|
Microsoft Word ch aytmatov sarvqomat dilbarim lotin ziyouz com doc Pdf ko'rish
|
bet | 11/67 | Sana | 11.02.2024 | Hajmi | 394,69 Kb. | | #154681 |
Bog'liq Chingiz-Aytmatov-Sarvqomatdilbarimwww.ziyouz.com kutubxonasi
11
uloqtirdim. — Bas, shuncha loy kechganim yetar. Boshqalarni ham yuborishsin!
— Baqirma! Naryading bir haftalik! Lozim bo‘lsa tag‘in yuborishadi! — dedi Xadicha menga.
Men esa xotirjamlik bilan:
— Bormayman! — dedim qat’iy.
Har galgidek hozir ham Xadicha birdan shashtidan tushib qoldi.
— Xo‘p, mayli. Men boshliqlar bilan gaplashib ko‘raman, — dedi.
U stoldan yo‘llanmani oldi.
«Demak, bormaydigan bo‘ldimmi? — deya o‘yladim men. — Endi Asalni ham hech qachon
ko‘rmaymanmi?» Battarroq qiynala boshladim. Negadir tezda o‘z hukmimdan qaytdim-da, yana
uyoqqa borishga ahd qildim. Agar shunday qilmasam, keyin umr bo‘yi afsuslanib yurishim menga
ayon bo‘ldi. «Mayli, nima bo‘lsa bo‘lsin, ammo boraman!..»
— Mayli, buyoqqa ber! — deb yo‘llanmani tortib oldim.
Tuynukchadan mo‘ralab turgan Jontoy piqillab kulib yubordi-da:
— Ovuldagi buvimga salom aytib qo‘y! — dedi. Men hech narsa demadim. Tumpgug‘iga boplab
tushirsang! Eshikni taraqlatib yopdim-da, yotoqqa ketdim.
Ertasi yo‘lda ketayotib chor tarafga nazar tashlab, ko‘zlarim to‘rt bo‘ldi. Qani u? Qani endi, uning
sarvnoz qomati ko‘rina qolsa. Qizil durrachali sarvqomatim! Ehtimol, rezina etik, otasining kamzulini
kiyib olgan dersiz! Bekor gap! Men uning qanaqa ekanligini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman! Uning
nimasi meni rom etdi, qalbimni nega bunchalik o‘rtayapti?
Tevarak-atrofga nazar tashlab bormoqdaman. Yo‘q, hech qaerda ko‘rinmaydi. Bu safar emas,
turgan-bitgani azob bo‘ldi. Qani u, uni qanday topsam ekan? Ovulga yetdim, so‘ngra qishloq ko‘chasi
bo‘ylab haydadim, uning hovlisiga yaqinlasharkanman, mashinani sekinlatib, oxiri to‘xtadim. Ehtimol,
u uyidadir? Qanday chaqiraman, unga nima deyman? U bilan yana uchrashish menga nasib etmas
ekan-da. Yukni olib borib tashlash uchun mashinaga gaz berdim. Yukni tushirishyapti-yu, ko‘nglimda
hamon umid uchqunlari yonmoqda. Balki qaytishda uchratib qolarman? Biroq qaytishda ham
uchratmadim. Shundan keyin mashinani ferma tomon burdim. Ularning ko‘hna fermasi anchagina
chekkada, ovuldan uzoqda ekan. U yerga yetib kelib, bir qizdan so‘radim. U, Asal yo‘q, bugun ishga
chiqmadi, dedi. «Demak, yo‘lda men bilan uchrashmaslik uchun atayin ishga chiqmagan», — deb
o‘yladim-da, juda xafa bo‘lib ketdim. Avtobazaga g‘amgin bo‘lib qaytdim.
Ikkinchi kuni yana yo‘lga chiqdim. Ammo endi uni uchratishni xayolimga ham keltirmasdim.
Darvoqe, mening unga nima keragim bor? Agar qiz unashtirilgan bo‘lsa, uni bezovta qilishdan nima
foyda? Ammo negadir bunday bo‘lishiga sira ishongim kelmasdi. Axir ovullarimizda hanuzgacha qiz
bilan yigitni bir-biriga ko‘rsatmay, orqavoratdan fotiha qilib yuboraveradilar-ku! Bu hakda necha
marta gazetalarda ham o‘qidim. Biroq yozgan bilan foydasi qancha? To‘ydan keyin nog‘ora
chalishning foydasi yo‘q, fotihani buzib bo‘lmaydi. Unashtirilgandan keyin gap tamom. Fotihani
buzish — xayrli ish emas, ikki yoshning turmushi buzildi, degan gap... Mana shunday o‘y-xayollar
miyamda chuvalashib ketgandi...
O‘sha kezlar ayni bahor chog‘i edi. Tog‘ etaklarida lolalar tovlanardi. Bolaligimdanoq men bu
cho‘g‘dek qip-qizil gullarni sevardim, yalangoyoq chopqillab yurib quchoq-quchoq lola tersang-u unga
keltirib bersang! Ammo qani endi u, topib ko‘rchi...
Bir mahal, qarasam, Asal. Ko‘zlarimga ishongim kelmaydi! O‘tgan gal mashinam tiqilib qolgan
joyning naq o‘zginasida bir chetda, xarsang tosh ustida o‘tiribdi. Birovni kutib o‘tirganga o‘xshaydi. U
cho‘chib o‘rnidan turdi va sarosimaga tushib, boshidan durrasini yulqib oldi-yu, qo‘lida g‘ijimlay
boshladi. Asal bu safar chiroyli ko‘ylak va tufli kiyib olgan edi. Yo‘l shunchalik olis bo‘lsa ham u
poshnali tufli kiyib olibdi. Mashinani to‘xtatishga shoshildim. Yuragim esa taka-puka bo‘lib o‘ynardi.
— Salom, Asal!
— Salom, — dedi u sekingina.
Men kabinaga o‘tirishga yordamlashmoqchi bo‘ldim, u burilib, yo‘l bo‘ylab asta yurib ketdi.
Chingiz Aytmatov. Sarvqomat dilbarim (qissa)
|
| |