Ishning dolzarbligi. Maktabgacha tarbiyani insonparvarlashtirish uni yangilash jarayonining asosi hisoblanadi. Olimlar, amaliyotchi mutaxassislarning tobora ko’proq qismi maktabgacha yoshdagi bolalarni jismoniy tarbiyalash tizimi shaxsga majmuali, insoniy ta’sir o’tkazishi, har bir bolaning muntazam va imkon qadar to’la jismoniy rivojlanish huquqi amalga oshirilishini ta’minlashi kerak, degan xulosaga kelmoqdalar.
Bolalarni o’rab turgan muhit o’zgarib bormoqda. Oddiy, sodda o’yinlar o’rniga kompyuter o’yinlari kirib keldi. Bolani aqliy, estetik rivojlantirish ustuvorlik kasb etmoqda.
Ularni ahamiyatini inkor etmagan holda aytish kerakki, harakatli o’yinlar, sayrlar, tengdoshlari bilan muloqot qilishga bolaning vaqti tobora kamayib ketyapti. O’yin bilan bola faoliyatining boshqa turlari, o’yinlarning har xil turlari orasidagi muvozanatning buzilishi (harakatli va o’tirib o’ynaydigan, alohida va birgalikdagi) maktabgacha yoshdagi bolalar salomatligida ham, harakat qobiliyatlarining rivojlanish darajasida ham o’z salbiy aksini topadi.
Maktabgacha yoshdagi bolalarni jismoniy rivojlantirish muammolarini hal etishning yangi yo’llarini izlash, birinchidan, ko’rsatilgan ziddiyatlarni hal etish zarurati bilan, ikkinchidan, o’sib kelayotgan yosh avlodning jismoniy tayyorgarligi hamda psixik rivoji jarayonini takomillashtirish qonuniyatlarini, metodologik va usuliy sharoitlarini o’rganish zarurati bilan bog’liq.
Ilk go’daklikning jiddiy xususiyati bolaning salomatligi, jismoniy va asabiy-psixik rivojlanish holatining o’zaro aloqasi va bir-biriga bog’liqligidir. Sog’lom, jismonan baquvvat bola kasalliklarga kamroq chalinish bilan birga psixik jihatdan ham yaxshiroq rivojlanadi.
Bundan shunday fikr kelib chiqadi: maktabgacha tarbiya muassasalarida maktabga psixik va jismoniy tayyorlikning «o’tish ko’prikcha»sini yaratish kerak ekanki, birinchi sinf o’quvchisi o’quv kuni tartibi yuzaga keltiradigan jiddiy zo’riqishlarga bardosh bera oladigan bo’lsin.
Shunga ko’ra, maktabgacha yoshdagi bolalarni jismonan va ruhan sog’lomlashtirish, bolaning harakat sohasini rivojlantirish, chaqqon, kuchli, jasur bo’lishdek hayotiy ehtiyojlar asosida harakatga bo’lgan qiziqishini kuchaytirishning samarali vositalarini izlab topish dolzarb masala hisoblanadi. Mazkur muammoning echimi, bizningcha, yaxlit tarbiya jarayonini, bolaning har bir tomonlama mutanosib, jumladan, jismoniy va shaxsiy rivojini ta’minlovchi ijtimoiy-pedagogik sharoitlar birligini yaratishda. Bunda bolalarning harakat faoliyatini tashkil etishning o’yin shakllari eng qimmatli sanaladi.
|