2-reja. Globallashuvning sabablari va tasnifi
XX asr oxirida ro‘y bergan, o‘z ahamiyati va oqibatlariga ko‘ra olamni titratgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar, fan-texnika taraqqiyotining intensiv rivojlanishi insoniyat oldiga bir qator muammo masalalarni qo‘ydi. Insonni jamiyat a’zosi sifatida yashab qolishi taqdiri ana shu masalalarning oqilona hal qilinishiga bog‘liq bo‘lib qoldi.
Hal qilinishi va shu jumladan falsafiy jihatdan ham tushunib yetilishi lozim bo‘lgan ushbu masalalar qatorida «global» ahamiyatga ega deb e’tirof etilgan harbiy, ekologik va demografik xususiyatga ega bo‘lgan xavf-xatarlar bor. Muhim muammolar ro‘yxati, tabiiyki, ana shu xavf-xatarlarning o‘zi bilan cheklanmaydi. Ayrim tadqiqotchilar jahon hamjamiyati zudlik bilan hal qilishi kerak bo‘lgan ikki-uchtadan taxminan o‘ntagacha muhim muammolarni qayd etadilar. Bu, yuqorida qayd etilgan muammolardan tashqari, eng avvalo, dunyoning rivojlangan mamlakatlari aholisi bilan «rivojlanayotgan» mamlakatlarning ko‘p sonli o‘ta qashshoq aholisi o‘rtasidagi iqtisodiy tafovut muammosi («Shimol-Janub» muammosi); salomatlik (ayniqsa, OITS) muammosi, energetika va oziq-ovqat muammolari, hozirgi mineral-xom ashyo inqirozi va b1. Ushbu ro‘yxatni cheksiz davom ettirish mumkin, chunki sayyoramizda hal qilinishiga odamlar, xalqlar, qit’alar va butun insoniyatning taqdiri ko‘p jihatdan bog‘liq bo‘lgan yangidan-yangi, ba’zan ancha keskin, tashvishli muammolar muttasil yuzaga kelmoqda.
Shu munosabat bilan ushbu mavzumizning asosiy vazifasi global muammolar xavfining kuchayishi va ularni talabalar tomonidan falsafiy jihatdan anglab yetishi zarurligi bilan bog‘liq bir qancha masalalar qo‘yishdan iborat.
Gap shundaki, agar ayrim global muammolar, chunonchi, yangi jahon urushining oldini olish va jahonga xavf solayotgan xalqaro terrorizm muammolariga nisbatan ularning oldi olinishi va tugatilishi zarurligi hyech kimda shubha uyg‘otmasa, boshqa xavflarga nisbatan odamlarning munosabatlari har xil va ancha qarama-qarshidir.
Hatto ekologiya muammosini ko‘pchilik aqlan bilan tushunsada, lekin doim o‘zi uchun ham xavfli ekanini anglayvermaydi.
Bu, masalan, yer resurslarining kamayishi, atrof muhit, atmosfera va jahon okeani suvining ifloslanishi, odamlar yashaydigan muhitga texnogen ta’sirning kuchayishi muammolaridir. Ammo ushbu xavflarni ko‘pchilik anglab yetayotgani yo‘q, chunki tabiatda ham, jamiyatda ham toki shu xavflar o‘z rivojlanishida xatarli bosqichga yetmagunicha, odamga ko‘rinmaydigan, sezilmaydigan xavfli jarayonlar borligini odamlar anglab yetmaydilar.
Chernobil halokati ham shunday bo‘ldi. Zaxarlangan, inson hayoti uchun xavfli hududda odamlar hamon yashashda davom etmoqdalar. Buni biz Orol dengizi muammosi misolida ham ko‘rishimiz mumkin. I.Karimov so‘zlari bilan aytganda, Orol tangligi insoniyat tarixidagi eng yirik ekologik va inson hayoti fojialardan biridir. Dengiz havzasida yashaydigan qariyb 35 million kishi ko‘z o‘ngida butun bir dengizni qurishi va uning salbiy oqibatlarini totishga mahkum etiladi.
Hozirda deyarli butun sayyoramizni qamrab olgan demografik portlash xavfi ham zudlik bilan falsafiy jihatdan tahlil etishni talab qiladi.
Agar ekologik vaziyat jahonning bir qancha davlatlarida, xususan, O’zbekistonda nazorat ostiga olingan va bu yerda atrof muhitni saqlab qolish bo‘yicha muayyan chora-tadbirlar ko‘rilayotgan bo‘lsa, dunyoning boshqa mintaqalarida oz sonli xalqaro, asosan jamoat tashkilotlari (Rim klubi, yashillar harakati – Grinpis) tabiat, o‘simlik va hayvonot olamini himoya qilishga chorlamoqda. Demografik muammolarga kelsak, ularga aksariyat hollarda e’tibor berilmayapti, dolzarb muammolar deb qaralmayapti.
Buning o‘z obyektiv va subyektiv sabablari bor. Bugungi kunda yer kurrasi aholisining soni olti milliarddan oshib ketgani, aholi har yili 100 million kishiga ko‘payayotgani ko‘pchilikda nari borsa qiziqish uyg‘otadi. Ular aholining o‘sishida o‘zi uchun xavf ko‘rmaydi. Buning ustiga, musulmon dunyosidagi ko‘pgina mamlakatlarda diniy va mahalliy urf-odatlar va an’analar bola tug‘ishni rag‘batlantiradi va tug‘ishni cheklashga bo‘lgan urinishlarga qarshilik ko‘rsatadi. Yaponiya, Xitoy va ayrim boshqa mamlakatlar (Hindiston)dan tashqari, aksariyat davlatlarning hukumatlari o‘z mamlakatlari aholisining o‘sishini o‘z fuqarolarini ta’minlash bo‘yicha mavjud iqtisodiy va oziq-ovqat imkoniyatlari bilan muvofiq holatga keltirish yuzasidan keskin choralar ko‘rmayaptilar yoki ko‘rishni istamayaptilar.
Boshqa tomondan, Yevropaning bir qancha mamlakatlarida, Boltiqbo‘yida va ayniqsa Rossiyada aholi soni keskin kamayib bormoqda. Rossiyaga nisbatan bu yerda bir muhim xususiyatni ko‘rsatish mumkin: aholi orasida, ayniqsa, slavyan millatiga mansub aholi hamda Shimol, Sibir va Uzoq Sharq xalqlari aholisi orasida tug‘ilish keskin kamaydi, ayni vaqtda, turkiyzabon va Shimoliy Kavkaz xalqlari orasida aholi sonining ko‘payishi kuzatilmoqda.
Shunday qilib, XX asrning ikkinchi yarmida va ayniqsa, ikki mingyillik chegarasida insoniyat global muammolar changalida qoldi.
Hozirda «global muammolar» atamasi umumiy qabul qilingan bo‘lsa-da, sotsiologlar va faylasuflar unga har xil ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va g‘oyaviy mazmun kiritadilar. Ayrimlar global muammolarning ijtimoiy-iqtisodiy tabiatini kamaytirib ko‘rsatsalar, ayrimlar ushbu muammolarni faqat jamiyatning tabiatga ta’sir ko‘rsatish texnik vositalari haddan tashqari ko‘paygani va uning xo‘jalik faoliyati ko‘lami kengaygani bilan emas, balki ijtimoiy rivojlanishning tartibsizligi, notekisligi, rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy tengsizlik, transnasional korporasiyalar daromad va joriy nafni ko‘zlab, butun jamiyatning uzoq muddatli manfaatlariga zid ish tutayotgani bilan ham bog‘liq ekanidan kelib chiqadilar1.
Davrimizning global muammolari – XX asrning oxirgi choragida yer kurrasida yuzaga kelgan global vaziyatning qonuniy oqibatidir. Ushbu muammolarning kelib chiqishi, mohiyati va ularni hal qilish imkoniyatini to‘g‘ri tushunish uchun, eng avvalo, global muammolar o‘rni, darajasi va prinsiplarini, ularning mezonlarini aniqlash, bunda, birinchidan, global muammolar umumiy ahamiyatga ega, chunki muayyan inson va butun insoniyat manfaatlariga daxldor ekanini; ikkinchidan, ular obyektiv ekani va ularni rad etish ham, ularga e’tibor bermaslik ham mumkin emasligini; uchinchidan, global muammolarni hal qilmaslik kelajakda halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini qayd etish kerak.
Global muammolarni tasniflashning yana bir muhim jihati ularning gorizontal va vertikal yo‘nalishlardagi darajalarini aniqlashdir.
Gorizontal yo‘nalishda global muammolarning uch guruhi farqlanadi:
termoyadro urushi va xalqaro terrorizm xavfi;
global ekologik muammolar;
hozirgi demografik vaziyat.
Ushbu darajalar, mezonlar va prinsiplar muayyan vaziyatlarda tadqiqotning qo‘yilgan vazifalariga qarab joyi va tartibiga ko‘ra almashishi mumkin.
Shu munosabat bilan insoniyat tarixida yer kurrasi demografik rivojlanishining bir qancha faktlarini keltirib o‘tmoqchimiz. 10 ming yil muqaddam yer yuzida jami 5 mln. kishi, ya’ni hozirgi Moskva aholisining yarmi yashagan; miloddan 5 ming yil oldin yer yuzi aholisi 30 mln. kishi, ya’ni hozirgi O’zbekiston aholisidan sal ko‘proq; milodning boshida – 250 mln. kishi, ya’ni hozirgi MDH aholisiga teng miqdorda bo‘lgan1.
|