqib olib, navbat kutib turgan shofyorlar to‘dasiga qarata
brandspoytdan vishillatib suv sepmoqda. Ular butun avtobazani boshlariga ko‘tarib qahqahlashardi.
Otilib chiqayotgan suv shunchalik kuchli ediki, borib urilgan odamini bemalol gandiraklatib yuborardi.
Boyagi yigitni kabina ustidan tushirishmoqchi bo‘lishar edi-yu, ammo u turgan joyida irg‘ishlab, go‘yo
avtomatdan o‘q yog‘dirayotgandek, kishilarning orqasiga suv bilan savalab, bosh kiyimlarini uchirib
yuborar edi. Birdan otilib chiqayotgan suv osmonga ko‘tarildi-yu, quyosh nurlari ostida kamalakka
o‘xshab egilib tusha boshladi. Qarasam, dispetcherimiz Xadicha turibdi. Suv esa uning ustidan uchib
o‘tmoqda. Biroq u qimir etmasdi. Xadicha o‘z qadr-qimmatini bilardi, hammaning o‘ziga suqlanib
qarashini ham sezardi. U o‘zini qanday tutishni yaxshi bilar, uncha-muncha odamni o‘ziga osonlikcha
yaqin yo‘latmasdi. Hozir ham u ishonch bilan hech narsadan cho‘chimay, qani sepib ko‘rchi, ojizlik
qilasan, degandek, parvoyi falak turardi. Etikli oyoqlarini kerib, shpilkalarni og‘zida tishlab,
kulimsiragancha uni sochlariga qadardi. Mayda, kumushsimon suv zarrachalari uning boshi uzra
tushayotgan edi. Yigitlar qahqahlashib, kabina ustidagi yigitni gij-gijlashardi.
— Xadichani cho‘miltirib qo‘y!
— Bir bopla!
— Qo‘lidan kelmaydi!
— Qochib qol, Xadicha!
Yigit jur’at eta olmay, otilib chiqayotgan suv oqimini yuqorilatib-pastlatib o‘ynardi. Uning o‘rnida
men bo‘lganimdami, boshidan oyog‘igacha suvga cho‘miltirardim, shunda ham u menga hech narsa
demagan bo‘lardi, kulardi-qo‘yardi, xolos. Men buni maqtanchoqlik qilib aytayotganim yo‘q.
Xadichaning boshqalarga qaraganda menga qandaydir boshqacha munosabatda ekanini doim sezib
yurardim. U men bilan gaplashganda boshqacharoq: muloyim, sal tantiqroq bo‘lib qolardi. Hazillashib
tegajoqlik qilsam ham, boshini silasam ham unga yoqib ketardi. Uning doim men bilan bahslashib,
janjallashib qolib, yana darhol, hatto nohaq bo‘lsamda, taslim bo‘lishini yaxshi ko‘rardim. Ba’zan uni
kinoga olib tushardim, uyi yotoqxona yo‘lida bo‘lgani uchun kuzatib ham qo‘yardim. Uning oldiga,
dispetcher xonasiga to‘ppa-to‘g‘ri kirib boraverardim, boshqalar esa faqat tuynukcha orqali murojaat
qilishardi.
Ammo hozir Xadicha ham ko‘nglimga sig‘masdi. Mayli, u erkaligini qilaversin.
Xadicha so‘nggi shpilkasini qadab bo‘ldi:
— Bas, yetar endi shuncha o‘ynashganing! — dedi u amirona.
— Xo‘p bo‘ladi, o‘rtoq dispetcher! — deb kabina ustidagi yigit qo‘lini chakkasiga qo‘yib chest
berdi-yu, hukmni osonlik bilan bajo keltirdi. Atrofdagilar xaxolashganicha yigitni kabina ustidan
sudrab tushirdilar.
Xadicha esa biz turgan garajga qarab kelaverdi. U Jontoyning mashinasi yonida to‘xtab, kimnidir
izlay boshladi. U xiyla paytgacha meni payqamadi. Oramizda garajni xona-xona qilib ajratib turuvchi
sim to‘rlar bor edi. Jontoy chuqurdan boshini chiqarib:
— Salom, suluv qiz! — deb salomlashdi.
Chingiz Aytmatov. Sarvqomat dilbarim (qissa)
|
| |