Mahsulot ishlab chiqarish tannarxini hosil qiluvchi xarajatlarni guruhlash




Download 435,2 Kb.
bet2/7
Sana17.02.2024
Hajmi435,2 Kb.
#158046
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
Sanoat ishlab chiqarishi sifat ko‘rsatkichlari tizimida tannarxning roli va tutgan o‘rni.

2. Mahsulot ishlab chiqarish tannarxini hosil qiluvchi xarajatlarni guruhlash.
Mahsulot ishlab chiqarish tannarxini aniqlash va uni hosil qiluvchi xarajatlarni turkumlash mamlakatimizda tegishli me’yoriy hujjatga muvofiq amalga oshiriladi.
Mahsulot (ishlar, xizmatlar) ning ishlab chiqarish tannarxini hosil qiluvchi xarajatlar ularning iqtisodiy mazmuniga ko’ra quyidagi elementlar bilan guruhlarga ajratiladi:
- ishlab chiqarishning moddiy xarajatlari (qaytariladigan chiqitlar qiymati chiqarilib tashlangan holda);
- ishlab chiqarish xususiyatiga ega bo’lgan mehnatga haq to’lash xarajatlari;
- ishlab chiqarishga tegishli bo’lgan ijtimoiy sug’urtaga ajratmalari;
- asosiy fondlar va ishlab chiqarish ahamiyatiga ega bo’lgan nomoddiy aktivlar amortizatsiyasi;
- ishlab chiqarish ahamiyatiga ega bo’lgan boshqa xarajatlar. I. Ishlab chiqarish bilan bog’liq moddiy xarajatlar.
Ishlab chiqarish bilan bog’liq moddiy xarajatlarga quyidagilar tegishli bo’ladi:
1. Ishlab chiqariladigan mahsulot asosini tashkil etib uning tarkibiga kiradigan yoki mahsulot tayyorlashda (ishlarni bajarishda, xizmatlar ko’rsatishda) zarur tarkibiy qism hisoblangan chetdan sotib olinadigan xom ashyo va materiallar.
2. Normal texnologiya jarayonini ta’minlash va mahsulotlarni o’rash uchun mahsulot (ishlar, xizmatlar) yoki boshqa ishlab chiqarish ehtiyojlariga sarflanadigan (asbob-uskunalar, binolar, inshootlar va boshqa asosiy vositalar sinovini o’tkazish, nazorat qilish, saqlash, tuzatish va ulardan foydalanish) uchun ishlab chiqarish jarayonida foydalanadigan, xarid qilinadigan materiallar, shuningdek, asbob-uskunalarni tuzatish uchun ehtiyot qismlar, instrumentlar, moslamalar, inventar, priborlar laboratoriya asbob-uskunalari va asosiy fondlarga kirmaydigan boshqa arzonbaho ashyolarning eskirishi.
3. Sotib olinadigan, kelgusida ushbu xo’jalik yurituvchi subyektda montaj qilinadigan yoki qo’shimcha ishlov beriladigan butlovchi buyumlar va yarim tayyor mahsulotlar.
4. Tashqi yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek, xo’jalik yurituvchi subyektning ichki tarkibiy bo’linmalari tomonidan bajariladigan faoliyatning asosiy turiga tegishli bo’lmagan, lekin ishlab chiqarish xususiyatiga ega bo’lgan ishlar va xizmatlar.
Ishlab chiqarish xarakteriga ega bo’lgan ishlar va xizmatlarga mahsulot tayyorlash bo’yicha ayrim operatsiyalarni bajarish, xomashyo va materiallarga ishlov berish, iste’mol qilinayotgan ashyo va materiallar sifatini aniqlash uchun sinovlar o’tkazish, belgilangan texnologik jarayonlarga rioya etilishi ustidan nazorat qilish, asosiy ishlab chiqarish fondlarini tuzatish va boshqalar tegishli bo’ladi.
Xo’jalik yurituvchi subyekt ichida tashqi yuridik shaxslarning transport xizmatlari (xomashyo, materiallar, detallar, instrumentlar, inventarlar, yuklarning boshqa turlarini bazis (markaziy) ombordan sexga keltirish va tayyor mahsulotni saqlash uchun omborga keltirish) ham ishlab chiqarish xususiyatiga ega bo’lgan xizmatlarga tegishli bo’ladi.
5. Tabiiy xomashyo (er rekultivatsiyasiga ajratmalar, ixtisoslashtirilgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan yerni rekultivatsiya qilish ishlariga haq to’lash), ildizi bilan beriladigan daraxtga haq to’lash, sanoat korxonalari tomonidan suv xo’jaligi tizimidan belgilangan limitlar doirasida va undan ortiqcha olinadigan suv uchun haq to’lash. Sanoatning xomashyo tarmoqlari uchun – yog’och-taxta materiallardan yoki foydali qazilmalardan (rudadan) foydalanishga huquqlarning amortizatsiya qilinadigan qiymati yoki atrof-muhitni tiklash xarajatlari.
6. Texnologik maqsadlarga, energiyaning barcha turlarini ishlab chiqarishga, binolarni isitishga sarflanadigan yonilg’ining chetdan sotib olinadigan barcha turlari, xo’jalik yurituvchi subyektlarning transporti tomonidan bajariladigan ishlab chiqarishga xizmat ko’rsatish bo’yicha transport ishlari.
7. Xo’jalik yurituvchi subyektning texnologik, transport va boshqa ishlab chiqarish hamda xo’jalik ehtiyojlariga sarflanadigan barcha turdagi xarid qilinadigan energiya. (Xo’jalik yurituvchi subyektning o’zi tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi va energiyaning boshqa turlariga, shuningdek, xarid qilinadigan energiyani iste’mol joyigacha transformatsiya qilish va uzatish xarajatlari xarajatlarning tegishli elementlariga kiritiladi).
8. Ishlab chiqarish sohasida moddiy boyliklarning tabiiy yo’qolish normalari doirasida va ulardan ortiqcha yo’qotilishi, yaroqsizlanishi va kam chiqishi.
9. Xo’jalik yurituvchi subyektning transporti va xodimlari tomonidan moddiy resurslarni yetkazish bilan bog’liq xarajatlar (yuklash va tushirish ishlari ham shu jumlaga kiradi) ishlab chiqarish xarajatlarining tegishli elementlariga kirishi kerak (mehnatga haq to’lash xarajatlari, asosiy fondlar amortizatsiyasi, moddiy xarajatlar va boshqalar).
10. Xo’jalik yurituvchi subyektlar tomonidan moddiy resurslarni yetkazib beruvchilardan olinadigan idishlar ham moddiy resurslar qiymatiga kiritiladi.
11. Mahsulot tannarxiga kiritiladigan moddiy resurslar xarajatlaridan qaytariladigan chiqitlar qiymati, idish va o’rash-joylash materiallari qiymati ularning amalda sotilishi, foydalanishi yoki omborga kirim qilinishi narxi bo’yicha chiqarib tashlanadi.
12. «Moddiy xarajatlar» elementi bo’yicha aks ettiriladigan moddiy resurslar qiymati sotib olish narxidan, jumladan, barter bitishuvlarida, qo’shimcha narx (ustama)dan, ta’minot, tashqi iqtisodiy tashkilotlar tomonidan to’lanadigan vositachilik taqdirlashlaridan, tovar birjalari xizmatlari qiymatidan, xususan, brokerlik xizmatlaridan, bojlar va yig’imlardan, transportda tashishga haq to’lashdan, tashqi yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan saqlash va yetkazib berishga haq to’lashdan kelib chiqib shakllanadi.
II. Ishlab chiqarish xususiyatiga ega bo’lgan mehnatga haq to’lash xarajatlari.
Ishlab chiqarish xususiyatiga ega bo’lgan mehnatga haq to’lash xarajatlari tarkibiga quyidagi moddalar kiritiladi:
1. Xo’jalik yurituvchi subyektda qabul qilingan mehnatga haq to’lash shakllari va tizimlariga muvofiq bajariladigan narxnomalar, tarif stavkalari va lavozim maoshlaridan kelib chiqib hisoblangan amalda bajariladigan ish uchun ishlab chiqarish xususiyatiga ega bo’lgan ish haqi, shu jumladan, bajarilgan ishni hisobga olish bo’yicha dastlabki hujjatlarda nazarda tutilgan rag’batlantiruvchi tusdagi to’lovlar.
2. Kasb mahorati va murabbiylik uchun tarif stavkalari va okladlarga ustamalar.
3. Ish rejimi va mehnat sharoitlari bilan bog’liq bo’lgan kompensatsiya tusidagi to’lovlar, shu jumladan:
- texnologik jarayon jadvalida nazarda tutilgan tungi vaqtda, ishdan tashqari, vaqtda, dam olish va bayram (ishlanmaydigan) kunlarda ishlaganlik uchun tarif stavkalari va okladlarga ustamalar va qo’shimcha haq;
- ko’p smenali rejimda ishlaganlik, kasblarni birga qo’shib olib borganlik va xizmat ko’rsatish zonalarini kengaytirganlik uchun ustamalar;
- hukumat tomonidan tasdiqlangan kasblar va ishlar ro’yxati bo’yicha og’ir, zararli, alohida zararli mehnat va tabiiy-iqlim sharoitlarida ishlaganlik uchun ustamalar, xususan, ushbu sharoitlardagi uzluksiz ish staji uchun ustamalar;
- aloqa, temir yo’l, daryo, avtomobil transporti va katta yo’llar xodimlari doimiy ishi yo’lda o’tadigan yoki qatnov tusiga ega bo’lgan boshqa xodimlarning ish haqiga, xo’jalik yurituvchi subyekt joylashgan joydan jo’nagan paytidan boshlab shu joyga qaytib kelgan paytigacha to’lanadigan yo’lda o’tgan har bir sutka uchun to’lanadigan ustamalar;
- qurilishda, rekonstruksiya qilishda va mukammal ta’mirlashda bevosita band bo’lgan, shuningdek, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda vaxta usuli bilan ishlarni bajargan xodimlarga ishning ko’chma va qatnov xususiyati uchun ustama;
- doimiy ravishda yer osti ishlarida band bo’lgan xodimlarga ularning shaxtada (konda) ish joyiga jo’nab ketishlaridan va orqaga qaytishlarigacha o’tadigan normativ vaqt uchun qo’shimcha haq;
- mehnatga haq to’lashning rayonlar bo’yicha tartibga solinishiga, shu jumladan, rayon koeffitsiyentlari va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq cho’l, suvsiz va yuqori tog’ joylarida ishlaganlik uchun koeffitsiyentlar bilan belgilangan to’lovlar;
- xo’jalik yurituvchi subyekt joylashgan joydan (yig’ilish punktidan) ish joyiga va orqaga qaytadigan yo’lda o’tadigan kunlar uchun vaxtada ishlash jadvalida nazarda tutilgan, shuningdek, xodimlarning meteorologiya sharoitlariga ko’ra va transport tashkilotlari aybi bilan yo’lda tutilib qolingan kunlar uchun tarif stavkasi.
4. Ish vaxta usulida tashkil etilganda, ish vaqti jamlanib hisoblanganda va qonun hujjatlari bilan belgilangan boshqa hollarda xodimlarga ularga ish vaqtining normal davom etishidan ortiq ishlaganligi munosabati bilan beriladigan dam olish (ortiqcha ishlagan ish vaqti uchun dam olish) kunlari uchun haq to’lash.
5. Ishlamagan vaqt uchun haq to’lash:
- amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq navbatdagi (har yilgi) va qo’shimcha ta’tillar, navbatdagi (har yilgi) foydalanilmagan va qo’shimcha ta’tillar uchun kompensatsiyalar, o’smirlarning imtiyozli soatlari, bolani ovqatlantirish uchun onalar ishidagi tanaffuslar, shuningdek, tibbiy ko’rikdan o’tish bilan bog’liq vaqt uchun haq to’lash;
• majburiy ta’tilda bo’lgan xodimlarga asosiy ish haqini qisman saqlab qolgan holda haq to’lash;
• donor xodimlarga qonini tekshirish, topshirish kunlari uchun va qon topshirilgan har bir kundan keyin beriladigan dam olish kunlari uchun haq to’lash;
• davlat vazifalarini bajarganlik uchun (harbiy yig’inlar, favqulodda vaziyatlar bo’yicha yig’inlar va boshqalar) mehnat haqi to’lash.
6. Xo’jalik yurituvchi subyekt shtatida turmaydigan xodimlar mehnatiga ular tomonidan fuqarolik-huquqiy tusdagi tuzilgan shartnomalar bo’yicha ishlar bajarilganligi uchun haq to’lash, agar bajarilgan ish uchun xodimlar bilan hisob-kitob xo’jalik yurituvchi subyekt tomonidan amalga oshirilsa, pudrat shartnomasi ham shu jumlaga kiradi.
7. Belgilangan tartibga muvofiq ishlab chiqarish jarayonida qatnashuvchi xodimlar mehnatiga haq to’lash fondiga kiritiladigan to’lovlarning boshqa turlari.
III. Ishlab chiqarishga tegishli bo’lgan ijtimoiy sug’urtaga ajratmalar.
Ijtimoiy sug’urtaga ajratmalarga quyidagilar kiradi:
1. Qonun hujjatlari bilan belgilangan normalar bo’yicha mehnatga haq to’lash fondiga ijtimoiy tusdagi majburiy ajratmalar.
2. Nodavlat pensiya jamg’armalariga, ixtiyoriy tibbiy sug’urtaga va ixtiyoriy sug’urtaning boshqa turlariga ajratmalar.
IV. Asosiy vositalar va ishlab chiqarish ahamiyatiga ega bo’lgan nomoddiy aktivlar amortizatsiyasi.
Asosiy vositalar va ishlab chiqarish ahamiyatiga ega bo’lgan nomoddiy aktivlar amortizatsiyasi bo’yicha xarajatlar tarkibiga quyidagilar kiradi:
1. Asosiy ishlab chiqarish fondlarining dastlabki (tiklash) qiymatidan kelib chiqib hisoblangan amortizatsiya ajratmalari summasi (hisoblangan eskirish), lizing bo’yicha va belgilangan tartibda tasdiqlangan normalar, qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan jadallashtirilgan amortizatsiya ham shu jumlaga kiradi.
2. Ishlab chiqarish ahamiyatiga ega bo’lgan nomoddiy aktivlar eskirishi har oyda xo’jalik yurituvchi subyekt tomonidan dastlabki qiymati va ulardan foydali foydalanish muddatidan (biroq xo’jalik yurituvchi subyekt faoliyati muddatidan ortiq emas) kelib chiqib hisoblanadigan mahsulot (ishlar, xizmatlar) tannarxiga tegishli bo’ladi. Foydali foydalanish muddatini aniqlash imkoni bo’lmagan nomoddiy aktivlar bo’yicha eskirish normasi besh yil hisobiga belgilanadi, biroq xo’jalik yurituvchi subyekt faoliyati muddatidan ortiq emas.
V. Ishlab chiqarish tusidagi boshqa xarajatlar.
Ishlab chiqarish tusidagi boshqa xarajatlarni hisobga olishning navbatdagi kompleks moddalari I, II, III, IV – bandlarda keltirilgan xarajatlar elementlari bo’yicha ajratiladi.
1. Ishlab chiqarish jarayoniga xizmat ko’rsatish xarajatlari:
- ishlab chiqarishni xomashyo, materiallar, yonilg’i, energiya, instrument, moslamalar va boshqa mehnat vositalari va buyumlari bilan ta’minlash xarajatlari;
- asosiy ishlab chiqarish fondlarini ish holatida saqlash xarajatlari (texnik ko’rik va qarov, joriy va mukammal tuzatish xarajatlari). Asosiy ishlab chiqarish vositalarini barcha turda (joriy, o’rtacha, mukammal) tuzatishlarni xo’jalik yurituvchi subyektning o’z kuchi bilan o’tkazish ishlab chiqarish xarajatlarining tegishli elementlari (moddiy xarajatlar, mehnat haqi to’lash xarajatlari va boshqalar) bo’yicha mahsulot (ishlar, xizmatlar) tannarxiga kiritiladi.
Zarurat bo’lganda ayrim tarmoqlarning xo’jalik yurituvchi subyektlari O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining ruxsati bilan mukammal tuzatish ishlarini o’tkazish uchun mablag’lar zahirasini tashkil qilishlari mumkin. Ushbu zahiraga ajratmalar «Ishlab chiqarish tusidagi boshqa xarajatlar» elementi tarkibida aks ettiriladi va ko’zda tutilayotgan xarajatlar qiymati hamda asosiy vositalar har bir obyektini mukammal tuzatishlarning davriyligidan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Zahiraga ajratmalar normasi har bir hisobot yili oxirida qayta ko’rib chiqiladi va zarur bo’lganda yangi moliya yili uchun ajratmalar miqdori ko’paytirilishi yoki kamaytirilishi mumkin. Agar mukammal tuzatishga zahira mablag’lari summasi ushbu obyektni tuzatishga qilingan haqiqiy xarajatlar summasidan oshib ketsa, oshib ketgan summa bo’yicha tuzatish kiritilishi kerak: agar haqiqiy xarajatlar zahiradagidan oshib ketsa, u holda oshib ketgan summa «Ishlab chiqarish tusidagi boshqa xarajatlar» elementi tarkibida aks ettiriladi.
- yong’indan saqlash va qo’riqlashni hamda xo’jalik yurituvchi subyektlarni texnikaviy foydalanish qoidalari bian nazarda tutilgan boshqa maxsus talablar bilan ta’minlash, ular faoliyatini nazorat qilish xarajatlari.
Idoradan tashqari, qo’riqlash xarajatlari bunday qo’riqlash mavjud bo’lishini talab qiluvchi mazkur ishlab chiqarishga maxsus talablar mavjud bo’lgan taqdirda mahsulot (ishlar, xizmatlar) tannarxiga kiritilishi mumkin.
- ishlab chiqarish faoliyatiga tegishli bo’lgan asosiy vositalarni joriy ijaraga olish bilan bog’liq xarajatlar;
- tabiatni muhofaza qilish maqsadlaridagi fondlarni saqlash va ulardan foydalanish bilan bog’liq joriy xarajatlar, jumladan, ifloslantiruvchi moddalarni yo’l qo’yiladigan normalar doirasida va undan ortiqcha atrofmuhitga chiqarganlik uchun to’lovlar;
- ishlab chiqarish bilan bog’liq bo’lgan va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan mehnatning normal sharoitlari va texnika xavfsizligini ta’minlash xarajatlari;
- xodimlarning ishlab chiqarish jarayonida bevosita qatnashishi bilan bog’liq bo’lgan sog’liqni muhofaza qilish tadbirlari;
- tekin ko’rsatiladigan kommunal xizmatlar, oziq-ovqat, ayrim tarmoqlar xodimlariga oziq-ovqatlar qiymati, xo’jalik yurituvchi subyekt xodimlariga beriladigan tekin uy-joy haqini to’lash xarajatlari (yoki uy-joy, kommunal xizmatlar va boshqalar uchun pul kompensatsiyasi summasi).
- amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq tekin beriladigan va shaxsiy foydalanishda qoladigan buyumlar qiymati (shu jumladan, formali kiyimbosh, maxsus ovqatlar, yoki ular pasaytirilgan narxlar bo’yicha sotilishi munosabati bilan imtiyozlar summasi);
- ishlab chiqarish jarayoniga tegishli bo’lgan boshqaruvning texnik vositalarini, aloqa uzellarini, signalizatsiya vositalarini, boshqaruvning boshqa texnik vositalarini, hisoblash markazlarini saqlash va ularga xizmat ko’rsatish xarajatlari;
- qonun hujjatlariga muvofiq ishlab chiqarishda band bo’lgan xodimlarni tibbiy ko’rikdan o’tkazganlik uchun tibbiy muassasalarga haq to’lash.
2. Ishlab chiqarish xodimlarini belgilangan ishlab chiqarish jarayoniga tegishli bo’lgan xizmat safarlariga yuborish bo’yicha normalar doirasida va ulardan ortiqcha xarajatlar.
3. Ishlab chiqarish ishchilarini va ishlab chiqarish aktivlarini majburiy sug’urta qilish xarajatlari.
4. Brak tufayli kelib chiqadigan yo’qotishlar.
5. Ishlab chiqarishning ichki sabablariga ko’ra bekor turishlar tufayli yo’qotishlar.
6. Kafolatli xizmat muddati belgilangan buyumlarni kafolatli tuzatish va ularga kafolatli xizmat ko’rsatish xarajatlari.
7. Mahsulot (xizmatlar)ni majburiy sertifikatsiya qilish xarajatlari.
8. Ishlab chiqarish jarohatlari tufayli mehnat qobiliyati yo’qolishi munosabati bilan tegishli vakolatli organlarning qarorlari asosida va qarorlarisiz to’lanadigan nafaqalar.
9. Umumiy foydalaniladigan yo’lovchilar transporti xizmat ko’rsatmaydigan yo’nalishlarda xodimlarni ish joyiga olib borish va olib kelish bilan bog’liq xarajatlar.
Mahsulot tannarxi nazariyasida mahsulot tannarxi tarkibi degan muhim tushuncha mavjud. U ayrim xarajatlarning mahsulot ishlab chiqarish uchun sarflanadigan jami xarajatlar summasidagi nisbatini ko’rsatadi. Odatda, tarkib foiz hisobida o’lchanadi.
Tannarx tarkibi tarmoqlar va korxonalarning xususiyatiga, ishlab chiqarish texnologiyasi va ishlab chiqarishning tashkil qilinishiga bog’liqdir.
Mahsulot tannarxining tarkibi o’zgarmas miqdor hisoblanmaydi. Sanoatning o’sishi, texnika va ishlab chiqarish texnologiyasi takomillashishi, asosiy va aylanma fondlardan foydalanishning yaxshilanishi, ish haqi miqdorining o’zgarishi, iste’mol buyumlari baholarining tartibga tushishi va transport tariflarining o’zgarishi bilan mahsulot tannarxi tarkibi ham o’zgaradi.
Mahsulot tannarxida qaysi guruhdagi xarajatlar asosiy o’rin tutishiga qarab, sanoat tarmoqlari bir-biridan farq qiladi – ko’p mehnat, ko’p material, ko’p energiya, ko’p mablag’ talab qiladigan bo’ladi. Buni 13 - jadvaldagi ma’lumotlardan ko’rish mumkin.
13-jadval O’zbekiston sanoat tarmoqlari bo’yicha sanoat mahsuloti ishlab chiqarish tannarxining tarkibi (ishlab chiqarishga ketgan barcha xarajatlar foiz hisobida)


Ish haqi uchun qilinadigan xarajatlar (mehnat xarajatlari) salmog’i eng katta bo’lgan ishlab chiqarish tarmog’i ko’p mehnat talab qiladigan tarmoq hisoblanadi (ko’mir sanoati, yog’och tayyorlash sanoati va boshqalar).
Xomashyo va materiallarga qilinadigan xarajatlar salmog’i eng katta bo’lgan ishlab chiqarish tarmog’i ko’p material talab qiladigan tarmoq hisoblanadi (engil sanoat va oziq-ovqat sanoati, mashinasozlik).
Xarajatlarning ko’p qismi asosiy vositalar amortizatsiyasi uchun sarflanadigan tarmoqlar ko’p mablag’lar talab qiladigan tarmoqlarga kiradi (masalan, neft va gaz qazib chiqarish, gidroelektrostansiyalarda elektr energiyasi ishlab chiqarish).
Ishlab chiqarishning tarmoq xususiyatlarini hisobga olish, tannarx tarkibini va ishlab chiqarish xarajatlarini iqtisodiy tahlil qilish ishlab chiqarishda yuz beradigan asosiy texnik-iqtisodiy jarayonlarni o’rganish, ishlab chiqarishdagi chiqimlarni kamaytirishning asosiy yo’llarini belgilashga imkon beradi.



Download 435,2 Kb.
1   2   3   4   5   6   7




Download 435,2 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Mahsulot ishlab chiqarish tannarxini hosil qiluvchi xarajatlarni guruhlash

Download 435,2 Kb.