|
O’zbekiston respublikasi oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi nizomiy nomidagi toshkent davlat pedagogika universiteti
|
bet | 4/8 | Sana | 21.05.2024 | Hajmi | 259,5 Kb. | | #247970 |
Bog'liq Beruniyning tabiiy fanlar talimotining shakllanishi va fanning rivojlanishiga qo\'shgan hissasiKurs ishi obyekti va predmeti. Abu Rayhon Beruniy shaxsi, uning qoldirgan merosi shu qadar boyki, uning shaxsi va ilmiy merosini har tomonlama va mahsus tadqiq etish tadqiqot ishining ob’yekti qilib olindi. Abu Rayhon Beruniyning jahon ilm–fani xazinasiga qo’shgan hissasini, hozirgi kundagi ahamiyatini tarixiy manbalar, ilmiy adabiyotlar asosida o’rganish tadqiqot ishining predmeti hisoblanadi.
Tadqiqotning nazariy-metodologik asoslari. Xalqimizning ma’naviyati boyligi, iymon va e’tiqodimiz, hayotimizning farovonligi ham ilmdandur. Yoshlarni ilm o’rganishga ko’proq da’vat qilaylik. Biz ushbu kichik bir ilmiy tadqiqotdan buyuk ajdodlarimiz tomonidan bizlarga meros qilib qoldirgan ilm ummonidan kichik bir lavhalarnigina keltirdik.
Kurs ishining tarkibiy tuzilishi: Kurs ishi kirish, 2 ta bob, xulosa hamda foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati kabi tarkibiy tuzulmadan iborat.
I Bob. Abu Rayhon Beruniy – buyuk o’zbek ensiklopedisti.
1.1. Abu Rayhon Beruniyning tabiiy – ilmiy va falsafiy qarashlari.
Mustaqillik yillarida milliy tariximiz, an'analarimizni tiklash, ajdodlarimizdan bizgacha yetib kelgan ma'naviy-ma'rifiy, madaniy meroslarni avlodlarimizga bekami-ko’st yetkazib berish kabi muhim vazifalar o’z ahamiyati jihatidan dolzarb bo’lib qoldi. Ayniqsa, insoniyat taraqqiyoti, ilm-fani va shaxs barkamolligiga muhim hissa qo’shgan buyuk daholar, allomalarning ilmiy, ijodiy va badiiy merosini o’rganishga alohida ehtiyoj yuzaga keldi. Ana shular qatorida buyuk qomusiy aql egasi Abu Rayhon Beruniy ham muhim o’rin tutadi.
Allomaning hayot yo’li o’ziga xos ibrat bo’lib, uning tabiiy-ilmiy va falsafiy qarashlari haligacha o’z ahamiyatini yo’qotgani yo’q. “Shu o’rinda ta'kidlash joizki, - deb yozadi I.A. Karimov, Beruniy ilmiy masalalarda ham tarixiy voqea-hodisalarga, o’z zamondoshlariga baho berishda ham o’ta xolislik va haqqoniylik bilan fikr yuritgan. Shu bois ham u hayotda ko’p aziyatlar chekkan, hatto umrining oxirida turmush qiyinchiliklariga duchor bo’lgan, ammo har qanday og’ir sharoitlarga qaramasdan e'tiqodidan qaytmagani uning o’z ma'naviy ideallariga naqadar sodiq bo’lganligidan dalolat beradi”1.
Beruniy quyosh, uning nurlari, yerning harorati haqida qiziqarli fikrlar aytadi: “quyosh nuri haqida ko’p gapirilgan. Birov “u, quyoshning o’ziga o’xshash olovsimon zarralar bo’lib, quyosh tanasidan chiqadi” desa, birov: “havo olovga ro’para kelganida isigani singari quyoshga ro’para kelib isiydi” deydi. Bu “quyosh olovdek issiq” deguvchining fikrichadir. Yana birov, “quyosh nuri havoda juda tez, hatto zamonsiz sur'at bilan yurishi sababli havo isiydi” deydi: Bu – “quyosh tabiati to’rt unsur tabiatidan tashqari” deguvchining fikrichadir.
Shuningdek, quyosh nurining harakati masalasida ham ixtiloflar bor. Ba'zilar: “Uning zamoni tez, lekin undan ham tezroq biror narsa yo’q va nur tezligini sezib bo’lmaydi. Chunonchi, taqillaganda ovoz harakati nur harakatidan sekinroqdir, nur shu jihatdan unga qiyos qilinib, zamoni, vaqti u bilan bilinadi”, deydilar.
Quyosh nurida mavjud haroratga ba'zilar nur aksi burchaklarining o’tkirligi bunga sababdir, deganlar. U bunday emas, balki nurning o’zida harorat mavjud.
Falak ichkarisiga tegib turgan jismga, ya'ni olovga kelganda, buni tuproq, suv, havo kabi asosiy va tabiiydir deb gumon qilganlar. Bizningcha, olov falakning havoga ishqalanishi, uni tirmalashi va tez harakati bilan unga tegaverishi sababli havoning isishidan iboratdir, shakli esa xiloliy shaklning uz vatari (o’qi)da aylantirishidan paydo bo’ladigan jismga o’xshashdir. Bu fikr Mavjud jismlarning hech biri o’zining tabiiy o’rinda emas, barchasining uchratilgan joyda bo’lishi majburiyat orqasida, majburiyatning esa azaliy bo’lishi mumkin emas, degan mazhabga muvofiqdir.
Ikkala harorat yilning to’rt faslida yerga borib yetishida bir-biriga tengdir.
Yerdagi haroratga kelganda, bir guruh olimlarning fikricha, bunga yo quyosh nurlarining Yer sathidan aks etishi yoki Yer ichkarisiga joylashganligi, boshqa bir guruh olimlar fikricha, yer ustidan o’tuvchi, issiq qo’zg’otib yuboradigan bug’lar sabab bo’ladi, chunki bug’ havoda harorat hosil qiladi1.
Olov harorati esa, yaqinlashmaydi ham, uzoqlashmaydi ham, chunki falak tezlashmay va sekinlashmay harakat qiladi. Aks etuvchi nurlarga kelganda, ularning yerga aloqasi yo’q, bug’larning esa borib yetadigan va undan o’tmaydigan chegarasi bor. Gumonimcha, bu so’zni aytgan kishi yerda doimo saqlanib turadigan harorat mavjud, havo quyosh nurlari bilan isigan vaqtda u harorat yer ichidan sirtiga chiqadi-da, ikkovi bir-biri bilan uchrashadi, deb tushunsa kerak. Bu zarur bo’lganda aytiladigan vajdir2.
Beruniyning bu so’zlarida quyosh va uning nurlari, yorug’lik harakatining tezligi, Yer va uning qa'ri haqida qanchadan-qancha muhim fikrlari mujassamlashgan. U davrlarda na quyoshning ichki tuzilishi, na uning atmosferasi kimyoviy tarkibi, quyosh aylanishi, quyoshning radionurlanishi va hokazo ma'lum edi.
Bularning hammasidan qat'iy nazar, Beruniyning ziyrak fikri, o’tkir dahosi quyosh sirlarini ochishga imkon berdi. Olim quyosh qaynoq, olovli jism ekanligini, quyosh nuri harakatidan tezroq harakat qiladigan narsa yo’qligini, u nur harakatini faqat tovush harakati bilan taqqoslangandagina uning tezligin aniqlash mumkinligini uqtirgan edi. Beruniyning fikricha, Yer quyoshdan olib turadigan harorat quyosh nurlarining uzida mavjud. Quyosh haroratidan tashqari , Yerning o’z harorati ham bor, bu harorat Yer qa'ridan siqilgan issiqlikdan hosil bo’lib, u yuzaga chiqqanda quyosh nuri haroratiga qo’shiladi.
Beruniyning yer haqida, tog’lar, dasht-sahrolar va ularning paydo bo’lishi, daryolar, dengizlar, foydali qazilmalar, ma'danlar va ularning xossalari haqida qimmatli ma'lumotlar beradi. Uning jahon paleontologiya va geologiya fanlariga qo’shgan hissasi shu darajada ulkanki, unga yuksak baho berish mumkin. Chindan ham Abu Rayhon Beruniy – buyuk tabiatshunosdir.
Beruniy asarlarini o’qib, uning aqliga, iste'dodiga, dadilligi va jasoratiga, tabiatga doir fikrlari va qarashlariga tahsin aytmay iloj yo’q. Qomusiy olim o’z hayoti davomida juda ko’plab tajribalar o’tkazgani tarixdan ma'lum. U olib borgan har qanday kuzatuvlar, tajribalar ming yildan beri o’z ahamiyatini yo’qotmay kelmoqda.
Tabiat hodisalarini tushunish Abu Rayhon Beruniyga katta obro’ keltirdi. Alloma islomni e'tirof etar, uning asoslariga ishonar edi. Bu albatta, o’sha davr ijtimoiy-iqtisodiy, tarixiy sharoiti, Beruniyning ma'lum sinfiy muhitda bo’lishi, u doimo o’zi aloqador bo’lgan feodal zodagonlar orasida yashashi hamda uning falsafiy qarashlarining biroz bo’lsada cheklanganligi bilan izohlanadi. Insoniyat jamiyati, tarixiy voqealarni u idealistik pozitsiyada turib qaraydi. Shu bilan birga, olimning asarlarida juda ajoyib va qimmatli ma'lumotlar uchraydi. Chunonchi, Mansur Xalloj, Mazdak, Abu Muslim, qarmatiylar, Muqannaning ozodlik harakatlari, ma'lum xalqlarning diniy e'tiqodlari, rasm-rusumlari, urf-odatlari, ayrim mamlakatlar ob-havosi, daryo va ko’llari, dunyoning ko’p o’lkalaridagi o’simliklar, tabiiy boyliklar va boshqalar haqida turli-tuman xabarlar berilgan.
Beruniyning yana bir oliyjanob xususiyati shundan iboratki, u diniy va ilmiy qarashlarni juda yaxshi farq qila bilar, har narsaga ilmiy yondashishni afzal ko’rardi.
Demak, Beruniycha, olamga (chunonchi kometalarga) ilmiy qarash diniy qarash bilan bir xilda emas, balki unga qarama-qarshidir.
O’rta asrning buyuk olimi Abu Rayhon Beruniyning tabiiy-ilmiy qarashlari asrlar osha o’z ahamiyatini yo’qotmay kelmoqda.
Beruniyning falsafiy qarashlari hozirgi zamon fani uchun katta qiziqish uyg’otadi. Chunki Beruniy o’z davrining tajribaviy bilimlarini puxta egallagan olim edi. Ana shu yo’sinda har xil fanlarning haqiqatlarini tasdiqlash va tekshirishda tajribaga murojaat qilish, tajriba kurtaklarini barpo etish, Beruniyning olim va mashhur tabiatshunos sifatidagi asosiy xususiyatlaridan biri bo’lib, uning tabiiy-ilmiy va falsafiy qarashlarining muayyan tomonlarini aniqlovchi muhim omillardan hisoblanadi. Ana shu nuqtai nazardan Beruniyning merosini tadqiq qiluvchi ko’pgina olimlarning e'tiroficha, u o’z davrining ajoyib qomusiy olimi bo’lgan. Beruniyning turli fanlar sohasi bo’yicha qo’llagan tajribaviy uslubi naqadar foydali ekanligini “Minerologiya” asarida yaqqol ko’rishimiz mumkin. Beruniyning minerologik merosini o’rganuvchi rus olimlaridan biri G.G.Lemmleyn uning minerologiyada qo’llagan uslubi va minerologiya faniga qo’shgan hissasi to’g’risida gapirib:
“Mantiqiy tuzilishlarni kuzatish va tajribada aniqlashni talab etuvchi ilmiy uslub hamda hozirgi zamon fanining talablariga javob beruvchi metoddir, - deydi professor G.G.Lemmleyn, fikrini davom ettirib: Beruniy davrida.
tajribaviy fanlar ma'lum taraqqiyotga erishganda va tajribaviy uslub birinchi marta sezilarli darajada tabiatshunoslik amaliyotiga kirayotgan edi”5 -deydi.
Beruniy tabiiy-ilmiy merosining falsafiy ahamiyati haqida gapirar ekanmiz, uni turli aniq fanlar bo’yicha ko’targan masalalari o’z davrida olamning umumiy manzarasini yaratishda, ya'ni falsafiy dunyoqarash rejasida katta ahamiyatga ega bo’lgan. Masalan, uning astronomiya (fazo tuzilish, Yerning harakati va hokazo), geologiya (Yerda sodir bo’layotgan keng jarayonlar, Yer ayrim qismlarining kelib chiqishi va tuzilishi), minerologiya (minerallarning klassifikatsiyasi va ularning paydo bo’lishi), biologiya (tabiiy va sun'iy tanlash va hokazo) kabi ko’pgina fanlar bo’yicha ko’targan masalalarida shuni ko’rish mumkin1.
Bu yerda Beruniy tabiiy-ilmiy qarashlarining falsafiy qarashlari bilan qo’shilib ketishi hamda birinchisining ikkinchisiga bevosita ta'siri ko’rinadi.
Novatorlik – bu ulug’ olimning ajralmas xususiyatidir. U qaysi bir fan bilan shug’illanmasin, uning ilmiy tadqiqotlari doimo fanda yangi yo’llarni qidirish, yangi kashfiyotlar yaratish bilan tugallanardi. Buni minerologiya, astronomiya, geodeziya, matematika va geologiyada yaqqol ko’rish mumkin.
Bizning fikrimizcha, Beruniyning mashhur tabiatshunos sifatida, yuqorida qayd qilingan, muhim xususiyatlari uning falsafiy qarashlarining shakllanishida rol o’ynagan.
Beruniy Aristotelning naturfilosofiyasi bilan bevosita shug’illanishi tufayli, uning o’sha davr naturfilosofiyasi bo’yicha qator masalalarni hal etishi juda qiziqarlidir. O’sha davrdagi tabiatshunoslik fanida erishilgan yutuqlar uni Aristotelning naturfilosofiyasiga tanqidiy yondashishga, shuningdek, zaif tomonlarining farqiga borish darajasigacha olib keldi. Shuning uchun Aristotelning naturfilosofiyasini diniy nuqtai nazardan tanqid qilishdan farqliroq, Beruniyning tanqidi Stagirit naturfilosofiyasining asossiz tomonlarini fanning yangi ma'lumotlariga tayangan holda qayta qurib chiqishga qaratilgan edi. Ayniqsa, Beruniy tomonidan Aristotelning naturfilosofiyasi metodi ayrim tomonlarining umuman tanqid qilinishi katta ahamiyatga ega.
Beruniyning Aristotelni tanqidi, Ayniqsa, uning Ibn Sino bilan bo’lgan yozishmasida o’z ifodasini topgan. Ularning yozishmalari asosan Aristotelning “Fazo haqida” va “Fizika” asarlari bo’yicha olib borilgan. Bu yozishmada Ibn Sino Aristotelning naturfilosofiyasini himoya qilgan. Bunda Beruniyning Ibn Sino javobiga qilgan e'tirozi uning nuqtai nazarini yanada oydinlashtirishda katta ahamiyatga ega.
Ularning bahsi avvalambor Aristotelning naturfilosofiyasining muhim masalalaridan biri – jismlarning cheksiz bo’linishi bo’yicha bo’lgan. Beruniyning bu borada Ibn Sinoga qarshi chiqqanligini ko’rgan ayrim mualliflar uni Demokrit atomizmining tarafdori degan xulosaga kelganlar. Lekin Beruniy tomonidan bu masala birmuncha murakkabroq qo’yiladi. U bo’linish muammosini hal etishda shunday yo’lni topishga harakat qiladiki, unda ikki ta'minot atomistik va cheksiz bo’linish o’ziga xos qarama-qarshiliklarni va cheklanishlarni bartaraf etishga intiladi. “Nima uchun Aristotel bo’linmas bo’lakchalar bor deguvchilarning so’ziga qo’shilmadi, Xolbuki, jism cheksiz bo’lishni qabul qiladi deganlar so’ziga lozim keladigan undan yomonroq edi”1 – degan savolni bergan Beruniy fikrini davom ettirib, “Bo’linmas bo’lak bor deguvchi odamlarga bundan boshqa ko’p e'tirozlar lozim bo’ladi. Bu e'tirozlar geometriya olimlari oldida ma'lumdir”2 – deydi.
Beruniyning fikricha, yangi sifatning yuzaga kelish muammosi atomistlar o’rtasida qiyinchilik tug’dirgan. Shu munosabat bilan u umuman sifatiy o’zgartirishlarning mohiyati to’g’risidagi masalani ko’tarib chiqqan. Elementlarning o’zgarmasligi haqidagi kontseptsiyalardan farqli u turli hodisalarning elementlar zarrachalaridagi o’zgarishlar va ularning biridan ikkinchisiga aylanishi bilan tushuntiradi.
Undan tashqari, Beruniy atomistik nazariyaning Demokrit atomistik nazariyasidan farqi shundaki, Beruniy bo’shliqni inkor etsa, Demokrit bo’shliq dunyoning zaruriy ajralmas qismi deb hisoblaydi.
Shunisi harakterliki, Beruniy Aristotelni tanqid qilishda dastavval tajribaga murojaat etadi. Beruniyning yo’nalishi Aristotelning kuzatuvchanlik metodiga qarshi qaratilgan edi. Shunday qilib, Beruniy bu ikki ta'limotning (ya'ni jismlarning cheksiz bo’linuvchanligini tan olish va atomistik ta'limoti)
cheklanganligini bosib o’tishga intiladiyu, biroq umuman bu muammoni hal qila olmaydi. Lekin shunga qaramay, masalaning bunday qo’yilishining o’zi ham mutaffakkirning katta yutug’i bo’lgan.
Ma'lumki “tabiiy o’rin” tushunchasi Aristotelning naturfilosofik sistemasida muhim rol o’ynagan. Chunki u bilan qator boshqa tushuncha va qonunlar uzviy bog’lanishda bo’lgan.
Beruniy bu tushunchani rad etib, ajoyib matematik argumentni keltiradi. “Og’ir narsaning tabiiy joyi, ya'ni quyi tomoni markaz, yengil narsaning asl joyi esa yuqori taraf, ya'ni sfera bo’lishi uchun har unsur o’zining tabiiy joyida bo’lishi shart emas. Ammo markaz nuqtadan boshqa narsa emas. Shuning uchun Yer zarrasini juda kichkina deb tasavvur qilganimizda ham, u markazda joylasha olmaydi, balki Yer zarrasi markazning har tarafidan markazga qarab intiladi. Sfera masalasiga kelsak unga yengil jismlar ko’tarilishi uchun o’zida hech qanday jismlarni joylashtira olmaydi, chunki satxdan iborat bo’lgan yassi sfera qalbakidir. Shu bilan birga, agar suvni o’z holicha quyib yuborib, tagidagi to’siqni olib tashlasak, shubhasiz u markazga intiladi. U holda, suvning tabiiy joyi Yer sathida degan da'vo noto’g’ri bo’lib chiqadi. Demak, bironta jismning alohida tabiiy joyi yo’q. Bu fikrlar osmon sferalari og’ir, lekin uning o’zaro bog’langanligi uni tushib ketishdan saqlaydi, degan da'volarni inkor etmaydi”1.
O’zining o’tkir zehni ila u barcha elementlar, shuningdek, og’irroq elementlarning boshqa elementlardan oldin markazga intilishi to’g’risida gapirgan. Allomaning fikricha hamma unsurlar markazga qarab intiladi, lekin vazminroqlari boshqa unsurlardan o’zib ketadi. Tashqi ko’rinishida yuqoriga intiluvchi olov harakatini Beruniy og’ir element tomonidan yengil elementning siqib chiqarilishidan iborat deb tushuntiradi va uni isbotlaydigan tajribani keltiradi. Beruniy “Hindiston” asarida elementlarning Yerga oddiy intilishi to’g’risida emas, balki barcha og’irliklarning Yer markaziga tortilishi to’g’risida gapiradi. Undan tashqari Beruniyning Ibn Sinoga e'tirozlarida fazoviy muhitning og’irligini e'tirof etishi, bu fazo jismlari bilan Yer o’rtasida tortilish kuchlari borligini tan oladigan fikrga yaqinlashganligini ko’rsatadi.
Beruniyning boshqa dunyolar mavjudligi to’g’risidagi taxmini uning falsafiy yutuqlaridan biri hisobilanadi. Aristotelning dunyoning cheklanganligi haqidagi sistemasi hukm surgan davrda Beruniy boshqa dunyolarning borligini e'tirof etdi. Beruniy boshqa dunyo haqida fikr yuritar ekan, u dinning boshqa ruhiy dunyosini nazarda tutmay, balki boshqa moddiy dunyo to’g’risida, qaysikim ehtimol bizning dunyomiz singari tabiiy xususiyatlarga ega bo’lib harakat yo’nalishlari esa bizning dunyomizdagi harakat yo’nalishlaridan farq qiladi,- deydi.
Ibn Sino Beruniyning boshqa dunyolar haqidagi g’oyalari behisob dunyolarning borligini tasdiqlovchi mantiqiy xulosaga olib keladi, bu esa safsatadir degan nom ularga qarshi Beruniy “Agar sofistlar degan nom ularga shu sababdan berilsa, unda men ham bu nomni olishdan bosh tortmayman”1 deydi. Beruniy fazoviy jismlar va doirasimon harakatning alohida xususiyati haqida Aristotel ta'limotni tanqid qilib, “Doirasimon harakatga kelsak, u tabiatdan muhitga (sferaga) bog’liq bo’lmasligi ham mumkin”,2 - deb yozadi. Beruniy ilgari ketib, hatto keyingi kashfiyotlarning oldini olib fazoviy jismlar va ular sferalarining ellipsoid shaklda bo’lishi ehtimoli haqida o’z fikrini bayon qilgan. U bu yerda Aristotelning naturfilosofik abstrakt dalillarini rad etadi, lekin bu masalani hal etishda o’zida yetarli ma'lumotlar yo’qligini tan oladi.
Beruniyning muhim xizmatlaridan yana biri shuki, u Yer harakati to’g’risidagi muammosini dunyoning geomarkaziy va geliomarkaziy sistemalarining geometrik nuqtai nazaridan tengligi masalasini ko’tarib chiqdi. Bu masala ko’pgina tadqiqotlarda ko’tarilgan. Beruniy Yerning aylanishi masalasiga, har qanday ilohiy fikrlaridan uzoq bo’lgan holda geometrik va fizik nuqtai nazardan qaragan. Agar Beruniyning fikricha geometrik nuqtai nazardan ikki nazariya teng huquqli bo’lsa, undan tashqari Yer harakatining tan olinishi ayrim qiyinchiliklarni hal etsa, lekin fizik nuqtai nazardan tekshirishda Beruniy Yer harakati ta'limotidan kelib chiquvchi barcha xulosalarni aniqlashda qator tadqiqotlar olib bordi. Ptolomey va Aristotellarning agar Yer harakat qiladigan bo’lsa, barcha narsalar va hayvonlar bundan uchib ketishi mumkin degan e'tirozlariga qarshi chiqib, Yer bilan jismlar o’rtasida o’zaro tortilish kuchlarining mavjudligini e'tirof etgan1. Shuningdek, Beruniy Yer harakatini tan olgan holda qator muhim muammolarning yechilishini talab qiluvchi masalani qo’yadi. U shuningdek, yerning ekvator bo’ylab harakat tezligini hisoblab, undan kelib chiquvchi tezlikning haqiqiy katta hajmlariga o’zi ishonmay qoladi. Lekin u ko’rsatgan Yerning aylanish tezligi umuman hozirgi zamonda hisoblab chiqilgan tezlikdan deyarli uzoq bo’lmagan. Bu o’z zamonasi va ayniqsa, keyingi davrlar uchun katta ahamiyatga ega bo’lgan.
Buyuk mutafakkirlar o’rtasidagi falsafiy munozaralarning tahlil qilinishi shuni ko’rsatadiki, Ibn Sino ham bu yerda chuqur bilimlarni namoyon qilgan va ko’pgina masalalarni hal etishda muhim hissa qo’shgan. Biroq u Aristotel qarashlarining ayrim zaif tomonlaridan qaytmagan, Beruniy esa haqiqat va tajribaga ko’prok asoslanib, Aristotel naturfilosofik ta'limotlarining ko’pgina asossiz tomonlarini aniqlashga uringan.
Bularning hammasi Beruniyga Aristotel ta'limoti, shuningdek, Ibn Sino qarashlarining ko’pgina ijobiy tomonlarini ko’rishi va qadrlashiga halaqit bermay, aksincha, Ibn Sino bilan birga O’rta Osiyo ilg’or ijtimoiy falsafiy lager tevaragida jipslashishga, uning yanada taraqqiy etishiga va mustahkalanishiga katta hissa qo’shdi.
Yuqorida qayd qilinganlarning barchasi insoniyat tafakkuri tarixida Beruniyning tabiiy-ilmiy va falsafiy qarashlari qanchalik katta ahamiyatga ega ekanligidan dalolat beradi.
|
|
Bosh sahifa
Aloqalar
Bosh sahifa
O’zbekiston respublikasi oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi nizomiy nomidagi toshkent davlat pedagogika universiteti
|