|
Oddiy so'zlashuv uslubidagi o'ziga xosliklar abdusattorov Muhammadsodiq
|
Sana | 14.05.2024 | Hajmi | 19,81 Kb. | | #233565 |
Bog'liq Akademik yozouv
ODDIY SO'ZLASHUV USLUBIDAGI O'ZIGA XOSLIKLAR
Abdusattorov Muhammadsodiq
Toshkent axborot texnologiyalari universituti Farg’ona filiali
ANNOTATSIYA
Maqolada oddiy so'zlashuv uslubiga xos sifatlar yoritib o'tilgan. Har bir xususiyatning o'ziga xos tomonlarini misollar orqali ko'rsatilgan.
Kalit so'zlar: uslubshunoslik, oddiy so'zlashuv uslubi, gap bo'laklarining tartibi, nutqiy vaziyat, dialog, talaffuz, kitobiy uslub, imo-ishora va mimika
KIRISH
Nutq uslublari uslubshunoslikning asosiy qismini egallaydigan bo'lim hisoblanadi. Har bir uslub o'ziga xos vazifani bajaradi, har bir uslub qo'llanishi uchun alohida sharoit va muhit talab etadi. Shu jihatlardan ularning bir-biridan vazifasi farqlanadi.
Har bir uslub o'zining qanday vazifa bajarishi hamda maqsadiga ko'ra nomlanadi. Bir uslub badiiy maqsadga xizmat qilsa, boshqasi so'zlashuv jarayoni uchun, yana boshqasi esa ilmiy maqsadga xizmat qiladi
ASOSIY QISM
Uslubshunoslikda nutq uslublarini 5 toifaga bo'lib o'rganish tavsiya etiladi:
1. So'zlashuv uslubi; 4. Rasmiy;
Publitsistik; 5. Badiiy.
Ilmiy;
Oilada, ko'cha-ko'yda kishilarning fikr almashish jarayonida qo'llaniladigan nutq uslubi so'zlashuv uslubi sanaladi. So'zlashuv uslubi adabiy yoki oddiy so'zlashuv uslublarini o'z ichiga oladi
Xususiyatlaridan ayrimlarini keltirib o'tamiz:
Oddiy so'zlashuv uslubida gap bo'laklarining tartibi ancha erkin bo'ladi. Bu esa o'z navbatida, inversiya hodisasini keltirib chiqaradi. Gap bo'laklarining tartibini xohlagancha o'zgartira olishning mumkinligi bu xususiyatning o'ziga xos tomoni hisoblanadi. Gap bo'laklarining tartibi o'zgargan taqdirda ham tinglovchi ko'zlangan maqsadni og'ishmasdan tushunib oladi.
Kecha akang keldimi qishloqdan? (Akang kecha qishloqdan keldimi? qolipida bo'lishi kerak edi).
Boramizmi muzeyga? (Muzeyga boramizmi?)
Oddiy so'zlashuv uslubida kitobiy uslublarda qo'llanadigan so'zlar o'rnida suhbat jarayonida, muomalada ishlatadigan so'zlar qo'llanadi.
suhbat qurdi - gaplashdi sobiq - oldingi
chehra – yuz tark etdi – ketdi
taklif qildi - chaqirdi lutf ko'rsatdi - hurmat qildi
Bunday holatda obrazlilik va estetik ta'sir etish holatlari mavjud bo'lmaydi. Shu xususiyat tufayli ham boshqa uslublardan farqlanadi.
1. Bu uslubda so'zlovchi nutqiy vaziyatdan kelib chiqib, eng qisqa, kerakli so'zlarnigina qo'llaydi. Qolgan axborotni mimika va ishoralar orqali anglashib olinadi. Kitob do'konidan kitob sotib olish maqsadida sotuvchiga shunday murojaat qilinadi:
"Besh bolali yigitcha"dan keldimi? (Xudoyberdi To'xtaboyevning "Besh bolali yigitcha" romanidan keldimi? deb o'tirmaysiz).
Rizamat otalar pishib qoldimi? ("Rizamat ota" navli uzumlar pishib qoldimi?)
Bu uslubning yana bir o'ziga xos xususiyati erkinlik xususiyatidir. Talaffuz erkinligi - so'zlarni nutqiy vaziyatga, sharoitga, o'zining hudud shevasiga moslab talaffuz qilishi:
na'lat - la'nat opti - olibdi
shipirgi - supurgi soxot (sog'ot) – soat
koolidor - karidor yangitdan – yangidan
surpa - supra kepti - kelibdi
ko'ynak - ko'ylak moshna – mashina
So'zlashuv uslubining har ikkala turi (adabiy so'zlashuv uslubi va oddiy so'zlashuv uslubi) ko'pincha dialog (ikki shaxsning muloqoti) tarzida ro'yobga chiqadi.
- Qachon kelding? - Bugun kinoteatrga borasanmi?
- Biroz avval. - Dadamdan so'rashim kerak.
To'liqsiz gap va imo-ishoraning ko'p ishlatilishi kuzatiladi. Savollarga qisqa tarzda javob berish xarakterlidir:
- Ertaga maktabga borasanmi? -Ha. (Ha, ertaga maktabga boraman tarzida bo'lishi kerak edi).
- Kitoblarni olib chiqib bera olasanmi? - Yo'q. (Yo'q. Kitoblaringni olib chiqib bera olmayman tarzida bo'lishi kerak edi).
Demak, hayotda, ko'cha-ko'yda ishlatadigan so'zlarning adabiy qoidalarga doimo ham amal qilinavermaydigan turi oddiy so'zlashuv uslubini hosil qilar ekan. Uning barcha xususiyatlarini badiiy tahlil qilsak, o'quvchi-talabalarning tushunib yetishi osonroq bo'ladi. Oddiy so'zlashuv uslubi boshqa uslublarga qaraganda, ixcham shaklga ega: sodda gaplardan tashkil topadi, tuziladi. Qo'shma gapning murakkab turidan foydalanish g'alizlikka olib keladi. So'zlovchini g'alati vaziyatga solib qo'yishiga sababchi bo'ladi. Har qaysi uslubning o'z ahamiyati bor. Bir-biridan ayro holda tasavvur qilib bo'lmaydi.
XULOSA
Xulosa qilib aytganda, oddiy so'zlashuv uslubi hayotimizda nihoyatda katta vazifani bajaradi. Usiz aloqa-aralashuv bo'lmaydi, axborot almashinilmaydi. Unda shevaga xos so'zlar, argon-jargonlar, qo'pol, dag'al so'zlarni qo'llash holatlari ham kuzatiladi. Lekin ularni qo'llash so'zlovchining madaniy nutq sohibi emasligini ko'rsatadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO'YXATI
1. N. M. Mahmudov, A. Nurmonov, A. Sh. Sobirov. Ona tili. Umum o'rta ta'lim maktablarining 9-sinfi uchun darslik. 4-nashr. Toshkent, 2014.
2. Erkaboyeva, N. O'zbek tilidan ma'ruzalar to'plami. "Yosh kuch" - Toshkent, 2021.
3. Turg'unpo'latov, D. R. (2021). O'ZBEK BOLALAR ADABIYOTI VA TURG'UNBOY G'OYIPOV. Oбразование и наука в XXI веке 2(15), (pp. 1688-1690).
4. Turg'unpo'latov, D. R. (2021). BUGUNGI YANGILANAYOTGAN TA'LIM TIZIMIDA KLASTER TUSHUNCHASI. Студенческий вестник, 23(168).
5. Turg'unpo'latov, D. R (2021). XALQ MAQOLLARIDA UCHRAYDIGAN QARAMA-QARSHILIK XUSUSIYATINING O'ZIGA XOS POETIK TAMOYILLARI. Scientific progress, 2(1).
|
| |