85-modda. Soliq majburiyati
(OʻzR 21.04.2021-y. OʻRQ-683-son Qonuni tahriridagi modda matni)
(1-q.)
Soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan soliq toʻlovchilar zimmasiga yuklatilgan
soliqlarni va yigʻimlarni toʻgʻri hisoblab chiqarish hamda oʻz vaqtida toʻlash majburiyati ularning
soliq majburiyatidir.
(2-q.)
Soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan soliq agentlarining zimmasiga yuklatilgan, oʻziga
nisbatan ushbu shaxslar soliq agentlari deb eʼtirof etiladigan munosabatlar
doirasida soliqlarni
toʻgʻri hisoblab chiqarish, ushlab qolish va oʻz vaqtida oʻtkazish majburiyati soliq majburiyatiga
tenglashtiriladi.
(3-q.)
Soliq majburiyati ushbu Kodeks yoki boshqa soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikda
belgilangan asoslar mavjud boʻlganda yuzaga keladi, oʻzgartiriladi va tugatiladi.
(4-q.)
Har bir soliqqa nisbatan soliq majburiyati soliq toʻlovchiga coliq toʻgʻrisidagi
qonunchilikda belgilangan ushbu soliqni toʻlashni nazarda tutuvchi holatlar yuzaga kelgan paytdan
eʼtiboran yuklatiladi.
86-modda. Soliq majburiyatini bajarish tartibi va muddati
(1-q.)
Soliq toʻlovchi oʻzining soliq majburiyatini, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida
nazarda tutilmagan boʻlsa, mustaqil ravishda bajaradi.
(2-q.)
Yakka tartibdagi tadbirkor hisoblanmaydigan jismoniy shaxs boʻlgan soliq
toʻlovchining soliq majburiyati oʻzga jismoniy shaxs tomonidan bajarilishi mumkin. Bunda soliq
toʻlovchi uning soliq majburiyati oʻzga jismoniy shaxs tomonidan bajarilishi
natijasida olgan
moddiy naf soliq solish maqsadlarida shu soliq toʻlovchining daromadi deb eʼtirof etilmaydi.
Oʻzga shaxs oʻzi tomonidan soliq toʻlovchi uchun toʻlangan soliqning qaytarilishini talab qilishga
haqli emas.
(3-q.)
Soliq majburiyati soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan muddatda bajarilishi
kerak.
(OʻzR 21.04.2021-y. OʻRQ-683-son Qonuni tahriridagi qism)
(4-q.)
Soliq majburiyatini bajarish muddatlari kalendar sana yoki vaqt davri (yil, chorak, oy,
oʻn kunlik va kun) oʻtishi bilan belgilanadi.
(5-q.)
Muddatning oʻtishi kalendar sanadan yoki muddatning boshlanishi belgilab qoʻyilgan
voqea yuz berganidan keyingi kundan boshlanadi. Soliq majburiyati ushbu majburiyatni bajarish
muddatining soʻnggi kuni soat yigirma toʻrtga qadar bajarilishi kerak.
(6-q.)
Agar soliq majburiyatini bajarish muddatining soʻnggi kuni dam olish
(ishlanmaydigan) kuniga toʻgʻri kelsa, undan keyingi birinchi ish kuni muddatning tugash kuni
hisoblanadi.
(7-q.)
Soliq toʻlovchi soliq majburiyatini muddatidan oldin bajarishga haqli.
(8-q.)
Soliq majburiyatini bajarish muddati ushbu Kodeksning 97-102-moddalarida nazarda
tutilgan tartibda oʻzgartirilishi mumkin.
(9-q.)
Soliq toʻlovchi tomonidan soliq majburiyatining bajarilmaganligi yoki lozim darajada
bajarilmaganligi unga soliq organi tomonidan soliq qarzini toʻlash toʻgʻrisida
talabnoma
yuborilishi uchun asos boʻladi.
(10-q.)
Soliq toʻlovchi tomonidan soliq majburiyati bajarilmagan yoki lozim darajada
bajarilmagan
taqdirda, soliq organlari ushbu majburiyatning majburiy tartibda bajarilishi
yuzasidan ushbu Kodeksning 15-bobida nazarda tutilgan choralarni koʻrishi va (yoki)
uning
bajarilishini taʼminlashga doir ushbu Kodeksning 13-bobida nazarda tutilgan choralarni qoʻllashi
shart.