121
7-mavzu. Sanoat korxonalarida rejalashtirish va korxonaning biznes rejasi
Mavzuning maqsadi:
Talabalarda biznes-rejaning
mohiyati va vazifalari,
biznes-rejani tayyorlash bosqichlari, biznes-reja tarkibi va hisob-kitoblari kabilarni
asosiy tayanch so’z va iboralar hamda masalalar, muammoli savollar orqali bilim va
ko’nikmasini shakllantirishga ko’maklashishdan iborat.
7.1. Iqtisodiyotda rejalashtirishning ahamiyati
Iqtisodiyot bo’yicha zamonaviy adabiyotlarda va qo’llanmalarda
rejalashtirishga mo’ljallangan ish yoki ma’lum bir harakatlarni bajarish muddati,
tartibi va ketma-ketligini ko’zda tutuvchi chora-tadbirlar tizimi sifatida izoh
berilgan. Aynan rejalashtirish va bashorat qilish yo’li bilan korxonalar nimani, kim
uchun, qachon va qancha mahsulot ishlab chiqarish, qaysi hamkorlar yoki sheriklar
bilan shartnoma tuzish yoki
kooperatsiyani rivojlantirish, zarur bo’lgan moddiy-
tovar boyliklari zahirasini yaratish kabi bir qator masalalarni hal qiladi.
Rejalashtirish tartibga soluvchi jarayon sifatida korxona faoliyatini yaqin va
uzoq istiqbol sari ilgari surish, asoslab berish, muayyanlashtirish va izohlab berishni
ifodalaydi. Oxirgi holatda gap korxona faoliyatini bashorat qilish haqida borishi
mumkin. Bashorat qilishni rejalashtirishning boshlanishi
va uzoq muddatli
istiqbolga mo’ljallangan davomi sifatida ko’rib chiqish mumkin. Rejalashtirish va
prognozlashtirish o’zaro aloqada bo’lgan ikkita jarayon bo’lib, xo’jalik faoliyatini
avvaldan bajarilgan hisob-kitoblar, eng kam tavakkalchilik va eng yuqori natijalarga
erishish asosida yuritishni ko’zda tutadi.
Reja va rejalashtirish orasidagi farqni anglash muhim ahamiyat kasb etadi.
Rejalashtirish indikativ reja yoki prognoz kabi rejalarni ishlab chiqish jarayoni
bo’lsa, reja korxonaning ma’lum bir vaqt mobaynida amalga oshiruvchi texnik-
iqtisodiy ko’rsatkichlarini o’zida aks ettiruvchi hujjatni ifodalaydi. Boshqacha
qilib
aytganda, reja – bu, korxonaning maqsadli funktsiyalari va ularni amalga oshirish
yo’llarini belgilab beruvchi rejalashtirishning moddiylashgan shaklidir.
122
Rejalashtirish ishlab chiqarishning maqbul yo’nalishlarini aniqlash,
foydalanilmagan zahira va imkoniyatlarni qo’llash, korxonaning oqilona baho
siyosatini shakllantirish hamda xo’jalik yuritish aloqalarining samarali shakllarini
o’rnatishga ko’maklashadi. Rejalashtirish va bashorat qilish yordami bilan ichki va
tashqi bozordagi iste’molchilar
talabi aniqlanadi, korxonaning tashqi iqtisodiy
faoliyati kuchaytiriladi.
Korxonalar faoliyati va iqtisodiyotda rejalashtirishdan tashqari bashorat qilish
ham katta rol o’ynaydi. Bashorat qilish xo’jalik faoliyati yurituvchi sub’ektning
istiqbolda yuzaga kelishi mumkin bo’lgan holatlarni ilmiy asoslagan holda avvaldan
ko’ra bilishini ifodalaydi. U yuzaga kelayotgan yoki kelajakda yuzaga kelishi
mumkin bo’lgan
iqtisodiy, ilmiy-texnik va ijtimoiy holatlarni baholash va tahlil
qilish asosida yaratiladi hamda muqobil qarorlarni tanlashga imkon yaratadi.
Bashorat qilish rejalashtirish tavsifida o’z aksini topadi: ishlab chiqarish va
korxona iqtisodiy hayotining boshqa jihatlarini strategik rejalashtirish - o’rta va uzoq
muddatli bashoratlar asosida hamda joriy rejalashtirish - qisqa muddatli bashoratlar
asosida ishlab chiqiladi. Bu yo’nalishlarning ikkalasi ham o’zaro
uzviy aloqada
bo’lib, ishlab chiqarish strategiyasini fan-texnika taraqqiyoti va hayotning real
voqeligi bilan bog’laydi.
Bashoratning maqsadi - bozorga ta’sir qiluvchi omillarni,
shu bilan birga,
xo’jalikning umumiy ahvoli, tuzilmaviy siljishlar, investitsion faollik, fan-texnika
taraqqiyotining iste’molchi va ishlab chiqaruvchilarga ta’sir ko’rsatishi, an’anaviy
mahsulotlardan tashqari korxonaning barqarorligi va raqobatbardoshligiga olib
keluvchi «pioner» (yangi) mahsulot ishlab chiqarish istiqbolida yuzaga kelishi
mumkin bo’lgan holatlarini belgilashdadir.
Korxonalar uchun talabni
prognozlashtirish muhim ahamiyatga ega bo’lib, u ishlab chiqarilayotgan
mahsulotlar turi va miqdorining o’zgarishini avvaldan aniqlab beradi. Umuman
olganda, prognoz rejalashtirishning ilmiy asosidir.