|
Pedagogika va psixologiya
|
bet | 6/11 | Sana | 18.01.2024 | Hajmi | 0,83 Mb. | | #140615 |
Bog'liq 8.Жумаев Улуғбек Сатторович compressedko‘rsatkichlar
Bu esa farzand tarbiyasiga birinchi navbatda ota-ona mas’ulligi, qolaversa, jamoatchilik, ta’lim muassasalarining ham bu muhim ishdan chetda turishi mumkin emasligi xususida samarali tushuntirish, targ’ibot-tashviqot ishlari olib borilishi zaruriyatini ko‘rsatadi. Amalga oshirilgan tadqiqot natijalarini umumlashtirib, shunday xulosaga kelish mumkinki, ota-onaning o‘z farzandi tarbiyasiga mas’ulligining o‘rnini hech narsa bosa olmaydi. “Yot g’oyalar ta’siri kuchaygan sharoitda siz o‘z o‘rningizni qanday tushunasiz?” degan savolga aksariyat ota-onalar (65%) ijobiy, ya’ni ogohlikni, oilada tarbiyani yanada kuchaytirishlarini bildirishgan. Bundan tashqari, “Diniy aqidaparastlikka qarshi kurash kimning vazifasi?” degan savolga ham ota-onalarning ko‘pchiligi (60%) “Mening vazifam” deb javob berganlar.
diagramma. Ota-onalarning “Yot g’oyalar ta’siri kuchaygan sharoitda siz o‘z o‘rningizni qanday tushunasiz” degan savolga javob ko‘rsatkichlari
Umuman, olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari aksariyat ota-onalarning farzand tarbiyasiga munosabati ijobiy hamda diniy aqidaparastlik, diniy oqim va yot g’oyalarga qarshi kurash tarafdorlari ekanligini ko‘rsatgan. “Yoshlarni yot g’oyalar ta’siridan himoya qilishda siz ota-ona sifatida o‘z rolingizni qanday tushunasiz?” deganda 100% ota-ona “tarbiyani kuchaytirish zarur” deb javob berishgan.
Hozirgi zamon ota-onalaridagi farzandlarida fuqarolik ongi, pozitsiyasi, yuksak ma’naviy-axloqiy qadriyatlar shakllantirilishiga nisbatan beparvolik o‘ta og’ir oqibatlarga olib keladi. Ma’lumki, tabiat, yashash uchun kurash qonunlariga ko‘ra eng kuchli jonzotlar hayotda yashab qoladi. Majoziy ma’noda aytganda, hozirgi vaqtdagi globallashuv sharoitida ham psixologik, mafkuraviy, g’oyaviy jihatdan kuchli fuqarolarga ega davlatlar jahonda o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘ladi. Zero, jahonning eng ilg’or deb tanilgan davlatlari (AQSH, Yevropa mamlakatlari va boshqa davlatlar)da bo‘lib o‘tayotgan turli noxush
hodisalar, terrorchilik aktlari mazkur vaziyatlar, destruktiv holatlar, faoliyat barcha uchun kun tartibidagi eng dolzarb masalalardan biriga aylanib bormoqda.
Globallashuv jarayoni deb atalayotgan hozirgi kunda kompyuter texnologiyalari, internet hayotimizga shiddat bilan kirib kelib, uning ajralmas tarkibiy qismlaridan biri bo‘lib qoldi. Internet mafkuraviy muammolar bilan masalalarni hal etishda muhim vositalardan biriga aylanib ulgurdi. Biroq shu bilan birga uning imkoniyatlari bilan birga jahon global axborot to‘rining aniq, ochiq-oydin tasavvur qilish lozim bo‘lgan tahdid va xavf-xatari mavjudligini ham nazardan qochirmaslik lozim. Komp'yuter texnologiyalarining shiddat bilan rivojlanib borishi natijasida kompyuterdan ish faoliyatlarida foydalanuvchilar bilan birga internet hamda kompyuter o‘yinlariga haddan tashqari berilib, addikt sifatida shakllanib qolgan insonlar soni ortib bormoqda. Barcha sohalardagi yangiliklarga, eng avvalo, yoshlarning qiziqish bildirishini nazarda tutsak, ayni paytdagi kompyuter texnologiyalari addiktlarining aksariyatini 10 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etmoqda.
G’arb mamlakatlarida rasmiy ravishda “kompyuterdan patologik foydalanish” istilohidan foydalanishadi. Bugungi kunda ushbu atama, so‘z birikmasi (kompyuterdan patologik foydalanish) hali internet va kompyuterga nisbatan yuzaga keladigan psixologik qaramlik xususida mutaxassislarda yakdil fikr shakllanmaganligiga qaramay, kompyuterni ijtimoiy maqsadlardan o‘zga maqsadlar uchun ham uzluksiz qo‘llovchi shaxslarga nisbatan ishlatilmoqda.
Umuman olganda, zamonaviy kompyuter texnologiyalariga qaramlik, tobelik (addiksiya) ikki xil
ko‘rinishda namoyon bo‘lishi mumkin:
internet-qaramlik (internet-addiksiya);
kompyuter o‘yinlariga haddan tashqari berilish.
Bu ikkala ko‘rinishning umumiy va xususiy jihatlari mavjud. Kompyuter qaramligining umumiy
xususiyatlari sirasiga o‘zaro bog’liq bir qator psixologik va fiziologik simptomlarni kiritish mumkin.
Psixologik belgilar quyidagilar:
kompyuter qarshisida eyforiya holati yoki qulaylikni his etish;
kompyuter bilan ishlashdan o‘zini to‘xtata olmaslik;
kompyuter qarshisida o‘tkazilayotgan vaqtning tobora ko‘payib borishi;
oila va do‘stlar, kishilarga nisbatan e’tiborning kamayib borishi;
kompyuterdan boshqa joylarda depressiya, achchiqlanish hissining kuzatilishi;
ish beruvchilar va oila a’zolariga o‘z faoliyati yuzasidan yolg’on ma’lumotlarning berilishi;
ish yoki o‘qish faoliyati bilan bog’liq muammolarning mavjudligi. Jismoniy (fiziologik) belgilarga quyidagilar kiradi:
karpal kanal sindromi (qo‘llar va barmoqlardagi asab tolalarining muskullarning zo‘riqib ishlashi
natijasida zararlanishi);
ko‘zlarning quruqshab qolishi;
boshning ba’zan qattiq og’rishi;
yelka, orqadagi og’riqlar;
o‘z vaqtida ovqatlanmaslik, ovqatni ba’zan kanda qilish;
shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik;
uyquning buzilishi.
Kompyuterdan patologik foydalanish umuman olganda alkogolizm yoki giyohvandlik (kimyoviy qaramlik, tobelik) singari kishini tubanlikka yetaklamasligi mumkin. Biroq, uning kishi shaxsi rivojiga salbiy ta'sir etishini inkor qilib bo‘lmaydi. Addiksiya xususida gap ketganda kompyuter o‘yinlarining shaxs ruhiyatiga ta’siri masalasi albatta tahlil etilishi zarur. Ayrim addiktlar va ularning ota-onalari, qarindosh- urug’lari bilan suhbat o‘tkazgan tadqiqotchilarning ta’kidlashlaricha, addiktlarda yuqori darajadagi xavotir va depressiya ko‘zga tashlanib turadi. Addiktlarning yaqinlari ularning haddan tashqari jizzaki, jahldor, hissiy jihatdan noturg’un ekanliklarini ta’kidlaydilar. Kompyuter o‘yinlari addiktlari o‘yinga nisbatan doimiy ehtiyojni his qiladilar, biroq shu bilan birga doimiy ravishda frustratsiya holatida bo‘lganliklari sababli shu ehtiyojni qondirolmaslikdan aziyat chekadilar. Bunday g’ayritabiiylik, paradoksni tushunishda addiktlarning virtual (hayoliy) va real olamga daxldor psixik xususiyatlarining tavsifi yordam beradi. Ushbu tavsifga ko‘ra (darvoqe, uni ko‘pchilik addiktlar ma’qullashadi), muammoni quyidagi tarzda yoritish mumkin: addiktlarning real olamda doimiy ravishda frustratsiya va tushkun kayfiyat holatida bo‘lganliklari ularda yuqori darajadagi xavotirlanish va depressiya holatini keltirib chiqaradi. Bu klinik-psixopatologik metod yordamida aniqlashtirilgan. Kompyuter o‘yinlari vaqtida ular ongida qanday jarayonlarning kechishini aniqlash ancha murakkabdir, chunki, o‘yindan chalg’ish yoki chalg’itishga bo‘lgan har qanday urinish bu virtual, hayoliy olamni tark etishni anglatadi. Biroq, addiktlar bilan bo‘lgan suhbatlardan ma’lum bo‘lishicha, o‘yin jarayonida ularning kayfiyati ancha ko‘tariladi, chunki bu paytda ijobiy hissiyotlar
kuchayadi. Kayfiyatning ko‘tarilishi bog’liq ravishda kechadigan ijobiy hissiyotlar kompyuterda o‘ynash quvonchini ko‘z oldiga keltirib oldindan rohatlanish bilan ham bog’liq bo‘ladi. Biroq, o‘yindan so‘ng, ya’ni virtual olamni tark qilganlaridan keyin ular yana ilgarigidek tushkun, so‘niq kayfiyatga qaytadilar. Ko‘pchilik addiktlar ijtimoiy hayotga yaxshi moslasha olmaydigan kishilardir. Ularda ko‘pincha maishiy, oilaviy, ish faoliyati, qarama-qarshi jins vakillari bilan bog’liq muammolar uchrab turadi. Shuning uchun addiktlarga real olam zerikarli, yoqimsiz, xavfli tuyuladi. Ayni sabab inson qoidalarni o‘zi belgilaydigan, barcha narsaga ruxsat etilgan virtual olamda yashashga intiladi. Mantiqan olganda ham, virtual olamni tark etish addikt uchun yoqimsiz holatdir, chunki u yana o‘z xohlamaydigan olamga qaytishga majbur bo‘ladi, yana kayfiyati tushadi, o‘zini har tomonlama noxush his etadi. Shuning uchun, addiktlarda kayfiyat yomon bo‘lishining sababi bir tomondan kompyuter o‘yinlariga bo‘lgan doimiy ehtiyojning mavjudligi bo‘lsa, ikkinchi tomondan shu ehtiyojni qondirish imkonining yo‘qligidir. Hissiy-emotsional sohada ularda og’ishlar borligining yana bir sababi subyektiv darajada o‘z faoliyatlari (kompyuter o‘yinlari)ning foydasizligini anglashlari va psixologik qaramlik oldida o‘z ojizliklarini his qilishlaridir. Bu o‘ziga xos kognitiv dissonans, ya’ni ijtimoiy jihatdan ma’qullanadigan hayot bilan addiktning hayoti o‘rtasidagi nomuvofiqlikni bildiradi. Boshqacha aytganda, addiktlar mudom o‘zlarini o‘zlari inkor qiladigan sharoitda yashaydilar. Bu jihat g’alati tuyulsa-da, haqiqatdan ham ko‘pchilik kompyuter o‘yinlarining ashaddiy ishqibozlari o‘z xatti-harakatlari to‘g’risida jiddiy mulohaza yuritadilar. “Qiladigan shuncha ishim bor edi, men esa tuni bilan kompyuter o‘ynadim” qabilidagi fikrlar ularni qiynaydi. Ayrim addiktlar uchungina kompyuter o‘yinlari psixologik himoya vazifasini bajarishi mumkin.
Ta’kidlanganidek, ko‘pchilik hollarda addiktlar real vaziyatdagi dezadaptatsiya (moslasha olmaganlik) holatlarini virtual olamdagi kompyuter personajlari roliga kirish orqali bartaraf qilishga harakat qiladilar. Addikt o‘z virtual “Men”ini topishga intiladi, chunki bu “Men” kuchliroq, aqlliroq bo‘lib, u qurol ishlatishi mumkin, uning xohlagan narsani sotib olishga imkoni yetadi. Lekin inson o‘zining real dunyoda yashayotganini ham esidan chiqarmaydi, shu tariqa hatto shaxs ongining ikkiga bo‘linishi kuzatilishi mumkin. Shu nuqtayi nazardan virtual olamdagi o‘ta qudratli qiyofasidan voz kechib, o‘z “Men”iga qaytish addiktlarni qanoatlantiradigan ish emas. RIA “Новости” agentligi “Дружеский Рунет” fondining 3500 dan ko‘proq o‘smir orasida o‘tkazgan so‘rovi natijalariga tayanib xabar berishicha, hozirgi vaqtda 15-17 yosh oralig’idagi mamlakat yoshlarining yarmidan ko‘prog’i internetda deyarli “yashayotganligi” Rossiya Federatsiyasi psixologlarini qattiq tashvishlantirmoqda. Bu yoshlarning 90% internetga shaxsiy kompyuterlardan ulanishadi. Statistikaga ko‘ra, 62% voyaga yetmagan foydalanuvchilar internetdagi har qanday mazmundagi saytlarga kirishga intilishadi. Bunda bola yoki o‘smir psixikasini jarohatlovchi ma’lumotni uchratish ehtimoli juda kattadir. Internetdan foydalanishda uning salbiy emas, balki bolalar qobiliyatlarini o‘stirishi, aqliy imkoniyatlarini oshirishi singari ijobiy jihatlariga e’tiborni qaratish maqsadga muvofiqdir. Ma’lumki, o‘smirlik davrida o‘smirning “men”i qaytadan shakllana boradi. Uning atrofidagilarga, ayniqsa o‘z o‘ziga bo‘lgan munosabati, qiziqishlari, qadriyatlari yo‘nalishi keskin o‘zgaradi. Uning o‘z shaxsiga bo‘lgan e’tibori kuchayadi. O‘smirlik davrida shaxs egosentrizmi boshqa davrdagilarga qaraganda eng yuqori darajaga yetadi. Bu davrda o‘smir o‘z shaxsiyatini boshqalardan ustun qo‘yadigan, o‘ziga ko‘proq bino qo‘yadigan bo‘lib qoladi. Shu davrda o‘g’il bolalarda ham, qiz bolalarda ham shunchaki kattalarga taqlid qilib emas, balki tom ma’noda o‘zining xatti-harakatini nazorat qilish, o‘zining yurish- turishi, kiyinishi, tashqi ko‘rinishiga astoydil e’tibor berish, pardoz-andoz bilan shug’ullanish kabi holatlar kuzatiladi. Shu davrda o‘smirning tashqi ko‘rinishi, shaxsiyatiga oid bildirilgan arzimagan nojo‘ya gap uning uchun jiddiy salbiy kechinmalarning kechinilishiga asos bo‘lishi mumkin. O‘smirlik davrining xarakterli xususiyatlaridan yana biri - bu davrda o‘smirlarda kuzatiladigan o‘smirlik avtonomiyasi holatidir. O‘smirlik avtonomiyasining huquqiy avtonomiya, emotsional avtonomiya, makoniy avtonomiya kabi turlari farqlanadi. Ma’lumki, bola dunyoga kelgan kundan boshlab kimningdir qaramog’iga muhtoj bo‘ladi. Ota-onasi va boshqa yaqinlari uni oziqlantiradi, kiyintiradi, tarbiyalaydi va bolani muntazam nazorat ostida tutadi. Ular bolani har tomonlama qo‘llab-quvvatlab turadilar va bola bunday qo‘llab-quvvatlash, daldalarga muhtojlik his etib turadi. O‘smirlik davrida esa bola o‘z hayotini, xavfsizligini ta’minlash borasida nisbatan mustaqillikka erishadi. Endi u o‘zini o‘zi himoya qila olishi, lozim bo‘lsa o‘zi o‘z imkoniyatlari darajasida mehnat qilib, yetarli darajada daromad qilishi, o‘z ehtiyojlarini mustaqil ravishda o‘zi qondira olishi mumkin bo‘ladi.
Yuqorida keltirib o‘tilgan huquqiy avtonomiya ayni vaqtda bola o‘smirlik yoshiga yetishi bilan unga qator huquqiy imkoniyatlar berilishi bilan xarakterlanadi. Muayyan huquqiy imkoniyatlarga ega bo‘lish va bundan o‘smirning xabardorligi unda huquqiy avtonomiyaning yuzaga kelishini ta’minlaydi. Bunday avtonomiyaga ega bo‘lish o‘smirda o‘z xatti-harakati uchun javobgarlik, mas’uliyatlilik hissini yuzaga keltiradi. O‘smirlik avtonomiyalaridan yana biri hissiy-emotsional avtonomiyadir. Ma’lumki, bola dunyoga kelgan ondan boshlab u onasi va atrofidagilarning emotsional, hissiy qo‘llab-quvvatlashiga, mehr-
muhabbatini namoyon qilishiga, erkalashiga ehtiyoj his qiladi. Shuning uchun ham ilk bolalik yoshidagi, maktabgacha va kichik maktab yoshidagi bolalarni suyub, erkalab ularni quchib, boshini silab, yoqimli gaplar va muomala bilan ularga hissiy yaqinlik namoyon qilinsa, ular bundan quvonib, xursand bo‘ladilar va erkalayotgan shaxsga nisbatan talpinadilar. Buni yosh bolalarning onasiga suykalishi, ularning pinjiga suqilishi, ularga erkalanishi hollarida kuzatishimiz mumkin. Shuningdek, bolalar o‘z tengdoshlari bilan bo‘ladigan o‘zaro munosabatlarida nizo-tortishuvlarga duch kelganida va ayniqsa tengdoshlaridan “jabrlanganda”, “yengila boshlaganidan”, ota-onasidan va atrofida yaqinlaridan emotsional dalda, hissiy qo‘llab-quvvatlash kutadi va bu borada ularga murojaat qiladi. Agar o‘z vaqtida shu hissiy daldani ola olsa, o‘zini erkin, tetik, g’olib his qiladi va ular bilan quvonib yuradi. O‘zining kichkinagina hayotida duch kelgan “muammolari”ni hal qilishda kattalar yordamiga muhtojlikni his qiladi, ulardan muntazam foydalanishga intiladi. O‘smirlik davrida esa aksincha, o‘smir endi “yosh bola” emas, endi u “katta odam”, katta odam esa mustaqil bo‘lishi, o‘z muammolarini o‘zi hal qilishi kerak. Bu davrda kattalar yordamiga murojaat qilish tengdoshlar tomonidan qoralanadi, va buni o‘smirning o‘zi ham xohlamaydi. Bu davrda o‘smirlarga kattalar tomonidan oldingidek ko‘rsatiladigan iltifot, erkalashlar erish tuyuladi. Endi ular o‘zlarini erkalab, silab- siypashlarini, “arzimagan narsalar” uchun kattalar tomonidan bildiriladigan olqishlarni “yoqtirmaydi”. Endi ular atrofdagilarni hissiy qo‘llab-quvvatlashlaridan holiroq bo‘lishga, o‘z muammolarini o‘zlari shaxsan hal qilishga intiladilar. Oldinlari ko‘chada, bog’chada, maktabda yuz bergan voqealar haqida uyidagilarga shikoyat qilib ota-onasidan yordam so‘ragan bo‘lsalar, endi oiladan tashqarida birontasidan dakki eshitib, kaltak yeb kelgan taqdirda ham bu haqda ota-onasiga bildirmaslikka harakat qiladi va imkon qadar ota- onalarini uning “ishlariga” aralashmasliklarini xohlaydi. Bularning barchasi o‘smirlarda bevosita kuzatiladigan emotsional avtonomiyaning ta’siridir. O‘smirlarda kuzatiladigan avtonomiya holatining yana biri makoniy avtonomiyadir. Bunga ko‘ra o‘smirlar imkon qadar o‘z xonasida yolg’iz qolishga, biron bir ishni bajarayotgan yoki biron bir joyda bo‘lgan vaqtlarida imkon qadar yolg’iz bo‘lishga ayniqsa o‘z ota- onasi, oila a'zolari nazaridan chetroqda bo‘lishga, o‘z o‘y hayollari bilan mashg’ul bo‘lib vaqt o‘tkazishga intilib qoladi. Suhbatlashsa ham asosan o‘z tengdoshlari, yaqin o‘rtoqlari bilangina muloqotda bo‘lib o‘z ota- onasi bilan imkon qadar kamroq muloqotda bo‘lishga intilib o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib qoladi. Ayni vaqtda o‘smirda kuzatilayotgan bu hodisalarning asl sababini tushunmagan ayrim ota-onalar ularning bunday holatidan xavotirlanib, ular bilan oldingiga qaraganda qo‘proq qiziqib qoladilar. Boshqacha qilib aytganda ularning avtonomiyasiga “bostirib kiradilar”. Buni esa o‘smirlar yoqtirmaydi. Bunday holatlar o‘smirlar va ularning ota-onalari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarida kelishmovchiliklar, nizolarning yuzaga kelishiga asos bo‘lishi mumkin. Ko‘pincha “o‘tkinchi” deb tavsiflanadigan o‘smirlik davrida organizm, asab tizimi og’ir va uzoq vaqt davomida ta’sir qiladigan ta’sirotlarga hali bardosh bera olmaydi. Shuning uchun bunday hollarda asab tizimi tormozlanish holatiga o‘tishi mumkin. Bu esa organizmning o‘ziga xos himoya mexanizmi hisoblanadi. Mazkur davrning asosiy faoliyati o‘qish bo‘lib, o‘smirning nafaqat bilim, malakalarni egallashi, balki maslak, e’tiqod, ehtiyoj va motivlarni, ijtimoiy muloqot ko‘nikmalarini shakllantirishi ham muhimdir. Internet esa hozirgi zamonda ushbu jarayonda katta ahamiyat kasb etadi. Kishilarda axborot ko‘rsatadigan ta’sirga nisbatan javob, uni qabul qilish reaksiyasi har xildir. Ta’bir joiz bo‘lsa, axborot, ma’lumotning psixikaga ta’siri borasida eng “kuchsiz” qatlam-yoshlar deyish mumkin.
Hozirgi vaqtda fanning yangi tarmog’i - axboriy (kompyuter) psixologiyasi yo‘nalishi shiddat bilan
rivojlanmoqda.
Ushbu yo‘nalishda quyidagi muammolar tadqiq etiladi:
insonning tobora takomillashib borayotgan kompyuter texnologiyalari, axboriy oqim oldidagi
qo‘rquvi (kompyuterofobiya);
shaxsning insonlar bilan emas, balki kompyuter va uning vositasida muloqot qilishga intilishi – “informomaniya”;
kompyuterda ishlash jarayonida kishilarning toliqishi;
kompyuterga qattiq bog’lanib qolishning oldini olish. Kompyuter, internetga qattiq bog’lanib qolish giyohvandlik singari asta-sekin, bosqichma-bosqich rivojlanib boradigan jarayondir. Bu kasallikning uch bosqichi mavjud:
Birinchi bosqichda ko‘pincha muammolardan chekinish, ularni unutish uchun global tarmoq,
internetga oshiqiladi.
Ikkinchi bosqichda shaxsning internetdan uzilishi juda qiyinligi ko‘zga tashlanadi. Ya’ni, bu
bosqichda internetda o‘tkazilayotgan vaqt miqdori tobora ko‘payib boradi.
Uchinchi bosqich - to‘liq qaramlik bo‘lib, unda inson internetda o‘tkazayotgan vaqti ilgarigidan ko‘proq bo‘lmasa, oladigan huzur-halovati kamayayotgandek bo‘ladi. Buni giyohvand qabul qiladigan narkotik modda miqdorining ko‘payib borishiga qiyoslasa bo‘ladi. Bu holatni quyidagicha izohlash, tushuntirish mumkin.
Insonning o‘zi haqida tasavvurlari shakllanishi yosh davrlariga bog’liq bo‘lib, odatda o‘smirlik davrida “Men” timsoli to‘la tarkib topmagan bo‘ladi. Bunday hollarda virtual, hayoliy timsollar o‘smirning bu boradagi ehtiyojlarini qondirishga yordamga keladi. Jamiyatda to‘la ravishda o‘zini o‘zi namoyon qilolmagan shaxs virtual reallikda, hayoliy makonda buni amalga oshirishga harakat qiladi. Mazkur holat internet qaramlikda yuzaga keladi. Muomala, muloqot, ijtimoiylashuv jihatdan muammolari bo‘lmagan shaxs esa virtual olamdagi faoliyatga ehtiyoj sezmaydi. Ko‘pgina adabiyotlarda yozilishicha, internetga qaram kishilarni ikki guruhga bo‘lish mumkin. Birinchi guruhga mansub shaxslarning masalan, onlayn o‘yin vaqtida kayfiyatlari ko‘tarinki bo‘ladi. Ular guruhiy o‘yinlarni o‘ynashni xush ko‘rishib, o‘yinni yutgan paytlarda boshqalar tomonidan rag’batlantirilishni yoqtirishadi. Mana shu narsa ular uchun muhim bo‘lib, kompyuter, internet ular uchun ijtimoiy ma’qullanish vositasidir. Ikkinchi guruhga mansub insonlar esa hayotlaridagi muayyan bir qiyinchiliklardan qochish uchun internetga murojaat qilishadi. Internet ular misolida ancha chuqur muammo (masalan jismoniy kamchiliklar, o‘zini o‘zi baholashning past darajasi)ning simptomi, belgisi hisoblanadi. Shuningdek, tadqiqotchilar tomonidan jinoyatchilik va internet o‘yinlari orasidagi bog’liqlik ham aniqlangan. O‘yinchilar virtual olamda qo‘llaridagi qurol bilan ma’lum bir bosqichga yo‘l olganlarida ularning miyasi xuddi real olamda shu harakatni bajargan kabi munosabat bildiradi, reaksiya ko‘rsatadi. Internet o‘yinlardagi zo‘ravonlik muammosi to‘g’risida keyingi vaqtlarda juda ko‘p gapirilmoqda. Olimlar eng yuqori muvaffaqiyat barcha jonzotni o‘ldirish bilan baholanadigan kompyuter o‘yinlarida aksariyat vaqtlarini o‘tkazadigan bolalar, insonlar tomonidan jamiyatga estetik, axloqiy, ma’naviy zarar yetkazilishini ta’kidlaydilar. Voqelikdan chekinishni istaydigan kishilar me’yor degan tushunchani unutib, juda ko‘p vaqtlarini kompyuter qarshisida o‘tkazadilar. Natijada real voqelikdan vaqtincha emas, butunlay uzilib qolish xavfi yuzaga keladi. Kompyuterdagi rolli o‘yinlarning kishi psixikasiga ijobiy jihatini shunday ta’riflasa bo‘ladi: shaxs stressdan xalos bo‘lish, muammolardan chalg’ish maqsadida ma’lum vaqt mobaynida kompyuterda o‘ynashi mumkin. Patologik holatlarda esa buning teskarisi ko‘zga tashlanadi, ya’ni inson fiziologik ehtiyojlarini qondirish, real hayot qandayligini unutib yubormaslik uchungina kompyuterdan zo‘r-bazo‘r “uziladi”. Ehtiyojlarning qolgan qismi hayoliy olamda qondiriladi. Bunday kishi, o‘smir uchun real olam xavfli tuyula boshlaydi. 3D-Action (uch o‘lchamli) o‘yinlarga qattiq bog’lanib qolgan bir kompyuter addiktining aytishicha, kompyuter o‘ynashni to‘xtatib, ko‘chaga chiqqach, qo‘lida qurol yetishmayotganini his qiladi. “Qurolsiz o‘zimni himoyasiz his qilaman va tezroq uyga qaytib, yana komyuter o‘ynashga kirishaman”, deydi. Ko‘rinib turibdiki real voqelikdan qochishga intilish bu hisning tobora kuchayib borishiga sabab bo‘ladi.
Kiberxavfsizlik masalalariga butun dunyoda alohida e’tibor berilmoqda. Masalan, Amerika Qo‘shma Shtatlarida 2002-yildayoq “Kiberhudud xavfsizligini ta’minlash yuzasidan Milliy strategiya” qabul qilingan edi. Belorussiyada 2010-yili “Internetning milliy segmentidan foydalanishni takomillashtirish chora- tadbirlari to‘g’risida” farmon qabul qilindi. Buyuk Britaniyada 2011-yili bo‘lib o‘tgan tartibsizliklarda ijtimoiy tarmoqlarda boshqalarni vaziyatni izdan chiqarishga chaqirgan yoshlar aniqlanib, jinoiy javobgarlikka tortildilar. Xuddi shu singari Rossiya aholisida ham internet axborot, ma’lumot manbasi sifatida aholida eng ko‘p ishonch uyg’otmoqda. Moskva davlat universiteti ekspertlari tomonidan o‘tkazilgan sotsiologik so‘rov natijalariga ko‘ra, 36,9 % respondent aynan internet mamlakat va dunyoda bo‘lib o‘tayotgan voqea-hodisalar to‘g’risida haqqoniy, to‘liq ma’lumot berishiga ishonadi. Ikkinchi o‘rinni federal televidenie ma’lumotlari egallagan (34,1 %). Uchinchi-to‘rtinchi o‘rinlarni (27,4%) axborotning norasmiy manbalari - qarindosh-urug’lar, do‘stlar, hamkasblar, shu bilan birga ta’lim muassasalari pedagoglari, mahalliy nashrlar ma’lumotlari tashkil etadi.
diagramma. “Internet axborot, ma’lumot manbasi sifatida” so‘rovnomaga aholi fikri
|
| |