Internetda qanday ma’lumotlarni xavfsiz saqlash mumkin ?
Internet ko‘pchiligimizning hayotimizda muhim ahamiyat kasb etgan omilga aylanib ulgurdi. Global tarmoqdan foydalanish qiziqarli, foydali, biroq ayni damda, xavfli bo‘lishi ham mumkin. Onlayn xavfsizligingizni ta’minlovchi usul va vositalardan foydalanib, o‘zingiz va shaxsiy ma’lumotlaringizning xavfsiz bo‘lishiga erishishingiz mumkin.
Quyida WikiHow saytidan olingan maqola orqali internetdan foydalanayotganingizda qanday qilib brauzing amaliyotingizni xavfsiz qilish mumkinligi haqida to‘xtalib o‘tamiz.
1. Kuchli va unikal parollardan foydalaning. Biror-bir akkauntingiz uchun parol yaratayotganingizda, parol raqamlar, simvol va (ham kichik, ham BOSh) harflardan iborat ekaniga ishonch hosil qiling. Bir necha akkaunt uchun bir xil paroldan foydalanishdan qoching. To‘g‘ri, har bir parolni yodda saqlash oson bo‘lmasligi mumkin, biroq faqat shundagina ma’lumotlaringiz xavfsiz bo‘ladi.
• Eslab qolishga oson yoki sizga qandaydir aloqasi bor gaplar/birikmalarni qisqartirish bilan parol yarating. Masalan, «www.terabayt.uz sayti» jumlasini «3W.tBuz-s@yt!» shaklida qisqartirish mumkin.
• Parol qanchalar uzun bo‘lsa, uning kuchli bo‘lish ehtimoli shunchalar yuqori bo‘ladi. Sevimli iqtibosingiz yoki biror-bir qo‘shiq, kitob, filmdan olingan o‘zingizga yoqqan bir qator gapni qisqartirib parol qilib olsangiz bo‘ladi.
• «123456», «654321», «1234abcd», «parol» yoki boshqalar oson topa oladigan birikmalar (masalan, kuchugingizning laqabi, ko‘changiz nomi) ni parol qilib olmang.
2. Parollaringiz xavfsiz saqlanishi uchun parol menejeridan foydalaning. Parol menejerlari har bir akkauntingiz uchun avtomatik ravishda kuchli va unikal parol yaratadi va uni eslab qoladi. Sizdan faqat menejerning o‘zi uchun bitta parol yaratish, qolganini dasturning o‘ziga qo‘yib berish talab qilinadi xolos.
• Ba’zi parol menejerlaridan bepul foydalanish mumkin, boshqalari esa pullik premium paketga ega.
• Ommabop va ishonchli parol menejerlariga 1PassWord va LastPass kabilarni misol qilib keltirish mumkin. Boshqa dasturlarni ham qidirib topsangiz bo‘ladi, albatta.
• Bundan tashqari, brauzeringizning Parollarni sinxronlash ichki funksiyasidan foydalanishingiz ham mumkin. Biroq bu funksiya nisbatan ishonchsizroq va akkuntingiz buzib kirilishi mumkin.
3. Bir necha bosqichli autentifikatsiyadan foydalaning. Bir necha bosqichli autentifikatsiya akkauntga kirish uchun login va paroldan tashqari yana qo‘shimcha ma’lumot, masalan, telefon raqamingizga yuborilgan bir martalik kodni kiritishni ham talab qiladi. Ko‘plab email provayderlari va ijtimoiy tarmoq platformalarida ushbu xizmat mavjud.
• Akkauntingizda bir necha bosqichli autentifikatsiya yoqilgan-yoqilmaganini saytning Sozlamalar sahifasidan tekshirishingiz mumkin bo‘ladi.
• Bu ortiqcha ishga o‘xshab tuyulishi mumkin, biroq bunday choralar faqat parol ishlatishdan ko‘ra ishonchliroq.
4. Faqatgina ishonchli saytlarda akkaunt yarating. Biror-bir saytda akkaunt yaratishdan oldin (sayt sizdan bor-yo‘g‘i email manzilingizni so‘rasa ham) yaxshilab o‘ylang. Parolingiz qanchalar kuchli bo‘lsa-da, ularni ishonchsiz saytda foydalanish shaxsiy ma’lumotlaringizni xavf ostiga qo‘yadi.
• Gaplar grammatik jihatdan noto‘g‘ri yozilgan, imlo xatolari ko‘p bo‘lgan saytlardan uzoq yuring.
• Haddan tashqari ko‘p pop-ap xabar/reklama ko‘rsatadigan saytlardan ogoh bo‘ling.
5. Biror saytdan foydalanib bo‘lgach, undagi akkauntingizdan chiqib keting. Biror-bir saytga login qilish brauzeringizda cookiye-fayllarni hosil qiladi. Bu esa shaxsingizni aniqlash imkonini beradi. Agar bu fayllar o‘g‘rilansa, akkauntingiz ham xavf ostida qoladi. Bu, ayniqsa, jiddiy ma’lumot, masalan, bank akkauntingiz yoki plastik kartochka raqamingizni kiritgan saytingizga taalluqli.
• Agar biror saytga ko‘pchilik ishlatadigan kompyuter yoki tarmoq orqali kirgan bo‘lsangiz, saytdan foydalanib bo‘lgach, akkauntingizdan chiqib keting.
• Shaxsiy kompyuter va uyingizdagi Wi-Fi'dan foydalansangiz ham, onlayn banking yoki onlayn do‘konlardagi akkauntingizdan foydalanib bo‘lgach, logout qiling.
• Lekin shaxsiy kompyuteringizda email yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar uchun ochilgan akkauntingizdan chiqib ketmasangiz ham bo‘ladi.
|