|
Raqamli jamiyatning umumiy asoslari Reja
|
bet | 1/2 | Sana | 22.12.2023 | Hajmi | 20,9 Kb. | | #126754 |
Bog'liq Raqamli jamiyatning umumiy asoslari
Raqamli jamiyatning umumiy asoslari
Reja:
1. “Raqamli iqtisodiyot” tushunchasining mohiyati va ahamiyati
2. “Axborotlashgan jamiyat” tushunchasi va uning rivojlanish bosqichlari
3. “Raqamli iqtisodiyot” va “raqamli jamiyat” kategoriyalariga nazariy yondashuvlar
Axborotlashgan jamiyat – bu ishlovchilarning koʻpchilik qismi axborot ishlab chiqarish, saqlash, qayta ishlash va sotish bilan shugʻullanadigan jamiyatdir, ayniqsa uning eng yuqori shakli – bilim hisoblanadi.
Jamiyat va iqtisodiyot rivojlanishining ushbu bosqichi quyidagilar bilan tavsiflanadi:
Jamiyatda axborot, bilim va axborot texnologiyalar rolining ortib borishi;
axborot texnologiyalari, aloqa-axborot mahsulotlari va xizmatlarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchilar soni hamda AKTni yalpi ichki mahsulotdagi ulushining koʻpayishi;
telefoniya, radio, televidenie, Internet, shuningdek an’anaviy va elektron ommaviy axborot vositalaridan foydalangan holda jamiyatni axborotlashtirishni jadallashuvi;
quyidagilarni ta’minlovchi global axborotlashgan jamiyatni yaratish:
• odamlarning samarali axborotlashgan oʻzaro ta’siri;
• jahon axborot resurslaridan foydalanish imkoniyati;
• ularning axborot mahsulotlari va xizmatlariga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish;
elektron demokratiya, raqamli iqtisodiyot, elektron hukumat, raqamli bozorlar, elektron ijtimoiy va biznes tarmoqlarini rivojlantirish.
“Axborotlashgan jamiyat” tushunchasi kibernetika yaratilishi bilan 1940 yillarda paydo boʻlgan, keyinchalik ushbu atama kompyuterizatsiya, axborot va raqamli texnologiyalar faol rivojlana boshlagan paytda keng qoʻllanila boshlandi. Ushbu tushuncha amerikalik C. Shennon, N. Viner, 8 D. fon Neyman, ingliz logisti va kriptografi A. Tyuring, sovet matematiklari maktabi asoschisi A. N. Kolmogorov kabi olimlarning nomlari bilan bogʻliq. “Axborotlashgan jamiyat” atamasining yaponcha versiyasi 1961 yilda Kisyo Kurokava va Tadao Umesao (ingliz) oʻrtasidagi suhbat paytida paydo boʻlgan1 . Keyinchalik bu atama deyarli bir vaqtning oʻzida Yaponiya va AQShda T. Umesao (1963) va F. Maxlup (1962) tomonidan ishlatilgan.2 “Axborotlashgan jamiyat” nazariyasi M. Porat, J. Masuda, T. Stounyer, R. Kars va boshqalar kabi taniqli mualliflar tomonidan shakllantirilib rivojlantirilgan.
Mazkur nazariya zamonaviy jamiyatni shakllantirishga e’tibor qaratgan tadqiqotchilar tomonidan muayyan mezon asosida axborot texnologiyalari taraqqiyotiga shunchaki e’tibor qaratib emas, balki texnologik yoki texnetronik (technetronic — yunoncha techne) jamiyatni shakllantirish nuqtai nazaridan yohud «bilimlashgan jamiyat», «bilimlar jamiyati» yoki «bilimlarni qadrlaydigan jamiyat» sifatida bilimlarning ortib borayotgan yoki oʻsib borayotgan rolidan kelib chiqib qoʻllab-quvvatlandi. Bugungi kunda zamonaviy jamiyatning alohida xususiyatlarini tavsiflashda oʻnlab tushunchalar mavjud.
1992 yildan boshlab ushbu atama Gʻarb mamlakatlari tomonidan qoʻllanila boshlandi, masalan, AQShda «Milliy global axborot infratuzilmasi» tushunchasi Milliy Ilmiy Jamgʻarmaning mashxur konferentsiyasidan va B. Klinton hamda A. Gorning mashhur ma’ruzasidan soʻng paydo boʻldi. «Axborotlashgan jamiyat» tushunchasi Evrokomissiyaning Axborotlashgan jamiyat dasturlari boʻyicha Ekspertlar guruhi Evropadagi axborotlashgan jamiyatning eng nufuzli ekspertlaridan biri Martin Bangemann rahbarligida olib borilgan tadqiqotlarida; Kanada, Britaniya va Amerika nashrlarida axborot magistral va supermagistrallari qoʻllanilgan.
XX asr oxirida «axborotlashgan jamiyat» va «axborotlashtirish» atamalari nafaqat axborot sohasi mutaxassislarining, balki siyosatchilar, iqtisodchilar, oʻqituvchilar va olimlarning lugʻatida ham oʻz oʻrnini topdi. Aksariyat hollarda, ushbu tushuncha telekommunikatsiya vositalari va axborot texnologiyalarini rivojlanishi bilan bogʻlangan, bu esa fuqarolik jamiyati platformasida yangi evolyutsion qadam boʻlib, keyingi XXI asrga axborotlashgan jamiyatning boshlangʻich bosqichiga kirish uchun munosib ravishda imkon bera olgan.
2006 yil 27 martda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi A/RES/60/252 rezolyutsiyani qabul qildi, unda 17 may “Xalqaro axborotlashgan jamiyat” kuni deb e’lon qilindi.
Jamiyat hayoti va iqtisodiy faoliyatning turli sohalarini kompyuterlashtirish va axborotlashtirishning texnologik va ijtimoiy oqibatlari chuqurligi hamda koʻlamini hisobga olgan holda, bejiz kompyuter yoki axborot inqilobi deb nomlanmagan. Bundan tashqari, Gʻarbiy ijtimoiy-siyosiy qarashlar ilmiy-texnik taraqqiyotning yangi bosqichi, kompyuter va axborot inqilobidan kelib chiqqan soʻnggi hodisalarni tushuntirish maqsadida «axborotlashgan jamiyat» konsepsiyasining turli xil variantlarini ilgari surdi. Gʻarbda mazkur kontseptsiyaning ahamiyati va ommalashib borayotgani ushbu mavzuga oid nashrlarning tobora koʻpayib borayotganligi bilan isbotlanib, u hozirgi vaqtda Gʻarbiy ijtimoiy-siyosiy tafakkurda 70-yillardagi postindustriya jamiyati nazariyasi kabi ahamiyatli boʻlmoqda.
Bir qator siyosatshunoslar va siyosiy iqtisodchilar “Axborotlashgan jamiyat” tushunchasini post-industrializmdan ajratib turadigan aniq chegarani belgilash tarafdorlaridir. Ammo, axborotlashgan jamiyatning kontseptsiyasi postindustriya jamiyati nazariyasini almashtirishga moʻljallangan boʻlsa-da, uning tarafdorlari texnokratizm va an’anaviy futurologiyaning eng muhim qoidalarini takrorlaydi va yanada rivojlantiradi.
Postindustriya jamiyati nazariyasini shakllantirgan D.Bell keyinchalik axborotlashgan jamiyat kontseptsiyasining tarafdori sifatida harakat qilgan. Bellning oʻzi uchun axborotlashgan jamiyat kontseptsiyasi postindustriya jamiyati nazariyasi rivojlanishining oʻziga xos yangi bosqichiga aylandi. Bell ta’kidlaganidek, «kompyuter markaziy rol oʻynaydigan axborot va bilimlarni tashkillashtirish va qayta ishlash inqilobi, men post-industrial jamiyat deb atagan doirada rivojlanmoqda».
Jeyms Martinning soʻzlariga koʻra, axborotlashgan jamiyat asosan Gʻarbda vujudga kelgan «rivojlangan post-industrial jamiyat» sifatida tushuniladi. Uning fikricha, axborotlashgan jamiyat 1960-70-yillarda postindustriya jamiyati shakllangan mamlakatlar – Yaponiya, AQSh va Gʻarbiy Evropada ilk bora shakllangani bejiz emas. Jeyms Martin quyidagi mezonlar asosida axborotlashgan jamiyatning asosiy xususiyatlarini aniqlash va shakllantirishga harakat qildi.
1. Texnologik: asosiy omil sanoat, muassasalar, ta’lim tizimi va kundalik turmushda keng qoʻllaniladigan axborot texnologiyalari.
2. Ijtimoiy: axborot turmush sifatidagi oʻzgarishlarning muhim harakatlantiruvchi kuchi boʻlib xizmat qiladi, «axborotlashgan ong» shakllantirilib, axborotga keng yoʻl ochiladi.
3. Iqtisodiy: axborot iqtisodiyot, resurs, xizmatlar, tovarlar, qoʻshimcha qiymat va bandlik manbai sifatida hal qiluvchi omilga aylanadi.
4. Siyosiy: aholining turli sinflari va ijtimoiy tabaqalari oʻrtasida faollik va murosaga erishish bilan tavsiflanib, siyosiy jarayonlarda axborot erkinligini ta’minlaydi.
5. Madaniy: Axborotning madaniy qadriyatini shaxs va umuman jamiyat rivojlanishi uchun axborot qimmatliklarni targʻib qilish orqali tan olinadi.
Shu bilan birga, Martin aloqa «axborotlashgan jamiyatning asosiy elementi» degan fikrni ilgari suradi. Martinning ta’kidlashicha, axborotlashgan jamiyatni tom ma’noda emas, balki zamonaviy Gʻarb jamiyatidagi oʻzgarishlar tendentsiyasi tomon yoʻnaltiruvchi qoʻllanma sifatida qarash kerak. Uning soʻzlariga koʻra, ushbu model yahlitligicha kelajakka yoʻnaltirilgan, ammo rivojlangan kapitalistik mamlakatlarda axborot texnologiyalari tufayli yuzaga kelgan bir qator oʻzgarishlarni sanash mumkinki, ular axborotlashgan jamiyat kontseptsiyasini tasdiqlaydi.
Ushbu oʻzgarishlar orasida, Martin quyidagilarni sanab oʻtgan:
• iqtisodiyotdagi tarkibiy oʻzgarishlar, ayniqsa mehnat taqsimotidagi; axborot va axborot texnologiyalarining ahamiyati oshishi;
• kompyuter savodxonligi zaruriyatining ortishi;
• kompyuterlar va axborot texnologiyalarining keng tarqalishi;
• jamiyat va ta’limni kompyuterlashtirish va axborotlashtirishni rivojlanishi;
• kompyuter mikroelektronikasi va telekommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash;
• dunyo boʻylab kompyuter viruslari va zararli dasturlarning keng tarqalishi.
Ushbu oʻzgarishlar zamirida, Martin fikricha, “axborotlashgan jamiyatni hayot sifati, shuningdek, ijtimoiy oʻzgarish va iqtisodiy rivojlanish istiqbollari tobora koʻproq axborot va undan foydalanishga bogʻliq boʻlgan jamiyat sifatida qaraladi”. Bunday jamiyatda turmush darajasi, mehnat va dam olish shakllari, ta’lim tizimi va bozor axborot hamda bilim sohasidagi yutuqlarning sezilarli ta’siri ostida boʻladi. Batafsil shakldagi axborotlashgan jamiyat kontseptsiyasi (1960-yillarning oxiri va 70-yillarning boshlarida ishlab chiqilgan postindustriya jamiyati nazariyasi deyarli toʻliq qamrab olingan holda) D. Bell tomonidan taklif qilingan. Bellning fikriga koʻra, “XXI asrda iqtisodiy va ijtimoiy hayot, bilimlarni ishlab chiqarish usullari, shuningdek, insonning mehnat faoliyati tabiatini hal qiluvchi vazifa telekommunikatsiyalarga asoslangan yangi turmush tarzini shakllantirishdir. Kompyuter markaziy rol oʻynaydigan axborot va bilimlarni tashkillashtirish hamda qayta ishlashdagi inqilob postindusrial jamiyatining paydo boʻlishi bilan bir vaqtda roʻy bermoqda”. Bundan tashqari, Bell, inqilobni tushunish uchun postindustriya jamiyatining uchta jihati, ayniqsa, muhimdir deb hisoblaydi. Bunda sanoat jamiyatidan xizmat koʻrsatish jamiyatiga oʻtish nazarda tutilib, mazkur jarayon kodlangan ilmiy bilimlarning texnologik yangiliklarni amalga oshirish va yangi «intellektual texnologiyalar» ni tizimli tahlil hamda qarorlar nazariyasining asosiy vositasiga aylantirish uchun muhimligini belgilab beradi.
Oʻzbekistonda 2020 yil – «Ilm- ma’rifat va raqamli iqtisodiyot yili» deb e’lon qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning Oliy Majlisga yoʻllagan murojaatnomasida «Raqamli iqtisodiyot yalpi ichki mahsulotni kamida 30 foizga oʻstirish, korrupsiyani keskin kamaytirish imkonini beradi. Nufuzli xalqaro tashkilotlar oʻtkazgan tahlillar ham buni tasdiqlamoqda. Shuning uchun iqtisodiyot sohalarida raqamli transformatsiyani amalga oshirish, milliy axborot texnologiyalarini 12 rivojlantirish va bu yoʻnalishda investitsiyalar jalb etish zarur», deya ta’kidlanadi.
|
| |