|
Pul-kredit siyosatining oraliq rejimi
|
bet | 15/16 | Sana | 22.02.2024 | Hajmi | 448 Kb. | | #160917 |
Bog'liq PUL-KREDIT SIYOSATINING MOHIYATI VA VOSITALARIfd 5. Pul-kredit siyosatining oraliq rejimi
Xorijiy mamlakatlarning inflyatsion targetlashga o‘tish tajribasi ushbu rejimga o‘tishga tayyorgarlik ko‘rish bosqichining hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatmoqda.
Inflyatsion targetlash rejimiga o‘tish tadbirlarini yakunlash uchun talab etiladigan uzoq muddatni inobatga olib oraliq davrda amalga oshiriladigan pul-kredit siyosati narxlar barqarorligini ta’minlash va zaruriy makroiqtisodiy sharoitlarni yaratish chora-tadbirlarini qamrab oladi.
Inflyatsion targetlashga o‘tish davrida asosiy e’tibor 2017-2021 yillarda pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish va inflyatsion targetlash tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish bo‘yicha chora-tadbirlar Kompleksida ko‘zda tutilgan rejalarni to‘laqonli bajarilishini ta’minlashga, iqtisodiy islohotlar davrida inflyatsion bosim va risklarning oldini olishga hamda iqtisodiy-huquqiy bazani mustahkamlashga qaratiladi.
Xususan, qonunchilik asoslarini mustahkamlash borasidagi tadbirlar “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi, “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi va “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarga, shuningdek boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni o‘z ichiga oladi.
Normativ-huquqiy hujjatlarga kiritiladigan o‘zgartirishlar asosan quyidagilarni nazarda tutadi:
- Markaziy bank operatsion faoliyati mustaqilligini mustahkamlash va narxlar barqarorligini ta’minlash vazifasini Markaziy bankka yuklash;
- valyutani tartibga solishning ustuvor yo‘nalishlarini va aniq me’yorlarini o‘rnatish, shuningdek valyuta bozorini rivojlantirish hamda uning bir maromda faoliyat yuritishi uchun zaruriy sharoitlar yaratish;
- bank faoliyatini tartibga solishning bozor mexanizmlari va tamoyillarini qo‘llashni kengaytirish, shuningdek sohada raqobat muhitini kuchaytirishning kafolatlari hamda sharoitlarini ta’minlash va boshqalar.
Oraliq davrda amalga oshiriladigan asosiy vazifalardan biri Markaziy bankning valyuta bozorida market-meykerlik rolini pasaytirgan holda, valyuta bozorini rivojlantirish hamda almashuv kursi barqarorligini ta’minlashning bozor mexanizmlariga o‘tish hisoblanadi.
Bozor mexanizmlari ta’sirida almashuv kursining moslashuvchanligini oshirish, o‘z navbatida, ichki valyuta bozorining kengayishi va rivojlanishiga xizmat qiladi. Ushbu maqsadlarda oltin-valyuta rezervlarini maqsadli darajada saqlash bilan bir qatorda valyuta bozorida qimmatbaho metallarni sotishdan tushgan xorijiy valyutadagi daromadlarni muntazam ravishda sotish dasturini ishlab chiqish va joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
Inflyatsion targetlash rejimiga o‘tish uchun tayyorgarlik davrida Markaziy bankning ustuvor vazifasi samarali antiinflyatsion siyosat olib borish hisoblanadi. Ushbu maqsadga Markaziy bank instrumentlaridan moslashuvchanlik bilan foydalanish orqali qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlab turish orqali erishiladi.
Pul-kredit sharoitlari hamda inflyatsiya darajasini tahlil qilish, baholash va prognozlash ishlari ko‘rsatkichlarning keng to‘plamlaridan foydalangan holda amalga oshiriladi. Bunda, narxlarni barqarorlashtirish siyosatini olib borishda asosiy ta’sir kanallarini aniqlash vazifasiga alohida e’tibor qaratiladi.
Shu bilan birga, pul-kredit siyosatining bozor instrumentlari turlarining kengayib borishi bilan bir qatorda maqsadli parametrlarga erishishga yo‘naltirilgan monetar operatsiyalar faollashtirilib, hajmlari mutanosib ravishda oshirilib boriladi.
2017-2021 yillarda pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish hamda inflyatsion targetlash tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish bo‘yicha chora-tadbirlar Kompleksida keltirilgan vazifalarning amalga oshirilishi, o‘z navbatida, moliya bozorlari rivojlanishiga xizmat qilib, pul-kredit siyosatining ta’sir kanallarini mustahkamlashga yordam beradi.
Shuningdek, ushbu davrda inflyatsiyani modellashtirish va prognozlash ishlarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratiladi hamda shu asnoda pul-kredit siyosati instrumentlarini takomillashtirish borasidagi qarorlar qabul qilish jarayonining sinovi amalga oshirib boriladi. Modellar takomillashtirilishi bilan inflyatsiyaning maqsadli miqdoriy ko‘rsatkichlari belgilanadi.
Umuman olganda, pul-kredit siyosatining oraliq rejimi inflyatsion targetlash rejimiga o‘tishga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida pul-kredit siyosatining barcha jarayonlari va uning instrumentlarini qayta ko‘rib chiqish hamda takomillashtirish borasidagi chora-tadbirlar majmuini qamrab oladi.
Inflyatsion targetlashga o‘tishning huquqiy asoslari yaratilganligi hamda pul-kredit siyosatining tamoyil va mexanizmlarini amaliy jihatdan qayta ko‘rib chiqish jarayonining boshlanganligiga qaramasdan, ushbu rejimga to‘laqonli o‘tish qator xatar va cheklovlar hisobiga qiyinlashadi.
Xususan, aholi va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar inflyatsion kutilmalarining barqaror yuqori darajada saqlanib qolayotganligi inflyatsion targetlashga muvaffaqiyatli o‘tish jarayonidagi asosiy cheklovlardan biri hisoblanadi. Bunda iqtisodiyotning barcha sektorlarini erkinlashtirish davrida inflyatsion bosimning oshishi inflyatsion xatarlar saqlanib qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Inflyatsion kutilmalarning o‘tgan yillardagi narxlar dinamikasi asosida shakllanishini hisobga olganda, iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalarni pasaytirish va barqarorlashtirish o‘tish davridagi asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.
Inflyatsiyaga nomonetar omillar ta’sirining yuqori bo‘lganligi sababli ushbu vazifalarni amalga oshirish yanada qiyinlashadi va inflyatsion targetlashga muvaffaqiyatli o‘tishda qator to‘siqlarni vujudga keltiradi.
Mazkur sharoitlarda inflyatsion targetlash rejimining samaradorligi Markaziy bank kommunikatson siyosatining ta’sirchanligi hamda aholining amalga oshirilayotgan pul-kredit siyosatiga nisbatan ishonchiga bog‘liq bo‘ladi. Bunda narxlar o‘sishining sabablari va narxlar barqarorligini ta’minlash borasida ko‘riladigan choralarni aholiga tushuntirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, valyuta bozorining shakllanishi sharoitida valyuta siyosati va tashqi iqtisodiy faoliyatning liberallashtirilishi jarayonlarining davom ettirilishi bilan bog‘liq xatarlar ham kuzatiladi.
Bunda erkin suzib yuruvchi valyuta kursiga o‘tishda valyuta kursining qisqa muddatli keskin tebranishlarini yumshatish va valyutani xedjirlash instrumentlarini rivojlantirish orqali salbiy oqibatlarni kamaytirish muhim hisoblanadi.
Ushbu maqsadlarga erishish, pul-kredit siyosati instrumentlarining ta’sirchanligi hamda samaradorligini kamaytiruvchi sabablarni bartaraf etish bilan uzviy bog‘liq.
Moliya sektorining institutsional jihatdan sust rivojlanganligi va yashirin iqtisodiyotda katta hajmdagi naqd pul mablag‘lari aylanmasining mavjudligi Markaziy bank pul-kredit siyosatining samaradorligini pasaytiruvchi omillardan hisoblanadi.
Davlat qarz majburiyatlarining muomalada mavjud emasligi Markaziy bankning ochiq bozor operatsiyalarini amalga oshirish hamda bank sektorining ushbu qarz instrumentlaridan garov ta’minoti sifatida foydalanib, qisqa muddatli likvidlikni jalb qilish imkoniyatlarini cheklaydi.
Tashqi iqtisodiy xatarlar ko‘p jihatdan eksport tarkibi va iqtisodiyotga valyuta tushumlari dinamikasi bilan bog‘liq hisoblanadi. Bunday holatlarda, qimmatbaho metallar bozoridagi narxlar o‘zgarishi hisobiga hamda qo‘shni mamlakatlar va asosiy savdo hamkor davlatlardagi iqtisodiy muammolar natijasida yuzaga keluvchi xatarlarni minimallashtirish talab etiladi.
Xulosa
Milliy iqtisodiyot xususiyatlarini inobatga olgan holda, pul-kredit siyosati rejimlarining o‘ziga xos jihatlari va ta’sirchanligi tahlili o‘rta muddatli istiqbolda Markaziy bankning ustuvor maqsadi sifatida narxlar barqarorligiga erishish vazifasiga inflyatsion targetlash rejimi juda mos kelishini ko‘rsatmoqda. Shundan kelib chiqqan holda, pul-kredit siyosatini amalga oshirishning tamoyil va usullarining inflyatsion targetlashga bosqichma-bosqich yo‘naltirish uchun zaruriy huquqiy asoslar va tayanch iqtisodiy sharoitlar yaratildi.
Xususan, valyuta siyosatining liberallashtirilishi va bozor sharoitlarida almashuv kursining shakllanishini ta’minlash bo‘yicha choralar, Markaziy bankning ustuvor maqsadlari va amaliy mustaqilligini aniq belgilanishi, pul-kredit siyosatini amalga oshirishning faol bosqichiga o‘tilishi, inflyatsiyani hisoblash va baholash usullarini takomillashtirilishi, shuningdek shaffoflikning oshirilishi va kommunikatsion siyosatning kuchaytirilishi kabi amaliy choralar inflyatsion targetlashga o‘tish uchun asosiy sharoitlarni yaratadi.
Shu bilan birga, mavjud xatarlar va to‘siqlar inflyatsion targetlash rejimini joriy etish vazifasining bajarilishini qiyinlashtiradi.
O‘z navbatida, Markaziy bank asosiy e’tiborni prognozlash va tahliliy bazani mustahkamlashga, pul-kredit siyosati instrumentlarini takomillashtirish va ularning ta’sir kanallarini kuchaytirishga, komunikatsion siyosatni rivojlantirish va aholining ishonchini oshirish kabi vazifalarga qaratadi.
Markaziy bank ushbu rejimga bosqichma-bosqich o‘tish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda tegishli vazirlik va idoralar bilan sa’y-harakatlarni birlashtiradi va hamkorlikda faoliyat yuritadi.
Umuman olganda, inflyatsion targetlashga o‘tish pul-kredit siyosati sohasining barcha jihatlarini tubdan qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirishni talab etadi. Bu esa, o‘z navbatida, uzoq muddatli istiqbolda barqaror iqtisodiy o‘sishning asosi bo‘lgan makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda sifat jihatdan yangi bosqichga o‘tilishini anglatadi.
Ushbu Konsepsiya O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishilgan.
1O‘zbekiston sharoitida mustaqil pul-kredit siyosatini yuritish imkoniyati 1994 yilda milliy valyutaning muomalaga kiritilganidan so‘ng paydo bo‘ldi.
2Mayexl N., Monetar siyosatni qo‘llash: Rivojlanayotgan monetar rejimlarga ega mamlakatlardagi operatsion masalalar (XVF).
|
| |