|
Microsoft Word ch aytmatov sarvqomat dilbarim lotin ziyouz com doc Pdf ko'rish
|
bet | 14/67 | Sana | 11.02.2024 | Hajmi | 394,69 Kb. | | #154681 |
Bog'liq Chingiz-Aytmatov-Sarvqomatdilbarimwww.ziyouz.com kutubxonasi
14
yaqinlashib kelaverdi.
Ana shunda men:
— Po‘sht! — deb qichqirdim-da, mashinani shiddat bilan konteyner ostidan olib qochdim.
Xayriyatki, motor o‘chirilmagan edi. Orqadan qichqiriq, hushtak va so‘kish ovozlari eshitildi. Biroq
men e’tibor bermasdan mashinani omborlar, taxlab qo‘yilgan yog‘ochlar va ko‘mir uyumlari yonidan
g‘izillatib borardim. Pastqam yo‘llar bilan shahardan chiqib oldim va tog‘ etagiga, kimsasiz yo‘lga
yetib kelgach, rulga mahkam yopishib oddim. Mashina yelib borardi, «ZIL» goh u tomon, goh bu
tomon chayqalib ketardi. Ammo biz bunga ko‘nikib qolgan edik.
Ko‘p o‘tmay Jontoyni quvib yetdim. Oddinga o‘tib ketmoqchi bo‘lib signal berdim. U kabinadan
boshini chiqarib xo‘mrayib qaradi. Dovdirab qolib, ko‘zlari qinidan chiqib ketayozdi: meni tanidi.
Ablahni qarang! Birovning shoshilayotganini ko‘rib turgandan keyin unga yo‘l berish kerak-da. Ammo
u-chi, yo‘l bergisi kelmaydi, boshimni aylantirmoqchi. Shunda men mashinani chetga burdim-da, uni
to‘g‘ri paykal bilan quvib boraverdim. Jontoy ham mashinasini qistay boshladi. Endi u yo‘lga chiqib
olishga imkon bermasdi.
Biladiki, atrofda harakat qoidalarini buzganligi uchun javobgarlikka tortadigan biron kimsa yo‘q.
Buning ustiga, hozir uni hech nima qila olmasligimni biladi. Shu zaylda uchib borardik: u yo‘lda, men
paykal ichi bilan. Ikkalamiz ham rulga yopishib olganmiz, yirtqichlardek bir-birimizga ko‘z
olaytiramiz, so‘kinamiz.
— Sen qayoqqa? Nega? — deb baqirdi u menga. Men unga musht o‘qtalib do‘q qilardim. Harholda
mening mashinam yuksiz edi. Uni quvib o‘tdim, orqamga qayrilib qarasam, u endi shoshmay,
tinchgina kelardi. Ha, iblis, menga desa battar bo‘l.
Asalni hech qaerda uchratolmadim. Ovulga kelib, mashinani ularning hovlisi oldida to‘xtatdim.
Xuddi piyoda chopib kelgandek nafasim bo‘g‘zimga tiqila boshladi. Hovlida ham, ko‘chada ham hech
kim ko‘rinmasdi. Faqat egarlangan otgina qoziqqa bog‘lokdik turardi, xolos. Nima qilsam ekan?
Kutishga ahd qildim. Mashinani ko‘rib ko‘chaga chiqar, deb o‘yladim o‘zimcha. Go‘yo bir narsani
tuzatayotgandek motorni ochib, u yoq-bu yog‘ini qaray boshladim, ammo o‘zim eshikdan ko‘zimni
uzmasdim. Unchalik uzoq kutmadim: eshik ochilib, ichkaridan Asalning onasi va to‘ladan kelgan, qora
soqolli, ikki qavat to‘n kiygan chol chiqdi. Qo‘lida ajoyib qamchi. Aftidan, u hozirgina choy ichgan
bo‘lsa kerak, terlab-pishib, bo‘rsib ketgandi. Ular ot bog‘langan qoziqqa yaqinlashdilar. Asalning onasi
izzatu ikrom bilan uzangini ushlab turib, cholning egarga chiqib olishiga yordamlashdi. Bilsam u
sovchini kuzatayotgan ekan.
— Biz sizdan xursandmiz, quda! — dedi u. — Ammo bizdan ham ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin. O‘z
qizimiz uchun hech narsani ayamaymiz. Xudoga shukur, qo‘limiz quruq emas.
— E,-e, boyvuchcha, xafa bo‘lmaymiz, — dedi u egarga tuzukroq o‘rnasha turib. — Ollo taolo
yoshlarga umr bersin. Yaxshilik qilsak begonaga emas, o‘z farzandlarimizga qilamiz. Xudoga shukur,
birinchi marta qudalashayotganimiz yo‘q. Xo‘p, omon bo‘l, boyvuchcha. Shunday qilib, juma kuniga
kelishdik-a!
— Ha, juma kuni kutamiz. Juma — ulug‘ kun. Oq yo‘l sizga. Qudamga salom ayting!
«Nega ular juma kuni haqida gapirib qolish-di?» — deb o‘yladim men. «Bugun qanaqa kun?
Chorshanba... Nahotki juma kuni olib ketishsa? Eh, qachongacha eski urf-odatlar biz yoshlarning
hayotimizni poymol etadi?»
Chol otini tog‘ tomon yo‘rttirib ketdi. Asalning onasi otliq uzoqlashib ketguncha kutib turdi,
so‘ngra menga tomon o‘girilib, xo‘mrayib qaradi.
— Nega bu yerda pashshaxo‘rda bo‘lib qolding, ho takasaltang? — dedi u. — Bu yer senga
karvonsaroy emas! Tuyog‘ingni shiqillatib qol! Qani jo‘na, eshityapsanmi? Senga aytyapman.
Demak, allaqachon sezib qolibdi.
— Mashinam buzilib qoldi! — dedim o‘jarlik bilan po‘ng‘illab va belimgacha kapotning ostiga
sho‘ng‘ib ketdim. Yo‘q, uni ko‘rmagunimcha hech qayoqqa ketmayman, derdim o‘zimcha.
Chingiz Aytmatov. Sarvqomat dilbarim (qissa)
|
| |