O'zbekiston respublikasi investitsiya siyosati
Reja:
1. Investitsiyalar: iqtisodiy mazmuai, mohiyati va tasniflanishi (turlari)
2. Jamg'armalar investitsiyalash manbasi sifatida.
3. Milliy iqtisodiyot taraqqiyotini ta'minlashda investitsiya loyihalarining o'rni va ahamiyati
.Investitsiya (lotincha: investio — „oʻrash“) — iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida oʻz mamlakatida yoki chet ellarda turli tarmoqlarga, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarga, innovatsiya, tadbirkorlik loyihalariga uzoq, muddatli kapital kiritish (qoʻyish). Pulning vaqt (zamon)ga bogʻliq qiymati nazariyasiga koʻra, investitsiya kelajakda naf olish maqsadida mablagʻlar qoʻyishdir. Investitsiya kapitalni muayyan muddatga bogʻlashni yoki band qilishni bildiradi. Bundan asosiy maqsad kapital qiymatini saqlab qolish yoki boʻlmasa kapital qiymatini vaqtda oʻstirib borishdir. Iqtisodiy mazmuni jihatdan investitsiya turli faoliyatlarga safarbar etilgan moddiy, nomoddiy boyliklar va ularga boʻlgan huquqlarni aks ettiradi. Investitsiya sifatida pul, qimmatli qogʻozlar (aksiya, obligatsiya, sertifikat, veksel), yer, bino, inshoot kabi boyliklar, intellektual mulk boʻlgan ilmiy kashfiyotlar, ixtirolar va b. ishlatiladi. Investitsiya loyihalariga mablagʻ qoʻyuvchilar — investorlar davlat, kompaniya, korxona, chet ellik fuqarolar, aholi va boshqalar boʻlishi mumkin.
Uning quyidagi turlari mavjud: davlat investitsiyasi — davlat byudjeti va moliya manbalari hisobidan kiritiladi; chet el investitsiyasi — xorijiy davlatlar, banklar, kompaniyalar, tadbirkorlar tomonidan kiritiladi; xususiy investitsiya — xususiy, korporativ xoʻjalik va tashkilotlar, fuqarolar mablagʻlari, shu jumladan, shaxsiy va jalb qilingan mablagʻlar hisobidan qoʻyiladi. Investitsiya qoʻyilish shakliga qarab moliyaviy (portfel) va real (ishlab chiqarish) investitsiyaga boʻlinadi. Moliyaviy (portfel) investitsiya — aksiya, obligatsiya va b. qimmatli qogʻozlarni sotib olishga qoʻyiladigan investitsiya, ; real investitsiya — moddiy ishlab chiqarish (sanoat, qishloq xoʻjaligi, qurilish va b.) sohasiga, moddiy-ashyoviy faoliyat turlariga uzoq, muddatli mablagʻlar qoʻyish shakllarida amalga oshiriladi. Jahon tajribasida investitsiyani moliyalashtirish turli usul va shakllarda, shu jumladan, korxonalarni aksiyadorlashtirish va aksiyalarni joylashtirish, byudjet mablagʻlari, bank kreditlari, lizing, bevosita chet el investitsiyalari, ipoteka, byudjetdan tashqari maxsus fondlar, amortizatsiya va xoʻjalik yuritish subʼyektlarining boshqa mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
Keyingi davrda xalqaro iqtisodiy munosabatlarda investitsion hamkorlik rivoj topdi. Bunday hamkorlikning real, moliyaviy, intellektual (litsenziyalar, nou-xauni berish, hamkorlikda bajariladigan ilmiy ishlanmalar va b.ga mablagʻ sarflash) koʻrinishlari bor.
Investitsion hamkorlik umumjahon va milliy muammolarni hal qilishga xizmat qiladi. Jahondagi bevosita investitsiya faol oʻsib bormoqda: 1980-yillar oʻrtalarida jahon boʻyicha umumiy yillik investitsiya hajmi 450 milliard dollarni tashkil qilgan boʻlsa, 1990-yillar oʻrtalariga kelib investitsiya hajmi 2 trillion dollardan oshdi.Oʻzbekiston Respublikasida bozor iqtisodiyotiga oʻtish davrida respublika iqtisodiyotida tuzilmaviy oʻzgarishlarni amalga oshirishda investitsiyadan samarali foydalanilmoqda. OʻzRda 1996-yildan boshlab respublika hukumati har yili davlat byudjeti va byudjetdan tashqari fondlar mablagʻlari hisobidan kapital qoʻyilmalar limitlari, chet el investitsiyalari va hukumat kafolati bilan olingan kreditlar hisobiga aniq qurilishlar dasturi, shuningdek, bevosita chet el investitsiya va kreditlari hisobiga qurilishlar dasturidan iborat boʻlgan Davlat investitsiya dasturini qabul qiladi. Respublika iqtisodiyotiga investitsiya kiritishda davlat byudjeti mablagʻlari, chet el investitsiyalari, korxonalarning oʻz mablagʻlari va aholi jamgʻarmalari qatnashmoqda. Respublikada aholining qimmatli qogʻozlarga jamoaviy investitsiyani amalga oshiradigan xususiylashtirish investitsiya fondlari (XIF) va kompaniyalari tarmogʻi rivoj topdi. 2000-yilda moliyalashtirishning jami manbalari hisobidan mamlakat iqtisodiyotiga salkam 700 milliard soʻm, shu jumladan, 810 million AQSH dollari investitsiyalandi. Uning 30,3 % ni respublika byudjeti, 39,1 % ni korxonalar va aholi mablagʻlari, 7,5 % ni banklar kreditlari va b. qarz mablagʻlar, 21,7 % ini chet el investitsiyalari va kreditlari, 1,4 % ni byudjetdan tashqari jamgʻarmalar mablagʻlari tashkil qiladi. Respublikada investitsiya faoliyatining huquqiy bazasini yaratishda „Chet el investitsiyalari va chet ellik investorlar faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida“ (1995-yil 5-may), „Investitsiya faoliyati toʻgʻrisida“ (1998-yil 12-dekabr), „Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari toʻgʻrisida“ (1998-yil 30-aprel), „Chet el investitsiyalari toʻgʻrisida“ (1998-yil 30-aprel), „Lizing toʻgʻrisida“ (1999-yil 14-aprel), „Qimmatli qogʻozlar bozorida investorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida“ (2001-yil 30-avgust) qonunlarining qabul qilinishi muhim ahamiyatga ega boʻldi. Investitsiya faoliyatida investorlar har bir mamlakatdagi investitsiya muhiti bilan bogʻliq boʻlgan koʻpdan-koʻp xatarlarga duch keladilar. Shu sababli investitsiyani, ayniqsa, chet el investitsiyalarini su-gʻurta qilish muhim ahamiyatga ega. Oʻzbekistonda xorijiy investitsiyalarni sugʻurtalash sohasida 1994-yilda tashkil etilgan „Oʻzbekinvest“ eksport-import milliy sugʻurta kompaniyasi faoliyat olib boradi.
Iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida investitsiya faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi. Har bir mamlakatning rivojlanish darajasi, ya’ni iqtisodiyotning rivojlanishi va iqtisodiy o’sishi ko’p jihatdan mamlakatdagi investitsion jarayonlarga bog’liq. Har qanday jamiyatning baraqaror iqtisodiy jivojlanishini investitsiyalarsiz tasavvur etib bo’lmaydi. Ayniqsa, bugungi kunda bu narsa yaqqol namoyon bo’lmoqdaki, har qanday mamlakatning bundan keying yuksalishi investitsiyalarni jalb etish holatiga bog’liq. «Investitsiya» atamasi lotin tilidagi «invest» so`zidan kelib chiqqan bo`lib «qo`yish», «mablag`ni safarbar etish», «capital qo`yilmasi» ma`nosini beradi. Keng ma`noda investitsiya mablag`ni ko`paytirib va qaytarib olish maqsadida kapitalni safarbar etishni bildiradi. Ko`pgina hollarda «investitsiya» tushunchasi iqtisodiy va boshqa faoliyat ob`ektlariga kiritiladigan moddiy va nomoddiy ne`matlar hamda ularga doir huquqlar tarzida ta`riflanadi. Investitsiya deganda barcha turdagi milliy va intelektual boyliklar tushunilib, ular tadbirkorlik faoliyati ob`ektlariga yo`naltirilib daromad keltirishi yoki birorbir ijobiy samaraga erishishi zarur.
Investitsiya kiritishdan asosiy maqsad daromad olish va ijobiy ijtimoiy samaraga erishishdir. Investitsiyalarning iqtisodiyotdagi o’rni beqiyosligi uning aniq mohiyatini o’rganib chiqishni talab qiladi. Iqtisodiy log’atda “Investitsiyalar – kapitalni uzoq muddatli qoyilmalar tariqasida sanoatga, qishloq xo’jaligiga va boshqa tarmoqlarga sarf qilinadigan xarajatlar yig’indisini aks ettiradi”,-deb tariflangan. Ishlab chiqarish nazariyasi va, umuman, maqroiqtisodiyotda investitsiyalar yangi kapitalni (ishlab chiqarish vositalarini hamda inson kapitalini qo’shib hisoblaganda) yaratish jarayonidir. Moliya nazariyasida esa investitsiya deganda real yoki moliyaviy aktivlarni olish tushiniladi, ya’ni bugungi sarf-xarajatlarning maqsadi kelajakda daromad olishdir. Demak, bizningcha, “Investitsiyalar – bo’sh turgan kapitalni iqtisodiy-ijtimoiy samara olish maqsadida harakatga keltirishdir” Bizga ma’lumki, iqtisodiy o’sish investitsiya resurslarisiz bo’lishi mumkin emas, bu resurslar o’z mohiyati bilan ishlab chiqarishni rivojlantirishga qaratilgan mablag’dir. Pul mablag’lari shaklidagi investitsiyalar nominal investitsiyalardir. Bu investitsiyalar moddiylashib, amalda ishlab chiqarishga jalb etilgandan so’ng real investitsiyalarga aylanadi va iqtisodiy o’sishni ta’minlaydi. O’zbekiston Respublikasining “Investitsiya faoliyati tog’risida”gi qonunida investitsiyalar tayinlangan ob’yekti bo’yicha tabaqalashtirilgan. Shunga muvofiq investitsiyalar quyidagi turlarga ajratilgan.
Iqtisodiy kategoriya sifatida investitsiya quyidagicha tasniflanadi:
• Birlamchi (avaylangan) jamg’arilgan kapitalni ko’paytirish maqsadida kapitalni tadbirkorlik ob’ektlariga joylashtirish;
• Investitsion loyihalarni amalga oshirish jarayonida investitsiya faoliyati ishtirokchilari o’rtasida vujudga keladigan iqtisodiy munosabatlar. Investitsiyalar – bu hali buyumlashmagan, lekin ishlab chiqarish vositalariga qo’yilgan kapital. O’zining moliyaviy shakliga ko’ra, ular foyda olish maqsadida xo’jalik faoliyatiga qo’yilgan aktivlar hisoblansa, iqtisodiy xususiyatiga ko’ra, u yangi korxonalar qurishga, uzoq muddatli xizmat ko’rsatuvchi mashina va asbob uskunalarga hamda shu bilan bog’liq bo`lgan aylanma kapitalning o`zgarishiga ketgan harajatlardir. Investitsiyalar xususiy sektor va davlat tomonidan mamlakat ichkarisida va uning tashqarisida turli ishlab chiqarishlarga va qimmatbaho qog’ozlarga (aktsiyalar, obligatsiyalar) qo’yilishi mumkin.
Investitsiya jarayoni – bo’sh sarmoyaga ega bo’lganlar bilan sarmoya talab qilayotganlarning uchrashish jarayoni. Ikkala tomon, odatda, moliyaviy institutlarda yoki moliyaviy bozorda uchrashadilar. Ayrim vaqtda, xususan, mulkiy qiymatlar (masalan, ko’chmas mulk) bilan bitim imzolanganda sotuvchi va xaridorlar bevosita muomalaga kirishadilar. Investitsiya ob’yekti deyilganda, mablag’larni, yaniy qonun doirasidagi barcha boyliklar safarbar qilinayotgan ob’yektlar tushiniladi, ular yangi korxonalar yoki amalda faoliyat yuritayotgan korxonalar, qimmatli qog’ozlar, bank depozitlari, intellektual mulk va boshqalar bo’lishi mumkin. Investitsiya subyektlari – investitsiya faoliyatida ishtirok etuvchi mulkiy va intellektual boyliklarga ega bo’lgan jismoniy, huquqiy shaxslar va davlatdir. Odatda, har qanday investitsion faoliyat muayyan maqsadga yo’naltirilgan, mukammal darajada yaratilgan investitsiya g’oyasiga asoslanadi. Mukammal darajada shakllantirilgan va asoslangan investitsiya g’oyasi investitsiya loyihasining qaror topishiga olib keladi. Investitsiya loyihasi tushunchasini uning yo’naltirilgan maqsadini amalga oshirish uchun texnologik jarayonlarni, texnik va tashkiliy hujjatlashtirish jarayonini, ob’ektlarni barpo etish va ishga tushirish jarayonini, moddiy, moliyaviy, mehnat resurslarining harakatini, shuningdek, tegishli boshqaruv qarorlari va tadbirlarni o’zida mujassamlashtiruvchi tizim sifatida talqin qilish maqsadga muvofiqdir.
Hozirgi kunda O’zbekiston iqtisodiyotining barcha sohalarida o’zgarishlar, tarkibiy islohatlar olib borilmoqda. Bunday islohotlarning olib borilishi bevosita mamlakatdagi investitsion jarayon, davlatning investitsion siyosati, uning ustuvor yo’nalishlari va mamlakatdagi korxonalar investitsion faolligiga bog’liq. Mustaqilligimizning qisqa davrida investitsion faollikni oshirish, uni kuchaytirish borasida qator amaliy chora-tadbirlar o’tkazildi, investitsion faoliyatni tartibga solib turuvchi qator qonun va qonun osti hujjatlari chiqarildi va hayotga tadbiq qilinmoqda. Bu yo’lda investitsiya siyosatining ahamiyati juda katta. Chunki investitsiyalar iqtisodiyotda tarkibiy o’zgarishlar, texnik va texnologik yangilanishlar, korxonalarni qayta ta’mirlash ishlarini amalga oshirishni rag’batlantiradi, mamlakat eksport va import salohiyatini oshirishga imkon yaratadi. Shu jihatdan O’zbekiston davlati o’z investitsiya siyosatini olib bormoqda.
Investitsiya siyosati – bu iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini rivojlantirish, qo’llab-quvatlash, markazlashgan investitsiya jarayonidan nomarkazlashgan investitsiya jarayoniga o’tish, ustuvor investitsion loyihalarni qo’llab-quvvatlashga qaratilgan mexanizm, uslublar yig’indisi hisoblanadi. Davlat investitsiya siyosatini amalga oshirishda ko’proq ustuvorlik kichik biznes subyektlari, xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar tuzishga hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, muammolarni tezkorlik bilan hal etish va shu asnoda investitsiya ishtirokchilarining erkin harakat qila olishlari uchun qulay iqtisodiy, investitsion muhit yaratishga qaratilgan.
Davlat investitsiya siyosati hududlar, tarmoq va korxona investitsiya siyosatidan tarkib topib, ular o’zaro bag’liqdir. Hududlar investitsiya siyosati investitsiyani sariflashda aholi, hudud va investor manfa’tlarini hisobga olgan holda samarali ishlatishga imkon beruvchi hududda olib boriladiga chora-tadbirlar majmuyi. Tarmoq investitsiya siyosati esa bu mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishini ta’minlovchi tarmoqlar, sanoat mahsulotlarini eskport qilish, import o’rnini bosuvchi ishlab chiqarishni yo’lga qo’yish, ilmiy-texnika taraqqiyotini investitsiya yo’li bilan qo’llab-quvvatlash hisoblanadi.
O’zbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalar kiritish, avvalo, ichki manbalarni safarbar etish hisobidan iqtisodiyotimizning muhim tarmoqlarini jadal modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, transport va aloqa sohasini yanada rivojlantirish hamda ijtimoiy infratuzilma ob’yektlarini barpo etish hal qiluvchi ustuvor yo’nalishlarga aylandi. Respublika iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirishning zaruriyati quyidagilardan kelib chiqadi: ishlab chiqarish quvvatlarining jismoniy va ma’naviy eskirganligi, ularning qayta tiklashga yoki texnik jihatdan qayta jihozlashga yoki umuman yangilashga oid bo’lib qolganligi; sanoat tarmog’ida moddiy texnika bazasining o’ta pastligi va ko’pgina zarar ko’rib ishlaydigan korxonalarning mavjudligi; respublika milliy daromadida jamg’arish bilan iste’mol o’rtasidagi nisbatning iste’mol tomonga ko’plab sarflanayotgani va jamg’arishning investitsiya manbayi sifatida kamayib borayotganligi; O’zbekistonning tabiiy boyliklarga boyligi va bu erda ko’plab qayta ishlovchi korxonalarni qurish imkoniyating mavjudligi; aholi sonining o’sib borayotganligi (mehnat resurslari) va kichik zamonaviy ixcham korxonalarni barpo etish, ularni mehnat resurslarining manbayi bo’lmish qishloqqa yaqinlashtirish zarurligi; respublika eksportida xom ashyo salmog’ini kamaytirish va ko’plab tayyor mahsulotlar chiqarish imkoniyatiga ega bo’lish zarurligi va boshqalar.
Investitsiya faoliyatining rivojlanishida turli manabalar hisobidan mablag’larning jalb etilishi holati o’rganilishi va ular hisobiga investitsiyalarni moliyalashtirish holatining rivojlanishini tahlil qilish muhim ahamiyat kasb etadi va quyidagi jadvallarda so’nggi yillarda turli manbalar hisobiga investitsiyalarning moliyalashtirilish tarkibi va uning o’zgarishi keltirilgan. Asosiy kapitalga investitsiyalarning hududiy tarkibida hamon Buxoro, Toshkent shahri va Qashqadaryo viloyatlari yetakchilik qilmoqda. Qashqadaryo viloyati asosiy kapitalga investitsiyasi Samarqand viloyatidan qariyb 59% ga ko’p ya’ni 3533.1 mlrd. so’mni tashkil qilmoqda. Buxoro viloyati, Toshkent shahri va Qashqadaryo viloyati jami qolgan viloyatlar ko’rsatkichidan farqi 5.4% ni quramoqda. Bu ko’rsatkich bo’yicha Sirdaryo va Jizzax eng oxirgi o’rinlarda qolyabdi.
Turar-joy qurilishi, tashish va saqlash kabi faoliyat turlariga investitsiyalar ulushi 2017-yilda 2016-yil mos davridagiga nisbatan kamaygan bo`lsa, tog’-kon sanoati, ishlab chiqarish sanoati, elektr va gaz bilan ta’minlash kabi faoliyat turlariga investitsiyalar hajmi ortdi.
O’zlashtirilgan xorijiy investitsiya va kreditlarning asosiy qismini, 79,7% ini to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiya va kreditlar tashkil etgan bo’lsa, 18,1% ini O’zbekiston Respublikasi kafolati ostidagi xorijiy kreditlar va 2,2% ini boshqa investitsiya va kreditlar tashkil qilmoqda.
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasining to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasining (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) faoliyatini tashkil etish tartibini, uning huquqiy maqomini va boshqaruvchi kompaniya tomonidan Jamg‘armani ishonchli boshqarish tartibi xususiyatlarini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Jamg‘armaning muassisi — O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi;
boshqaruvchi kompaniya — Jamg‘armaning muassisi bilan tuzilgan investitsiya deklaratsiyasini o‘z ichiga oluvchi ishonchli boshqarish shartnomasiga muvofiq Jamg‘armani boshqaruvchi yuridik shaxs;
ishonchli boshqarish shartnomasi — boshqaruvchi kompaniya va Jamg‘arma muassisi o‘rtasida tuziladigan ishonchli boshqarishda cheklashlarni, taqdirlash va xarajatlarni qoplash tartibini, shartnomaning asoslari va uni to‘xtatish shartlarini, tomonlarning javobgarligini va O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa qoidalarni nazarda tutuvchi shartnoma;
investitsiya deklaratsiyasi — investitsiyalarning maqsadlarini, investitsiya siyosati yo‘nalishlarini, boshqaruvchi kompaniyaning investitsiya faoliyatidagi cheklashlarni, deklaratsiyaning amal qilish muddatini va O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilanadigan boshqa qoidalarni tavsiflovchi hujjat;
alohida bank hisob raqami — Jamg‘armani ishonchli boshqarish jarayonida olingan pul mablag‘lari hamda daromadlar hisobi yuritiladigan boshqaruvchi kompaniyaning alohida bank hisob raqami.
3. Jamg‘armaning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
to‘liq nomi — O‘zbekiston Respublikasining to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi;
qisqartirilgan nomi — To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi;
b) ingliz tilida:
to‘liq nomi — Direct Investments Fund of the Republic of Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Direct Investments Fund;
v) rus tilida:
to‘liq nomi — Fond pryamix investitsiy Respubliki Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Fond pryamix investitsiy.
4. Jamg‘arma yuridik shaxs tashkil etmagan holda tashkil etiladi.
5. Quyidagilar Jamg‘armaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
respublika iqtisodiyotining ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirishga, shuningdek, uning raqobatbardoshligini yanada oshirishga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va innovatsion texnologiyalarni jalb qilish;
xususiy mahalliy va xorijiy investorlar bilan uzoq muddatli o‘zaro foydali sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish orqali investitsiya faoliyatini rag‘batlantirish va rivojlantirish;
investitsiya takliflarini baholash, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
investitsiya muhitini yaxshilashga, shuningdek, respublikaning investitsiya salohiyati va imkoniyatlarini xorijda keng targ‘ib qilishga ko‘maklashish.
O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi Jamg‘armaning yagona muassisi hisoblanadi hamda investorlar tomonidan Jamg‘arma bilan birgalikda loyihalarga investitsiya kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan so‘ng boshqaruvchi kompaniyaning so‘rovi bo‘yicha Jamg‘arma kapitalini shakllantiradi.
6. Jamg‘armaning e’lon qilingan kapitali 1 (bir) milliard AQSh dollarini tashkil etadi, u birinchi bosqichda investorlar tomonidan Jamg‘arma bilan birgalikda loyihalarga investitsiya kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilinishiga qarab 100 (yuz) million AQSh dollari miqdorda shakllantiriladi.
7. Jamg‘arma faoliyati muddati 15 yilni tashkil etadi, ushbu muddat boshqaruvchi kompaniyaning faoliyati natijalari asosida Jamg‘arma muassisining qarori bilan uzaytirilishi mumkin.
8. Jamg‘armaning pul mablag‘lari ishonchli boshqarish shartnomasiga asosan boshqaruvchi kompaniyaga ishonchli boshqarish uchun beriladi.
9. Boshqaruvchi kompaniya Jamg‘armaning mol-mulki hisobiga O‘zbekiston Respublikasida, shu jumladan, xorijiy shaxslar bilan birgalikda investitsiya loyihalarini moliyalashtirib, Jamg‘armaning ishonchli boshqaruvchisi sifatida ish ko‘radi.
10. Boshqaruvchi kompaniya:
foyda keltiradigan investitsiyalarni amalga oshirish;
O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga xorijiy va mahalliy investitsiyalarni, shuningdek, yuqori malakali kadrlar va innovatsion texnologiyalarni jalb etish;
xorijiy investorlar bilan o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish orqali investitsiya faoliyatini rag‘batlantirish;
qulay investitsiya muhitini yaratish va yoyish, O‘zbekiston Respublikasining investitsiya imkoniyatlari ijobiy idrok etilishi maqsadida ish ko‘radi.
11. Jamg‘arma va boshqaruvchi kompaniyaning faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Boshqaruvchi kompaniya
12. Boshqaruvchi kompaniya o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga va ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiradi.
13. Boshqaruvchi kompaniya aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etiladi.
14. O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi boshqaruvchi kompaniyaning yagona aksiyadori hisoblanadi.
15. Boshqaruvchi kompaniyaning Jamg‘armani ishonchli boshqarish bo‘yicha faoliyati O‘zbekiston Respublikasining vakolatli organi tomonidan belgilangan tartibda beriladigan litsenziya asosida amalga oshiriladi.
16. Boshqaruvchi kompaniya aksiyadorlarning majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi. Aksiyadorlar boshqaruvchi kompaniyaning majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi.
17. Boshqaruvchi kompaniyaning aktivlari ustav kapitaliga kiritilgan ulushlar, boshqaruvchi kompaniya faoliyatidan olinadigan daromadlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi.
18. Boshqaruvchi kompaniyaning mol-mulki Jamg‘arma mol-mulkidan, shuningdek, boshqaruvchi kompaniyada ishonchli boshqaruvdagi boshqa mol-mulkdan alohida bo‘ladi.
19. Mol-mulkni ishonchli boshqarishdan olingan daromadlar Jamg‘armaning mulki tarkibiga kiritiladi va Jamg‘armaning investitsiya deklaratsiyasiga muvofiq ishlatiladi.
20. Boshqaruvchi kompaniyaning xarajatlari boshqaruvchi kompaniyaning boshqarish uchun taqdirlash puli sifatida oladigan daromadlari va uning ustav kapitali, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobiga qoplanadi.
Jamg‘arma va boshqaruvchi kompaniya tomonidan investitsiya faoliyatini olib borish tartibi. Jamg‘arma va boshqaruvchi kompaniyaning o‘zaro hamkorligi
31. Jamg‘arma va boshqaruvchi kompaniya tomonidan investitsiya faoliyatini amalga oshirish tartibi belgilangan tartibda tuziladigan, investitsiya deklaratsiyasini o‘z ichiga oladigan ishonchli boshqarish shartnomasi bilan belgilanadi.
32. Jamg‘arma muassisi va boshqaruvchi kompaniya investitsiya deklaratsiyasini va ishonchli boshqarish qoidalarini qabul qiladi.
33. Investitsiya loyihalarini tanlash ular moliyaviy qoplanishi, tijorat jozibadorligi va samaradorligi baholanishi hisobga olingan holda boshqaruvchi kompaniya tomonidan mustaqil amalga oshiriladi, bunda quyidagi asosiy mezonlarga rioya qilinadi:
investitsiya loyihalarining moliyaviy va iqtisodiy samaradorligi;
loyihalarga ajratiladigan investitsiyalar respublikaning ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirishga va uning raqobatbardoshligini yanada oshirishga yo‘naltirilishi kerak;
yangi ish o‘rinlari yaratish;
ishlab chiqarish rejalashtirilgan mahsulotlar va xizmatlarning ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardoshligi;
bitta loyiha bo‘yicha Jamg‘arma investitsiyalarining cheklangan miqdori ushbu loyihaga mo‘ljallanayotgan investitsiyalar umumiy hajmining ko‘pi bilan 30 foizini tashkil etadi. Bunda Jamg‘arma xo‘jalik yurituvchi subyekt ustav fondi (kapitalining) 30 foizidan ortiq bo‘lgan ulush egasi bo‘lishi, shuningdek, eng yirik ulush egasi bo‘lishi mumkin emas;
bitta loyiha bo‘yicha Jamg‘arma investitsiyalarining cheklangan miqdori Jamg‘arma umumiy miqdorining 10 foizidan ortiq bo‘lmasligi kerak;
iqtisodiyotning bir tarmog‘i bo‘yicha Jamg‘arma investitsiyalarining cheklangan miqdori Jamg‘arma umumiy miqdorining 20 foizidan ortiq bo‘lmasligi kerak;
xorijiy va mahalliy birgalikda investitsiya kirituvchilar investitsiya loyihasida loyiha qiymatining kamida 70 foizi hajmida ishtirok etishning o‘z moliyaviy va boshqa imkoniyatlarini tasdiqlaydilar.
34. Loyihaga mablag‘larni investitsiyalash to‘g‘risidagi bitim boshqaruvchi kompaniyaning boshqaruv organlari tomonidan ma’qullangandan keyin boshqaruvchi kompaniya 2 ish kuni mobaynida boshqaruvchi kompaniyaning boshqaruv organlari qarorlari nusxalarini taqdim qilgan holda Jamg‘arma muassisiga Jamg‘armani to‘ldirishga so‘rov yuboradi.
35. So‘rovga muvofiq Jamg‘arma muassisi 5 ish kuni mobaynida tegishli investitsiya loyihasiga investitsiya kiritish uchun Jamg‘armani to‘ldirishga mablag‘larni boshqaruvchi kompaniyaning alohida bank hisob raqamiga o‘tkazadi.
Investitsiyalarni o’stirish omillari. Jamg’armalar – investitsiyalar manbasi sifatida.
Investitsiyalarning o’sish sur’atlari ko’p omillarga bog’liq. Avvalambor investitsiyalar hajmi olingan daromadni iste’mol va jamg’armaga taqsimlanishiga bog’liq. Aholini o’rtacha daromadi past bo’lgan holda ularning asosiy qismi (70-80%) iste’molga sarflanadi. Aholi daromadlarini o’sib borishi jamg’arishga yuboriladigan qismni ortib borishiga sabab bo’ladi.
Umumiy daromadda jamg’arish ulushining ortib borishi investitsiyalar hajmini o’sishiga olib keladi, va aksincha. Ammo bu shart aholini davlatga ishonchi yuqori bo’lganda, davlat fuqarolarning investitsion faolligini ta’minlaganda va kafolatlaganda bajariladi.
Investitsiyalar hajmiga kutilayotgan daromad normasi ham ta’sir ko’rsatadi, chunki ko’rilayotgan foyda investitsiyalashga undaydi. Kutilayotgan foyda normasi qanchalik yuqori bo’lsa, investitsiyalash hajmi shunchalik yuqori bo’ladi, va aksincha.
Investitsiyalar hajmiga ssuda foizi stavkasi katta ta’sir ko’rsatadi, chunki investitsiyalash jarayonida qarzga olingan mablag’laridan ham foydalaniladi. Agar kutilayotgan sof foyda normasi o’rtacha ssuda foizi stavkasidan yuqori bo’lsa bu qo’yilmalar investor uchun daromadlidir. Shuning uchun o’rtacha foiz stavkasini o’sishi investitsiyalash jarayonini susayishiga olib keladi.
Investitsiyalar hajmiga kutilayotgan inflyatsiya sur’atlari ham o’z ta’sirini o’tkazadi. Bu ko’rsatkich qanchalik yuqori bo’lsa investorning kelajakdagi foydasi shunchalik qadrsizlanadi va investitsiyalarni rag’batlantiruvchi omillar qisqarib boradi.
Ma’lumki, iqtisodchi-olimlar jamg’armani investitsiyalashning asosi, deb qarashadi. Bu mutlaqo to’g’ri, chunki investitsiya qilish uchun, eng avvalo, pul kapitali bo’lishi kerak. Resurslar (shu qatori pul mablag’lari ham) cheklangan. Asosiy muammo mablag’ topish masalasidir. Ayniqsa, investitsiya uzoq muddatni ko’zlashi va tez natija bermasligi bilan ajralib turadi.
Jamg’arish – bu joriy davrdagi qayta ishlashning moddiy asosini kengaytirish orqali kelajakda aholi iste’molini oshirishga yo’naltirilgan jarayon. Jamg’arishning asosiy funktsiyasi – takror ishlab chiqarish jarayonining pirovard maqsadiga erishishga ko’maklashishdir. Takror ishlab chiqarish jarayonining maqsadi aholining o’sib va o’zgarib borayotgan ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlarini qondirishdan iborat.
Iqtisodiy nazariyada milliy daromad bir qismining asosiy va aylanma kapitallarni, shuningdek, ehtiyoj zaxiralarini ko’paytirish uchun sarflanishi jamg’armani tavsiflaydi. Jamg’arma, odatda, investitsiya sifatida iqtisodiyotga kiritiladi, ya’ni jamg’armaning iqtisodiyotga ijobiy ta’siri investitsiyaga aylangandagina yuz beradi. Jamg’arma deyilganda aholi, korxona va davlat joriy daromadlarining kelajakdagi ehtiyojlarini qondirish va daromad olish maqsadlarida to’planib borishi tushuniladi. Uning hajmi barcha xo’jaliklar daromadidan iste’mol sarflarini ayirib tashlash yo’li bilan aniqlanadi. Daromad tarkibida iste’mol sarflari ulushi qanchalik yuqori bo’lsa, jamg’arma hajmi shunchalik kam bo’ladi. Bunday holat investitsiya faoliyati taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko’rsatmaydi. Jamg’armaning o’sishi iqtisodiy ma’noda mablag’larning iste’mol buyumlar xarid qilishdan investitsiya tovarlari xarid qilishga yo’naltirilishini bildiradi. Shunga ko’ra, muddat jihatdan kechiktirilgan iste’mol jamg’armani anglatadi.
Ammo, jamiyat oldida doimo bugungi va ertangi iste’molning qancha bo’lishini echish muammosi turadi. Jamiyat bugun qancha ko’p investitsiya qilsa, ertaga boyroq bo’ladi, aksincha, ko’proq iste’mol qilinsa, keyinchalik ko’proq iste’mol qilish imkoniyati shuncha kamayadi.
Yalpi xarajatlarda investitsiyalar hissasi nisbatan uncha ko’p bo’lmasa-da, aynan, investitsiyalar tufayli asosiy makroiqtisodiy siljishlarga erishiladi. Shu bilan birga, jamg’arish bilan investitsiya o’rtasidagi muvozanat makroiqtisodiy muvozanatga erishishning eng muhim shartidir. Biroq, bu muvozanatga erishish doimo oson kechmaydi. Bunga sabab investitsiya darajasi va jamg’arma darajasining boshqa-boshqa jarayon va holatlarga bog’liqligidir.
Jahon amaliyotining ko’rsatishicha, yuqori jamg’arish me’yoriga ega bo’lgan mamlakatlar, boshqa shart-sharoitlar o’zgarmagan holda, odatda, yuqori iqtisodiy o’sish sur’atlariga ega bo’lishadi. Milliy iqtisodiyotga kiritilayotgan investitsiyalar hajmini ko’paytirish va uning iqtisodiy o’sishini ta’minlashdagi rolini oshirishning muhim zaruriy shartlaridan biri – bu jamg’arish me’yorining nisbatan yuqori va barqaror darajasini ta’minlash hisoblanadi. Jamg’arish me’yori barqaror iqtisodiy o’sishning asosiy ko’rsatkichi bo’lib xizmat qiladi. 2003-2008 yillarda rivojlangan mamlakatlarda YaIMning o’rtacha o’sish sur’atlari 3,4 %ni, jamg’arish me’yori 22,5 %ni tashkil etgan. Jamg’arish me’yorining o’sishi bilan YaIMning qo’shimcha o’sish sur’ati ham ortib boradi. Jumladan, jamg’arish me’yori 25 %dan ortiq bo’lgan mamlakatlarda YaIMning qo’shimcha o’sish sur’ati o’rtacha 4,8 %ga teng bo’lgani holda, jamg’arish me’yori 30 %dan ortiq mamlakatlarda ushbu ko’rsatkich o’rtacha 8,7 %ni tashkil etgan.
Xitoy, Janubiy Koreya kabi rivojlanayotgan mamlakatlarda oxirgi 15 yil davomida kuzatilgan o’rtacha 10 %li iqtisodiy o’sish davrida jamg’arma ulushining o’rtacha qiymati 30 %ni tashkil etgan. Rivojlangan mamlakatlar tajribasi shuni ko’rsatdiki, bir yilda 6 foizdan ortiq iqtisodiy o’sishni ta’minlash uchun milliy jamg’armalar YaIMning kamida 25 foizini, investitsiyalar esa 30 foizini tashkil etishi kerak.
O’tish iqtisodiyoti mamlakatlarida investitsiya me’yorining barqarorligini ta’minlash muammosining mavjudligi makroiqtisodiy o’sish sur’atlarining barqarorligini ta’minlashga to’sqinlik qiladi.
Demak, iqtisodiyotda mavjud bo’lgan jamg’arma ulushi bir qator rivojlanayotgan mamlakatlar darajasidan yuqori bo’lsa-da, uning iqtisodiy o’sishga ta’siri nisbatan past holatni namoyon etmoqda. Shu munosabat bilan jamg’armadan samarali foydalanish asosida barqaror iqtisodiy o’sish davomiyligini ta’minlash uchun, eng avvalo, qimmatli qog’ozlar bozorini rivojlantirish asosida mavjud aholi jamg’armalarini iqtisodiyotga investitsiya sifatida kirib kelishini faollashtirish hamda tarmoqlararo kapital oqimini ta’minlashga qaratilgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar bazasini mukammallashtirish asosida korxona jamg’armalarining investitsiyaga aylanish samaradorligini oshirish lozim.
Oʻzbekiston va jahon iqtisodiyotining kelgusi taraqqiyoti, asosan, investitsiyalarga bogʻliqligini bugungi kunda deyarli har bir mutaxassis va xoʻjalik yurituvchi subyekt anglab etganligini nazarda tutsak, hozirgi kunda respublikamiz iqtisodiyotiga investitsiyalarni, xususan, xorijiy investitsiyalarini kengroq jalb etish, ularning mamlakatimizda oʻtkazilayotgan iqtisodiy islohotlarning samarali ijrosini ta’minlashning muhim asosiga aylangan. Mamlakatni ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy rivojlanishida investitsiyalarining jumladan, xorijiy investitsiyalarning ahamiyati kattadir. Ma’lumki, xar qanday davlat jahon tajribalarini oʻrganmasdan, dunyoning etakchi davlatlari ilm, fan va texnika sohasida erishgan yutuqlarini qabul qilmasdan rivojlanishi mumkin emas.
Xalqaro va milliy darajada investitsiyalarni jalb qilish va moliyalashtirishda etarli tajribalar mavjud. Investitsiyani moliyalashtirish asosan, mamlakatdagi iqtisodiy siyosat, qonunchilik, investitsiyani jalb qilish infratuzilmasini rivoji, darajasi va mamlakatning iqtisodiy ahvoliga bogʻliq boʻladi. Mamlakatimizda sifatli xomashyoning boy resurslari mavjudligi iqtisodiyotimiz uchun investitsiyalarni jalb qilish oʻta zarurligi va shu bilan birga, xom-ashyo resurslar bazasini tayyor mahsulot ishlab chiqarishga qarashimiz zarurligi yaqqol namoyon boʻlib turibdi. Iqtisodiyotni globallashuvi sharoitida jahonda investitsiyalar uchun qat’iy raqobatli kurash izchil davom etmoqda. Tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish, mamlakatimiz iqtisodiyotiga bevosita xorijiy investitsiyalarning jalb qilinishini ta’minlaydigan huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa shart-sharoitlarni takomillashtirish, xorijiy investitsiyalarga nisbatan ochiq eshiklar siyosatini oʻtkazish, mablagʻlarni mamlakatning iqtisodiy mustaqqilligini ta’minlovchi ustuvor yoʻnalishlarda hamda raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish bilan bogʻliq yoʻnalishlarda mujassam qilish respublikada oʻtkazilayotgan investitsiya siyosatining asosiy tamoyillaridir.
Xorijiy investitsiyalarni jalb etmay, ayniqsa, etakchi tarmoqlarda chet el investitsiyalari ishtirokini kengaytirmay turib, iqtisodiyotda tarkibiy oʻzgarishlarni amalga oshirish va modernizatsiyalash, korxonalarni zamonaviy texnika bilan qayta jihozlash hamda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish mumkin emas. Mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb etilishi uning iqtisodiy imkoniyatlarining kengayishini tezlashtirib, barcha sohalarda ichki imkoniyatlar va rezervlarni ishga solish, yangi texnika va texnologiyani, eksportbop tovarlarni oʻzlashtirishga, ularni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish orqali davlatimiz iqtisodiy qudratini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Toshkent viloyatida xorijiy investitsiya va kreditlarning ulushi deyarli 26 % ni tashkil etdi 2022- yil yanvar-iyun oylarida Toshkent viloyatida 3741,9 mlrd. soʻm yoki asosiy kapitalga investitsiyalarning umumiy hajmining 25,8 % i xorijiy investitsiya va kreditlari hisobidan amalga oshirilgan. Shundan xorijiy investitsiyalarning hajmi 1912,8 mlrd. soʻmni, jami xorijiy investitsiya va kreditlardagi ulushi 51,1 % ni tashkil qildi. Xorijiy kreditlarning hajmi 1829,1 mlrd. soʻmni, jami xorijiy investitsiya va kreditlardagi ulushi 48,9 % ni tashkil qildi. 2022- yil yanvar-iyun oylarida jami 48,0 trln. soʻm asosiy kapitalga xorijiy investitsiya va kreditlar oʻzlashtirilib, 2021- yilning mos davriga nisbatan oʻsish sur’ati 91,8 % ni tashkil etdi. Uning tarkibida, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya va kreditlar hisobidan investitsiyalar 2021-yilning mos davriga nisbatan 105,2 % ni, Oʻzbekiston Respublikasi kafolati ostida xorijiy kreditlar 44,7 % ni tashkil etdi.
Mamlakatimiz hududlarining barqaror iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash respublikamizda yuritilayotgan iqtisodiy siyosatning muhim yoʻnalishlaridan biri boʻlmoqda. Hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlanishi, turmush sharoitlarining yaxshilanishi ham bevosita ularning iqtisodiyoti rivojlanishi bilan bogʻliq. Mamlakat iqtisodiyoti hududlardan tarkib topgan bir butun tizimni tashkil etgani sababli, uning har bir mintaqasidagi rivojlanishni ta’minlash mamlakatimizning uzluksiz taraqqiyotiga zamin yaratadi. Shunday ekan, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda mamlakat va uning mintaqalarida yaratilgan investitsion jozibadorlik va nisbiy afzalliklar muhim oʻrin tutadi. Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni va yuqori texnologiyalarni, boshqaruv koʻnikmalarini jalb qilish milliy firmalarning ishlab chiqarish usullariga muayyan oʻzgarishlarni olib kiradi. Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar mamlakat iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlash, xududlardagi reurs salohiyatini faolllashtirish, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish hajmini oshirish, texnologiyalarni zamon talablari asosida yangilash, iqtisodiyot tarmoqlarini tarkibiy diversifikatsiyalash, eksportni rivojlantirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish orqali aholi turmush farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston davlat mustaqilligiga erishgan dastlabki yillardan boshlab milliy iqtisodiyotni rivojlantirishning oʻziga xos yoʻnalishini belgilab oldi. U iqtisodiyotning rivojlanishi va barqarorligida investitsiyalarning beqiyos oʻrin tutishini oʻz vaqtida toʻgʻri anglab etganligining natijasida investitsiyalarga, xususan, chet el investitsiyalariga boʻlgan e’tiborning kuchayishi yuz berdiki, bu esa bugungi kunga kelib mamlakatimizdagi investitsiya faoliyatining rivojlantirilishiga olib keldi.Chet el investitsiyalari mohiyat jihatidan oʻz milliy investitsiya muhitini oʻzga muhitga almashtiradi. Xavfsizlik, daromaddorlik, kapitallashuv va likvidlikdan tashqari chet el investitsiyalarining oʻziga xos muhim belgisi aniq maqsadlarni koʻzlashi hisoblanadi. Chet el investitsiyalari bir iqtisodiyot subyektlari kapitallarini boshqasiga bogʻlab qoʻyish boʻlib, bunga oʻziga xos qoʻshimcha risklari, huquqiy sharoitlarning, investitsiya muhitining oʻzgarishi xos boʻlib, natijada mamlakatlar va mintaqalar boʻylab kapital koʻchishi yuz beradi. Bularning barchasi kapitalni eksport qiluvchi mamlakatdagi investitsiya muhitiga qaraganda yanada qulayroq muhitni yaratishni obyektiv zaruratga aylantiradi. Chet el investitsiyalari oqimi koʻpgina aktivlar olib kelish bilan birga kapitalni import qiladigan mamlakatda soliq, ijara va boshqa tushumlarini koʻpayishini ta’minlab beradi.
Hududlarga xorijiy investitsiyalarni jalb etish mamlakatimizga xorijiy investitsiyalar koʻmagida korxonalarga zamonaviy texnik-texnologiyalar joriy qilib, eksportga moʻljallangan mahsulotlar ishlab chiqarish rivojlanadi, import oʻrnini bosuvchi ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, va buning uchun xorijiy investitsiyalarni iqtisodiyotning ustuvor sohalariga yoʻnaltirish va pirovardida aholining turmush darajasini oshirish imkoni yaratiladi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini jadallashtirish orqali oʻsib borayotgan aholini ish joylari bilan ta’minlashga koʻmaklashadi, korxonalarning eskirgan ishlab chiqarish quvvatlari, moddiy-texnik bazasi yangilanadi va texnik qayta qurollanadi, tabiiy resurslarni qayta ishlovchi korxonalar barpo etiladi.
Birinchidan, iqtisodiyot tarmoqlariga xorijiy investitsiyalarni jalb etishni kelgusida takomillashtirish yuqori iqtisodiy oʻsish sur’atlariga erishishga, yangi turdagi raqobatbardosh mahsulotlarning ishlab chiqarilishiga va eng muhimi mamlakatimiz mintaqalarida yangi ish oʻrinlarining yaratilishiga, shu orqali aholi turmush tarzining yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi. Xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish asosida ishlab chiqarishga zamonaviy texnika va texnologiyalarni joriy etib, eksportga moʻljallangan mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantiradi. Hukumat kafolati asosidagi xorijiy investitsiyalarning jalb qilinishi chet ellik investorlarda mamlakatimiz iqtisodiyotiga qiziqish uygʻotadi.
Ikkinchidan, import oʻrnini bosuvchi tovar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish va buning uchun xorijiy investitsiyalarni iqtisodiyotni ustivor sohalariga yoʻnaltirish, pirovardida, aholining me’yordagi turmush darajasini ta’minlashga imkon yaratadi.
Uchinchidan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini jadallashtirish orqali oʻsib borayotgan aholini ish joylari bilan ta’minlaydi.
Toʻrtinchidan, korxonalarning eskirgan ishlab chiqarish quvvatlarini, moddiy texnika bazasini yangilaydi va texnik qayta qurollantiradi, tabiiy resurslarni qayta ishlovchi korxonalarni barpo etishga koʻmaklashadi.
Mamlakatimizda xorijiy investitsiyalarni milliy korxonalarga jalb etishda quyidagi ustuvor yoʻnalishlarni belgilash maqsadga muvofiqdir:
•qishloq xoʻjalik mahsulotlarini chuqur qayta ishlash sohalarini rivojlantirish;
•mineral xom ashyo resurslarini, shu jumladan, neft va gazni qazib chiqarish,
qayta ishlash boʻyicha ekologik ishlab chiqarishni tashkil etish;
•transport va telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish;
•iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ilm talab va jahon bozorlarida raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish;
•turizm sohasini rivojlantirish, xalqaro va ichki turizmning zamonaviy infratuzilmasini yaratishga erishish.
Erishilgan yutuqlar bilan birga bu borada toʻsiq va kamchiliklar mavjud. Mamlakatni investitsiya iqlimi holatini belgilaydigan asosiy koʻrsatkich boʻlgan, bevosita xorijiy investitsiyalar oqimining etarli darajada koʻpaymaganligini koʻrsatish mumkin. Shu nuqtai nazardan ham xorijiy investitsiyali korxonalar faoliyatini jonlantirish va bevosita xorijiy investitsiyalar oqimini maqsadida quyidagi tadbirlarni amalga oshirilishi kerak:
1. Mamlakat investitsiya iqlimini yaxshilash va echimini topish maqsadida, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar mutaxassislari, hududiy hokimliklarining mutaxassis vakillari, investitsiya imkoniyatiga ega boʻlgan yirik kompaniya va korxonalar rahbarlari hamda respublikaning investitsiyalar sohasidagi etuk olimlari ishtirokida, keng jamoatchilik oʻrtasida ochiq muloqot tashkil qilinib, mavjud muammolar oshkoralik bilan har tomonlama muhokama etilishi lozim. Shu asosda masalaga keng jamoatchilkk fikrini jalb qilgan holda, mutaxassislar, olimlar va amaliyotchilar oʻrtasida ilmiy va iqtisodiy asoslangan yagona investitsiya siyosatini, shuningdek, qabul qilingan qonun va qarorlarni amalda ishlash mexanizmini ishlab chiqish va hayotiyligini ta’minlash lozim.
2. Investitsiyalar oqimiga (nafaqat xorijiy, balki koʻp tomonlama ichki investitsiyalar taalluqli) ta’sir qiluvchi omillardan biri sifatida marketing tadqiqotini zaif olib borilayotgani, natijada koʻplab ishlab chiqarilgan mahsulotlar omborlarda qoldiq boʻlib qolayotganligi koʻrsatilmoqda. Bu muammoni faqat investitsiyalarning oʻziga bogʻliq qaratilib, echim izlamasdan, aholi va korxonalarning iste’mol qobiliyatini koʻtarish, ishlab chiqarilgan tovarlar va xizmatlarga iisbatan sogʻlom talab darajasini oshirish nuqtai nazaridan qaralishi maqsadga muvofiq boʻladi.
3. Korxonalarning moliyaviy koʻrsatkichlari hamda iqtisodiy indikatorlar haqida holis va ishonchli axborot ta’minoti hamon yaxshi yoʻlga qoʻyilgani yoʻq. Bu masalani hal qilish uchun muqobil va mustaqil nodavlat axborot agentlarini tashkil qilinishi lozim. Oʻzbekiston investitsion muhitni takomillashtirish xorijiy kapitalni jalb qilish qulay makroiqtisodiy siyosatni shakllantirish boʻyicha ish olib borish muhim hisoblanadi. Buning uchun inflyatsiya darajasini past darajada ushlab turish, inflyatsiyaning investitsion loyihalarni qiymatini oʻsishiga ta’sirini kamaytirish, xorijiy investitsiyalar tarkibida bevosita xorijiy investitsiyalar miqdorini keskin koʻpaytirishga koʻproq e’tibor qaratish kerak. Investitsiyalarni real ishlab chiqarish sohasiga, birinchi navbatda xom-ashyoni qayta ishlovchi tarmoqlarga jalb etish lozim. Oʻzbekistonda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish va rivojlantirishda tashqi iqtisodiy omillardan samarali foydalanishga erishish uchun quyidagilarni aytib oʻtish joizdir:
1. Xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda ichki muhitni yaxshilash, soliq yukini kamaytirish va soliq tizimini soddalashtirish, xorijiy investitsiyalarni roʻyxatga olish tizimini soddalashtirish.
2. Xorijiy sarmoyadorni qiziqtiruvchi sohalar, obyektlarni aniqlash va ular toʻgʻrisidagi ma’lumotlar majmuini shakllantirish, biznes rejalar va ularni iqtisodiy rivojlantirish loyihalarini ishlab chiqish va iqtisodiy jihatdan manfaatli boʻlgan sohalarga chet el kapitalini jalb qilish.
3. Eksportda qayta ishlangan, tayyor mahsulotlar salmogʻini koʻpaytirish, ayniqsa, paxta va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarni qayta ishlashni oshirish va bu sohaga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish.
4. Import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni hamda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni rivojlantirish uchun yirik ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik korxonalari bilan samarali aloqasini ta’minlash zarur, ya’ni yirik korxonalarga yarim tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlarni etkazib beruvchilari boʻlishlari zarur.
5. Eksportga ishlaydigan kichik korxonalarni koʻpaytirish va ularni samarali faoliyat yuritishlari uchun etarli shart-sharoitlar yaratish va davlat tomonidan imtiyozli kredit liniyalari hajmini oshirish hisoblanadi.
Xulosa
Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali iqtisodiyotda tub o’zgarishlarni amalga oshirish imkonini beradi va bu iqtisodiyotda yangi ish o’rinlarini tashkil etish va rivojlanish garovi bo’lib xizmat qiladi. Iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoyitida Yurtimizga zamonaviy texnoligiyalar olib kelib, sanoat ishlab chiqarishini yangilash va modernizatsiyalash jarayonlarini olib borishni investitsiya faoliyatisiz tasavvuz etib bo’lmaydi. Investitsiya loyihalarini jalb qilish nafaqat davlat iqtisodiyotini yuksaltiradi, balki aholi turmish darajasini yaxshilashda ham katta samara beradi. Yani maishiy muhtojliklarning katta bo’limi qanoatlantiriladi, ishlab chiqarish kengayadi, yangi mehnat kuchlari shakillanadi, eski va og’ir mehnat turmishidan yangi, yengil va samarali mehnat faoliyatiga o’tiladi. Davlatning kelajakdagi iqtisodiy yuksalish darajasini bugingi jalb qilingan investitsiya loyihalari va investitsion jarayonlar belgilab beradi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Shernaev, A. A. Principles and methods of organization of the internal tax control system in joint stock company. International Journal of Economics, Business and Management Studies-ISSN, 2347-4378.
2. Shernaev, A. A. (2021). Strategik rivojlanish sharoitida mahalliy byudjetlar daromadlarini takomillashtirish yoʻnalishlari. Студенческий вестник, (20-14), 74-76.
3. Шернаев, А. А. (2020). Совершенствование налогового планирования в акционерных обществах-как механизм повышения эффективности финансового менеджмента. Экономика и общество, (4), 20-28.
4. Shernaev, A. A. (2021). Sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirishda mahalliy byudjetlarning rolini oshirish masalalari. Интернаука, (20-7), 58-60.
5. Шернаев, А. А. (2020). Налоговое планирование в системе обеспечения финансовой безопасности в акционерных обществах. Интернаука, (12-2), 43-45.
6. Jumanazarova, Z. J., Shernayev, A. A. (2020). Budjetdan tashqari jamg ‘armalar moliyaviy resurslarini shakllantirish va taqsimlash amaliyotini takomillashtirish yo ‘nalishlari. Студенческий вестник, (1-6), 87-89.
7. Shernaev, A. A. (2020). On the issue of the efficiency of taxation of joint stock companies. Экономика и бизнес: теория и практика, (9-2), 149-152.
8. Шернаев, А. А. (2020). Совершенствование налогового планирования в акционерных обществах-как механизм повышения эффективности финансового менеджмента. Экономика и общество, (4), 20-28.
9. Xamdamova, R. R. Q., Shernayev, A. A. (2022). Xalqaro moliya bozoridagi
10. Кабулов, Х. А. (2020). ПРИОРИТЕТНЫЕ ВОПРОСЫ СТРАТЕГИИ
РАЗВИТИЯ ДОХОДНОГО ПОТЕНЦИАЛА РЕГИОНА. ЭКОНОМИКА И БИЗНЕС теория и практика № 9-1 (67), 9(1), 147.
11. Kobulov, K. (2020). Modeling the processes of forming a strategy for the revenue potential of local budgets. Архив научных исследований, 35.
12. Nurulloyev, J. A. O. G. L., Shernayev, A. A. (2022). Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi shakllanishining joriy holati tahlili va undagi iqtisodiy-moliyaviy munosabatlar. Science and Education, 3(2), 1495-1501.
13. Nomozov, B. R. O. G. L., Shernayev, A. A. (2022). Ta’lim sohasi xarajatlarini rejalashtirish va moliyalashtirish masalalari. Science and Education, 3(2), 1489-1494.
14. Шернаев, А. А. (2021). АКЦИЯДОРЛИК ЖАМИЯТЛАРИДА СОЛИҚЛАРНИ РЕЖАЛАШТИРИШ: ХУСУСИЯТЛАРИ ВА УСЛУБИЁТИ МАСАЛАЛАРИ. Science and Education, 2(3), 454-469.
15. Jovmirov, A. R. O. G. L., Shernayev, A. A. (2022). Jahon savdosini moliyalashtirishning zamonaviy yoʻllari. Science and Education, 3(3), 1119-1127.
16. Kobulov, K. (2020). СТРАТЕГИЯ РАЗВИТИЯ ДОХОДНОГО ПОТЕНЦИАЛА РЕГИОНА В УСЛОВИЯХ ИННОВАЦИОННОГО РАЗВИТИЯ ЭКОНОМИКИ. Архив научных исследований, 35.
17. Кобулов, Х. А. (2020). Обеспечения финансовой устойчивости местных бюджетов путем улучшения финансового потенциала региона. In Современная наука: актуальные вопросы, достижения и инновации (pp. 47-49).
18. Naimov, S. O. O. G. L., Shernayev, A. A. (2022). Xalqaro valyuta bozori
va O‘zbekistonda valyuta operatsiyalarini rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari. Science and Education, 3(1), 1099-1103.
19. Amirqulov, B. R. O. G. L., Shernayev, A. A. (2022). Davlat maqsadli
fondlari moliyaviy resurslaridan samarali foydalanish yo ‘nalishlari. Science and Education, 3(1), 1048-1053.
http://fayllar.org
|