147
hujayralar, shuningdek nutq organlari - lab va til mushaklari funksiyasi bilan
bog’liq hujayralar egallaydi. Shunday qilib, odam miyasining katta yarim shari
qobig’ida mehnatda va muomalada asosiy funksiyani bajaradigan harakat a’zolari
ancha ko’p joylashgandir.
Hozirgi paytda mamlakatimizda va chet ellarda olib borilayotgan tadqiqotlar
shuni ko’rsatdiki, oliy nerv faoliyatining umumiy qonuniyatlari hayvonlarning faol
hatti-harakatida namoyon bo’ladi.
Miya naychalarini elektr yordamida qo’zg’atish bilan bir qatorda unda
eksperiment o’tkazuvchining aralashuvisiz, beixtiyor ravishda hosil bo’ladigan
biotoklarni yozib olish metodi ham qo’llaniladi. Bu tajribalar miyaning elektr
aktivligi bir xil emasligini ko’rsatdi. Biotoklar yozuvining xarakteriga qarab
odamning psixik holatidagi o’zgarishlar haqida xulosa chiqarish mumkin. Miyada
hosil bo’ladigan to’lqinlar turli chastotadagi elektromagnit tebranishlariga o’xshaydi.
Ularning eng sekinlari kishi tinch-osoyishta paytida, ko’zlarini yumib o’tirgan,
betoqat bo’lmasdan va diqqat-e’tibori bo’shashgan holatida kuzatiladi. Lekin
bunday holatda bo’lgan kishi biron-bir topshiriq berilsa bormi, uning biotoklari
darhol o’zgara boshlaydi va unda to’lqinlar tezligi ancha oshganligini ko’rsatadigan
izlar paydo bo’ladi. Miyada elektro-ensefalogramma ko’rinishidagi kuchaytirgich
yordamida yozib olish mumkin bo’lgan elektr toklari paydo bo’lishining kashf
etilishi psixologlar uchun ahamiyatli.
Odamdagi psixik jarayonlarning miyaga oid mexanizmlari bilan hayvonlar
psixikasi mexanizmlari o’rtasida o’xshashlik bo’lishiga qaramay, odam
bilan hayvonning psixik faoliyati o’rtasidagi tafovutlar faqat miqdor xarakterga
emas, balki sifat xarakteriga ham egadir.
Odamning psixik hayotida katta yarim sharlar qobig’i sirtining 30% ni
egallaydigan peshona qismlari alohida rol o’ynaydi.