Tekshirish va sinash usullari




Download 1,89 Mb.
bet17/28
Sana09.10.2024
Hajmi1,89 Mb.
#274360
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   28
Bog'liq
R. A. Norov t f. n., dotsent, Toshkent (1)

4.4. Tekshirish va sinash usullari
Inshootlarni sinashning asosiy vazifasi qurilish konstruksiyalarining real holati bilan uning hisoblash sxemasi orasidagi moslikni aniqlashdan iborat. Muhandislik inshootlari murakkab kuchlanish-deformatsiyalanish holatida bo`lgan, fazoviy konstruksiyalarni tashkil etadigan ko`p sonli elementlardan tashkil topgan murakkab mexanik sistema hisoblanadi. Hozirgi zamon qurilish mexanikasining ancha rivojlanib ketganiga qaramay, konkret ob’yektlarda, masalan qurilish konstruksiyalarining hisoblash sxemalarida ma'lum darajada ideallashtirishga to’g`ri keladi, bunda real konstruksiyaning asosiy xossasigina hisobga olinadi. Bundan tashqari, qurilish konstruksiyalarining holati tasodifiy xarakterga ega bo`lgan qator omillarga ham bog`liqdir.
Sinovlardan maqsad – muhandislik inshootlari, konstruksiya va materiallarning holatini o`rganishdan iborat. Sinovlar laboratoriya va real sharoitlarda, modellar va real ob’yektlarning o`zida o`tkazilishi mumkin.
Quruvchi-muhandislar oldiga foydalanilayotgan qurilish konstruksiyalari, binolar va inshootlar holatini o`rganish, ulardan bundan buyon foydalanish imkoniyatini aniqlash yoki rekonstruksiya qilish va mustahkamlash choralarini belgilash kabi vazifalar qo`yiladi. Qo`yilgan masalalarni hal etish konstruksiya va inshootlar holatini tekshirish va o`rganishni taqozo etadi. Tekshiruv natijalari tavsiyalarni berishga asos bo`ladi. Bular asosida loyihachi-muhandislar kerakli konstruktiv yechimlarni ishlab chiqishadi.
Qurilish konstruksiyalarini tekshirish quyidagi uch bosqichdan iborat:
- loyiha hujjatlari, ishchi chizmalar, ko`rinmas ishlar akti bilan dastlabki tanishuv;
- ob’yektni ko’zdan kechirish, ob’yektning loyihaga mosligini aniqlash, ko`zga ko`rinadigan nuqsonlarni (yoriqlar, chakki o’tadigan joylar, temirbeton elementlarini himoya qatlami ko`chgan joylar, metall elementlar zanglagan joylar, elektr payvand, parchin mix yoki bolt bilan birikkan joylar holatini) aniqlash, inshootni tekshirish rejasini tuzish, yemirmaydigan usullar orqali kompleks tadqiqotlar o`tkazish;
- inshoot holatini tahlil qilish va aniqlangan nuqsonlarni bartaraf etish chora-tadbirlarini ishlab chiqish.
Inshootlarni xushyorlik bilan, yaxshilab razm solib ko`zdan kechirish orqali tekshirilayotgan konstruksiyaning texnik holati to’g`risida dastlabki ma'lumotga ega bo’linadi, konstruksiya elementlarining eskirganlik darajasi oydinlashadi, sinovlarni davom ettirish muammosi aniqlanadi. Birinchi galda bu muammo sinov ishlarida yemirmaydigan usullarni, ya'ni sinash jarayonida konstruksiyalar va ularning alohida elementlarini buzmasdan sinaydigan usullarni qo`llashga aloqador. Bunday sinovlar tarkibiga inshootlarning geometrik parametrlari (bo`yi, eni, balandligi, qalinligi va h.k.), materialning mustahkamlik va strukturaviy xossalari, betonning himoya qatlami qalinligi, armaturaning joylashuvi, elementlarning deformatsiyalari, alohida nuqtalarning tezlashishlari va boshqalarni aniqlash kiradi.
Inshootlarni tekshirishda muhandislik geodeziyasi usullaridan keng foydalaniladi. Ular yordamida bino va inshootlarning cho’kishi, siljishi, yoriqlar va deformatsiya choklarining parametrlari, konstruksiya elementlarining egilishlari o`lchanadi. Fotogrammetriya usullaridan foydalanib statik va dinamik ta'sir natijasida konstruksiya elementlari nuqtalarida hosil bo`ladigan ko`chish va deformatsiyalar aniqlanadi. Keyingi paytlarda lazer intenferentsiyasi usullari keng rivojlanib bormoqda.
Qurilish konstruksiyalari elementlarini tayyorlash jarayonidagi sifat nazorat sinovlarida yemirmaydigan va yemiradigan uslublardan foydalaniladi. Ammo har bir mahsulotni buzilgunga qadar sinash to`gri bo`lmaydi, chunki bunda zavod darvozasidan birorta ham butun buyum chiqmaydi, garchi mahsulotning haqiqiy ishi to’g’risida to`liq ma'lumotga ega bo`linsa ham. Yemirmaydigan usul esa, tekshirilayotgan ob’yekt xususida to`liq ma'lumot berolmaydi, shuning uchun ham har ikkala usuldan birgalikda foydalaniladi. Agar ma'lum miqdordagi ob’yektlar ustida yemirmaydigan va yemiradigan sinovlar o`tkazib, so`ng natijalar taqqoslansa, ular orasidagi ma'lum bog’lanishni aniqlash imkoniyati paydo bo`ladi.
Qurilish konstruksiyalari, binolar va inshootlarni sinash uslublari va vositalari ko`magida hal etiladigan uchta asosiy masalani aniq ifodalash mumkin:
Birinchi masala – konstruksion materiallarning issiqlik-fizikaviy, strukturaviy, mustahkamlik va deformatsion xossalarini aniqlash hamda konstruksiyaga ta'sir etuvchi tashqi kuchlarning xarakterini belgilash kiradi.
Ikkinchi masala – hisoblash yo`li bilan aniqlangan zo’riqish va ko’chishlarni real konstruksiya yoki uning modelida hosil bo`ladigan zo’riqish va ko’chishlar bilan solishtirish muammolari hal etiladi.
Uchinchi masala – hisoblash modellarini identifikatsiyalashga, ya'ni birxillashtirishga yo`naltirilgan. Bu masala tajriba yo`li bilan olingan natijalar asosida hisoblash sxemalarini sintez qilish, ya'ni ularni umumlashtirish, ulardan bir butun xulosa chiqarishga bog`liq.
Takrorlash uchun savollar:
1. Dastlabki nazorat va operatsiyaviy nazoratga ta'rif bering, misol keltiring?
2. Qabul qilish nazoratiga ta'rif bering?
3. Nazorat qilinadigan ko`rsatkichlarning qamroviga qarab nimalarga bo`linadi?
4. Nazorat qilishning davriyligiga qarab nimalarga bo`linadi?
5. Maxsus nazorat qilish vositalaridan foydalanishiga qarab nimalarga bo`linadi?
6. Labaratoriyalarni attestatlash va akkreditlash deganda nima tushuniladi?
7. Laboratoriyalar qanday talablarga javob berishi kerak?
8. Mahsulotning sifatiga izoh bering?
9. Sifat ko`rsatkichlari deganda nimani tushunasiz?
10. Sanoat mahsuloti qanday tasniflanadi?
11. Mahsulot sifatini baholashda qanday usullardan foydalaniladi?
12. Mahsulot sifatini boshqarish deganda nimani tushunasiz?
13. Inshootlarni sinashning maqsad va vazifalari.
14. Konstruksiyalarni tekshirish qanday bosqichlardan iborat?
15. Bino va inshootlarni sinash usullari va vositalari ko’magida qanday masalalar yechiladi?


Download 1,89 Mb.
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   28




Download 1,89 Mb.