Abu Rayhon Beruniy – geologik hodisalar, minerallar va javohirlarni o’rgangan dastlabki tadqiqotchi




Download 259,5 Kb.
bet7/8
Sana21.05.2024
Hajmi259,5 Kb.
#247970
1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
Beruniyning tabiiy fanlar talimotining shakllanishi va fanning rivojlanishiga qo\'shgan hissasi

2.2. Abu Rayhon Beruniy – geologik hodisalar, minerallar va javohirlarni o’rgangan dastlabki tadqiqotchi
Buyuk o’zbek olimi Abu Rayhon Beruniyning Yer sathi relyefining daryo hamda dengizlar ta'sirida o’zgarishi borasidagi kuzatuvlari, quruqlik hamda dengizlarning o’zaro o’rin almashib turishiga doir fikrlari, yer osti yotqiziqlari va bu yotqiziqlarda uchraydigan toshqotgan qoldiqlar haqidagi tavsiflari, shuningdek, uning tabiatda mineral hamda rudalarning hosil bo’lishi to’g’risidagi ba'zi tushunchalari fan tarixi uchun, hususan, geologiya fani uchun favqulodda zo’r ahamiyatga ega. Olimning “Mineralogiya” “Saydana”, “Geodeziya”, “Hindiston” kitoblarida keltirilgan javohirlar va asl metallar koni, ularni qidirish hamda qazib olish metodikasi, metallarni rudadan ajratib olish texnologiyasiga doir ma'lumotlari ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi.
Abu Rayhon Beruniyning Kitob al-jamohir fi ma'rifat al-javohir deb atalgan kitobi ushbu bobga asosiy manba qilib olindi.
Ispaniyaning Ekskurial degan kutubxonasida shu kitobning qo’lyozmasi bor. Asrimizning 20-yillarida kayserlik (Turkiya) bir kishining shaxsiy kutubxonasidan, oradan ko’p o’tmay Istanbuldagi Saroy kutubxonasidan kitobning qo’lyozma nusxalari topildi. Saroy kutubxonasidan topilgan nusxa boshqa nusxalarga qaraganda birmuncha to’liqdir. Taniqli arabshunos F. Krenkov ana shu uchala nusxadan foydalanib kitobning tanqidiy tekstini tayyorladi va uni «Mineralogiya» deb atadi. Bu nom ko’pchilik tomonidan maqbul topilgan bo’lib, hozirga qadar shunday atalib keladi1.
Beruniyning ushbu kitobiga berilgan nomni, ya'ni “Mineralogiya” ni qo’llash mumkinligini inkor qilmasakda, o’zimizning mazkur atama hususidagi mulohazamizni aytmasdan o’tolmaymiz. hozirgi tushunchamizda mineralogiya termini geologiya fanining tabiiy reaktsiyalar mahsuli hisobilanadigan va o’ziga xos muayyan fizik hamda ximiyaviy xarakteristikaga ega bo’lgan minerallarni o’rganadigan bir sohadir. Shunday ekan, u tabiiy birikmalarni o’rganish bilan chegaralanadi. Beruniy kitobida esa javohirlar (jinslar), mineral va metallarga doir ma'lumotlar ham bayon qilinadiki, bu kitobning mineralogiya fani doirasidan chiqib, ayrim hollarda fanning petrografiya, kristallografiya, metallshunoslik kabi sohalarini o’z ichiga olishligini bildiradi, Lekin shunday bo’lsa ham, kitobni petrografiya deb ham, mineralogiya deb ham atamay, muallifning o’zi ishlatgan nomni qoldirib, uni so’zma-so’z “Javohirlarni bilishga oid ma'lumotlar to’plami” deb tarjima qilish maqsadga muvofiqdir. Kitobda hosil bo’lishi jihatidan mineralogiyaga aloqador bo’lmagan yoki sun'iy moddalarga (shisha, farfor va hokazo) mansub moddalar ta'rifi berilganligi uchun ham uning nomini o’z holicha qoldirgan ma'qul.
Abu Rayhon Beruniy birinchilar qatorida yer qiyofasining o’zgarishi — dengiz hamda quruqliklarning o’z joyini o’zgartirib turishi to’g’risida batafsil fikr bildirdi. Olim o’zining “Quruqlik dengiz o’rniga va dengiz quruqlik o’rniga ko’chadi” degan fikrini Arabiston sahrosi bilan qoraqumning (Beruniyning gapi bo’yicha Jurjon hamda Xorazm o’rtasidagi sahro) o’z o’rnini o’zgartirganligini tahlil qilish asosida isbotlaydi. Uning fikriga qaraganda, Arabiston sahrosi o’rnida bir vaqtlar dengiz bo’lgan. Sahro zamini ostidan topilayotgan chig’anoq hamda baliq suyaklari qoldiqlari bu yer dengiz bo’lganligidai dalolat beradi, deydi olim1.
Shuningdek, Beruniy Qoraqum sahrosi, yer qatlamidan chiqqan baliq suyaklari qoldiqlariga asoslanib, bir zamonlar dengiz yoki ko’llardan iborat bo’lganligini isbotlashga harakat qiladi.
Beruniyning yozishicha, Misr hamda Sudan yerlari qiyofasi ham o’zgargan. Olim bu fikrini asoslash uchun olib borgan tadqiqotlari natijasida qo’lga kiritgan ko’plab ashyoviy dalillar keltiradi, qadimgi yunon olimlari asarlariga murojaat qiladi. U yer ostidan chiqqan qadim hayvonlar chig’anog’i yoki qoldiqlarini hozirgi har qanday paleontologiya yoki zoologiya mutaxassisi havas qiladigan darajada aniq tasvirlab beradi.
“Mineralogiya” asaridagi mana bu satrlar bu fikrimizning qanchalik to’g’riligini ochiq-ravshan ko’rsatib berishi mumkin: “...menga Zarubondagi oltin konlari quduqlaridan bir nechta chig’anoq keltirib berishdi. Ularni quduqlardan birining bir yuz ellik tirsak (bir tirsak taqriban 50 sm ga teng) chuqurligidan topilgan. Chig’anoqlarning kattaligi yong’oqdek, lekin ularning po’sti juda qalin tartibli chizilgan, toshga aylangan, chig’anoqlardan iborat. Ularda hayvonlarning o’zi yo’q bo’lib, giltosh qoldiqlari qolgan, xolos” Shundan keyingi satrlarda Beruniy dengiz chig’anoqlarining o’ziga xos xususiyatlarini batafsil tasvirlaydi: “Dengiz hayvonlari ancha yirik va chig’anog’i ancha qalin va qattiq bo’ladi... Bir marta ularning tashqi tomoni xira, qora, ichki tomoni esa o’tkir tovlanuvchi sariq marvaridga o’xshash xilini ko’rganman”2.
Beruniy o’tmish davr hayvonlari qoldiqlarining qadimgi landshaftlarni tiklash hamda quruqlik va dengizlarning vaqti-vaqti bilan o’rin almashinib turishlari sababini aniqlashdagi ahamiyatini to’g’ri tushungan. Ammo O’rta asrlarda o’tgan sxolastika (borliqni tekshirish va o’rganishga emas, balki din aqidalariga suyangan idealistik falsafa) kayfiyatidagi g’arb olimlari Beruniyning mazkur tushunchasini inkor etishdi.
Ular Beruniy va Abu Ali ibn Sinoning yer qiyofasining o’zgarishini yer qatlamlaridan topilgan hayvon hamda o’simlik qoldiqlari bilan isbotlashlarini xayoliy gap deb hisobladilar. G’arb olimlarining fikriga qaraganda, yer qatlamlaridan chiqadigan bu qoldiqlar go’yo “G’alati jismoniy nuqson” (tabiat hazili) emish.
To’g’ri, ancha keyin, XVII asrda geologiya sohasida ish olib borgan tadqiqotchilarning ko’pi chig’anoqlar “tabiat hazily” natijasi emas, balki haqiqatan ham bir zamonlarda yashagan jonli organizmlar qoldig’i ekanligini e'tirof etishdi. Lekin bu organizmlarning halokatga uchrashiga va yer ostida qolib ketishiga umumjahon suv toshqini sabab bo’lgan degan noto’g’ri fikr uzoq vaqtga qadar hukmron bo’lib turdi. Shunday qilib, keyingi uzoq davrlar mobaynida bu geologik hodisani umumjahon suv toshqini bilan bog’lab tushuntirilib kelindi. Shuni aytish kerakki, Injil (xristianlar va yahudiylarning muqaddas diniy kitobi)da ham ana shu fikr ilgari suriladi.
O’rta Osiyoning ikki buyuk olimi Abu Ali ibn Sino bilan Abu Rayhon Beruniy qadim yunon mutafakkiri Aristoteldan keyin quruqlik hamda dengizlar vaqti-vaqti bilan almashinib turadi degan fikrni ilgari surishgan edi. Beruniyning tog’larning yemirilish jarayoni haqidagi fikrlarini va quruqlikda — soyliklarda (alyuvial cho’kindi) ham-da dengiz tubida cho’kindilar hosil bo’lishiga, shuningdek, dengizlarning quruqlikka aylanishiga doir tavsiflarini alohida ta'kidlab o’tish kerak. Uning bu jarayondagi uchta bosqich haqidagi tasavvurlarini A. I. Islomov chuqur o’rgangan. A. I. Islomov, V. I. Popov tomonidan ajratib ko’rsatilgan bu bosqichlar hamda fatsial zonalarning qiyosiy tahlilini keltiradi.
Beruniy o’zining “Saydana» asarida yirik, dag’al toshlar majmuasidan iborat jinslar bilan mayda zarrachalardan iborat jinslarning tog’dan tekislik, ko’l va dengizlar tomon siljishiga qarab almashinishlarini nihoyatda aniq tasvirlaydi. Daryolarning kattaligi va ularning kuchi, tosh hamda zarrachalarning katta-kichikligiga qarab yer sathining turli joylariga: tog’ etaklariga, soylarga, ko’l hamda dengizlar tubiga yig’iluvchi cho’kindilar keltirib chiqaradi. Bu esa siniq jinslar: konglomerat (har xil g’o’la, tosh, shag’al parchalari va qum zarralarining loy, ohak yoki lava vositasida bir-biriga jipslashuvidan hosil bo’lgan tog’ jinsi) shag’al, qum va loylarning yer yuzasida va suv ostida joylashish va tarqalish qonunlaridan biridir. Siniq, bo’lak-bo’lak zarralardan tashkil topgan jinslar mashhur rus olimi V. L. Pustovalov tomonidan har tomonlama puxta o’rganilib chiqilgan. Uning “Cho’kindi jinslar petrografiyasi” nomli asarida bu jinslar ta'riflab berilgan. V. L. Pustovalov bu tog’ jinslarining tog’dan tekislik tomon joylanishini mexanik differentsiatsiya, xemogen jinslar o’zgarishini esa ximiyaviy differentsiatsiya deb ataydi.
Xorazmlik olimning biz yashab turgan Yer, uning shakli, o’lchami, radiusining kattaligi haqidagi fikrlari g’oyatda qiziqarlidir.
“Yer shar shaklli koinot ichida sharsimondir va o’z og’irligi bilan har tomondan markazga tortiladi. Suv yuzining yumaloqligi ham shundan...”1 Beruniy shunga asoslanib Yer chekkalaridagi og’irlikning muvozanatlashishi uchun Yer ichidagi massa harakatlanishi va almashib turishi zarur deb taxmin qiladi.
Beruniy materiklarning, ya'ni qit'alarning harakat qilishi mumkinligi va sabablarini quyidagicha tushuntiradi: “Dumaloq yerning bir qismi chuqur cho’kishlar (yoki yoriqlar) tufayli (asosiy qit'adan) ajralgan, ular orasiga atrofdan (dengizdan) suv kirib (okeanlar kattalashgan) ko’tarilib qolgan (qismini) okeanlar qoplay olmagan bo’lishi ham mumkin...”.2
Bu satrlardan ko’rinib turibdiki, Beruniy o’sha vaqtdayoq ba'zi qit'alarning gorizontal siljishi mumkinligini taxmin qilgan. Ma'lumki, qit'alarning gorizontal siljishi haqidagi masala Beruniydan necha yuz yil keyin, aniqrog’i, XX asr boshlarida nemis geofizigi A. Vegener va uning izdoshlari tomonidan ko’tarib chiqilgan edi. A. Vegener granit materiallardan tashkil topgan qit'alar Yerning o’z o’qi atrofida aylanishi ta'siri ostida gorizontal holatda siljishi mumkinligini faraz qilgandi.
Bundan tashqari, Beruniy Yerimizning vertikal, ya'ni tik harakat qilishligini ham ko’rsatib o’tadi. U yer osti qiyofasining, daryolar yo’lining o’zgarishini yerimizning vertikal harakati bilan izohlaydi. Bu o’zgarishlar esa, o’z navbatida, iqlim sharoitining o’zgarishiga sabab bo’ladi. Natijada unumdor, gullab-yashnayotgan vohalar jonsiz cho’lu sahrolarga aylanadi, deydi Beruniy. So’zimizning quruq bo’lmasligi uchun bitta misol keltiraylik. Beruniy o’z kuzatishlariga hamda Aristotel qoldirgan ma'lumotlarga tayanib, Amudaryo (Jayhun)ning o’z yo’lini o’zgartirganligini batafsil tushuntirib beradi. Uning yozishicha, Jayhun qadim zamonlarda Balxan nomi bilan ma'lum bo’lgan shahar (mazkur shaharning nomi g’arbiy Turkmanistondagi Balxan tog’i nomida saklanib qolgan) orqali hazor (Kaspiy) dengiziga qarab oqqan. Keyin daryoning o’zani qizilqum tomonga qarab o’zgargan. Uning deltalari (daryoning soy hamda o’zanlarga bo’linib, tarmoqlanib ko’l yoki dengizga quyiladigan joyi — muharrir) Aris daryosining Sirdaryoga quyilish qismidagi Utrorga qadar borgan. “Odamlar Jayhunning har ikkala qirg’og’i bo’ylab 300 tadan ziyod shahar va qishloq bunyod qilishgan. Ularning xarobalari hozirga qadar (Beruniy yashagan davr nazarda tutilyapti) saqlanib qolibdi”1.
“Ko’p o’tmay, — so’zida davom etadi Beruniy,— (Amudaryo) suvi pecheneglar (Orolbo’yi viloyati aholisi) yeri tomon burilgan va Xorazm hamda Jurjon o’rtasidagi sahroga oqqan”2 Beruniyning ko’rsatishicha, bu yerda uzoq davrlar mobaynida hayot qaynagan. Keyin esa, Amudaryoning o’z yo’lini o’zgartirib, Sariqamish orqali Xorazm tomonga oqishi tufayli bu yerda hayot so’ngan.
Beruniy bu o’rinda Amudaryoning hozirgi oqimini, uning Xorazm yoinki Orol dengiziga quyilishini nazarda tutayotganga o’xshaydi. Beruniy Amudaryo o’zanining va shu bilan bog’liq ravishda iqlim sharoitining o’zgarishiga, aholining bu yerlarni tashlab ketishiga bu joyning vertikal ko’tarilishi hamda qum bosishi sabab bo’lgan deb hisoblaydi.
Abu Rayhon Beruniy o’zining “Javohirlarni bilishga oid ma'lumotlar to’plami” asarida yoqut, la'l, olmos, najdak, marvarid, zumrad, feruza, aqiq, zabarjad, oniks, xrizolit, billur, ametast (binafsha rangli shaffof tosh), lojuvard, malaxit (yashiltosh), nefrit, gagat, mo’miyo, karkidon shoxi, qahrabo, magnittosh, gematit, albastrit, shisha, chinni kabi ko’plab javohirlar va minerallarning mukammal ta'rifini keltiradi.
Olimning bu javohirlar hamda minerallarni ta'rif va tavsiflashdagi izchilligi g’oyatda ibratlidir. U dastlab qimmatbaho minerallar nomining qayerdan kelib chiqqanligini va ularning yunon (rumiy), arab, xitoy, turk, fors tillarida qanday atalishini batafsil tushuntiradi. So’ng javohirlar turlarini birma-bir sanab ko’rsatadi, ularni rangi, shakli, tuzilishi, qattiqligi va solishtirma og’irligiga qarab klassifikatsiya qiladi. Nihoyat, javohirlar-ni nimaga asoslanib bir-biridan farqlash lozimligini bayon etadi.
Beruniy konlar va ularning turlari (ya'ni sochma yoki tub konligi), metallarni qazib olish usullari, shuningdek, metallarni rudadan ajratib olish texnologiyasi va boshqa ishlar to’g’risida qimmatli ma'lumotlar keltiradi. Olim ora-orada minerallarning hosil bo’lishi, ularning sifatiga salbiy ta'sir etuvchi turli yot jismlar haqida ham o’z mulohazalarini bayon etib boradi. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, Beruniyning bu xilda tavsiflash printsiplari hozirgi kunda ham o’z ahamiyatini yo’qotgan emas. Quyida Beruniyning javohirlarga doir ma'lumotlaridan misollar keltiramiz.
Yoqut. Beruniy bu toshni yoqut deb ataydi. Uning fikricha, bu termin forscha yokund so’zining arabiylashgan formasidir. Yoqut hindcha patmarag (nilufar) demakdir. Hindlar yoqutni rag (qizil) deb atashadi. “Padma esa shunchaki uning sifatidir” deb yozadi Beruniy.
Beruniy va undan oldin o’tgan al-Kindiy kabi olimlar yoqutni turli ranglarga, chunonchi, qizil, yashil, pushti, to’q-qizil va hokazo ranglarga ajratishadi. Xorazmlik olim bu mineral haqida odamlar og’zidan eshitgan qiziq-qiziq rivoyatlar, o’qigan kitoblaridan parchalar keltiradi. Ularda yoqutning qaysi mamlakatlarda uchrashligi, necha xil rangda bo’lishligi va kishilarga qaysi ranglar ko’proq yoqishligi va hokazolar haqida qiziqarli ma'lumotlar keltiriladi.
Abu Rayhon Beruniy tomonidan yoqut, yokund yoki padma-rag atamalari bilan tilga olingan qimmatbaho minerallar hozir mineralogiya fanida alyumin oksididan iborat bo’lgan, qattiq mineral — korund mineralining shaffof va rangli guruhiga kiritiladi va alyuminiyning bir yarim hissali oksidi sifatida ta'riflanadi.
Yoqutning haddan ziyod qattiqligi (bu jihatdan u olmos-dan keyin ikkinchi o’rinda turadi) va turli-tuman rangda nihoyatda yorqin tovlanishi uning barcha qimmatbaho toshlar ichida birinchi o’rinda turishiga imkon beradi. Beruniy ham uning shu jihatini alohida ta'kidlaydi: “Yoqut — boshqa qimmatbaho toshlar ichida birinchisi, eng chiroylisidir”1
Yoqut va uning qimmatbaho xillari bir-biridan, hozirgi mineralogiya kursida ham Beruniydagidek rangiga qarab farqlanadi. Masalan, rangsiz yoqut leykosapfir, qizil rangli yoqut rubin, sariq rangli yoqut sharq topazi, ko’k rangli
yoqut sapfir, yashil yoki to’qqizil rangli yoqut Sharq ametisti, sabzarang (bargikaram) yoqut Sharq zumradi deb ataladi.
Beruniyning javohirlar haqidagi kitobini varaqlar ekanmiz, har xil sifatga ega bo’lgan qimmatbaho toshlarga, ularning bir-biriga o’xshashliklari, aslida esa boshqa-boshqa ekanliklariga doir ko’plab ajoyib ma'lumotlarga duch kelishimiz mumkin. Chunonchi, Beruniy yoqutga o’xshash, ammo aslida yoqut emas, zumradga o’xshagan, lekin unga mutlaqo aloqasi bo’lmagan javohirlarni ta'riflab beradi: “ Karkund degan tosh qizil yoqutga o’xshash toshlar jumlasiga man-subdir... U qattiq, aytarli tiniq emas, xira”. Shu munosabat bilan olim bu tosh nomining qayerdan kelib chiqqanligini bayon qiladi: karkund — ya'ni forscha “kar yokund» (yakud) so’zidan kelib chiqqandir. Bizningcha, korund atamasi ham shu so’zlarning o’ziga xos qo’shilishidan hosil bo’lgan bo’lsa kerak. Shu tariqa, korund atamasining hosil bo’lishini qadimgi fors tilidagi karkund so’zi bilan bog’lash mumkin. Korund atamasi hind tilidagi narkdak (qayroq qumi) nomi korand yoki korun so’zlaridan kelib chiqqan degan fikr ham bor1.
A.M. Belinskiy va G. G. Lemmleynning Beruniy kitobiga yozgan sharhida karkundni granat mineralining turli xillari: andradit, gassonit, pirop (to’q qizil yoqut)lar bilan aynan bir narsa bo’lishi mumkin deb taxmin qiladi. Ammo Beruniy granatlarni bijozi degan nom ostida maxsus bo’limda tasviflaydi. Kitobda tushuntirilishicha, bijozi hozirgi fan nuqtai nazaridan granatlar guruhiga mansubdir. Biroq u bijoziga berilgan ta'rif va tavsiflar granatning bir xili almandinga taaluqli deb hisoblaydi. Kitobning mijoziga ta'rif berilgan bo’lgan esa granatning bir xili emas, deyarli barcha xili ta'riflab berilgan.
M. Ye. Massonning fikriga qaraganda, la'l dastlabki paytlari yoqut bilan muvaffaqiyatli ravishda raqobat qilgan. Natijada yoqutning narxi tushgan, la'lga talab esa sezilarli darajada ortgan. Ammo kishilar asl yoqutlarning qattiqligi bilan ham, solishtirma og’irligi bilan ham va rangining ug’unligi bilan ham la'ldan ancha ustun turishligiga qanoat hosil qilishgach, bu toshlarning avvalgi qimmati yana tiklangan.
Bizningcha, la'l yoqut bilan raqobatlashmagan, balki kishilar la'lni ham yoqut deb bilishgan. Beruniyning: Badaxshon la'li X asrning 30-yillariga qadar «yoqut bahosida sotilib keldi, keyin uni payqab qolishdi va uni eski bahosida olishmay qo’yadi» degan gaplari shundan dalolat beradi. La'l va yoqutning bir narsa emas, balki mutlaqo boshqa-boshqa narsa ekanliklarining ma'lum bo’-lishida ularning Beruniy tomonidan ko’rsatib berilgan belgilari katta rol o’ynagan bo’lishi ham mumkin: «...Bu tosh (la'l) — qizil, shaffof, toza (bo’lib), rangi bilan asl yoqutga o’xshaydi, ba'zan esa chiroyliligi va yaltiroqligi bilan undan yuqori turadi, lekin qattiqligi jihatidan undan keyin turadi, shu tufayli burchak va qirralari boshqa narsalarga tegish va ishqalanishdan oson yeyiladi”.2
Beruniy yoqut va shunga o’xshash toshlar koni haqida qiziq ma'lumotlar keltiradi: “...yoqutlarning (asosiy) koni Xirkand dengizidagi ko’rfaz (Bengaliya ko’rfazi)ga joylashgan Sarandib orolida va unga (orolga) parallel o’rnashgan sohil bo’yi tog’laridadir. Qizil yoqut to’g’risida uni konlarda mayda toshlar orasidan ajratib olishadi deyishadi”. Bu yerda sochma konlarda bo’ladigan yoqut nazarda tutilmoqda. Darhaqiqat, orolning markaziy qismida och qizil rangli granit toshlardan iborat tog’ tizmasi bor. Orolning shimoli-g’arb qismidagi shag’alallyuviy yotqiziqlarda bitmas-tuganmas qimmatbaho toshlar shag’alga aralashgan holda sochilib yotadi. Bu joy kishilarga azaldan ma'lum bo’lgan.
Ma'lumki, shag’aldan korund mineralining sapfir, rubin kabi xillari, akvamarin, xrizoberill, sirkon, turmalin, turli rangdagi shpinellar, ametist, topaz deb atalgan minerallar, shuningdek, rangsiz tog’ xrustali va juda ko’p miqdorda almandin (yoqutning bir xili) ajratib olinadi.
Beruniy Sarandib oroli to’g’risida gapirar ekan, bu nomning oxirgi bo’g’ini, ya'ni “dib”ga alohida to’xtalib, u “ko’p” degan ma'noni bildirishligini ta'kidlaydi. Shu munosabat bilan Beruniy yozadi: “...va men bu so’zning ma'nosi “ko’p orollar” yoki “orollar yig’ilgan joy” bo’lsa kerak deyman”1.
Aftidan Beruniy bu yerda Sarandib orolidagi konlarnigina emas, balki Bengaliya qo’ltig’idagi boshqa orollardagi, hattoki Hindiston va Birmadagi qimmatbaho toshlar mavjud bo’lgan konlarni ham nazarda tutayotganga o’xshaydi. Kishilar bu konlardan ham juda qadim zamonlardan buyon foydalanib kelishgan.
Al-la'l Badaxshi — Badaxshon la'li va lazavard — lo-juvard. Beruniy sifati jihatidan yoqutdan keyin ikkinchi o’rinda turadigan la'l haqida, bu tosh olinadigan konlar, la'lning turlari, fizik xossalari, la'lni qanday topish mumkinligi, uning qaysi toshlarga o’xshashligi va hokazolar to’g’risida g’oyat qimmatli ma'lumotlar yozib qoldirgan. Olim la'lni ta'riflashga o’tib yozadi: “Nasr uning (la'lning) konini Badaxshonda deb biladi”1. Lekin Beruniyning fikricha, “Badaxshonning la'lga hech qanday bog’liqlik joyi yo’q, la'li badaxshon deb atalishiga sabab, Badaxshon orqali la'l olib kelingan, tarashlangan va sayqal berilgan. Badaxshon uning (boshqa) mamlakatlarga tarqalishi uchun darvozadir”.
Shunday bo’lsa ham, Badaxshon va la'l (yoki la'li badaxshon) bir-biriga juda bog’liq. Shuning uchun ba'zi tadqiqotchilar Badaxshon degan nom la'lning «balaxsh» degan bir turidan kelib chiqqan deb hisoblashadi. Boshqa bir guruh tadqiqotchilar esa la'l yoki “balaxsh” so’zi Badaxshon mamlakati nomidan kelib chiqqan degan fikrni ilgari surishmoqda. Lekin, bu tadqiqotchilar, Badaxshon zamini ostidan la'l qazib olingani uchun emas, balki la'l-ni Badaxshon bozorlarida sotishgani uchun la'l shu mamlakat nomi bilan bog’lanib ketgandir.
Keyingi guruh tadqiqotchilar fikriga qo’shiladigan bo’lsak, u holda shunday bir haqli savol tug’iladi: modomiki, Badaxshonda la'l konlari yo’q ekan, u holda mamlakat bozorlarida sotilgan la'llar koni qayerga joylashgan bo’lmasa? Bu savolga javobni Beruniyning o’zidan topamiz: “La'l konlari Badaxshondan uch kunlik yo’lda, Vohan chegarasida, shahanshoh mamlakatining poytaxti Shiqosimdan Shikinanga ketaverishdagi Varzafanj qishlog’iga joylashgan”.
Ma'lumki, Beruniy tilga olgan bu joy Pamirda, Vohandaryo vodiysida joylashgandir. Panj-Amudaryoning irmoqlaridan biri. A. G. Belenitskiyning fikricha, yuqoridagi gapdagi Shiqosim — bu hozirgi Amudaryo bo’yidagi Ish-qoshimdir. Shikinan esa, aftidan, hozirgi “Shug’nan”dir.
M. Ye. Masson shunday yozadi: “unga (ya'ni Pomirga) janubi-g’arb tarafdan Badaxshon tasarrufiga kiruvchi Vohan, Shug’non, Roshan degan Pomir oldi mamlakatlari tutashgandi”1.
Shuni ta'kidlash kerakki, ko’pgina arab olimlari, asarlarida ham Badaxshon la'li, la'lning qimmatbaho toshlar, ya'ni yoqut bilan raqobat qilishligi to’g’risida ko’plab ma'lumotlar uchraydi. Bu ma'lumotlar har tomondan: mazmuni, tasvir uslubi va boshqa tomonlari bilan Beruniy tasvirlariga nihoyatda o’xshash.
Mashhur sayyoh Marko Polo Badaxshon la'li haqida: “...Shigxinan tog’idan la'l qazib olinadi”2 deb yozgan edi.
Xullas, Badaxshon qadim zamonlardan beri o’zining rangli va qimmatbaho toshlari bilan nom chiqarib kelgan. Bu toshlar ichida la'li badaxshon va lojuvard alohida o’rinni egallagan. Beruniy Nasrga asoslanib keltirgan dalilida Badaxshondagi tog’ yaqinidagi yoqut olinadigan konda lojuvard koni borligini yozadi. Masrn Mesopotamiya, Hindiston, Misr va boshqa Sharq mamlakatlarida bundan 4 – 5 ming yil ilgari lojuvarddan foydalanishganligini taxmin qiladi.
Beruniyning qanday qilib la'l topish mumkiligiga doir ma'lumotlari juda qiziq: “La'lni tog’ billuriga o’xshash oq rangli tosh qobiq ichidan topishadi... Oq toshdan iborat qobiq ochilsa, uning ichida kamdan-kam hollardagina bir bo’lak, ko’pincha esa anor donalariga o’xshab zich joylashgan kristallar ko’rinadi”.
Hozirgi mineralogiyada bir xilgi hosilalar druz va jeodlar deb ataladi. Ular tog’ jinslari yoki kristallar ichiga eritmalardan vujudga kelgan mineral moddalar kirib qolganda hosil bo’ladi.
La'llar, Beruniyning fikricha, rangiga qarab farqlanadi, bir xildagilarining rangi oq, boshqalariniki qora, ayrimlarining rangi esa och qizil bo’ladi. “La'llar ichida eng yaxshisi payzaki deb atalganidir, — deb yozadi olim, — Uning rangi za'faron, g’oyat tiniq”.
Afsuski, mineralogiyaga doir lug’atlar va bir qator kitoblarda la'l bilan rubin (qizil yoqut) hozirga qadar chalkashtirib ishlatilmoqda, ular ba'zan bir mineral deb tavsiflanmoqda. Beruniy bundan taxminan 900 yil ilgari har ikkala mineralning o’ziga xos belgi-xususiyatlarini ko’rsatib berganki, ular asosida bu minerallarni bir-biridan osonlikcha farqlash mumkin. Beruniyning aytishicha, la'l bilan qizil yoqut bir-biridan qattiqligi va solishtirma og’irligi bilan farqlanadi.
Ana shu va boshqa yana bir qancha belgi-xususiyatlardan foydalanib, la'lga hozirgi mineralogiya fanida qabul qilingan shpinel nomini berish mumkin.
Bijaziy – granatlar. Beruniy qizil granatni rangiga qarab “sof, toza, alangadan chiqadigan to’q qizil rang” deb ajratadi. U Nasr hamda al-Kindiy gaplariga asoslanib, bu granatga o’xshash mineral ispid-chashma va garvi deb ataladi deb ta'kidlaydi. Bu minerallar sarg’ish-qizil ranglarining to’qligi bilan xarakterlanadi. Aftidan, ular granatning bir xili bo’lib, Belenitskiyning taxminicha “ko’proq piropga muvofiq keladi”.
Beruniy granatning qizil rangli xilini ta'riflab, Muhammad ibn Mansur, al-Kindiy va Nasrlarda ham uning haqida ma'lumot borligini aytadi. Al-Kandiy bilan Nasr granatning bu xilini mazinaj deb atashadi. Belenitskiyning Plineybo’yicha bergan izohida ham bu haqda qiziq ma'lumotlar keltiriladi.
Beruniy tilga olgan bu joy nomi, ya'ni Tohariston o’rta asrlardan beri mavjud bo’lib, Amudaryoning yuqori oqimiga o’rnashgandir. Hozirgi Tojikiston, O’zbekistonning janubiy tumanlari va Afg’on Turkistonidan iborat katta territoriya ilgarigi Tohariston territoriyasiga to’g’ri keladi. kishilar la'l bilan granatni adashtiradilar, deb ta'kidlaydi. Beruniy.Olim la'l va granat olinadigan konlarning o’rnini aniqlashtirib yozadi: “Badaxshondan Shikinanga qarab yurgan kishi o’ng tomonda la'l konlari joylashgan tog’lardan farqlanuvchi tog’larga duch keladi. Bu yerda granatlar Vohan viloyatidagi Sajori qishlog’ining nomi bilan ataladi”.
Odatdagidek, Beruniy bu yerda ham granatga o’xshash bir qancha gavharlar nomini keltiradi. Chunonchi, u jarjun degan gavharni misol keltirib quyidagilarni yozadi: “U ispid — chashma deb ataladigan (granat) xilidan yumshoqroqligi va chang o’tirganga o’xshashligi bilangina farq qiladi”1.
Olmos Beruniy olmos o’zining kelib chiqishi va uning qaysi tilda qanaqa atalishini batafsil yoritib beradi. Uning yozishicha, olmosni hindlar — xira, yunonlar — azamas, adamantau (sinmaydigan demakdir), suriyaliklar — almipas va kifat, arablar — almas (tosh olmos) deb atasharkan. Shunday qilib, olmos nomi arab tilidagi almas so’zidan olingan bo’lishi mumkin. “Uning eng asosiy xususiyati shundaki, — deb yozadi Beruniy,— hamma narsani kesadi, uning o’zini esa hech narsa kesa olmaydi”2.
Beruniyning tasvirlashiga qaraganda, olmosning “oq, sariq-ko’kimtir, sariq, qizil, yashil, ko’k va qora” ranglilari bo’ladi. U olmosni aniqlash usullari va uni turlarga ajratish yo’llarini batafsil bayon qilib beradi. Shuni ta'kidlash kerakki, Beruniy olmos tanlashning eng jo’n, sodda usullarini (chunonchi, oq va sariq olmosni ko’zga tutib oftobga qaraganda “o’q-yoyga o’xshash alanga” hosil bo’lishi) keltirish bilan birga, olmosga xos bo’lgan eng muhim, eng nozik belgilarini ham ko’rsatib o’tadiki, bu olimning javohirshunoslik bobida zamonasining eng bilimdon mutaxassislaridan biri bo’lganligiga yana bir dalildir.
Masalan, u shunday deb yozadi: “Uning (olmosning) ishlanmasdan avvalgi tabiiy shakli varankaga (konusga) o’xshash, ko’p qirrali, ko’p yuzli, uch qirra yuzli va ulardan tashkil topgan nariyya (arab geometriyasida ma'lum tetrayder nomi) shaklida uchraydi. Bunda uchburchaklar bir joyda qo’shiladi. Olmoslarning orasida shundaylari borki, ularning shakllarini xavay'a nomi bilan (arab geometriyasida oktaydir kristallari) ataydilar. Bu xillarining o’rta qismi kengroq, konus uchi o’tkir bo’lganligi uchun uni “suliga” o’xshatadilar.
Beruniy olmos konlari haqida fikr yuritib, olmosi bor tog’larning o’ziga xos xususiyatlari to’g’risida bir qancha qimmatli ma'lumotlar keltiradi: “Barshavur qarshisida yastanib yotgan tog’ tizmasida ajoyib shaklda hosil bo’lgan toshlar bor, ularning rangi temirdek qora.., katta va kichik cho’qqilar, g’o’la toshlar go’yo yo’g’on g’ishtlar shaklida va temirdan yasalgan yassi tarozu toshlariga o’xshasa ham, ammo ulardan yengilroqligi bilan farqlanadi”.
Olimning bu o’rinda «bazalt tipidagi effuziv tog’ jinslariga xos xususiyatni tasvirlayotgan bo’lsa kerak» degan taxmini mutlaqo asosli deyish mumkin. Beruniyning olmos konlari bor tumanlar tog’ jinslariga doir yuqoridagi gaplari xuddi shu effuziv jinslar boshqacha aytganda, vulkanik jinslar hosilasi, ayniqsa otilib chiqqan vulkanlar trubkalari olmos konlarini qidirib topishda eng muhim kriteriy bo’lganligi uchun ham ahamiyatlidir. Chunonchi, Janubiy Afrikadagi olmos konlari yonartog’ (vulkan) jinslari bilan bog’liq va ular otilgan yonartog’ og’zi (trubkasi)dan topilgan, aftidan. qadim zamonlarda (ya'ni o’rta asrlarda) faqat Hindistondagina olmos konlari bo’lgan, sheklli. Boshqa olmos konlari ancha keyin topilgan.
Beruniy yer qa'ridan olinadigan neft, gagat (ko’mirning past navli xili), ozokerit (tog’ mumi) va kir (asfalt kabi xom ashyolar haqida mukammal ma'lumot beradi. Uning yozishiga qaraganda, Farg’onadagi gagatni o’tin o’rnida qo’llagan, uning kulidan sovun sifatida foydalanishgan. Gap shundaki, XIII asrlarda va ehtimol XIV asrlarda ham yevropaliklar, ko’mirni ham, undan nima maqsadda foydalanishni ham bilishmagan. Venetsiyalik mashhur sayyoh Mark Poloning quyidagi gaplari bu fikrni tasdiqlaydi: “Xitoyning hamma joylarida qora tosh (ya'ni gagat) bor, uni tog’lardan qazib olishadi, u o’tinga o’xshab yonadi. Alangasining kuchi o’tindan chiqadigan alangadan kuchliroq. ...Agar kechqurun qora ko’mir yaxshilab yoqib qo’yilsa, u ertalabgacha o’chmaydi”.
Abu Rayhon Beruniy Farg’onadagi asfalt, ozokerit va neft konlari haqida so’z yuritar ekan, ularni yonar tosh (chirog’i sang) deb ataydi. Olimning bu ma'lumotlaridan Farg’ona zamini ostidan qadim zamonlarda ham ko’mir, neft, asfalt va ozokerit qazib olinganligi va foydalanilganligi ma'lum bo’ladi.
O’rta asr olimining marvarid to’g’risidagi ma'lumotlari o’zining g’oyat darajada aniqligi va mukammalligi bilan diqqatni jalb etadi. Fikrimizcha, Beruniyning marvarid turlari, kelib chiqishi, ularning chig’anoq hamda dengizlarda bo’lishi, marvaridlarni qay paytda, qayerdan va qanaqa chuqurlikdan topish mumkinligiga doir fikr va mulohazalari hozir ham o’z qimmatini yo’qotmagan.
Beruniyning qahrabo moddasiga, xususan, bu moddaning kelib chiqishiga doir fikr-mulohazalari ham foydadan xoli emas. Olim al-Kindiy tomonidan keltirilgan ma'lumotlarga asoslanib yozadi: “qahrabo — soqoliblar mamlakatidagi (Belenitskiy bu joyni Boltiq dengizi bo’lsa kerak deb taxmin qiladi) daryolar bo’yida o’suvchi allaqanday daraxtdan oqib chiqadigan sandarakka (lak ishlab chiqarishda qo’llaniladigan xushbo’y smola — Muharrir) o’xshash yelimdir, uning (yelimning) suvga tushgan qismi qotib qoladi va dengiz olib ketadi, keyin to’lqinlar uni qirg’oqqa chiqarib tashlaydi”1.
Beruniy o’zining “Saydana” kitobida qahraboni Volgadagi Balgariya tog’larida o’suvchi daraxtlardan oqib tushadigan shiradir, u o’simlik tanasidan dengizga oqib tushadi, shundan keyin to’lqinlar uni sohilga chiqarib tashlaydi, deb yozadi.
Shunday qilib, Beruniy antik dunyo mualliflari izidan borib, qahrabo o’simlikdan hosil bo’ladi va u o’simliklarning qotib qolgan smolasidir degan fikrni ilgari surdi. hozirgi vaqtda ham qahrabo Beruniy o’ylaganidek, uchlamchi geologik davrga oid ninabargli daraxtlar smolasi hisoblanadi. Ammo Yevropalik olimlar XVIII asrning birinchi yarimlariga qadar ham qahraboni g’ayri-tabiiy yo’l bilan hosil bo’ladigan modda deb tushuntirishgan.
Beruniy mineral mahsulotlarni paydo bo’lishiga qarab klassifikatsiyalashga harakat qiladi. U, mineral mahsulotlarni organik va noorganik guruhlarga ajratadi. Organik minerallarga kelib: chiqishi jihatidan o’simlik hamda hayvonlarga bog’liq bo’lgan minerallarni (qahrabo, marvarid), noorganik guruhga esa o’zi tilga olgan barcha minerallarni kiritadi. Olim shaffof minerallarni eritmalardan hosil bo’lgan, deydi. Uning fikricha, “...barcha shaffof minerallarning asosi qotib qolgan oqar eritmalardir. Ularda havo pufakchasi,. suv tomchisi, daraxt bargi, yog’och tupi kabi begona aralashmalar borligi shuni ko’rsatadi”. Bu yot jinslar “...billur ichiga u eritma holida bo’lgandagina tushishi mumkin... aks holda ular uning (billurning ichiga) tushmagan bo’lardi, chunki (bu jinslar) tabiatan suvga nisbatan yengilligi sababli suv betida suzib yuradi”1.
Beruniy mineral mahsulotlarning qotib qolganligi sababini tushunishga «inson aqli qodir emas» deb hisoblaydi. U yozadi: “uning sababi (ya'ni mineral mahsulotlarning qotishi) nima va minerallarda qanday qilib turli ranglar hosil bo’ldi? Buni yolg’iz yaratgan ollohning o’zi biladi”.
Ammo Beruniy kitobining bir qancha joyida minerallardagi yashil rang ular tarkibidagi zanglayotgan misdan deb ko’rsatadi. Shuningdek, mineraldagi qo’rg’oshin va mis aralashmasi unga qizil, mis hamda qalay aralashmasi esa sariq tus beradi, deydi. Aftidan, yoqutdagi to’q qizil rang unga oz miqdorda xrom oksidi aralashganligi tufayli, ko’k yoqutning ko’kligi unga temir hamda titan qotishmasi aralashganligi tufayli, nihoyat, xrom va temir qotishmasi shaffof minerallarning qizil-to’qsariq ranglarda tovlanishiga sabab bo’lishligi Beruniyga ma'lum bo’lmagan.
Beruniyning Xudodan boshqa hech kimning aqli yetmaydigan ilmlar haqidagi yuqorida keltirilgan gaplariga kelsak, bizningcha, bu olim yashagan va ijod qilgan davr ideologiyasi ta'siri natijasidir. To’g’ri, G. G. Lemmleynning fik-richa, Beruniyning minerallarning hosil bo’lishi sirlarini aniqlash mumkin emasligi haqidagi agnostik qarashlari “ritorik usuldagi gapdan boshqa narsa emas, chunki minerallarning qay tarzda hosil bo’lishi masalasi sinchkov aql egasi bo’lmish Beruniyni g’oyatda qiziqtirgan”.
G. G. Lemmleynning Beruniy faoliyatdagi ana shu tomonni yumshatishga, silliqlashga harakat qilishiga qaramasdan olim ideologiyasida, dunyoqarashida yana bir qancha ziddiyatlar borligini qayd etib o’tishga to’g’ri keladi. Beruniy, bir tomondan, kitobining ko’pgina o’rinlarida borliq narsaning yaratuvchisi sifatida xudoni ko’rsatadi, Qur'ondan parchalar keltiradi. Ikkinchi tomondan, Yer qiyofasining o’zgarishi evolyutsiyasi, bilish hamda tajribaning roli va hokazolar haqida gapirib, Qur'on ta'limlariga qarshi chiqadi. Beruniyning o’sha vaqtda ancha keng tarqalgan xurofiy tushunchalar haqida aytgan fikrlari diqqatga sazovordir. Masalan, Beruniy yashagan davrda xalq orasida ilon zumraddan ko’r bo’ladi degan tushuncha bo’lgan. Olim o’zi shaxsan sinab ko’rganligini va bu tushunchaning mutlaqo noto’g’riligin aytadi. Beruniyning aytishiga qaraganda, u ilonga zumrad marjonlar o’rab, so’ng uni savatga solgan. Keyin ilonga qarab yana zumrad donalarini sochgan. Lekin ilonda uning ko’r bo’lganligini bildiruvchi hech bir o’zgarish sezmagan. Olim: ilonning ko’zlari ravshanlashgan bo’lsa ravshanlashdiki, ammo ko’r bo’lmadi, deb yozadi.
Beruniy olmos yutib yuborgan odam yoki hayvon ko’p o’tmay o’ladi, degan xurofiy gapga ham mutlaqo qarshi chiqadi. “Mening ko’z oldimda bir itga olmos ichirishdi, lekin u itga o’sha paytda ham, keyin ham hech qanday ta'sir ko’rsatmadi” deb yozadi olim.
Abu Rayhon Beruniyning tabiat hodisalarini tushuntirishda masalaga ilmiy nuqtai nazardan yondashishligi, uning sehrli toshlar yordamida go’yo jalaning oldini oladigan yolg’onchi, firibgarlarni qoralashida ayniqsa yorqin namoyon bo’ladi. U sehrli tosh bilan do’lni yog’dirmay qo’yish mutlaqo safsata gap, do’lning bo’lish bo’lmasligini bulutlar xususiyati va xarakterini o’rganish orqaligina bilish mumkin deb hisoblaydi.
Xullas, shu narsani chuqur mamnuniyat bilan aytish mumkinki, Abu Rayhon Beruniy matematika, astronomiya, tarix va falsafa fanlari qatori geologiya, mineralogiya fanlari va ularga chambarchas bog’liq bo’lgan fan sohalari, xususan, kristallografiya, metall va rudalarni qazib olish texnologiyasi, mineral hamda jinslarning fizik xossalarini aniqlash kabi fan sohalarni taraqqiyotiga bebaho hissa qo’shgan buyuk olimdir.
Beruniyning metallar, javohirlar, shuningdek, ba'zi mineral hamda mineral bo’lmagan mahsulotlar solishtirma og’irligiga bag’ishlangan kitobi qattiq va suyuq moddalarning fizik parametrlarini aniqlash bo’yicha ilmiy-metodik usullar taraqqiyoti tarixida favqulodda zo’r ahamiyatga ega bo’ldi.
Xorazmlik olimning o’tkir qalami, zehni, fahm-farosat” bilan bunyodga kelgan barcha asarlarda uning tabiat va hodisalarni kuzatish va tajribalar orqali ilmiy o’rganish lozimligi haqidagi fikrlari to’la-to’kis o’z ifodasini topgandir. Beruniyning fikricha, tajriba orqali isbotlanmagan har qanday gap, har qanday fikr yo xurofiy yoyinki asossiz narsadir.


Xulosa
Xorazmlik buyuk alloma, ensiklopedist olim Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad Beruniy o’zining butun hayoti davomida avlodlariga ulkan meros qoldirdiki, bu meros hali-hanuzgacha butun jahon ahli uchun xizmat qilmoqda .
Beruniyning tabiiy –ilmiy va falsafiy qarashlari asrlar osha o’z ahamiyatini yo’qotmay kelmoqda. Buyuk olim o’z zamonasining hamma fanlarini, birinchi navbatda falakiyot (astronomiya), fizika, riyoziyot ( matematika ), ilohiyot ma’danshunoslik fanlarini puxta egallagan. Bu fanlar taraqqiyotiga qo’shgan hissasi bilan uning nomi dunyo fanining buyuk siymolari qatoridan joy oldi.
“Odam borki, fikr yuritish qobilyatiga ega. Mutafakkir iborasining o’zagi ham fikrdir. Lekin har bir fikr yurita oladigan kishiga nisbatan mutafakkir iborasini qo’llab bo’lmaydi. Yuksak teran va atroflicha fikr yurita oladigan va ijtimoiy faoliyatidan el-yurtiga nafi tegadigan siymolarnigina mutafakkir deyish mumkin. Xorazmiy, Farg’oniy, Farobiy, Beruniylar mutafakkirlar hisoblanadi”1.
Shunday buyuk mutafakkirlardan biri Abu Rayhon Beruniy fanning hamma sohalarida samarali ijod qilgan. Uning ilmiy merosi juda keng va rang-barang. Beruniyning ilmiy ish sohasidagi zo’r qobilyati uning ko’pchilik zamondoshlari va keyingi olimlar tomonodan e’tirof etilgan. 1035-1036-yillarda Beruniy o’z ilmiy ishlarining ro’yxatini tuzadi. Bunda shu vaqtgacha yozgan kitob va risolalari 113 taga yetgani ko’rsatilgan. Keyingi yozgan asarlarini ham qo’shsak u qoldirgan ilmiy meros 152 kitob va risoladan iborat2.
Allomaning eng yirik asarlari “Mas’ud qonuni”, “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Hindiston”; “ Mineralogiya” , “ Geodeziya”, kabilardir. U o’zining astranomiyaga oid asarlarida Kopernikdan qariyb 5 asr muqaddam yerning quyosh atrofida aylanishi haqidagi fikrni o’rta asrlarda birinchi bo’lib ilgari surdi. Olim yerning dumoloq shaklda ekanligini asoslab berdi. U 1029 ta yulduzning koordinatalari kattaliklari qayd etilgan yulduzlar jadvalini hamda dunyoning geografik kartasini tuzgan. Beruniyning ilmiy va falsafiy ulkan merosi shubhasiz jahon fani va madaniyati xazinasiga qo’shilgan ulkan hissa bo’ldi.
Beruniyning astranomiyaga oid “Al- Qonun al- Mas’udiy” (“Mas’ud qonuni”), asarini Sulton Mas’udga bag’ishlaydi. Bu asar falakiyotga doir bo’lib, olimlar tomonidan juda yuksak bahoga sazovor bo’lgan.
Beruniy “Al-Osor al boqiya an al –qurun al-holiya”, “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarini Jurjonda muhojirlik davrida yoza boshlagan va 1000-yilda tamomlagan. Ushbu asarda olim o’ziga ma’lum bo’lgan xalqlar, jumladan, yunonlar, rimliklar, eroniylar, xorazmliklar, qibtiylar, xristianlar, yahudiylar islomgacha bo’lgan arablar, musulmonlarning butun yil hisobi, turli diniy bayram kunlari mufassal bayon etilgan1.
Beruniyning “Tahqiq mo lil hind min maqul’a maqbula fil-aql av marzula” (“Hindlarning aqlga sig’adigan va sig’maydigan ta’limotlarni aniqlash kitobi”) hajm jihatdan juda katta asar. Fanda qisqartirib “Hindiston“ deb ataldi. Unda Hind adabiyoti, falsafasi, aniq fanlar geografiya, elshunoslik, qonun va urf-odatlar, falsafa, din, tarixiy-diniy rivoyatlar, hind yozuvining turlari haqida ma’lumotlar bor.
“Mineralogiya”, ya’ni “Kitob al –jamohir fi ma’rifat al- javohir” , (“Qimmatbaho toshlarni bilib olish bo’yicha ma’lumotlar to’plami”) asari o’z zamonasi uchun Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq, Yevropaga minerologiya sohasidagi eng yaxshi asar hisoblangan.
Olimning geodeziyaga oid muhim asari “Tahdid nihoyot il-amoking li tashih masofat il masokin” (“Turar joylar orasidagi masofalarni aniqlash uchun manzillarning chegaralarini belgilash”) 1025-yilda yozib tugatilgan. Bu asarning birdan-bir qo’lyozmasi Istanbulda birinchi marta rus tiliga shu qo’lyozmadan “Geodeziya” nomi bilan tarjima qilindi. (Toshkent,1966). “Geodeziya” Beruniyning dunyoqarashini belgilashda boy manbalardan biri hisoblanadi.
Beruniyning o’sha vaqtda uncha ma’lum bo’lmagan shimoliy o’lkalar, boltiq va oq dengiz haqidagi ma’lumotlari, Sibirning “bizda yoz bo’lganda, u yerda qish bo’ladi” degan xabarlari ayniqsa qiziqarli. U Xitoy va Tibetga tutash o’lkalarni ham o’zidan oldingi olimlarga nisbatan to’la va aniq tasvirlagan. Ptolomeyga qarama-qarshi Atlantika va Hind okeanlarining janubiy tomoni bir-biriga tutashganligini isbotlab bergan. U Osiyo va Afrika qit’alari orasida bir vaqtlar bo’g’oz bo’lgan va Yer sharining janubiy tomoni quruq bo’lgan deb taxmin qiladi.U qoldirgan noyob ma’lumotlar sharq geografik adabiyotida muhim ro’l o’ynagan.
Tarixda Amerika qit’asi 1492-yil oktyabr oyida dengiz sayyohi Xristofor Kolumb kashf etganligi qayd qilingan. Ammo bu borada Beruniyning ilmiy farazi mavjudligi ham ma’lum. Olim o’zining “Hindiston” asarida yer yuzasining tuzilishi, dengiz va quruqlik to’g’risida gapirib , “… Yerning choragi ma’muradir. Ma’murani g’arb va sharq tomonidan muhit okeani (Atlantika va Tinch okean) o’rab turadi. Bu muhit okeani, yerning obod qismini dengizlarning narigi tomonida bo’lishi mumkin bo’lgan quruqlik yoki odam yashaydigan orollardan ikkala yoqdan (g’arbdan va sharqdan ajralib turadi…”1 deb yozgan.
Demak, g’arbiy yarim sharda yahlit bir quruqliknning, keyinchalik Amerika deb nomlangan qit’aning mavjudligini Beruniy Yevropalik olimlardan 450 yilcha oldin taxmin qilib , o’z asarlarida bir necha bor yozgan. Olimning g’arbiy yarimsharda katta quruqlik borligi to’g’risidagi fikri XV-XVI asrlarda o’z tasdig’ini topdi.
Beruniy matematik geografiya taraqiyyotiga ham katta hissa qo’shdi. U joylarning geografik uzunligini va kengligini aniqlash yo’llarini ishlab chiqishda ulkan natijalarga erishdi .
Geologiya sohasida ham alloma buyuk kashfiyotlar qilgan .Yerni o’rganish masalasiga ilmiy yondashdi. Yer yuzasining har bir qismi o’zining uzoq tarixiy taraqiyyotga ega ekanligini yozgan.
Olim minerologiya fanida ham muhim kashfiyotlar va xulosalar yaratdi. Bu sohada u ajdodlar yaratgan fan yutuqlarini tan oldi, ularga o’zi yaratgan yangi ma’lumotlarni qo’shdi.
Alloma dorishunoslik, meterologiya, fizika kabi fanlarga ham beqiyos hissa qo’shgan. Bundan tashqari biologiya va astranomiya fanlarini rivojlantirishdagi xizmatlari ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Tabiiy fanlar tarixida Beruniyning abadiy qoldirgan xizmati shundaki, u o’zining ilmiy tadqiqot ishlarida o’zi ishlab chiqan ilmiy tadqiqot metodiga ,tajriba va kuzatishlariga suyandi. Kuzatish va tajriba metodikasini misli ko’rilmagan darajada yuqori ko’tardi, bu uning tajribaviy bilimlar sohasidagi zo’r yutig’idir. Olim o’z oldiga fanni aniq ma’lumotlar bilan boyitish, nazariyalarni ishlab chiqish, yangi usul va qonunlarini ochish vazifalarini qo’ygan1.
Beruniy ijtimoiy nazariyalar sohasida ham samarali ijod etdi, bu sohalar rivojiga ulkan hissa qo’shdi. Uning ko’pgina asarlari o’z mohiyati bilan tabiiy fanlarning sohalari bo’yicha ham, shuningdek o’sha zamonlarda yashab o’tgan xalqlarning ijtimoiy xo’jalik va siyosiy hayoti sohasida ham butun bir ensiklopediya bo’lib xizmat qilmoqda.
Uning maxsus tabiatshunoslik masalalariga bag’ishlangan kitoblari ham ijtimoiy fanlarning ko’pgina sohalarini o’ziga qamrab oladi. Bu xususda uning “Geodeziya”, “Minerologiya” va boshqa asarlarida tarix, adabiyot, tilshunoslik kabi sohalarga oid qimmatli ma’lumotlar jamlangan .
Beruniy taraqqiy etish va yoq bo’lishga sabab bo’lgan tabiiy hodisalarni tadqiq etar ekan, Allohning yaratuvchilik qudratini inkor etmaydi. Olim tabiatda qotib qolgan narsa yo’q, dunyodagi hamma narsa ma’lum vaqtdan keyin bir holatdan ikkinchi holatga o’tib turadi, degan nuqtai-nazarda turadi.
Bilish nazariyasi xususida ham o’ziga xos fikrlari bor. Uning fikricha , bilishning asosi , bizning dunyo haqidagi bilimlarimiz manbai bo’lmish sezgi a’zolari orqali olingan bilimlardir. Umuman ilmiy bilimlar haqida gapirar ekan , bu –aql idrok tufayli erishgan yutuqdir, deydi. Beruniy bu sohada tajribaning ahamiyatini alohida ta’kidlaydi.
Alloma ijtimoiy hodisalarni tushuntirishda geografik muhit, kishilarning moddiy ehtiyoji kabi omillar ahamiyatini hisobga oldi .Uning fikricha ,tilning kelib chiqishiga odamlarning bir-biri bilan muomala qilishdagi ehtiyojlari, turli fanlarning paydo bo’lishiga esa ularning moddiy va ma’naviy ehtiyojlari sabab bo’lgan. U hokimiyatni nasldan –naslga o’tib turish qonun-qoidasini umuman tan olsa ham ,u yoki bu davlat arbobining hokimyatni boshqarishga yaroqliligi uning davlatga rahbarlik qilishdagi qobilyatiga bog’liq, deydi. Beruniy ilm-fanning buyuk homiysi va muxlisi edi. Mamlakatning obodonchiligi ilm-fanning gullashiga bo’g’liq , odamning baxti esa uning bilim va ma’rifatida , deb yozadi. U ma’rifat dushmanlariga ,yomon urf-odatlarga, adolatsizlikka qarshi edi.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, yuqorida keltirilgan ma’lumotlar O’zbekistonlik buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosining nihoyatda boyligidan dalolat beradi.
Beruniyning ilmiy merosi O’zbekiston va undan tashqarida ham chuqur o’rganilmoqda.Uning asarlari lotin, fransuz, italyan, nemis, ingliz, fors, turk tillariga tarjima qilinmoqda6.
Qoraqalpog’iston Respublikasidagi shahar, tuman Beruniy nomiga qo’yilgan. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti, Toshkent Texnika Universiteti, metro bekati uning nomi bilan ataladi. Toshkent shahri, Samarqand shahri, Qoraqolpog’iston Respublikasi va Xorazmda Beruniy nomida ko’cha, maktab va boshqa muassasalar bor. Dunyoda birinchi marta O’zbekistonda topilgan mineralga Beruniy nomi berildi. Beruniy nomli O’zbekiston Respublikasi Davlat mukofati tasis etilgan. Olimga Toshkent, Xiva, Beruniy shaharlarida haykal o’rnatilgan.
Shunday buyuk qomusiy bilim egasi bo’lgan Beruniyning olamshumul kashfiyotlari, ko’plab fan sohalariga qo’shgan hissasi va u yozib qoldirgan buyuk asarlar hozirgi kunda ham o’z ahamiyatini yo’qotmay kelmoqda.

Download 259,5 Kb.
1   2   3   4   5   6   7   8




Download 259,5 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Abu Rayhon Beruniy – geologik hodisalar, minerallar va javohirlarni o’rgangan dastlabki tadqiqotchi

Download 259,5 Kb.