XIII. ISTE’MOLCHILAR TOMONIDAN QAYTARILADIGAN
BUG’ KONDENSATI MIQDORINI ANIQLASH VA
HISOB-KITOB QILISH TARTIBI
68. Isitish, shamollatish va issiq suv bilan ta’minlash uchun bug’ holidagi issiqlik energiyasidan foydalanilganda iste’molchilar issiqlik ta’minoti korxonasiga iste’mol qilingan bug’ning umumiy miqdoridan kamida 95 foiz kondensatni, texnologik maqsadlar uchun bug’dan foydalanilganda esa - shartnomada kelishilgan miqdorda va sifat bilan qaytarishlari shart.
Kondensatning iste’mol qilinadigan bug’ miqdoriga nisbatan foizlarda qaytarish me’yori va uning sifatini tomonlar issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasini tuzish vaqtida belgilaydilar.
Iste’molchi issiqlik manbaiga qaytarishi shart bo’lgan kondensat miqdori issiqlik iste’moli tizimlarining loyiha ma’lumotlariga, korxonaning bug’-kondensat balansiga muvofiq va bug’-kondensatni qaytarish bo’yicha erishilgan natijalarni hamda mavjud zaxiralarni hisobga olgan holda belgilanadi.
Issiqlik ta’minoti korxonasi iste’molchiga, unda texnik imkoniyat mavjud bo’lganda, bug’-kondensat qaytarishni ko’paytirishga yo’naltirilgan tadbirlarni bajarishni tavsiya etishga, ularni bajarishning iste’molchi bilan kelishilgan muddatini belgilashga haqlidir. Belgilangan muddat tugagach iste’molchiga bug’-kondensatni qaytarish me’yori taklif etilgan tadbirlarni hisobga olib va keyinchalik amaldagi issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasiga tegishli o’zgartirishlar kiritgan holda ko’paytiriladi.
69. Iste’molchi tomonidan qaytariladigan bug’-kondensat issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasida kelishilgan miqdorga va sifatga muvofiq bo’lishi kerak.
Iste’molchi tomonidan qaytariladigan bug’-kondensat miqdori va sifati issiqlik tarmoqlarining balans bo’yicha mansubligi bo’linish chegarasida aniqlanadi.
Iste’molchi tomonidan qaytariladigan bug’-kondensatning sifati mazkur bug’ manbaida issiqlik ta’minoti korxonasi tomonidan ishlatilayotgan qozonxonalardagi ta’minlash suvining me’yorlariga muvofiq bo’lishi kerak.
70. Elektr stansiyasiga sifati shartnomadagi shartlarga muvofiq bo’lmagan bug’-kondensat topshirilganda issiqlik ta’minoti korxonasi qaytarilgan bug’-kondensat miqdoriga tuzatuvchi koeffitsiyent joriy etadi: kondensatdan bug’latgichlar, bug’ni qayta ishlovchilar yoki issiqlik tarmog’ini qo’shimcha ta’minlash uchun foydalanilganda - 0,8, kondensat qo’shimcha tozalash uchun qabul qilinganda esa - 0,5 koeffitsiyenti qo’llanadi. Iflos kondensatdan foydalanishning texnik imkoniyati mavjud bo’lmaganda ushbu kondensat drenajga oqiziladi, bu holda iste’molchi bug’-kondensatni topshirmagan deb hisoblanadi. Qaytarilgan bug’-kondensatdagi issiqlik energiyasi miqdori ham issiqlik ta’minoti korxonasi tomonidan hisobga olingan bug’-kondensat miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblanadi.
Qaytarilayotgan bug’-kondensatning issiqlik-texnik parametrlari (miqdori, harorati, ifloslik darajasi) issiqlik tarmoqlarining balans bo’yicha mansubligi bo’linish chegarasida kimyoviy tekshirish natijalari hamda hisobga olish priborlarining ko’rsatkichlari bo’yicha aniqlanadi va ikki tomonlama dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
71. Kondensatni tozalash qimmatga tushadigan yoki uning qaytarilishi maqsadga muvofiq bo’lmagan hollarda ayrim iste’molchilar, "O’zdavenergonazorat" DI bilan kelishilgan texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarni taqdim etish va kondensatdan o’z ehtiyojlari uchun to’liq foydalanish sharti bilan issiqlik ta’minoti korxonasi tomonidan kondensatni qaytarishdan ozod qilinishi mumkin.
Iste’molchining yaqin-atrofida issiqlik ta’minoti korxonasining suv bilan ishlaydigan issiqlik tarmoqlari o’tgan taqdirda va buning uchun texnik imkoniyat mavjud bo’lganda iste’molchi isitish, shamollatish va issiq suv bilan ta’minlash yuklamasini bug’dan issiq suvga o’tkazishi shart.
72. Qaytariladigan bug’-kondensatning miqdori va sifati bo’yicha issiqlik ta’minoti korxonasi bilan iste’molchi o’rtasida kelishmovchiliklar paydo bo’lgan taqdirda texnik ekspertiza o’tkaziladi. Texnik ekspertiza iste’molchi tomonidan ikkala tomon vakillaridan, manfaatdor bo’lmagan tashkilotlar mutaxassislarini jalb etgan holda tashkil etiladi.
Agar texnik ekspertiza o’tkazilgandan keyin tomonlar kelishuvga erishmasalar, u holda bug’-kondensatning miqdori va sifati bo’yicha yakuniy qaror "O’zdavenergonazorat" DI tomonidan qabul qilinadi.
|