5-bob. Qurilish konstruksiyalarini sinashda yemirmaydigan usullar
5.1. Materiallarning fizik-mexanik xossalarini aniqlash
Qurilish materiallari, buyumlari, konstruksiyalari, binobarin, bino va inshootlarning ishonchliligi va umrboqiyligini sezilarli darajada oshirish masalasi, qurilish ishlarini barcha bosqichlarda takomillashtirish va sifat nazoratini yuksaltirgan holdagina muvaffaqiyatli hal etilishi mumkin. Qurilish obyektlarining yuqori sifat mezonlari fizik, geometrik va funksional ko'rsatkichlardan tashkil topadi. Qurilish materiallarining fizik-mexanik xossalari va tuzilishi, konstruksiyalarning geometrik o'lchamlari, qurilish konstruksiyalari va elementlarini montaj qilish aniqligi ana shular jumlasidandir.
Qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalari sifatini nazorat qilish asosan ikki yo'nalishda olib boriladi. Ulardan biriga ko'ra tekshirilayotgan obyektning chegaraviy holatini aniqlash uchun obyekt ishdan chiqqunga qadar yuklanadi. Bu usul namuna va modellarni sinashda yaxshi natija beradi. Real obyektlarning yuk ko'tarish bo'yicha chegaraviy holatini aniqlash uchun ularni buzilgunga qadar sinash iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emas.
Konstruksiya va uning elementlarini buzmasdan (yemirmasdan) sinash usullari keyingi davrlarda jadal rivojlanib boryapti. Bu usul obyektning yuk ko'tarish qobiliyatiga zarar yetkazmagan holda uning haqiqiy holatini aniqlash imkonini beradi. Yemirmaydigan (неразрушающий) usullar yordamida konstruksiya va uning elementlaridagi betonning namligi, zichligi, mustahkamligi, shuningdek, konstruksiyadagi mavjud nuqsonlarni aniqlash mumkin.
Yemirmaydigan sinash usullari, ko'p hollarda, obyekt xossalarini bilvosita aniqlash uslubiyatiga asoslanadi. Shunga ko'ra yemirmaydigan sinash usulini uning ko'rinishlariga qarab turlarga ajratsa bo'ladi:
- siziluvchi muhit usuli suyuqlik yoki gazlarni obyektga singish (sizib o'tish) miqdorini o'lchashga asoslanadi;
- mexanikaviy sinovlar shu joydagi (местный) yemirilishlar tahlili hamda obyektning rezonans holatini o'rganish bilan bog'liq;
- sinovlarning akustikaviy usullari ultratovush ta'sirida uyg'onadigan elastic tebranishlar parametrlarini aniqlash bilan bog'liq;
- magnitaviy usullar;
- radiatsion usullar neytron, radioizotop va tormozli nurlanishlarni qo'llash bilan bog'liq;
- issiqlik usullari issiqlik maydonini o'rganish bilan bog'liq;
- radioto'lqin usullari yuqori chastotali tebranishlarni tekshirilayotgan obyektda tarqalishi bilan bog'liq;
- elektrga oid usullar tekshirilayotgan obyektning elektr sig'imi, elektr induktivligi va elektr qarshiligiga baho berish bilan bog'liq.
Inshootlarni sinashda yemiradigan va yemirmaygan usullarning imkoniyatlariga baho berilar ekan, yemiradigan (buzilish holatiga kelguncha sinaladigan) usullar faqat modellarni va yangi konstruksiyalarning tajribaviy namunalarini, shuningdek, zavodlarda tayyorlanadigan buyumlarni tanlama nazoratini o'tkazish kabi hollardagina qo'llanilishini e'tiborga olish lozim bo'ladi. Sinash ishlarini amalga oshirishda, agar obyekt buzilgunga qadar sinaladigan bo'lsa, ularning iqtisodiy samaradorligiga aniq baho berish talab etiladi. Taklif etilayotgan yechimning iqtisodiy samaradorligi loyiha bosqichida aniqlanadi, yangi konstruksiyani amaliyotga tatbiq etishdan olinadigan foyda hisoblab chiqiladi. Keyin taj'riba sinovlari rejasi tuziladi, rejada ishning hajmi, bahosi va tajriba ishlarining texnik-iqtisodiy samaradorligi ko'rsatiladi. Tajriba o'tkazish uchun qilinadigan sarf-xarajatlar yangi konstruksiyani amalda qo'llash orqali olinadigan yalpi foydadan ancha kam bo'lishi kerak.
Sinovlarning yemirmaydigan usullari tekshirilayotgan obyektlarning normal ishlab turishiga xalal bermaydi. Bu usullar konstruksiyalarning haqiqiy holatini loyihada qabul qilingan kuchlanish holatiga qay darajada mos kelishini aniqlash, shuningdek, ekspluatatsion resurslarni prognoz qilish imkoniyatini beradi.
|