Samarqand iqtisodiyot va servis instituti «moliya» kafedrasi




Download 25,02 Mb.
bet62/136
Sana24.09.2024
Hajmi25,02 Mb.
#272174
1   ...   58   59   60   61   62   63   64   65   ...   136
Bog'liq
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti «moliya» kafedrasi

2-chizma. Qayta sug’urta48
Xalqaro amaliyoђda nisbiy qayta sug‘urta mexanizmidan keng foydalaniladi. O‘zbekiston sug‘urta bozorida sug‘urta tashkilotlari tomonidan mazkur sug‘urta mexanizmidan foydalanilsada, talab darajasida rivojlanmagan. O‘z navbatida nisbiy qayta sug‘urta ikki kichik turidan tarkib topgan. Ular – kvotali qayta sug‘urta va ekssedent summasi asosida nisbiy qayta sug‘urta turlaridir.
Kvotali qayta sug‘urta .Kvotali qayta sug‘urtalash shartnomasida sedent qayta sug‘urtalovchiga riskning berilgan turi bo‘yicha hamma ulushni berishga, qayta sug‘urtalovchi esa bu ulushni qabul qilib olishga majburdir. Odatda qayta sug‘urtalash ulushi sug‘urta summasiga nisbatan % (foizda) hisoblanadi. Ba’zida qayta sug‘urtalovchining qatnashishi aniq bir summa (kvota) bilan belgilangan bo‘ladi. Bundan tashqari bunday qayta sug‘urtalash shartnomalarida qayta sug‘urtalovchining hohishiga ko‘ra riskning yuqori chegarasi (limit) belgilanadi. Kvotali qayta sug‘urtalash shartnomalari oddiy va sedent uchun qulaydir. Sedent qayta sug‘urtalovchiga ma’lum bir muddatda kelib tushgan sug‘urta badallaridan o‘zining hisobida riskni qtkazgani uchun, komission mukofotni olib qolgan holda proporsional ravishda o‘tkazib beradi. Bu holatlar avvaldan shartnomani tuzishda ko‘rsatilgan bo‘ladi. SHu narsani hisobga olish kerakki, kvotali qayta sug‘urtalash shartnomasi boshqa qayta sug‘urtalash shartnomasidan farqi shundaki, sedentning mukofot puli qolganlaridan ko‘proq bo‘ladi. Bu qayta sug‘urtalovchi uchun yuqori darajadagi sug‘urta badallari kelib tushishini ta’minlaydi. Tahliliy xususiyatda zararlarni boshqarish olib boriladi. Qayta sug‘urtalovchi sedentdan olgan ulushga asos ravishda qo’yilmaning ham ma’lum qismini berib boradi. Odatda qayta sug‘urtalovchi sedentni sug‘urtalovchilar bilan bo‘ladigan xarajatlarda qatnashadi. Kvotali qayta sug‘urtalash ko‘rsatilgan shartlarga qaramasdan u belgilangan maqsadlarga erisholmaydi. Kvotali qayta sug‘urtalash shundayki shartnoma bo‘yicha riskini kamaytiradi.va sedentni sug‘urta portfelini qoplash uchun ketadigan aralashuvni ham kamaytiradi.
Qayta sug‘urtalashning ikkita asosiy shakli mavjud: fakultativ va obligatorli. Dastlab hamma qayta sug‘urtalar fakultativ ravishda amalga oshirilgan. Bu har bir risk qayta sug‘urtalovchiga sug‘urta kompaniyasi tomonidan taklif qilinganligini vm qayta sug‘urtalovchi uni qabul qilishni yoki qabul qilmasligi ham mumkin bo‘lganligini bildiradi. Harakatlarning bunday tarzi katta hajmdagi ma’muriy ishlarni talab qiladi va demakki, anchagina qimmat ham.49
Natijada ancha ommaviy shakl sifatida obligatorli qayta sug‘urtalash shartnomalari paydo bo‘ldi. Sug‘urta kompaniyasi va qayta sug‘urtalovchilar orasida tanlovning ma’lum shartiga to‘g‘ri keladigan hamma risklar qayta sug‘urtalovchiga berilishi haqida bitim tuziladi.Qayta sug‘urtalashning ikkita asosiy shakli ana shunday. Ikkinchisini batafsilroq ko‘rib chiqib, obligatorli qayta sug‘urtalashning ikki turini ajratish mumkin.
Proporsional qayta sug‘urtalash.Qayta sug‘urtalashning ushbu metodiga muvofiq, sug‘urta kompaniyasi o‘z javobgarligida riskning qanday ulushini olib qolishni xohlashligini hal qiladi (shaxsiy ushlab qolish) keyin riskning qolganini proporsional (mutanosib) qayta sug‘urtalash shartnomasi bo‘yicha qayta sug‘urtalovchilarga beradi. “Qayta sug‘urtalovchi” deyishimizga sabab riskda bir yo‘la bir nechta qayta sug‘urtalovchilar ishtirok etishi mumkin va biz buni quyida ko‘ramiz. Mukofotlar va zarar keyin ana shu mutanosiblik bo‘yicha taqsimlanadi. Proporsional qayta sug‘urtalash shartnomasining ikkita tur osti shartnomasi mavjud:
*Kvotali qayta sug‘urtalash shartnomasi. Ushbu shartnoma bo‘yicha shartnomada belgilangan har bir riskning qayd etilgan ulushi qayta sug‘urtalanadi. Masalan, sug‘urta kompaniyasi 80% risk qayta sug‘urtalanishini belgilashi mumkin. Bunda agar summasi 100.000 f.st. bo‘lsa, sug‘urta kompaniyasi o‘zi uchun 20.000 f.stni ushlab qoladi, 80.000 f.st.ni qayta sug‘urtalaydi.
*Har bir riskdan qayd etilgan ulush summasini muqobil berilishi ekssedentini qayta sug‘urtalash shartnomasi o‘z javobgarligi ostida qoladigan risk ulushini aniqlash hisoblanadi. Bu ulush “xususiy chegirma” deb ataladi va kutilayotgan moliyaviy zararlar asosida aniqlanadi. Bu hisob-kitob ushbu risk bilan bog‘liq hamma xavflarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Ko‘pchilik hollarda bevosita sug‘urtalovchi ehtimol tutilgan zararning maksimal miqdorini hisoblab chiqadi.
Fakultativ qayta sug‘urta shartnomasiga qayta sug‘urtachi tomonidan rozilik bildirilgan daqiqadan kuchga kiradi. Obligator qayta sug‘urtalash shartnomasiga asosan sug‘urtachi qayta sug‘urtachiga kelishilgan hududda aniq belgilangan risklar bo‘yicha tuzilgan barcha to‘g‘ridan-to‘g‘ri sug‘urta shartnomalari qayta sug‘urtaga beriladi.50
Obligatorli qayta sug‘urtalash xalqaro amaliyotda ikki xil ma’noni bildiradi:
1) qayta sug‘urtalashning majburiy shakli. Ayrim mamlakatlar qonunchiligiga ko‘ra, ushbu mamlakat hududida faoliyat kqrsatayotgan barcha sug‘urta kompaniyalari qabul qilgan risklarini bir qismini majburiy ravishda qayta sug‘urtalash kompaniyasiga beradi. Bu chora qayta sug‘urtalash orqali chet elga valyuta chiqib ketishini oldini oladi;
2) sug‘urta kompaniyasi (sedent) ma’lum bir sug‘urta turi buyicha riskni qayta sug‘urtalovchiga berishini va o‘z navbatida, qayta sug‘urtalovchi, riskni qabul qilishni nazarda tutuvchi qayta sug‘urtalash shartnomasi. Fakultativ-obligator shartnomasi - sedent qayta sug‘urtalovchi bilan kelishgan toifadagi har qanday sug‘urta riskini berishi, qayta sug‘urtalovchi esa ularni qabul qilishi shart ekanligi haqidagi qayta sug‘urtalash shartnomasi.
Obligator qayta sug‘urta shartnomalarini imzolanishida tomonlar yuzaga keluvchi zararlarni yoki qayta sug‘urtalashga qabul qilingan risklarni qayta sug‘urta qoplamasi bilan ta’minlash shartlarini kelishib olishlari lozim. Obligator qayta sug‘urta shartnomasi «zararlar paydo bo‘lgan yil» «kalendar yili» shartlarida imzolanadi.
Nisbiy qayta sug‘urta (proporsional reinsurance)-qayta sug‘urta shartnomasi bo‘yicha majburiyatlar miqdorini aniqlashning keng tarqalgan usulidir. Nisbiy qayta sug‘urta shartnomasini imzolashda tomonlarning qayta sug‘urta mukofotini to‘lash, zararni qoplash majburiyatlari kelishilgan holda, nisbatda (foizda) belgilanadi. U ikkiga - nisbiy kvotali qayta sug‘urta va ekssendent so‘mmasi asosida qayta sug‘urta turlariga bo‘linadi.
Qayta sug‘urtalashni sotib oluvchilar
* To‘g‘ridan-to‘g‘ri (bevosita) sug‘urtalovchilar. Bu guruh sug‘urtani (hamma) hohlovichlarga sotuvchi oddiy sug‘urtachilardan iborat. Ular sug‘urtalarni biz yuqorida ta’riflagan sabablarga ko‘ra sotib oladilar va ushbu bobda biz bunga batafsil to‘xtalamiz.
* Keptiv sug‘urta kompaniyalari. Bu kompaniyalarning egalari sug‘urta biznesiga tegishli emas va odatda, ular muassis (ta’sischi) kompaniyaga xizmat ko‘rsatadilar. Boshqacha aytganda, ishlab chiqarish kompaniyalari sho‘‘ba firmalarni tashkil qila oladilar, sug‘urta kompaniyalari ularning riskini sug‘urta qiladi. Ushbu Keptiv kompaniyalar hamma riskni o‘zlariga oladigan darajada katta emaslar va odatda himoya uchun qayta sug‘urtalash badal (qoplama)larini qo‘llaydilar. Keptiv riskning bir qismini yoki qayd etilgan foizni olib qolishi mumkin, riskning qolgan asosiy qismi esa qayta sug‘urtalanadi.
* Lloyd sindikatlari
Lloydning har bir sindikati cheklanmagan mas’uliyat (javobgarlik) ostida bo‘lgan individual a’zolardan iborat. Qayta sug‘urta himoyasi ular ehtimol tutilgan xususiy (shaxsiy) yo‘qotishlarini cheklashga yordam beruvchi vosita hisoblanadi.
* Qayta sug‘urtalovchilar
Biz aytib o‘tganlardan oxirgi sotib oluvchi (xaridor) qayta sug‘urtalovchining o‘zi hisoblanadi. Alohida qayta sug‘urtalovchilar ham sug‘urtalanuvchilar yoki bevosita (to‘g‘ridan-to‘g‘ri) sug‘urtalovchilar kabi himoya izlaydilar. Ular kutilmagan yo‘qotishlardan himoyalanmaganlar va qayta sug‘urta himoyasini sotib olish bilan o‘zlarining xususiy moliyaviy barqarorliklarini xavfsizlantirishlari mumkin:
Qayta sug‘urta vositachalari
* Qayta sug‘urtalash brokerlari. Qayta sug‘urtalash o‘zida faoliyatning murakkab va tor ixtisoslashtirilgan sohasini aks ettiradi va sotib oluvchilarga zarur badal (qoplash)ni sotib olishlari yoki ishonchli, qayta sug‘urtalovchilarni tanlashda yordam kerak. Ushbu jarayonda qayta sug‘urtalash brokerlari muhim rol o‘ynaydi. Ularda qayta sug‘urtalash va jahon qayta sug‘urtalanuvchi riski borasida maxsus bilimlar bor.
* Boshqaruv bo‘yicha konsultantlar Keptiv sug‘urta kompaniyalarining o‘sishi kompaniyalar va boshqaruv bo‘yicha konsultantlar (maslahatchilar)ning rivojlanishiga olib keldi. Bu kompaniyalar Keptiv egalari bo‘lgan tashkilotlarga boshqaruv xizmatlarini taklif etadi. Bitta boshqaruvchi kompaniya bir nechta Keptiv kompaniyalar ishlarini nazorat qilishlari mumkin, Keptiv sug‘urta kompaniyasini boshqarish funksiyasigaga esa ko‘pincha qayta sug‘urtalashni joylashtirish ham kiradi.
Qayta sug‘urta sotuvchilari .Qayta sug‘urtalashning asosiy qismi qayta sug‘urtalash kompaniyalari tomonidan sotiladi. Ular katta kompaniyalar bo‘lib, qayta sug‘urtalashga ixtisoslashgan va bevosita (to‘g‘ridan-to‘g‘ri) sug‘urta bilan shug‘ullanmaydilar. Ular, odatda, jahonning turli rayonlarida qayta sug‘urtalashni amalga oshiruvchi xalqaro kompaniyalardir. Ayrim qayta sug‘urtalovchilar yirik ko‘p tarmoqlik sug‘urta kompaniyalariga tegishli bo‘ladi, lekin o‘z faoliyatini to‘liq mustaqil amalga oshiradi.51
* Bevosita sug‘urtalovchilar
Sug‘urta kompaniyalari ham qayta sug‘urtalashni qabul qiladilar. Ulardan boshqa sug‘urta kompaniyalari yoki qayta sug‘urtalovchilar qabul qilishni so‘rashlari mumkin. SHu bilan birga, ular qayta sug‘urtalash bozorida sotib oluvchi rolida ham, sotuvchi rolida ham chiqishlari mumkin.
* Keptiv sug‘urta kompaniyalari. Keptiv sug‘urta kompaniyalari ham, masalan, risk asosiy kompaniyadan qabul qilinmaganda, qayta sug‘urtalashning etkazib beruvchisi bo‘lishi mumkin. Bu ko‘pincha “riskni uchinchi shaxsdan qabul qilib olish” deb ataladi. Ko‘pchilik hollarda bunday risklarning ulushi ko‘p bo‘lmaydi. Ayrim risklar boshqa Keptivlardan yoki hatto boshqa sug‘urta kompaniyalardan ham qabul qilinishi mumkin va buning hisobiga Keptiv sotuvchi ham, sotib oluvchi ham bo‘lishi mumkin.
* Pullar (Rool)
Risk juda katta bo‘lgan hollarda talab qilinganlarning hammasini ham qayta sug‘urtlash imkoni bo‘lmaydi. Bu muammoni hal qilish va himoya yaratish maqsadida ko‘pincha pullar tashkil etiladi. Ular risklarni qabul qilishda o‘xshash muammolarga duch kelgan kompaniyalar, masalan, neft qazib chiqaruvchi platformalar yoki zilzila kabi yuqori riskka ixtisoslashganlar tomonidan tashkil etiladi. Pulga qo‘yilmalar anderrayterning homiyligiga asoslangan bo‘lishi lozim va shu tariqa ishtirokchilar riskni taqsimlashda yagona yondoshuvga erishishlari mumkin.
*Lloyd sindikatlari
Lloyd sindikatlari bitta bozorda ham sotuvchi, ham sotib oluvchi sifatida bo‘ladilar. Sindikatlar tomonidan qabul qilinadigan risklarning katta ulushi mohiyatiga ko‘ra qayta sug‘urtalash hisoblanadi.
Birgalikda va qayta sug‘urtalashni taqqoslash
Quyida birgalikda sug‘urtalash va qayta sug‘urtalash orasidagi farqlar ko‘rsatilgan. Sxemada har bir holatda etakchi yoki birinchi sug‘urtachi riskning 40%ni chegirib qoladi. Farq tomonlarning o‘zlari orasidagi munosabatdagina yuzaga keladi.
Xorij mamlakatlari qayta sug‘urta tizimini tashkil topishi.Ba’zi davlatlarda qayta sug‘urta munosabatlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri tartibga soluvchi maxsus qonunlar – masalan, qayta sug‘urta va qayta sug‘urta shartnomalarini tuzish to‘g‘risida qonunlar mavjud bo‘lmasada, sug‘urta va sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi qonunlarning ayrim nizomlari qayta sug‘urta shartnomasining tomonlari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Kup milliy konunchiliklarda qayta sug‘urtaning faqat mohiyatini ochib beruvchi umumiy qoidalar o‘z aksini topgan. Argentinaning 1967 yilda qabul qilgan «Sug‘urta to‘g‘risida”gi qonunida qayta sug‘urta shartnomasiga sug‘urtalangan riskni keng miqyosda, sug‘urtachilar o‘rtasida taqsimlash usuli deb ta’rif beradi.
Germaniyada qayta sug‘urta deb sug‘urtachini sug‘urtalash tushuniladi. Izroilda, 1981 yilda kabul qilingan «Sug‘urta shartnomasi» to‘g‘risidagi qonunning 72- moddasiga asosan konun normalari qayta sug‘urta shartnomalariga tadbiq qilinmaydi. SHunga qaramasdan sug‘urtaga berilgan umumiy ta’rif qayta sug‘urtaga ham ta’luklidir. «Sug‘urta kompaniyalari to‘g‘risida”gi Sloveniya konunida me’yoridan oshgan majburiyatni sug‘urtalash qayta sug‘urta tushunchasini berishi bildirilgan.
Ma’lumki AQSHda sug‘urtalash Federal qonunlar bilan tartibga solinmaydi, har-bir shtat sug‘urta sohasida o‘zining fuqarolik va ma’muriy konunlariga ega.
AQSH qonunchiligida qayta sug‘urtaning mohiyatini aniqlash va tushunish bo‘yicha quyidagi sud qarorlarini kirishimiz mumkin: «Jami riskni yoki riskning bir qismini bir sug‘urtachi tomonidan ikkinchi sug‘urtachiga, to‘lovlar evaziga berish”.«Qayta sug‘urta-bu, bir sug‘urtachi tomonidan ikkinchi sug‘urtachini oldin kabul qilgan risklaridan ximoya qilish xaqidagi shartnoma yoki to‘lov evaziga bir tomon boshqa tomonni sug‘urtachi va uchinchi shaxs o‘rtasidagi oldin tuzilgan mustaqil shartnomaning bajarilishi bilan boglik zararlar va majburiyatlardan kisman yoki tulik ximoya qilish to‘g‘risidagi shartnoma.
Ko‘plab davlatlarning «Sug‘urta shartnomasi to‘g‘risida”gi qonunlarida “mazkur qonun qayta sug‘urta munosabatlarini tartibga solmaydi” degan tushuncha bilan chegaranilgan (Germaniyaning “Sug‘urta shartnomasi to‘g‘risida”gi Qonunining 186- moddasi yoki SHveysariyaning «Sug‘urta shartnomasi to‘g‘risida»gi Qonunining 101 moddasi), yoki ba’zi qonunlarda qayta sug‘urtaga ruxsat berilishi yoki faqat dengiz sug‘urtasining shartnomalari uchun ruxsat berilishi ta’kidlanib, uning aniq tartibi to‘g‘risida belgilanmagan.
Qayta sug‘urta munosabatlarni tartibga soluvchi muhim huquqiy manbaa - bu, qayta sug‘urta shartnomasining o‘zi hisoblanadi.
O‘zbekiston sug‘urta bozorida sug‘urta tashkilotlarining qayta sug‘urta operatsiyalari O‘zbekiston Respublikasining “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni va Fuqarolik Kodeksining 52 bobi asosida amalga oshiriladi.
To‘g‘ridan to‘g‘ri sug‘urtadagi kabi, qayta sug‘urta sohasida ham qayta sug‘urta biznesining konsentratsiyalashuvi, qayta sug‘urtachilarning bir biriga qqshilishi, birlashishi dunyoda qayta sug‘urtachi jamiyatlarning sonini kamayishiga olib kelmokda. Faqat 1985 yildan 1996 yillar maboynida AKSHda ruyxatga olingan qayta sug‘urtachi jamiyatlarining soni 97 tadan 72 taga kamaygan va bu kamayish tendensiyasi hozirgacha davom etmoqda.
Barchaga ma’lumki, Yevropa rivojlangan mamlakatlarida sug’urta sohasi iqtisodiyotning ajralmas sohalaridan biri hisoblanadi. Sug’urta sohasining iqtisodiyotga ko’rsatidigan ijobiy ta’siri katta salmoqqa ega bo’lib, ushbu soha bo’yichaYevropa mamlakatlarida katta tajriba to’plangan. O’zbekiston Respublikasida sug’urta sohasining shakllanish bosqichini kechirayotganligini hisobga olsak, xorij tajribasini o’rganish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlash mumkin. Yevropa mamlakatlarida Germaniya o’ziga xos rivojlangan sug’urta tizimiga egaligi bilan ajralib turadi. Germaniya sug’urta bozori o’ziga xos rivojlanish bosqichlarini bosib o’tib bugungi kunga kelib dunyo yuqori rivojlangan sug’urta tizimiga ega davlat hisoblanadi. Shuning uchun, sug’urta sohasi keng taraqqiy etgan Germaniyaning tajribasini o’rganib chiqish maqsadga muvofiqdir. Germaniya sug’urta bozori nihoyatda yirik sug’urta tashkilotlarining mavjudligi bilan ajralib turadi. Mazkur tashkilotlarning chet davlatlardagi faoliyati ham katta salmoqqa ega. Ma’lumki, XX asrning 90 yillaridan boshlab, Sharqiy Yevropada yalpi ichki mahsulotning o’sish sur’atlari osha boshladi. Bu Evropa sug’urtalovchilari uchun o’z faoliyatini geografik jihatdan kengaytirishga imkon berdi. Hozirgi kunda SHarqiy va Markaziy Evropada etakchilik qilayotgan nemis sug’urta tashkilotlaridan Allianz, AXA-Colonia, ERGO kabilarni keltirish mumkin. Ular asosan CHexiya, Slovakiya, Vengriya, Polsha va Boltiq bo’yi mamlakatlarida etakchilik qiladilar.
Germaniya sug’urta bozorining yana bir o’ziga xos tomoni sug’urtalovchilarning yangi axborot texnologiyalaridan, xususan internetdan keng foydalanishlaridir. Internetning keng miqyosda ommalashuvi Yevropa sug’urta bozoriga o’z ta’sirini o’tkazmasdan qolmayapti. Uning afzalligi shundan iboratki, internet sug’urta shartnomasining vositachilarsiz bevosita tuzish imkonini beradi. Bundan tashqari, internetning umumjahon ahamiyatga ega ekanligi sug’urtalovchilar uchun sug’urta maydonini kengaytirish imkonini beradi. Sug‘uratlovchilar agentlik tizimini saqlab qolgan holda o’z xizmatlarini internet orqali sotish uchun o’z saytlarini yaratmoqda. Ba’zi sug’urtalovchilar esa faqatgina internet orqali xizmatlarni sotishga ixtisoslashmoqdalar. Masalan, nemis sug’urtalovchi Hamburg-Mannheimer internet orqali sug’urta xizmatlarini sotuvchi shu’ba korxonasini tashkil qilgan. Lekin, internet orqali sug’urta xizmatlarini sotishning uchinchi shakli ham ma’lum darajada rivojlandi. Bunda bir nechta sug’urta tashkilotlari o’z sug’urta xizmatlari to’g’risidagi ma’lumotlarni bir saytga joylashtirmoqdalar. Mazkur tadbir sug’urta xizmatlarini standartlashtirish va narxlarning egiluvchanligini ta’minlashga olib kelmoqda. Germaniyaning yirik sug’urtalovchilari sifatida «Koloniya» sug’urta jamiyati, «Gerling» sug’urta konserni va «Alyans» sug’urta kompaniyasini keltirish mumkin. Bu kompaniya jahonning 10 ta yirik sug’urta kompaniyalari ro’yxatiga kiradi.
Jahon sug’urta bozorida eng katta salmoqqa ega bo’lgan davlatlardan biri bo’lgan, AQSHning sug’urta sohasidagi tajribasini o’rganish muhim ahamiyatga ega. AQSH sug’urta bozori jahonda tutgan ulushi bo’yichabirinchi o’rinda turadi. Amerika sug’urta tashkilotlari rivojlangan mamlakatlar sug’urta bozorlarining taxminan 50%ini qamrab olganlar. AQSHda 8 mingga yaqin mol-mulk sug’urtasi va 2 mingga yaqin hayot sug’urtasi sohasidagi kompaniyalar o’z faoliyatini yuritib bormoqda.
Qayta sug’urtalash bozorini jahon talablariga mos ravishda rivojlantirish va xalqaro sug’urta bozorida faoliyat olib borish uchun xorijiy mamlakatlar tajribasini o’rganish muhim rol o’ynaydi. Xalqaro sug’urta bozorida dunyoning yirik sug’urta kompaniyalari birgalikda sug’urta qilish va qayta sug’urtalash operatsiyalarini amalga oshirish uchun birlashadilar. Dunyoning yetakchi sug’urta va qayta sug’urtalash hamda risklarni diversifikatsiya qilish brokeri “Aon benifield” ning so’ngi tahlil ma’lumotlariga ko’ra yalpi qayta sug’urtalash kapitali dunyo bo’yicha2012 yilda 505 mlrd AQSH dollariga yetgan va o’tgan yilga nisbatan 11 foizga oshgan. Inqiroz davrini hisobga olmaganda barcha yillarda qayta sug’urtash mukofotlarining yildan-yilga o’sib borishi kuzatilgan.
Qayta sug’urtalashni O’zbekistonda yanada takomillashtirish uchun xalqaro amaliyotda qayta sug’urta shartnomalarini tartibga solishda umum e’tirof etilgan ayrim shartlarni o’rganib chiqish yaxshi samara beradi. Xalqaro obligator qayta sug’urtasi shartnomalarida ba’zi shartlar unchalik katta bo’lmagan darajadagi o’zgarishlar bilan qo’llanilishi mumkin. Shartnomada ishlatiluvchi kichik shartlar mazmuni qayta sug’urtaning qanaqa turi qo’llanilishiga qarab o’zgarishi mumkin. An’anaviy kichik shartlarda qayta sug’urta to’lovlarining miqdorini aniqlash texnikasi va hisob-kitobini olib borish usullarining o’ziga xos xususiyatlari bayon qilinadi.
«Taqdir va hisob-kitob orqasidan borish». Ushbu shartga muvofiq, qayta sug’urtachi faqat tashqi sabab bilan ro’y bergan zararlar uchun javobgar hisoblanadi. Tashqi sabab natijasida yuz bergan zarar turiga to’g’ridan-to’g’ri sug’urtachining xatti-harakati bilan bog‘liq bo’lmagan omillar ta’sirida yuzaga kelgan zararlar kiradi. Bu esa, to’g’ridan-to’g’ri sug’urtachi yuzma-yuz to’qnashgan majburiyatlarga qayta sug’urtachi ham duch kelishini bildiradi. Shu sababli, qayta sug’urtachi sedent tomonidan amalga oshirilayotgan to’lovlarni e’tibor bilan kuzatib borishi lozim. "Taqdir orqasidan borish" kichik shartiga muvofiq, sug’urtachi va qayta sug’urtachi zarardagi o’z ulushlarini qabul qilishi zarur. Shu bilan birgalikda, qayta sug’urtachi o’zining manfaatlarini himoya qilish maqsadida, qayta sug’urta shartnomasiga qator shartlar kiritishi mumkin. Masalan, agar sug’urtachi o’z ishini mukammal biluvchi hisoblansa va u hamma vaqt qayta sug’urta shartnomasiga ega bo’lmagan sug’urtachi singari ish yuritsa, «Sug’urtachi sug’urta shartnomasiga o’zi zarur deb topgan o’zgartirishlarni kiritishi mumkin» mazmunidagi qo’shimcha shart qayta sug’urtachi tomonidan qayta sug’urta shartnomasiga kiritilishi mumkin. Yoki, qayta sug’urta shartnomasiga «sug’urtachi qayta sug’urtachining roziligisiz sug’urta shartlariga, anderrayting tamoyillariga mustaqil o’zgartirish kiritish huquqiga ega emas» mazmunidagi kichik shartni belgilab qo’yishi mumkin. Qayta sug’urtachi qayta sug’urta shartnomasi bo’yichaolgan majburiyatni nazorat qilish uchun qo’shimcha shartlar kiritilishi zarur deb hisoblaganda, ushbu mazmundagi shartlar qayta sug’urta shartnomasiga kiritadi. «Hisob-kitob orqasidan borish» tamoyilini amalda qo’llanilishi va uni qo’llashni cheklashlar bo’yichaingliz sudi qarorlaridan misol keltiramiz. 80-yillarning boshlarida AQSHda faoliyat olib borgan to’g’ridan-to’g’ri sug’urtachilar asbest ishlab chiqaruvchilarning javobgarligini sug’urtalash natijasida ko’p miqdordagi zararga duch keldilar. Asbestdan foydalanish natijasida yuzaga kelgan zararni qoplashda qayta sug’urtachini ishtirok etishi to’g’risida Angliya sudi qaror qabul qilgan. Qo’zg‘algan da’voni sudda ko’rib chiqish natijasi jahondagi yirik qayta sug’urtachilarning faoliyatiga ham jiddiy ta’sir qildi. 1984 yilda, Velington bitimiga asosan to’g’ridan-to’g’ri sug’urtachilar guruhi o’z resurslarini birlashtirdi. Birlashtirishning asosiy maqsadlaridan biri, sud harajatlari miqdorini kamaytirish edi. Sud harajatini kamaytirish imkoniyati, bitimni imzolagan har bir to’g’ridan-to’g’ri sug’urtachi uchun paydo bo’ldi. Chunki, bitim a’zolari har bir da’vo bo’yichapaydo bo’lgan majburiyatlarni birgalashib bajarish zarur edi. 1991 yilda majburiyat bilan bevosita bog‘liq bo’lmagan sug’urtachilardan biri o’zining qayta sug’urtachisidan to’lovni amalga oshirishni talab qilib ko’rdi. U o’z talabini qondirishni qayta sug’urta shartnomasida belgilangan «hisob- kitob orqasidan borish» majburiyatiga asosladi. London Oliy sudi sug’urtachiga uning sug’urtalanmagan ob’ekt uchun qayta sug’urta qoplamasi olish to’g’risidagi talabini rad qildi. Shunday qilib, sud "hisob-kitob orqasidan borish" shartiga asoslanib, qayta sug’urtachi qayta sug’urtaga qabul qilmagan sug’urta hodisasi natijasida yuzaga kelgan zararni qoplab bermasligi to’g’risida qaror qabul qildi.
«Hatolar va yanglishishlar haqida kichik shart». Borderoni tuzishda, sug’urta risklarini qayta sug’urta shartnomasiga kiritishda, ular bilan bog‘liq qayta sug’urta mukofotini hisoblashda, zarar miqdorini va undagi qayta sug’urtachining ulushini hisoblashda sug’urtachi tomonidan bilmasdan, ataylab qilinmagan xatolar ushbu kichik shartga asosan, sug’urtachining qayta sug’urta qoplamasi olish huquqidan mahrum qilmaydi. Bu holatlarda, xato va yanglishishlarni topish bilan, sug’urtachi tomonidan qayta sug’urtachi ogohlantirilmog‘i lozim.
Yuqori darajada vijdonlilik tamoyilidan kelib chiqib, qayta sug’urtaga beriluvchi risk miqdorini hisoblashda sug’urtachi o’zaro kelishilgan anderayting tamoyillariga to’liq amal qilishi lozim. To’g’ridan-to’g’ri shartnomani tuzishda sug’urtachi qayta sug’urta shartnomasiga muvofiq, ehtiyotkorlik va batartiblik bilan ish ko’rmog‘i lozim. Qayta sug’urta shartnomasiga taaluqli bo’lgan sug’urtachining kitoblarini, hisob varaqalarini va boshqa shu kabi hujjatlarni tekshirish huquqini qayta sug’urta shartnomasida belgilash, yuqorida keltirilgan vijdonlilik tamoyilining buzilmasligini ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega. Ushbu huquq sug’urtachining hisob varaqalaridagi yozuvlarni, buxgalteriya kitoblarini, to’g’ridan-to’g’ri shartnomasini, zararni tartibga solish to’g’risidagi hujjat va boshqa qayta sug’urta shartnomasi bilan bog‘liq hujjatlarni tekshirishga tatbiq qilinadi. Amaliyotda, qayta sug’urtachilar ularga berilgan mazkur huquqdan kam foydalanadilar. Shunga qaramasdan, to’g’ridan-to’g’ri sug’urta shartnomalarini tuzishda ushbu huquq, qayta sug’urtachining moliyaviy manfaatlariga rioya qilinishini ta’minlovchi kafil bo’lib xizmat qiladi. Ba’zi hollarda, sug’urtachi qayta sug’urtachidan uning buxgalteriya kitoblarini, hisobotlarini tekshirishni talab qilishi mumkin. Buxgalteriya hujjatlarini tekshirishdan maqsad, qayta sug’urtachiga qayta sug’urta shartnomasi shartlariga rioya qilinishini ko’rsatishdir yoki to’g’ridan-to’g’ri sug’urta va qayta sug’urta anderraytingini soddalashtirish, yaxshilash yuzasidan birgalikda qarorlar qabul qilishdir.
«Arbitr tayinlash to’g’risida»gi kichik shart. Deyarli barcha qayta sug’urta shartnomalarida, qayta sug’urta shartnomasining bajarilishi bo’yichayuzaga kelgan nizolarni ko’rib chiqish maxsus tayinlangan arbitriar guruhiga yuklanadi. Sudlarning umumiy sud qilish huquqiga, odatda, faqat tasdiqlangan qarzdorlikning to’llanmaslik hollari bilan bog‘liq nizolarni echish vakolati beriladi. Arbitriar tarkibi uch kishidan iborat bo’ladi. Har bir tomon bittadan arbitr tayinlashi mumkin. Bosh arbitrni shartnoma tomonlari birgalikda tayinlaydi. Bosh arbitrlarni tayinlash borasida tomonlar kelisha olmasa, xolis bo’lgan uchinchi tomon bosh arbitrni tayinlaydi (masalan, sud, yoki savdo palatasi). Odatda, sug’urta va qayta sug’urta jamiyatlarining xodimlari yoki pensiyaga chiqqan xodimlari arbitr vazifasiga tayinlanadi. Bundan tashqari, arbitriar guruhi majlisni sug’urtachi sendenning bosh ofisi joylashgan joyda o’tkazishga kelishib oladi. Ko’p hollarda, shartnomaning «Arbitriar to’g’risida»gi shartida arbitriar guruhining qarori adolatlilik va o’ta vijdonlilik tamoyillariga asoslanishi, ish faoliyatida shakllangan odat me’yorlariga tayanilishi belgilanadi.
Yuqorida keltirilgan kichik shartlardan tashqari, nisbiy obligator qayta sug’urta shartnomalarida boshqa shartlar ham qo’llanilishi mumkin, masalan: lider to’g’risida yoki qo’llaniluvchi huquq tizimi to’g’risidagi kichik shartlar. Qayta sug’urta shartnomasida ishtirok etuvchi qayta sug’urtalovchilar soni ko’pchilikni tashkil qilgan hollarda lider to’g’risidagi kichik shart qo’llaniladi. Ushbu kichik shartda lider qayta sug’urtachining qarorlarini bajarish boshqa qayta sug’urtachilar uchun majburiyligi belgilanadi.
Yuqorida keltirilgan kichik shartlarni nonisbiy qayta sug’urta shartnomalarida qo’llash o’ziga xos xususiyatlarga ega. Nonisbiy va nisbiy qayta sug’urta o’rtasidagi asosiy farq shundan iboratki, birinchi holatda sedent va qayta sug’urtachining mukofotlari tubdan farq qiladi. Odatda, nonisbiy qayta sug’urta shaklida to’g’ridan-to’g’ri sug’urtachi past miqdorda qayta sug’urta mukofoti evaziga maksimal, keng bo’lgan qayta sug’urta qoplamasini olishga harakat qiladi. Qayta sug’urtachi esa, o’z navbatida, qayta sug’urtaga qabul qilayotgan riskka adekvat bo’lgan qayta sug’urta mukofoti olishga va to’g’ridan-to’g’ri sug’urtachi real muhtoj bo’lgan qayta sug’urta qoplamasi bilan ta’minlashga harakat qiladi. “Zararlar va zararlilik eksedenti asoslarida” qayta sug’urta shakli sendentning risklarini tanlash borasidagi anderrayterlik siyosatiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Chunki yirik miqdordagi zararlar yuzaga kelgan hollarda, sendentning javobgarligi me’yori qayta sug’urta shartnomasida belgilangan ustunlik miqdorida chegaralanadi. SHuning uchun, "zarar eksedenti asosida" qayta sug’urta shaklida shartnoma shartining "taqdir orqasidan borish" tamoyili qo’llanilmaydi. «Xatolar va yanglishishlar» to’g’risidagi kichik shart ham "zarar ekssendenti" qayta sug’urta shartnomasining o’ziga xos xususiyatlarini va elementlarini hisobga olgan holda qo’llanilishi mumkin.
Faqat nonisbiy qayta sug’urta shartnomasida qo’llaniluvchi, maxsus kichik shartlar jumlasiga quyidagilar kiradi: "butunlay netto-zarar" to’g’risidagi kichik shart; "vaqt bo’yicha" kichik shart; "majburiyatlar va hisob-kitoblarni indeks qilish" to’g’risidagi kichik shart. Nonisbiy qayta sug’urta shaklida sug’urtachining butunlay netto-zararini qayta sug’urtachi tomonidan qoplab berilishi uchun shartnomaga "butunlay netto zarar" haqidagi kichik shart kiritilishi zarur. "Butunlay netto-zarar"— bu, barcha qaytarilgan summalar chegirilgandan keyin sug’urtachiga to’lanadigan zarardir. Qaytariladigan summalarga misol: qayta sug’urtada ishtirok etuvchi qayta sug’urtachidan regress ko’rinishida qaytariladigan summalar, obligator yoki fakultativ qayta sug’urta shaklida sug’urtachining shaxsiy chegirmadan ushlab qolinuvchi summalar va sug’urtachiga boshqa to’lanishi lozim bo’lgan summalar. Bitta sug’urta voqeasi ro’y berishi natijasida sodir bo’lishi mumkin bo’lgan bir nechta sug’urta hodisalari riskini sug’urta qilish shartnomasini obligator nisbiyga qayta sug’urtalashda tomonlar "soatli shart" da kelishib oladilar. Aniq belgilangan vaqt muddatida sodir bo’lgan barcha alohida zararlar bitta umumiy zararlar yig‘indisiga birlashtiriladi. Shartnomada belgilangan vaqt muddatining davomiyligi riskning xarakteriga bog‘liq. Odatda, yong‘in, er qimirlash, dovul yoki siyosiy risklarga qarshi sug’urtalarning qayta sug’urtasi uchun 72 soat, suv toshqini va suv bosish risklarining sug’urtasi uchun 168 soat vaqt muddati belgilanadi. SHartlarda quyidagi me’yorlar nazarda tutiladi:

  1. Agar sug’urta hodisasini kvalifikatsiya qilish maqsadida sug’urtaga qabul qilingan risklar birlashtirilsa, u holda albatta ushbu shart qanaqa sug’urta risklariga tatbiq qilinishi (masalan, yer qimirlashi natijasida yuzaga kelgan yong‘in, yer qimirlashining o’zi; dovul natijasida sodir bo’lgan suv toshqini va suv bosishi yoki dovulning o’zi) ko’rsatiladi.

  2. Zararni birlashtirish uchun hududiy cheklanishlar bormi? Agar, bo’lsa, ular qanday cheklanishlar (masalan, suv toshqini va suv bosishi tumanlar bo’yicha, daryoning tumanlarga yaqinligiga qarab tumanlar bo’yicha, fuqarolaming bo’ysunmaslik harakati esa shaharlarning aniq chegarasi bo’yichacheklanishlar). Nisbiy qayta sug’urtada sug’urta mukofoti va zararlari sug’urtachi va qayta sug’urtachi o’rtasida nisbiy ravishda taqsimlanadi. Inflatsiyaning sug’urta summasiga nisbatan zarar miqdoriga ko’proq ta’sir ko’rsatishi sug’urta hodisasi bilan bog‘liq to’lovlar miqdorini keskin oshishiga olib keladi. Inflatsiya ta’siri natijasida sug’urta to’lovlari miqdorining oshgan qismi sug’urtachi va qayta sug’urtachi manfaatlariga bir xilda taqsimlanadi. "Zarar ekssedenti" qayta sug’urta shartnomalari bo’yichasug’urta to’lovlarining miqdorini oshishi ko’proq qayta sug’urtachi manfaatlariga o’z ta’sirini ko’rsatadi. Chunki, zararning ustunlikdan oshadigan qismi o’ssada, sug’urtachining portfeli miqdori o’zgarishsiz qoladi yoki ustunlikning real miqdori kamayadi.

Mol-mulk sug’urtasida sug’urta qilingan mol-mulk qiymatining real bahosi inflatsiyaning ta’siri natijasida oshadi. Mos ravishda, "eksedent zarari" qayta sug’urta shartnomasida belgilangan ustunlik miqdori esa pasayadi. Shu sababli, qayta sug’urtachi ustunlik miqdori va sug’urtalangan manfaatning real qiymatini o’zgarishi bilan bog‘liq javobgarlik chegaralariga tuzatish kiritishni talab qilishi zarur. Inflatsiya ta’siri natijasida zararlar miqdorini oshish muammosi ahamiyati ayniqsa, transport vositalari egalarining javobgarligini va umum fuqarolik javobgarliklarini sug’urtalash sohalarida oshmoqda. Chunki ushbu sug’urta turlarida zararlarni tartibga solish uchun muddat talab qilinadi. Zarar miqdorining o’sishiga inflatsiyadan tashqari, ish haqining oshishi, zararni tartibga solish jarayoniga ta’sir qiluvchi boshqa faoliyat turlarida yuz beruvchi o’zgarishlar (huquqiy xizmat sohasi, qonunchilik, tibbiyot xizmatining qiymatini oshishi) ham katta ta’sir ko’rsatishi mumkin. Amalda aktuar hisoblarni qo’llay turib ham zarar miqdorining bunday o’sish me’yorini hisoblash mumkin emas.
"Eksedent zarari" qayta sug’urta shartnomasi bo’yichazarar miqdorini oshishi qayta sug’urta mukofotining miqdoriga ta’sir ko’rsatmaydi. Shartnomaning “tuzatish yoki indeksatsiya” to’g’risidagi kichik shartini kiritish orqali inflatsiya omilining ta’siri hisobga olinadi. Ushbu kichik shart yordamida ustunlik va qayta sug’urtaning majburiyati miqdori o’rtasidagi mutanosiblik doimiy saqlanadi. Zarar miqdorining har qanday o’zgarishi qayta sug’urta shartnomasining tomonlari o’rtasidagi majburiyatlar mutanosibligiga ta’sir etmaydi.Yuqorida ta’kidlanganidek, ko’p milliy qonunchiliklarida qayta sug’urta munosabatlari fuqarolik huquqiy me’yorlar bilan tartibga solinmaydi. Moliyaviy qayta sug’urtaning murakkab tarkibi, kompleks apparat tushunchalari, turli xil maqsadlari, uni qonunchilik yordamida tartibga solishni yanada, murakkablashtiradi.
Sug’urta huquqi bo’yichahalqaro uyushma tomonidan olib borilgan o’rganish natijasi shuni ko’rsatadiki, dunyoda ko’plab mamlakatlarning qonun tizimida moliyaviy qayta sug’urta munosabatlarini tartibga soluvchi me’yorlar o’rin olmagan (Argentina, Finlandiya, Isroil, Daniya, Fransiya). Ba’zi davlatlarda qayta sug’urtaning bunday turi qo’llanilmaydi (Sloveniya, Sal’vador va boshqa qator mamlakatlar). Moliyaviy qayta sug’urta munosabatlari keng tarqalagan davlatlarning davlat sug’urta nazorati idoralarining qarorlarini tahlil qilish natijasida moliyaviy qayta sug’urtani huquqiy tartibga solish sohasidagi tendensiyalarni aniqlashimiz mumkin. Avstraliyada imzolanuvchi, sug’urtachiga yashirin shaklda zayom kapitalini taqdim qiluvchi moliyaviy qayta sug’urta shartnomalari sug’urta nazorati idorasi bilan kelishilgan bo’lishi lozim. Fransiyada sug’urta riski taqsimlanishining har qanday shakli (to’g’ridan-to’g’ri sug’urta va qayta sug’urta shartnomalari o’rtasida farq qilinmagan holda) qayta sug’urta deb yuritiladi.
Germaniyada sug’urta yoki qayta sug’urta faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo’lgan ikki yuridik shaxs o’rtasida tuzilgan qayta sug’urta shartnomasi moliyaviy qayta sug’urta deb ataladi.
Shvetsariyada moliyaviy qayta sug’urta shartnomalari ham oddiy qayta sug’urta shartnomalari uchun belgilangan talablarga javob berishi lozim. Moliyaviy qayta sug’urtaning maqsadi moliyaviy natijani yaxshilash, bo’sh aktivlar bilan ta’minlash, moliyaviy oqimni optimallash bo’lsada, oddiy qayta sug’urta maqsadidan kam farq qiladi. Shu sababli, sug’urtachi o’z faoliyati davomida sug’urta risklari bilan bir qatorda kredit, investitsiya, moliyaviy risklarga ham duch keladi. Moliyaviy qayta sug’urta shartnomalari shu kabi risklarning bir qismini qayta sug’urtachiga berishga xizmat qiladi. Nazorat qiluvchi idoralarning "moliyaviy qayta sug’urta qayta sug’urtaning mohiyati va maqsadiga mos kelmaydi" deb fikrlashiga ko’pchilik tadqiqotchilar qo’shilmaydilar.
Buyuk Britaniyada, sug’urta nazorati idoralarining moliyaviy qayta sug’urta shartnomasiga qo’ygan talablaridan biri — bu, sug’urta riskining ancha miqdordagi qismini qayta sug’urtachiga berishdir. Ushbu keltirilgan ta’rifda muammoga duch kelgan narsa bu, riskning ancha qismini aniqlashdir. Faqat sug’urta nazorati idoralari tomonidan qayta sug’urta operatsiyalarining samarasi baholanishiga qaramasdan, agar moliyaviy qayta sug’urta shartnomasi sug’urtachining moliyaviy holatini va to’lov qobiliyatini yaxshilanishiga yordam bersa, bunday qayta sug’urta shartnomasini tuzish maqsadga muvofiqdir.
AQSHdagi ko’plab Shtatlarning fuqarolikni tartibga soluvchi qonunchiliklarida qayta sug’urtaga to’g’ridan-to’g’ri ta’rif berilmagan. "Qayta sug’urta shartnomasi" tushunchasi ostida qayta sug’urta belgisiga ega bo’lgan har qanday shartnoma tushuniladi. Bundan tashqari, 1992 yilda sug’urtachining buxgalteriya hisobida brutto-majburiyatini aks ettirish bo’yichayangi tartib o’rnatildi. Ushbu talabga asosan, to’lanmagan zarardagi qayta sug’urtachining ulushi yoki ishlab topilmagan mukofot miqdori sug’urtachining brutto majburiyati tarkibida hisobga olinadi. Bu tartib moliyaviy qayta sug’urta operatsiya­larining samarasiga sezilarli ta’sir ko’rsatishi mumkin. Yuqorida keltirilgan moliyaviy qayta sug’urtaning huququy ta’rifi va moliyaviy qayta sug’urta shartnomasida ishtrok etuvchi sug’urtachi va qayta sug’urtachi faoliyatlarini bunday tartibga solish tahrirga muhtoj. Sug’urta tashkilotlarining risklarini boshqarishda moliyaviy qayta sug’urta mutlaqo yangi tarmoqligini inobatga olishimiz zarur. Moliyaviy qayta sug’urtaning maqsadi sug’urta operatsiyalarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash va sug’urtachining to’lov qobiliyatini mustahkamlash hisoblanadi. Bu borada moliyaviy qayta sug’urtaning maqsadi an’anaviy qayta sug’urta maqsadi bilan mos keladi. Shu bilan birga, moliyaviy qayta sug’urta ham an’anaviy qayta sug’urta kabi to’g’ridan-to’g’ri sug’urtachilarning sug’urta operatsiyalarini moliyaviy natijalariga ijobiy ta’sir ko’rsatadi.
Hozirgi kunda paydo bo’lgan an’anaviy konsepsiyalar alohida sug’urta turi bo’yichasug’urta operatsiyalarining natijasini yoki ma’lum sug’urta turlari yig‘indisiga nisbatan tatbiq qilinuvchi "zararlilik ekssedenti asosida" qayta sug’urta shartnomalari qayta sug’urta to’g’risidagi tushunchalarni tubdan o’zgartiradi. An’anaviy va moliyaviy qayta sug’urtaning to’g’ridan-to’g’ri sug’urta shartnomasi bo’yicharisklarni qayta taqsimlash bilan bog‘liq iqtisodiy mohiyati deyarli farq qilmadi. Bundan tashqari, qayta sug’urta shartnomasi shakllari, uning sub’yektlari tarkibi (sug’urtachi va qayta sug’urtachi) ham mos keladi.


Download 25,02 Mb.
1   ...   58   59   60   61   62   63   64   65   ...   136




Download 25,02 Mb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Samarqand iqtisodiyot va servis instituti «moliya» kafedrasi

Download 25,02 Mb.