|
Hozirgi zamon shaxs nazariyalaridagi asosiy g‘oyalar
|
bet | 178/311 | Sana | 20.12.2023 | Hajmi | 4,4 Mb. | | #125403 |
Bog'liq IJTIMOIY-FALSAFAHozirgi zamon shaxs nazariyalaridagi asosiy g‘oyalar. SHaxs muammosi dolzarb muammo bo‘lganligi uchun uning mazmun va mohiyatini yanada chuqurroq tadqiq etishga qiziqish olimlar o‘rtasida, ayniqsa XIX asrning oxiri XX asrning boshlarida bir muncha jonlandi. Natijada inson shaxsi bilan bog‘liq falsafiy oqimlar vujudga kela boshladi. Ana shunday yo‘nalishlardan biri personalizmdir. Personalizm – lotincha personium – shaxs so‘zidan olingan bo‘lib, shaxsni birlamchi ijodiy reallik va oliy ma’naviy qadriyat deb talqin qilina boshlandi. Personalizm tarafdorlari olamning mavjudligini oliy yaratuvchi kuch-xudo ijodiy faoliyatining namoyon bo‘lishi deb tushuntiradilar. Personalizm XIX asrning oxirlarida Rossiya va AQSHda shakllandi, keyinchalik XX asrning 30-yillarida Fransiya va boshqa mamlakatlarda yoyila boshladi. Rossiyada personalizm g‘oyalarini N.A.Berdyaev, Amerika personalizmi asoschilari B.Baun, J.Gaye va ularning izdoshlari U.Xaying, E.Braytmen, J.Junson edilar254.
Yevropa personalistik olimlarining g‘oyalari diniy ta’limot (asosan xristianlikning katolik yo‘nalishi) bilan qorishilganligi yaqqol namoyon bo‘ladi. Ular fikricha, shaxs mavjudotning eng oliy cho‘qqisi, olam esa o‘sha oliy qadriyat-shaxsning ijodiy faoliyati tufayli o‘zgarib turadi, degan nazariyaga asoslanadi. SHu boisdan, bu olimlarning personalizm ta’limotining asosini shaxsning iroda erkinligi tashkil qiladi. Personalizm nuqtai-nazaridan ijtimoiy taraqqiyot muammolarining hal etilishi hamma vaqt shaxsga bog‘liq bo‘ladi. N.Berdyaevning fikricha, bu erda muammo inson shaxsiga jamiyat va davlat tomonidan belgilangan erkinlik haqida emas, balki cheksiz huquqqa ega bo‘lgan davlat va jamiyatning ta’siridan holi bo‘lgan shaxs erkinligini qaror toptirish haqida fikr yuritilmoqda255.
SHaxsda ana shunday erkinlik bo‘lganida o‘z irodasini xohlagan tomonga yo‘naltirish, axloqiy qadriyatlarni tanlash erkinligiga ega bo‘ladi.
Fransuz katolik personalizmining yirik vakillaridan E.Mune xristianlikning shaxs haqidagi ta’limotini yuqori baholab, bu insoniyat hayotidagi eng katta o‘zgarishga sabab bo‘ldi, deydi. CHunki xristianlik ta’sirida bo‘lgan jamiyat xristianlik jamoasi kabi shakllangan bo‘lishi mumkin. Personalistlar insonni real dunyo, konkret hayotiy sharoit (oila, sinf, millat, vatan, davr) bilan bog‘liq ekanligiga e’tibor beradilar. Mana shu konkret sharoitlarda shaxsning shakllanishi jarayoni yuz beradi. SHaxs personalizatsiyalanishi darajasi-uning erkinligi bilan belgilanadi. Erkinlik-shaxsiy borliq chegarasini yorib chiqish ma’nosida tushuniladi. Erkinlikdagi asosiy narsa esa tanlov, deb ko‘rsatiladi.
Munening fikricha, shaxs-o‘z qobig‘ida o‘ralashib qolmagan-bir narsadir. Insonning mohiyati-uning olam bilan, boshqa kishilar bilan doimiy aloqasidadir. Bunday aloqani personalistlar singib ketish deb ta’riflaydilar. Singib ketish-shaxsning o‘zini namoyon qilishi va rivojlanganligi uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan faol harakatdir. Inson mana shu singib ketish tufayligina mavjud bo‘ladi, deb ta’kidlaydi Mun’e.
Singib ketish tushunchasi o‘z ichiga eksteriorizatsiya (tashqi dunyo bilan o‘zaro ta’sir) va interiorizatsiya (shaxsning o‘z ichki olamiga e’tibori) qamrab oladi. Insonning tashqi olami va uning shaxsiy hayoti-bir butun, uzviy bog‘liqdir. Singib ketishning asosini mehnat tashkil qiladi. Mehnat insonga tayanch bo‘ladi va unda o‘z-o‘ziga ishonch tuyg‘usini shakllantiradi. Inson faoliyatining oliy darajasi-ijoddir.
Singib ketish-shaxsning boshqalar bilan aloqasisiz (YAspers:komunikatsiya) bo‘lishi mumkin emas. SHaxs boshqalarda mavjud bo‘ladi, u faqat boshqalar orqali bilinadi, u boshqalardan tashqarida mavjud bo‘lmaydi. Demak, men va sen o‘rtasidagi o‘zaro muhabbatga asoslangan ijodiy aloqa tufayli inson o‘zini payqay boshlaydi.
SHaxsning singib ketishi o‘z ichki mavqeini aniqlash-transsentdenlashuvi bilan birga kechadi. Transsendenlashuv-bu mutlaqqa tayanish va mutlaq (xudo) tomon harakatdir. Inson singib ketishda, komunikatsiyada va ijodiy faoliyatda mana shu transsendent manba bilan quvvatlantiriladi. Xudo bilan muloqot shaxsning betakror tajribasi orqali amalga oshadi.
Inson muammosi bilan shug‘ullanuvchi O‘zbekiston faylasuf olimlari hozirgi zamon personalizmi haqida fikr yuritmoqdalar. Masalan, A.CHorievning “Inson falsafasi” kitobida yozilishicha, personalizm muammosi hozirgi kunda assimilyasiya bo‘lib ekzistensialistik va xristian antropologiyasi g‘oyalarini mushtaraklashtirib, o‘ziga xos g‘oyalarni ilgari surmoqda. Bu g‘oya asosida turli millat vakillarining o‘zaro do‘stlikka asoslangan muhabbat qaror toptirishga intilmoqda. Muallif bu haqda shunday yozadi: “Personalizmda muhabbat “men”ning “sen” oldidagi mas’uliyati shaklida talqin qilinmoqda. SHaxs axloqiy kamolotga erishishining eng oliy cho‘qqisi uning xudo shaxsi bilan doimiy muloqotidadir”256.
Hozirgi davrda shaxs va jamiyat munosabatlarida shaxsning o‘rni alohida bo‘lganligidan, uning psixologik jihatlari psixolog olimlar tomonidan tadqiq qilingan. SHaxsning xususiyatlariga odamning xarakteri, intellekti, emotsional sifatlari, temperamenti, qobiliyatlari va psixik holatlari (kechinmalar), hatti harakatlari va shu kabilar kiradi.
Umum psixologiyada shaxs tushunchasi o‘ziga xos talqin qilinib, individdagi turli psixik jarayonlarni birlashtiruvchi va uning hulqini belgilovchi ketma-ketlik va qat’iyatlik deb qaraladi.
Xorijiy olimlar o‘z tadqiqotlarida bunday nazariyaga qaysi tomondan yondoshishiga qarab bir necha yo‘nalishlarga bo‘linadilar: psixobiologik (U.SHeldan, AQSH); biosotsiologik (F.Olpart, K.Rodjers, AQSH); psixosotsial va neofreydistlar (A.Adler, K.Harki, AQSH).
Bu sohada keyingi paytda olib borilgan eksperimental tadqiqotlarning natijalari bo‘yicha shaxs haqidagi ayrim nazariyalar, jumladan freydizm, bixeviorizm, personalizm tanqid qilina boshlandi.
Ammo shaxsning shakllanishidagi biologik va ijtimoiy omillar birlikda asosiy omil deb hisoblanmoqda. SHaxs shakllanishining muhim jihati individning o‘ziga xos xususiyati emas, balki u ishtirok etadigan va ijtimoiy funksiyani bajaradigan ijtimoiy tizimdir.
SHunday qilib, psixologiya nuqtai nazaridan shaxs insonning ichki xislatlari va xususiyatlarining majmui bo‘lib, barcha tashqi ta’sirlar mazkur xususiyatlar orqali singib o‘tadi. SHaxsning faollik manbai esa insonning xilma-xil shaxsiy va ijtimoiy ehtiyojlaridan iborat. Eng muhimi, shaxsning har tomonlama rivojlanishi uchun ijodiy faollikni oshirish, u bilan bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy va axloqiy mas’uliyatini oshirib borishdan iboratdir.
SHaxsning shakllanishi va mazmun-mohiyatini ijtimoiy gumanitar fanlar: falsafa, pedagogika, psixologiya kabi fanlar ilmiy jihatdan asoslashga harakat qilganlari holda shaxsning diniy ta’limotlar asosida ta’riflash ham tarixiy jarayonlarda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan. Bu xususda diniy ulamolar, ruhshunos va teologik olimlarning fikrlari mavjuddir. Ular fikricha, shaxs tan, ruh (jon) dan iborat deb talqin qilinadi. Nemis faylasufi Iogani Gotlib Fixte (1762-1814) aytishicha, shaxs men va men emasdan iborat. Gegel fikricha, shaxs tabiiy va ruhiy jihatlardan iborat. Nemis faylasufi Artur SHopengauer (1798-1860) qarashicha, shaxs ixtiyoriy, irodaviy va tasavvuriy tamoyillardan iborat257.
YUqoridagi shaxsga berilgan ta’riflardan ma’lum bo‘lishicha, insonning ichki individual sifatlari yoki tashqi ijtimoiy munosabatlari mavjud emas, balki ilohiy qudrat bergan qobiliyati orqali shaxs shakllanadi va o‘zini namoyon qiladi, deyiladi. Demak, tananing, odamning ijodi, faolligi, qobiliyati faqat ruhga bog‘lab qo‘yiladi.
Nikolay Gartman (1882-1950), Zigmund Freyd (1856-1939)lar qarashicha, shaxs onglilik va ongsizlik tamoyillaridan iborat258.
Ushbu olimlarning fikridagi shaxsga nisbatan onglilik deb baholanganda individga xos bo‘lgan barcha ichki va tashqi xususiyatlarining namoyon bo‘lishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ongsizlikka nisbatan shaxs atamasini qo‘llash unchalik to‘g‘ri bo‘lmasa kerak. SHuning uchun bo‘lsa kerak ularning shaxs haqidagi ayrim qarashlari keyingi paytlarda tanqid qilinmoqda.
Nitsshening fikricha, hokimiyatga intilish irodasi- inson hulqining ichki intilishlari, istaqlaridan biri hisoblanadi. U hokimiyatga intilish irodasini inson faoliyatining etakchi omili va insonning asosiy, bosh qobiliyati, deb hisoblash bilan birga, bu xususiyat hayotning barcha sohalariga: o‘simliklarga ham, hayvonlarga ham xos, deb hisoblaydi. Nitsshe mana shu tarzda CH.Darvinning yashash uchun kurash qoidasini insoniyatga tadbiq etmoqchi bo‘ladi. Demak, uning fikricha, insonning hokimiyatga intilish irodasi, hayotning o‘zida, organizmlarning yashab qolishlari uchun ichki instinktlarida, intilishlaridadir.
SHaxsni dunyoning asosiga qo‘yish ekzistensializmning markaziy masalasi hisoblanadi. Ekzsitensialistlar eng avvalo, shaxs hayotining ma’nosi nimada? YAshashdan maqsad nima? Degan savollarga javob izlaydilar. Ular shaxs yashashini ikkiga bo‘ladilar. Birinchisi, shaxsning “haqiqiy” mavjudligi, o‘z-o‘zicha mavjudligi; ikkinchisi, “nohaqiqiy” mavjudlik, shaxsning jamiyatdagi boshqa kishilar bilan majudligi. Ekzistensialistlar inson ma’naviy tanazzuldan chiqish uchun “nohaqiqiy” mavjudlikni engib “haqiqiy” mavjudlikka erishishi zarur, deb hisoblaydilar259.
Ekzistensializmning taniqli namoyondalaridan biri Kerkegor kishini ob’ektiv shart-sharoitlar, turmush tashvishlari qo‘rquvga, umidsizlikka soladi deb hisoblayli. Xudoga e’tiqod qilish yo‘li bilan inson qo‘rquv va umidsizlikdan holi bo‘ladi, tasalli topadi deb uqtiradi faylasuf. SHaxsni xudoga bog‘lab turuvchi vositalarni Kerkegor uch bosqichga ajratadi: estetik, ahloqiy va diniy ekzistensiya.
Estetik bosqichda inson hayotining maqsadi zavqlanishdir. Estetik bosqichda odam hali reallikka aylanmaydigan, imkoniyatlar olamida bo‘ladi. YA’ni inson hayol qilingan hayotning tassurotlari bilan yashaydi. Ahloqiy bosqichda inson noreal hayollar o‘yidan xalos bo‘lib, real dunyoda yashay boshlaydi. Bu bosqichda insonda o‘zining shaxsiy mavjudligiga mas’ullik hissi vujudga keladi. O‘zining shaxsiy “Men”ini chuqur analiz qilish mana shu bosqich uchun xarakterlidir. Diniy bosqichda inson “yoki-yoki” dilemmasini hal eta borib, o‘limni emas abadiylikni tanlaydi.
Xaydeggerga ko‘ra, insonning haqiqiy mohiyati, uning mavjudligidadir. Ijtimoiy hayot va uning barcha sohalari nohaqiqiy mavjudlikdir. SHaxs ijtimoiy hayotda o‘z-o‘zicha mavjud bo‘lishdan to‘xtaydi, ya’ni, his-tuyg‘uda, fikrlashda, hatti-harakatda umume’tirof etilgan qonun-qoidalarga tayanadi, ijtimoiy fikrga bo‘ysunadi. “SHaxsssizlik” hukmronligidan xalos bo‘lish uchun inson mavjudlikni shaxsiylik sifatida, faqat unga xos xususiyat sifatida qabul qilish zarur. Inson o‘z mavjudligini anglab etishga qodirdir.
Xaydegger inson o‘z mavjudligini shaxsiy kechinmalar bilan bog‘liq bo‘lgan turli holatlarga tushganda anglab eta boshlaydi, deb ko‘rsatadi. Xaydegger, bunday holatlarga “qo‘rquv”, “tahlika”, “gunoh tuyg‘usi” kabilarni kiritadi.
Xaydegger har bir inson individual taqdirga ega, uning hayotining boshlanishi va tugashi bor, ya’ni uning mavjudligi tug‘ilishi va o‘lim orasida bo‘ladi, deb hisoblaydi. Xaydegger fikricha, inson mavjudligining ontologik asosi uning tugallanishida, vaqtinchaligidadir. SHuning uchun vaqtga borliqning eng muhim xarakteri, mavjudlik sifatida qaralishi lozim.
Ekzistensialist J.P.Sartr insonning kim va qanday bo‘lishi faqat o‘z-o‘zini anglashi, tasavvur qilishdangina iborat emas, balki, shu bilan birga o‘z irodasini shaxs bo‘lib etishish uchun namoyon qila olishida hamdir, deb hisoblaydi. CHunki, uning fikricha, inson o‘zini mavjud bo‘lib yashay boshlagandan so‘ngina tasavvur qila boshlaydi va mana shu mavjudlikning kuchayib borishi jarayonida iroda o‘zini namoyon qiladi, ya’ni, inson o‘zini-o‘zi shakllantiradi, inson qiladi-bu ekzistensializmning birinchi prinsipidir, deydi Sartr260.
Sartr mana shu tarzda inson o‘z faoliyati jarayonida tayanadigan asoslar olamda ham, olamdan tashqarida ham, o‘z tabiatida ham yo‘q (chunki, unga indvid sifatida azaliy insoniy mohiyat berilmagan), inson o‘z-o‘zicha tashlab qo‘yilgan, u mutlaq erkindir, degan xulosaga keladi. Sartr fikricha, erkinlik alohida xususiyat ham, yoki qo‘lga kiritilgan ezgulik ham emas, balki, insonga azaldan berilgan holatdir. SHuningdek, inson goh erkin, goh qul bo‘lib tug‘ilmaydi, u butunlay va har doim erkindir yoki butunlay yo‘qdir, deb uqtiradi faylasuf. Demak, inson mavjud ekan, u erkindir, u erkinlikka mahkum etilgandir.
Biz, deydi Sartr, erkinlikning har bir alohida voqeada bo‘lishini istaymiz. Ammo, erkinlikkka intilish jarayonida uning boshqa odamlar erkinligiga bog‘liqligiga, shuningdek, boshqalar erkinligi bizning erkinligimizga bog‘liqligiga ishonch hosil qilamiz. Albatta, deb davom etadi Sartr, erkinlik insonning ta’rifi, unga xos bo‘lgan xususiyat sifatida boshqalarnikiga tobe’ emas, ammo harakatning boshlanishi bilan men o‘zimning erkinligim bilan boshqalar erkinligini birgalikda hohlashga majburman.
SHunday qilib, Sartr ekzistensializmning “mavjudlik mohiyatdan oldin keladi” degan tezisga asoslangan holda inson erkinligi masalasiga yondashadi, ya’ni inson erkinligi uning mavjudligida, inson mavjud bo‘lar ekan, u erkindir. Demak, Sartr, boshqa ekzistensialistlar kabi, erkinlik-bu ichki erkinlikdir, kishining qalbida yashaydigan, tabiiy va ijtimoiy determinizmga bo‘ysunmaydigan, u yoki bu hatti-harakatlarni, faoliyat turlarini keltirib chiqaradigan ichki ruhiy kuchdir, degan xulosaga keladi. Sartr jamiyatning inson takomilidagi o‘rnini to‘g‘ri baholamaydi. Uningcha, jamiyat kishilarga siyosiy, iqtisodiy va boshqa erkinliklarnigina berishi mumkin. Haqiqiy ekzistensial erkinlik jamiyatdan tashqarida, insonning o‘z olamida boshlanadi. Ammo, Sartr, shaxsning erkin ma’naviy rivojlanishi uchun jamiyat muayyan shart-sharoitlar yaratib berishi mumkinligini inkor qilmaydi.
Sartr inson erkinligi bilan bog‘liq bo‘lgan tanlov va harakatlar ongli xarakterga ega bo‘lishini ham ko‘rsatib o‘tadi. U Freydning ongsizlik g‘oyasini inkor qiladi, ongning psixik faktlari samarasizligini asoslab beradi. Ong, uning fikricha, psixik borliqning mezoni, reflekslargacha bo‘lgan hodisa. Insonning barcha harakatlari va holatlari shaxsiy butunligini ta’minlashning zaruriy sharti. Sartr inson avtorligining ongli xarakterini «o‘zida bor bo‘lish» sifatidagi ongning ontologik strukturasi yordamida asoslab berishga harakat qiladi. Demak, Sartr fikricha, inson mavjud bo‘lar ekan, doimo o‘z mas’uliyati bilan to‘qnash kelaveradi. Unda tayanadigan asoslar yo‘q. Insonda mavjud bo‘lgan barcha holatlar, jihatlar, uning individual tanlovi, tashabbusi shuning natijasi. O‘zining mas’ulligi va avtorligi muqarrarligini anglash sifatidagina ekzistensial g‘am-g‘ussa ham xuddi mana shundadir.
YAna bir ekzistensializm namoyondasi A. Kamyu “Isyonchi” asarida inson huquqlari va erkinliklari masalasini ko‘tarib chiqadi. Uning ta’kidlashicha, isyon-bu o‘z huquqlarini anglab etgan, barcha narsadan xabardor, bilimdon kishining ishidir. Isyon, eng avvalo ezgulikdan uzoqlashgan jamiyatlarda sodir bo‘ladi. Tubanlashgan jamiyatlarda yashovchi kishilar uchun isyon, ularning borligining muhim o‘lchovlaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Insonda o‘z-o‘zini inson sifatida anglashning paydo bo‘lishi bilan isyon ham vujudga keladi. Kamyu nuqtai nazaricha, isyon insonning kundalik hayotida Dekartda fikr qanday rol o‘ynagan bo‘lsa (“Men fikrlayabman, demak men mavjudman”), xuddi shunday o‘rin tutadi. YA’ni, “Men isyon qilyabman, demak men mavjudman”. Isyon va inqilob hozirgi davr odamining taqdiri va qismatidir.
Gabriel Marsel ekzistensial qarashlariga ko‘ra, hozirgi davr g‘arb jamiyatining turli tazyiqlari tufayli kishilarga tobora xira tortib borayotgan ichki, “sirli hissiyot” insonning o‘z shaxsiy hayotiga chuqur mulohaza qilgan holda munosabatda bo‘lishi, bilishning donolikka olib boruvchi ahloqiy asoslariga e’tibor qaratish yo‘li bilan yoritilish mumkin. Marsel falsafasida ichki erkinlik, tanlov, ma’suliyat masalalalari, birinchi darajali ahamiyat kasb etadi. Ammo, Sartrdan farqli ravishda Marsel indvid erkinligi to‘qnash keladigan chegaralarni tan oladi.
SHaxs to‘g‘risida o‘ziga hos qarashlarga ega bo‘lgan neotomizm hozirgi zamon g‘arb falsafasida ko‘zga ko‘rinarli o‘rin egallaydi. Netomizm antropologiyasining asosida insonni tana va ruh birligidan iborat bo‘lgan murakkab substansiya, deb qarovchi tomistik an’ana yotadi. SHaxs va indvidni turlicha talqin qilish shunga borib taqaladi. Indvid sifatida qaraladigan inson o‘simlik yoki hayvon erkin bo‘lmagani kabi, erkinlikka ega bo‘lmaydi. Erkinlik-shaxsning atributidir. Erkinlikning mohiyati, shaxsning mohiyati bilan muvofiq keladi deb, ta’kidlaydi, Jilson. Erkinlik neotomistlar tomonidan tanlov erkinligi va ixtiyoriy erkinlik sifatida talqin qilinadi.
Umuman olganda hozirgi zamon shaxs to‘g‘risidagi nazariyalarda shaxs erkinligi va mas’uliyati, uning bor imkoniyatlarini to‘laqonli namoyon etishida ijtimoiy shart-sharoitlarning ta’siri masalalari dolzarb ahamiyat kasb etadi.
|
| |