Microsoft Word ch aytmatov sarvqomat dilbarim lotin ziyouz com doc




Download 394,69 Kb.
Pdf ko'rish
bet17/67
Sana11.02.2024
Hajmi394,69 Kb.
#154681
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   67
Bog'liq
Chingiz-Aytmatov-Sarvqomatdilbarim

www.ziyouz.com kutubxonasi 
17
Mana, momaqaldiroq gumburladi. Yomg‘ir sharros quya boshladi. Ko‘l chayqalib to‘lqinlanib 
qirg‘oqlarga urila ketdi. Bu birinchi bahor momaqaldirog‘i edi. 
Bu — bizning birga o‘tkazgan birinchi tunimiz edi. Kabina ustidan, oynalardan yomg‘ir paqirlab 
suv quygandek oqib, sizib tushardi. Olis-olislarga cho‘zilgan och yashil yashinlar qop-qora ko‘lga 
suzib tushardi. Biz esa bir-birimizning pinjimizga kirib, shivirlashib gaplashardik. Asalning 
cho‘chiganidanmi yo sovuq qotganidanmi, sal titrayotganini sezib turardim. Uni kamzulim bilan o‘rab, 
qattiqroq quchoqladim. Shunda o‘zimga o‘zim juda kuchli, ulkan odamdek bo‘lib ko‘rindim. O‘zimda 
shunchalik mehr va muhabbat borligini hech qachon sezmagan edim, birovga mehribonlik va 
g‘amxo‘rlik qilish shunchalik zavqli ekanini ham bilmasdim. Uning qulog‘iga: «Hech kimga, hech 
qachon seni xafa qildirib qo‘ymayman, qizil durrachali sarviqomatim!» — deb pichirladim. 
Ana-mana deguncha yomg‘ir ham ancha shashtidan tushib qoldi. Ammo chayqalib yotgan ko‘l 
hamon beshik-beshik bo‘lib to‘lqinlanar, yomg‘ir shivalab yog‘ardi. 
Men kabina tokchasidagi safarda olib yuriladigan radiopriyomnikni oldim. O‘sha kezlardagi 
mening topgan-tutganim shu edi. Muzika tinglashni juda yaxshi ko‘raman, shuning uchun ham 
priyomnikni doim o‘zim bilan birga olib yurardim. Uning u yoq-bu yog‘ini sozlab, kerakli to‘lqinni 
tutdim. Hozirgidek esimda: o‘sha kecha teatrdan «Cho‘lpon» baletini olib eshittirishmoqda edi. 
Baletda kuylanayotgan yoqimli va kishini o‘ziga tortuvchi qudratli muzika sadolari xuddi o‘sha 
ashulada kuylangan chin sevgi kabi toshlar osha, cho‘qqilar osha kabinaga oqib kelayotgan edi. Butun 
zal hayajonga kelgan, gulduros qarsaklar bilan artistlarni olqishlar, tomoshabinlar ularning nomlarini 
aytib qichqirishar edi, ehtimol raqqos va raqqosalarning oyoqlari ostiga gullar otishayotgandir. Ammo, 
menimcha, teatrda o‘tirganlardan birontasi ham biz kabi — to‘lqinlar mavjlanib, shiddat bilan 
qirg‘oqqa urilayotgan ko‘l sohilida, sharros yomg‘ir ostida kabinada o‘tirgan oshiq-ma’shuqlar singari 
zavq-shavqqa to‘lib hayajonlanayotgan bo‘lmasa kerak. Bu bizning baletimiz, birinchi kechamizdagi 
ilk baletimiz edi. O‘z baxtini izlab ketgan qiz — Cho‘lponning taqdiri bizning qalbimizga naqadar 
yaqin edi. Mening Cho‘lponim — tong yulduzim men bilan birga, yonginamda o‘tiribdi. Yarim 
kechaga borib u yelkamga boshini qo‘ygancha uxlab qoladi, men esa allamahalgacha o‘zimni bosa 
olmay, shirin xayollar og‘ushiga cho‘mdim. Uning yuz-ko‘zini, betlarini asta-sekin silar, tinib-
tinchimas Issiqko‘lning qanday to‘lg‘anayotganini, xo‘rsinib chuqur nafas olayotganini tinglar, kuzatar 
edim. 
Ertalab biz avtobazaga yetib keldik. Yaxshigina dakki yedim. Ammo bunday quvonchli voqea 
munosabati bilan kechirdilar. Keyinchalik mening yuk ortuvchi kran ostidan qanday qochib 
qolganimni eslashib, anchagacha kulib yurdik. 
Men safarga — Xitoyga jo‘nashim kerak edi. Asalni ham o‘zim bilan birga olvoldim. Uni yo‘lda 
do‘stim Alibek Jonturinning uyida qoldirmoqchi bo‘ldim. U oilasi bilan birga dovondagi bazada, 
Norinning shunday yonginasida yashardi. Bu joy chegaradan uncha uzoq emas edi. Bu yo‘ldan 
yurganda doim unikiga tushib o‘tardim. Alibekning xotini yaxshi ayol edi, uni juda hurmat qilardim. 
Biz yo‘lga chiqdik. Birinchi navbatda yo‘l yoqasidagi magazindan Asalga uncha-muncha kiyim-
kechak oldik. Uning egnida birgina ko‘ylagi-yu, qo‘lida kutubxonadan olgan ikki dona kitobidan 
bo‘lak hech narsasi yo‘q edi. Bulardan tashqari, kattakon, guldor sholro‘mol ham sotib oldik. Bu 
ishimiz juda yaxshi bo‘lgan ekan. Yo‘lda birinchi uchragan kishimiz keksa shofyor, oqsoqolimiz 
O‘rmat aka bo‘ldi. U olisdanoq menga to‘xta, deb ishora qildi. Mashinaga tormoz berib to‘xtatdim. 
Kabinadan tushib salomlashdik: 
— Assalomu alaykum, O‘rmat aka! 
— Vaalaykum assalom, Ilyos! Ilyos! Qo‘lingga baxt qushi qo‘nibdi, xudoyim baxt bersin, uvali-
juvali bo‘linglar! — deb fotiha bergan bo‘ldi menga. 
— Rahmat! Qayoqdan bila qoldingiz, O‘rmat aka? — deb taajjublandim men. 
— E, o‘g‘lim, xushxabarning sadag‘asi ketay. Butun trassa bo‘ylab og‘izma-og‘iz ko‘chib yuribdi. 
— Yo‘g‘-e! — deb battarroq taajjublandim. 


Chingiz Aytmatov. Sarvqomat dilbarim (qissa) 

Download 394,69 Kb.
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   67




Download 394,69 Kb.
Pdf ko'rish

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Microsoft Word ch aytmatov sarvqomat dilbarim lotin ziyouz com doc

Download 394,69 Kb.
Pdf ko'rish