OʻQUV MATERIALLARI
AMALIY MASHGʻULOT MATERIALLARI
1-MAVZU:“O‘ZBEK TILINING SOHADA QO‘LLANISHI” FANINING MAZMUNI VA VAZIFALARI.
1-topshiriq. Matnni o‘qing. Mazmunini so‘zlab bering.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishib, demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati qurish yo‘lidan borayotgan bugungi kunda dunyo andozalari darajasidagi bilimdon, zukko, har tomonlama yetuk pedagogik mutaxassis kadrlarni tayyorlash muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa ta’lim andozalariga yangi, zamonaviy fanlarni kiritish orqali amalga oshiriladi.
“Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi” va “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun talablaridan kelib chiqqan holda Andijon davlat universitetida bakalavrlarga “O‘zbek tilining sohada qo‘llanishi”fani kiritildi. Bu fanni o‘qitishdan maqsad har bir ta’lim yo‘nalishining bakalavrida nutq asoslarini shakllantirish, sohaviy til, sohaviy atamashunoslik,sohaviy matnlarni yaratishni o‘rgatishdan iboratdir. Shunga ko‘ra universitet talabalari uchun “O‘zbek tilining sohada qo‘llanishi”modulining kiritilishi maqsadga muvofiq bo‘ldi.
Mazkur fan talabalarga muloqot va uning turlari, texnologik ta’limda samarali muloqot tashkil qilish yo‘llari, matnlar, ularning turlari, har bir matnda aks etishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar, axborotlar, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-ma’naviy hayotimizga oid hamda o‘rganayotgan mutaxassisliklariga doir terminlar,ularni tanlashdagi o‘ziga xos xususiyatlarni o‘rgatish uchun mo‘ljallangan.
“O‘zbek tilining sohada qo‘llanishi”fani texnologik nazariya va ta’limning boshqa sohalari bilan chambarchas bog‘liqdir. Bakalavr o‘z mutaxassislik fanlari bilan bir qatorda soha tili va uslubi,sohaviy terminologiya va atamashunoslik, ish yuritish va hujjatchilik to‘g‘risida mukammal bilimga ega bo‘lmasdan turib, o‘z fikrini pedagogika sohasiga qo‘yiladigan talablar asosida aniq va ravshan ifoda eta olmaydi. Shunga ko‘ra, bo‘lajak texnologiya fani o‘qituvchilari soha tilining o‘ziga xos xususiyatlaridan puxta xabardor bo‘lmog‘i lozim. Bakalavrlar o‘z ixtisosligidan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasida ta’lim texnologiyasini yuksaltirishga, uni jahonda munosib o‘rin egallashiga hissa qo‘shadi, chet mamlakatlarda va yurtimizda davlatimiz manfaatini himoya qiladi, kuch-qudratini namoyish etadi. Shunga ko‘ra, bo‘lajak texnologlar davlat tili – o‘zbek tilini mukammal, aniq va ravshan egallashlari shart. Shuning uchun, dasturda sohaviy til bilimlariga alohida urg‘u berildi.
Mazkur o‘quv modulining o‘qitilishi muayyan amaliy yo‘nalishga ega bo‘lib, bakalavr soha tili bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni, o‘z sohasiga oid so‘zlarni va hujjatlarni to‘g‘ri yozish malakasini hosil qilishni ko‘zda tutadi.
|