Shoirning hayot yoʻli




Download 1.15 Mb.
Sana09.07.2023
Hajmi1.15 Mb.
#76508
Bog'liq
Oʻzbek adabiyot-WPS Office (1)
AMALIY TOPSHIRIQ (2), course text, 1-topshiriq., mem, ЎЗАРО ДАРСЛАРНИ КУЗАТИШ, A7, 12-Mavzu, 1-mavzu, 13-mavzu dinamik makroiqtisodiyot (1), 06 28 31 AJAHI G TAXONOMY, ECOLOGY AND DISTRIBUTION OF REPRESENTATIVES OF THE FAMILY ENIDAE WOODWARD, 1903 IN THE KOHITAN MOUNTAIN, iqtisodiy-nazariyaning-zamonaviy-jamiyatdagi-tutgan-o-rni-va-ahamiyati, mZf2WD4VUD5xj5sKddPfbigueX8ux114jXDtm17Q

Oʻzbek adabiyotining yorqin va zabardast shoirlaridan biri, shubhasiz, Usmon Nosirdir. Usmon Nosir - oʻzbek Lermontovi, oʻzbek adabiyotining chaqmoq shoiri. Shoir atigi 32 yil umr koʻrgan boʻlsada, oʻzbek sheʼriyatiga ulkan meros qoldirishga ulgurdi.
Shoirning hayot yoʻli
Usmon Nosir 1912 yilning 13 noyabrida Namanganning Chuqurkoʻcha dahasida dunyoga keladi. Shoir toʻrt yoshligida otasi vafot etadi. Onasi Xolambibi Nosirhoji ismli insonga turmushga chiqadi va oila Qoʻqonga koʻchib oʻtadi. Shunda Nosirhoji yosh Usmonni bolalar uyiga topshiradi. Usmon Nosir maxsus internatda taʼlim oladi.
1929-1930 yillarda atigi bir yil Usmon Nosir Moskva Kinematografiya institutining stsenariy fakultetida oʻqiydi, biroq oʻqishini tugallamaydi. 1930-1933 yillarda Qoʻqondagi qisqa muddatli taʼlim va tarbiya kurslarida oʻqituvchi, ilmiy boʻlim mudiri va shahar teatrida adabiy emakdosh boʻlib ishlaydi.
1930-1933 yillarda Usmon Nosir Alisher Navoiy nomidagi Samarqand Pedagogika akademiyasi (hozirgi Samarqand Davlat universiteti)ning til va adabiyot fakultetida bir muddat tahsil oladi. 1934 yil Toshkentga koʻchib keladi va “Yosh Leninchi” gazetasida ishlaydi.
Boʻlajak shoirning ilk sheʼri “Haqiqat qalami” boʻlib, 1927 yilda “Yangi yoʻl” gazetasida bosib chiqiladi. 1931 yilda fuqarolar urushi mavzuiga bagʻishlangan “Norboʻta” nomli dostonini yaratadi. Doston “Yangi Fargʻona” gazetasida eʼlon qilinadi. Shoirning ilk sheʼriy toʻplamlari “Quyosh bilan suhbat” va “Safarbar satrlar” 1932 yilda nashr etiladi. Shundan soʻng “Naxshon”, “Nil va Rim” dostonlarini, 1934 yilda “Traktorobod”, 1935 yil “Yurak” va 1936 yilda “Mehrim” nomli sheʼriy kitoblari nashr etiladi.
Shoir ijodi
Sheʼrim
Sen yuragimning chashma suvi sen,
Sen koʻzlarimning gavhar nurlari.
Sening bahongni kim soʻrasa, de:
“Bahom umringning bahosiga teng!”
Usmon Nosir sheʼriyati hech kimnikiga oʻxshamagani, adabiyot oʻziga yaratib olgan andozalar va qoliplarga sigʻmagani bilan oʻziga xosdir. Sheʼrlarda shoirning tirik, otashin, isyonkor ruhi sezilib turadi. Masalan, “Yurak” sheʼrida
Itoat et!
Agar sendan
Vatan rozi emas boʻlsa,
Yoril, chaqmoqqa aylan sen,
Yoril! Mayli, tamom oʻlsam!..
deya xitob qiladi.
Zamonasining yirik shoirlaridan biri Turob Toʻla Usmon Nosir sheʼriyati haqida shunday deydi: “U shunday toʻpolon va toʻlqin bilan keldiki, uncha-muncha sheʼriy uslub va ijodni toʻs-toʻs qilib yubordi. Uni oʻzimizda “Oʻzbekning Lermontovi”, Moskva gazetalarida “Sharqda Pushkin paydo boʻldi”, deb yozishdi”.
Darhaqiqat, Usmon Nosir sheʼriyati avvalo, hayotiyligi, jozibadorligi va shunday boʻlsada, nihoyatda sodda va ravon boʻlgani uchun ham xalq qalbiga yaqin.
Yana sheʼrimga
(Sonet)
Sheʼrim! Yana oʻzing yaxshisan,
Boqqa kirsang, gullar sharmanda.
Bir men emas, hayot shaxsisan,
Jonim kabi yashaysan manda.
Yuragimning dardi — naqshisan,
Qilolmayman seni hech kanda!
Oʻt boʻlurmi ishqi yoʻq tanda?
Dardimsanki, sheʼrim yaxshisan.
Sen orada koʻprik boʻlding-da,
Geyne bilan oʻrtoq tutindim.
Lermontovdan koʻmak oʻtindim.
Butun umrim sening boʻyningda.
Saharda qon tupursam, mayli.
Men — Majnunman, sheʼrim, sen — Layli!
Dengizga
Oq dengiz, yaxshi qol! Yaxshi qol, Shimol!
Koʻnglimda ishqingni olib qaytaman.
Sochimni oʻynaydi muzdek shoʻx shamol,
Men unga dardimni qanday aytaman?
Kechqurun qirgʻoqda aylanib tanho
Sevdim, sevib qoldim toʻlqinlaringni.
Oyni choʻmiltirgan tinch tunlaringni
Tushimda koʻrganda ne qilarman, o?
Oʻynagil soʻng marta, chayqal, erkalan!
Armonim qolmasin ketar oldimda.
Bagʻringda baliqday yuzgan oq yelkan
Bir umr sayr etgay mening yodimda…
Yaxshi qol, erkin suv! Yaxshi qol, dengiz!
Toʻlqinlar, qoʻynimga qizday kirdingiz…
Usmon Nosir oʻzini nafaqat isteʼdodli shoir balki, dramaturg sifatida ham namoyon etadi. 18 yoshida “Nazirjon Xalilov” dramasini yaratadi. Uning “Dushman” (1931), “Soʻnggi kun” (1932), “Atlas” (1935) pyesalari Qoʻqon teatrida sahnalashtirilgan.
Nasimaga deganim
Yoʻq, hali hammasi oʻtganmas,
Koʻp hali hayotdan nasibam.
Silligim bezarar, hech gapmas,
Borini koʻraman, Nasimam,
Yoʻq, hali hammasi oʻtganmas!
Oldimda kutadir imtihon –
Men ogʻir janglarda boʻlarman.
Nasima! Bu kungi issiq qon,
O, balki toʻkilur… oʻlarman…
Oldimda kutadir imtihon!
Oʻylanib koʻzingga qarasam,
Ikkita dengizday koʻrinur…
Nasima! Ichaman rost qasam,
Olovdek lovullab dil yonur,
Baxtliman janglarga yarasam!
Usmon Nosir betakror sheʼrlari , sahna asarlaridan tashqari adabiy tarjima bilan ham shugʻullangan. Xususan, Aleksandr Pushkinning “Bogʻchasaroy fontani”, Mixail Lermontovning “Iblis” dostonlarini oʻzbek tiliga mahorat bilan oʻgirdi. Bundan tashqari, Nikolay Dobrolyubovning “Haqiqiy kun qachon keladi?” yirik asari hamda jahon adabiyotining yirik shoirlaridan boʻlmish Geyne, Gyote, Bayron sheʼrlaridan ham tarjimalar qildi.
Qatagʻon yillari
1937 yilning 27 yanvar kuni Usmon Nosir adabiy faoliyatining 10 yillik yubileyi keng nishonlanadi. Biroq bayramdan yarim yil oʻtib Yozuvchilar uyushmasida yosh shoirning “xulq-atvori” muhokama qilingan majlis boʻlib oʻtadi. Yigʻilishdan ikki kun oʻtib, 14 iyul kuni endi Yozuvchilar uyushmasidan chiqarilgan 24 yoshli Usmon Nosir hibsga olinadi. Shoirning kitoblari, suratlari, qoʻlyozmalari musodara qilinadi. Dastlab shoirning qayerda ekanligi qarindoshlar bilmaydi. Va nihoyat bir kuni shoirning singlisi Rohatoy nomiga Toshkent qamoqxonasidan xat keladi. Unda: “Singlim Rohatxon! Uygʻunnikiga borib narsalarimni ol. Madamin Davronning uyida paltom bor. Ibrohim Nazirnikida etigim ham. Shularni olib kelib, menga kirgizib yubor. Ketadiganga oʻxshayman...” deb yozilgan edi. Faqatgina bir marta shoirning singlisi va otasiga Usmon Nosir uchun kiyim-bosh, yegulik kiritib berishga ruxsat berishadi, boshqa bunday imkoniyat boʻlmaydi...
Shoirga Oʻzbekiston SSR Jinoyat kodeksining 60-moddasi 1-qismi bilan “muntazam ravishda millatchilik va aksilinqilobiy tashviqot olib borgani va Sovet hukumati haqida ommaviy ravishda odobsiz shaklda soʻzlagani” ayblovi qoʻyiladi.
SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining sayyor majlisi Usmon Nosirni “terrorchilar bilan aloqasi borligi, shuningdek, uning “Oʻzbekistonning nufuzli yozuvchi va shoirlaridan biri boʻlib, yoshlarni millatchilik, rus klassiklari asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilishda ataylab buzib koʻrsatib aksilinqilobiy ruhda tarbiyalaganini”da aybli deb topadi va 10 yilga axloq tuzatish lageriga joʻnatish haqida hukm chiqaradi.
“Xalq dushmani” tamgʻasi bilan hali 25 yoshga toʻlmagan shoir Zlatousk, Vladivostok, Magadan, Mariinsk qamoqxonarida boʻladi. 1943 yili Kemerovo viloyatida joylashgan Sibir lageriga joʻnatiladi.
Boʻlmoq istab, sheʼriyat uzra dargʻa,
Itardilar meni chuqur bir jargʻa.
Menga ayon, bulbulning oshiyonigʻa,
Qoʻnolmagʻay urinish bilan qargʻa
Ushbu satrni shoir 1937 yili sentyabrida zindonda yozgan. Shubhasiz, sheʼrda shoirga hasad qilganlar, uni xalq dushmani deya chaqib tuhmat qilganlar tilga olingan.
1940 yilning 20 avgust kuni Usmon Nosir Magadandan I.V.Stalin nomiga xat yozadi. Maktubda shoir “ish”ini qayta koʻrib chiqishlarini soʻraydi. Shuningdek, qamoqxonada turib ham “sheʼriy roman, uchta sahna asari va bir qator sheʼrlar yozgani” haqida xabar beradi. Maktubda: “Men hali yoshman va gʻayratga toʻlaman. Men xalq uchun ijod qilishim kerak! Menda ayb yoʻq!” degan soʻzlar ham boʻladi.
Ajablanarlisi, minglab shunday maktublar orasidan Usmon Nosirning xati eʼtiborga tushadi va Oʻzbekiston hukumati Kremldan shoir ishini qayta koʻrib chiqish haqida buyruq oladi.
1944 yilning soʻnggida professor Borovkov, shoir Maqsud Shayxzoda, va “Qizil Oʻzbekiston” gazetasi bosh muharriridan tarkib topgan komissiya Usmon Nosirni aybsiz deb topadi. Biroq, bunday xulosaga endi juda kech edi. Shoir 1944 yilning 9 mart kuni vafot etadi. Uni mahalliy aholilardan boʻlgan Anatoliy Mitrofanovich Sirota ismli inson dafn etadi. Uni mahalliy aholilardan boʻlgan Anatoliy Mitrofanovich Sirota ismli inson dafn etadi.
Unutmas meni bogʻim
Shoirning singlisi Rohatxonning qizi Nodira Rashidova togʻasining qabrini topish uchun bir qancha saʼy-harakatlar qiladi. Togʻasi haqida maʼlumot soʻrab Kemerovaga xat yozadi. Tayinli maʼlumot ololmagach, Kemerovaga oʻzi tashrif buyuradi. Unga Usmon Nosirning oʻlimi haqida tibbiy xulosasining nusxasi beriladi. Hujjatda shoirning “oʻpka kasalidan vafot etgani” toʻgʻrisida yozilgan edi. Shoirning jiyani qiyinchiliklar bilan togʻasining qabrini topishga muvaffaq boʻladi. Xotira yodgorligi oʻrnatadi.
Keyinchalik Usmon Nosirning avaxtada yozilgan 18 qator sheʼri yaʼni 8 satr, ikki toʻrtlik va bitta ikkilikdan iborat “Yurak tugʻyoni” nomli sheʼr qoʻlyozmasi topiladi. Ajablanarlisi, qoʻlyozmani adabiyotshunos olimga oʻsha payti Usmon Nosirning tergovida qatnashgan va xizmat vazifasiga xilof boʻlsada, “xavfli sheʼrlarini” turmadan olib chiqqan tergovchi topshirgan.
Otashqalb shoir Usmon Nosir xotirasi nafaqat u tugʻilib oʻsgan yurtda, balki Kemerovada ham yodga olinadi. Kemerovoda har yili shoir sheʼriyatiga bagʻishlangan adabiy kechalar oʻtkaziladi. Bundan tashqari u yerda Usmon Nosir muzeyi ham bor. Usmon Nosir sheʼrlari Kuzbass shoirlari tomomnidan rus tiliga tarjima qilingan.
Shoir bir sheʼrida shunday bashorat qilgan edi:
Ming yillardan keyin ham
Unutmas meni bogʻim.
Sheʼrlarim yangrab qolur…
Bir umrga oʻlmayman.
2021 yil sentyabrida prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev namanganlik saylovchilar bilan uchrashuvda 2022 yilda Usmon Nosir tavalludining 110 yilligi munosib nishonlanishini maʼlum qilgandi.
“Usmon Nosir ayni ijodiy kuch-quvvatga toʻlgan 25 yoshida qamalib, qatagʻon qilindi. Chunki mustabid tuzum bunday millatparvar, vatanparvar insonlarni oʻzining eng ashaddiy dushmani, deb hisoblar edi. Shuning uchun ham, shoir umrini qamoqxonalarda azob-uqubatda oʻtkazib, 1944 yili 32 yoshida vafot etadi. Kelgusi yili yurtimizda Usmon Nosir tavalludining 110 yilligi munosib nishonlanadi”, - degan edi Mirziyoyev.
2022 yil 10 fevral kuni “Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra Usmon Nosir hayoti va faoliyatini, xususan, uning qatagʻon davrida kechgan yillarini oʻrganish, hozirga qadar nomaʼlum boʻlib kelayotgan qoʻlyozma asarlarining taqdiri haqida maʼlumotlar toʻplash maqsadida ishchi gyruh tuzilib, uning Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, shuningdek, Rossiyadagi tegishli arxiv materiallari bilan tanishishi uchun sharoit yaratiladi.Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori barcha adabiyot muxlislarini, ayniqsa, ijod va ilm ahlini toʻlqinlantirib yubordi.

Xususan, Usmon Nosir hayoti va ijodini tadqiq etgan olimlardan biri boʻlganim tufayli bu qaror meni qattiq hayajonlantiribgina qolmay, mudroq xotiralarim va orzularimni uygʻotib yubordi.

Isteʼdod maktabi...

Usmon Nosir... 1937-yil, fevral oyi...


Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining binosi katta zalida hali 25 yoshga toʻlmagan shoirning ijodiy kechasi boʻlgan. Kechada soʻzga chiqqan notiqlar bir ogʻizdan uni “hozirgi oʻzbek sheʼriyatining quyoshi” deb taʼriflagan edi.

Vaholanki, oʻsha vaqtda oʻzbek sheʼriyati boʻs­tonida Oybek, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon singari mashhur shoirlar ijodi barq urib turgan. Usmon Nosir esa yangilanib borayotgan oʻzbek sheʼriyati osmonida bamisoli porloq yulduz misoli paydo boʻldi. Shu yillarda oʻzbek sheʼriyati eshigini chertib kirayotgan Shuhrat, Hamid Gʻulom, Shukrullo, Turob Toʻla singari yosh shoirlar bu yulduz shuʼlalaridan bahramand boʻlgan holda taniqli shoir va yozuvchilar boʻlib yetishdi. Ularni “Usmon Nosir maktabi”dan yetishib chiqqan shoirlar, desak xato boʻlmaydi.Har qanday shoir yoki yozuvchining bolalik va yoshlik yillari boʻladi. Ulardan kamdan-kami shu faslda fikr va tuygʻu ifodasi ravon va maftunkor sheʼrlarni yozishga muvaffaq boʻladi. Bunday “iligi toʻq” sheʼrlarni yozish uchun yosh shoir yillab mashq qilishi, yozilgan oʻnlab sheʼrlarini yirtib tashlab, ularda topolmagan ranglar, ohanglar, poetik obrazlarni yaratish malakasini egallashi lozim.

Usmon Nosir ham dastlab aksar shoirlar umrining shunday bahoriy faslini boshidan kechirdi. U sheʼrdan sheʼrga, toʻplamdan toʻplamga shoir sifatida oʻsib va shakllanib bordi. Shu davrda Firdavsiy va Navoiy, Pushkin va Lermontov, Choʻlpon va Oybek sheʼrlarini oʻqib, ustoz shoirlardan sheʼr yozish madaniyatini mukammal oʻrgandi.

Ammo haqiqiy shoir boʻlish uchun ijodiy mehnatning oʻzigina yetmaydi. Boʻlajak shoirda, avvalo, yolgʻiz Alloh beradigan mukofot — tugʻma isteʼdod boʻlishi lozim. Tugʻma isteʼdod bilan ijodiy mehnat uygʻunlashgandagina haqiqiy shoir dunyoga keladi. Usmon Nosir ijodida ana shunday eng muhim ikki omil chambarchas bogʻlangan edi.

“Tugʻma isteʼdodni, — deb yozgan edi ­Abdulla Oripov “Usmon Nosir haqida soʻz” degan maqolasida, — faqat stixiyadan iborat holat, deb tushunish notoʻgʻridir. Haqiqiy qalb egasi oʻz grajdanlik darajasini, bilim va quvvai hofizasini muttasil kengaytirgan holdagina tarix uchun zarur sanʼatkorga aylanishi mumkin. Biz bugun soʻz yuritayotgan shoir Usmon Nosir tabiatning benihoya muruvvati tufayli dunyoga kelgan ana shunday isteʼdod egasi edi”.

Ulugʻ shoirning shu soʻzlarini oʻqir ekanman, “grajdanlik darajasini, bilim va quvvai hofizasi”ni muttasil kengaytirib yashagan shoirlar yodimga keladi. Ular qanday ijodkor edi, degan oʻylar oʻtadi xayolimizdan.

“Usmon Nosir deganda, — deb davom etadi A.Oripov, — biz kimni tushunamiz? U shunday isteʼdod egasiki, bamisoli tekkan joyini kuydiruvchi olovdir... Usmon Nosir ulugʻ va abadiy sheʼriyatning diydasidan oqib ulgurmagan shabnamdir. U hali qahqahaga aylanmay lablarimizda manguga qotib qolgan nim tabassumdir”.

Mazkur taʼrif bundan qariyb toʻqson yil avval yashab oʻtgan shoir hayoti, ijodi va taqdirini oʻzida ifodalagan, bizni oʻyga soladigan soʻzlar. Agar Usmon Nosir sheʼriyatiga ularda ifodalangan falsafiy fikrlar asosida yondoshsak, shoir guvohi boʻlgan va guvohi boʻlmagan xushnudu fojiali voqealarning aks etganini koʻramiz.

Sheʼriyatning sanʼat va adabiyotning boshqa turlaridan keskin farq qiladigan jihati shundaki, shoir oʻzining tarixiy davr voqealariga, jamiyat va inson hayotidagi oʻzgarishlarga boʻlgan munosabatini lirik qahramon obrazi orqali ifodalaydi.rik qahramon bamisoli hayotiy voqealardan qattiq taʼsirlanib, tilsiz qolgan shoirga tarjimonlik qiladi. Shoir lirik qahramon ­obrazi orqali hatto oʻzi koʻrmagan, tarixiy-­memuar kitoblardagi insoniyat tarixining dastlabki davrlaridagi dahshatli voqealardan dahshatga tushganini sezamiz. Shu maʼnoda, Usmon Nosir sheʼrlaridan birida bor-yoʻgʻi ikki yildan keyin oʻzi va zamondoshlari boshiga tushajak fojiali taqdirni bashorat qilgandek boʻlib ­tuyuladi menga.

Bu sheʼr “Nil va Rim” deb ataladi. U bunday satrlar bilan boshlanadi:

Lampam yonur... Yaralangan qanotdek ogʻir

Oʻy bosadi. Yuragimda goʻyo sel yogʻir.

Qiynalaman. Tirishaman. Hushim parishon,

Oʻtmish, hozir va kelajak koʻrinur har on.

Qadimda osmon baravar piramidalarni, muhtasham haykallarni toshdan, marmardan, tilladan yasagan, Kleopatra singari malikalar uchun esa tilla va kumushdan hayratomuz zebu ziynatlarni ijod qilgan ustalar oʻsha davrning baxtsiz qullari edi. Oʻsha davrning vallomatlari bu och va yalangʻoch qullar mehnatini qadrlash u yoqda tursin, hatto yalangʻoch sahnalarda ularning och yoʻlbarslar bilan jangini tomosha qilishni yaxshi koʻrgan. Hatto ularning bahaybat hayvonlarga yem boʻlishlarini tomosha qilib lazzatlanishgan.

Qarang, bir tomonda, shunday oʻyinlarni sevuvchi aslzodalar, ikkinchi tomonda —


qullar...

To Minisdan Ramzesgacha, Ramzesdan nari,

Malika qiz Kleopatra hukmron davri.

Undan tortib... yana uzoq, yana koʻp yillar

Harsang bilan yotqizilgan necha ming dillar.

Koʻz yoshidan, dil toshidan qurilgan haykal

Magʻrur turar, magʻrur boqar; hech biron mahal

Na olamdan, na zamondan qoʻrqmas asti u.

Gʻazabini yutib olgan qullar dasti bu!

Qullar... (Menman u qullarning oʻlmas avlodi,

Mana menman, u qullarning hech soʻnmas yodi.

Mana menman, falaklarga lov-lov oʻt qoʻyib,

Otalarim boshlaridan poydevor oʻyib,

Ozodligim obidasin qurgan insonman!

Oʻsha jonman, oʻsha qonman va oʻsha shonman!)

Usmon Nosirning “Nil va Rim” sheʼrini kichik liro-tragik doston deyish mumkin. Uning lirik qahramoni oʻzini ana shu qullarning avlodi, deb biladi va hatto oʻzining jamiyatdagi hozirgi mavqei bilan faxrlanadi. Holbuki, stalinizm gullab-yashnagan 30-50-yillarda gigant qurilish­larda, zavod va fabrikalarda, paxtazor dalalarda qishni qish, yozni yoz demay ishlagan millionlab kishilarning antik davr qullaridan farqi kam boʻlgan.

1937-1938-yillardagi qatagʻon davrida esa qamoqqa olinib, Kolima singari abadiy muzlikmuzlik­lar oʻlkasiga badargʻa qilingan kishilar buning yaqqol misolidir. Xususan, 1937-yilda qamoqqa olinib, Magadanga yuborilgan oʻzbek xalqining sevimli shoiri Usmon Nosir shular qatorida edi.

Shu soʻzlardan keyin yuqorida keltirilgan: “...Qiynalaman. Tirishaman, Hushim parishon, Oʻtmish, hozir va kelajak koʻrinur har on” ­satrlarini qayta oʻqisak, oʻzini antik davr qullarining avlodi deb atagan shoirning oʻz fojiali taqdirini bashorat qilganiga ishonging keladi kishi.

Balki shunday kelajakni sezibmi, u ­erkin, ozod yashashga intildi. U hayotni sevardi.
Tabiatning toʻrt faslidan, oʻziga xos latofatidan olam-olam ilhom olardi.

U sayohat qilish, boshqa oʻlkalar va xalqlar hayoti bilan tanishib, ularda mavzu va gʻoyalar doirasini kengaytirish va ilhomlanish manbai­ni koʻrdi. Shu maqsadda nafaqat Oʻzbekiston, shuning­dek, Boltiq va Kaspiy dengizlari tevaragidagi shaharlarning tabiati va odamlari bilan tanishdi. Shu maʼnoda, uni dunyo kezgan shoir, desak adolatdan boʻladi.

Yoʻlchiman, manzilim dengizdan nari,

Lojuvard ufqning tubiga yaqin.

Koʻnglimda dardlarim daryodek oqin,

Chayqalar; koʻzlarim tikilgan sari.

O, yoʻllar!..

Chu, qora toychogʻim! Chu, qora yoʻrgʻam!

Murodga qasd qilib yugurgan yetur.

Boʻronni sevmasa, dil nechun tepur?

Tiriklik ne kerak bemehnat, begʻam?!

Chu, qora yoʻrgʻam!..

Usmon Nosir 1935-yili Boltiq dengizi boʻylarida kezib, hayot sururidan zavq olganida qalbidan shunday lirik, ayni paytda falsafiy satrlar paydo boʻlgandi:

Dengiz oyna kabi yaltirar.

Toʻlqinlarga suqim oqadi.

Oqqush mungli-mungli “oh” urib,

Hazin kuyi dilga yoqadi.

Oʻtiraman, koʻnglim osuda,

Boshim uzra barglar shitraydi.

Soyalari limmo-lim suvda

Tanga-tanga boʻlib titraydi.

Lirikaning turfa turlari bor. Yuqorida ikki bandi keltirilgan sheʼr — peyzaj lirikasining namunasi. Agar Ayvazovskiy Qora dengiz boʻylab gudok chalib ketayotgan paroxodni tasvirlash bilan oʻzining ­musavvirlik


vazifasini turfa boʻyoqlar yordamida bajarilgan, deb bilsa, Usmon Nosir dengiz sohilida hordiq olayotgan lirik qahramonning moviy suvga tikilib turgan holatini, boshi uzra dengiz shamolidan titrab turgan barglarning toʻkilib, suvda tanga-tanga halqalar, halqachalar yasab, titrab turganiga koʻproq
eʼtibor qaratadi.

Va tasvirni shunday detallashtirish yoʻli bilan sheʼrga jon bagʻishlaydi. Lirik qahramon tasavvurida shunday jonlangan va lirik sheʼr sifatida maydonga kelgan manzara uni — lirik qahramonni yanada toʻlqinlantirib yuboradi:

Qanday yaxshi, kechqurun yolgʻiz

Yursang, koʻngling asti toʻymasa.

Oy — goʻyoki parishonhol qiz

Sochlarini yozib oʻynasa...

Ayvazovskiy kartinasidan bu sheʼrning farqi shundaki, bittasida paroxod tasvirlangan, ikkinchisida esa oqqush, oy va qiz obrazlari hiyla jilva berib oʻtgan boʻlsa, Usmon Nosir sheʼrida lirik qahramonning shu manzaraga boʻlgan munosabati soʻz va poetik obrazlar yordamida aniq va yorqin ifodasini topgan.

Usmon Nosirning 1933-1935-yillarda yaratgan sheʼrlari shoir ijodining choʻqqisi hisoblanadi. Afsuski, uning soʻngi sheʼrlarini ham oʻz ichiga olgan oxirgi kitobi maʼlum sabablarga koʻra, nashr etilmay qoldi. Aniqrogʻi, bu toʻplam yoqib yuborilgan.

Isteʼdodli shoir ijodi sheʼrdan-sheʼrga chaman yangligʻ ochilib borgan. Jumladan, 1936-1937-yillarda yozgan sheʼrlari avvalgilaridan ham maʼno va badiiy latofati bilan yuksak asarlar boʻlgani shunga katta ishonch uygʻotadi.

Usmon Nosirning lirik sheʼrlari (va dos­tonlari)dagi mavzu, gʻoya va lirik qahramonning yangiligi, lirik va epik manzaralarning tasvirga tortilgani, poetik intonatsiya, ritm, vazn va qofiya masalalari boʻyicha olib borgan badiiy izlanishlari oʻzbek poeziyasida keskin ajralib turishiga asos boʻlib xizmat qildi. U favqulodda qisqa ijodiy umri mobaynida yaratgan sheʼrlari, dostonlari va tarjimalari bilan oʻzbek adabiyoti taraq­qiyotiga ulkan hissa qoʻshdi.

Usmon Nosirning 1935-yildagi ijodiy kechasida soʻzga chiqib, shoir ijodiga yuksak baho bergan katta va yosh shoirlar orasida shogirdlari boʻlmagan. Uning qisqa ijodiy umrida qilgan xayrli ishlaridan yana biri “Usmon Nosir ijodiy maktabi”ga asos solganidir.

Shu maktabda taʼlim olgan shoirlardan biri Neʼmat Toshpoʻlat edi. U 1988-yilda yozilgan “Otashin qalbdan chiqqan satrlar” maqolasida shunday deydi: “Usmon Nosir yoshlarning sheʼr­larini oʻqishdan erinmasdi. Yaxshi maslahat berardi. Biz, shoir va yozuvchi Shuhrat, shoir va dramaturg Turob Toʻla bilan birga bundan 52 yil muqaddam Toshkent radioeshittirish komitetining adabiyot boʻlimida ishlar edik. Usmon Nosir bilan tez-tez uchrashib turardik. Yangi yozgan sheʼrlarimizga undan maslahatlar olardik.

“Yaxshi sheʼr yaratish uchun, — derdi u yoshlarning mashqlarini oʻqir ekan, — chinakam mehnat qilish kerak. Klassiklardan oʻrganish va originallikka intilish sheʼrga husn, badiiy rang, goʻzallik va harorat beradi. Qalam tebratishni orzu qildingmi, insonning yuragini, koʻnglini, ichki dunyosini ochib berishga harakat qil. Buning uchun esa, avvalo, inson ruhini yaxshi bilishing, hayotni puxta oʻrganishing kerak. ­Nihoyat, sheʼr yozganda, oʻylamay-netmay soʻzni soʻzga ulab, qatorlashtirib chiqishdan qoch. Soʻzni tejab ishlatishga — oz soʻz bilan koʻp maʼnoni anglatishga ahamiyat ber...”

Ustoz shoirning bu qimmatli maslahati faqat yosh shoirlarga atalgan emas, balki tengdosh­lariga ham, uning oʻziga ham oid edi. Neʼmat ­Toshpoʻlat Usmon Nosir haqidagi xotirasini davom ettirib, yana bunday yozgan: “...Shunday derdi u. Shunday derdi-da, Pushkindan, Lermontovdan satrlar oʻqirdi. Ha, Pushkindan sheʼrlar oʻqirdi... “Heyne bilan oʻrtoq tutunib, Lermontovdan koʻmak oʻtinar”, bu ulugʻ zotlarni chuqur oʻrganar edi. Shuning uchun ham uning tarjimasida “Bogʻchasaroy fontani” va Lermontovning


“Demon”ini oʻqir ekanmiz, xuddi original asarni oʻqigandek lazzatlanamiz”.

Shuhrat, Turob Toʻla, Shukrullolardan keyingi avlod vakili Erkin Vohidov Usmon Nosir sheʼr­laridan olgan taassurotini shunday ifodalagan: “Isteʼdod shunday bir gavharki, u dengiz tubida, sadaf ichida ham — gavhar, isteʼdod shunday bir zilol irmoqki, uning har qatrasida daryolarning qudrati, ummonlarning teranligi bor; isteʼdod shunday bir gulki, uning har bir ochilmagan gʻunchasida chamanlarning boʻyi va tarovati bor”.

Usmon Nosir sheʼriyati toʻgʻrisida bu soʻzlardan baland, bu soʻzlardan goʻzal, bu soʻzlardan purmaʼno soʻzlarni aytishga kamina ojizlik qilaman.

Katta isteʼdod yulduzi soʻnmas yulduzlardan biri boʻlsa ajab emas!


Prezidentimizning “Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori oʻzining betakror isteʼdodi, yuksak matonati va xalqparvarligi bilan oʻzbek adabiyotida oʻchmas iz qoldirgan, mustabid tuzum davrida siyosiy qatagʻon qurboni boʻlgan ijodkor xotirasini abadiylashtirishga qaratilgan tarixiy hujjat boʻldi.

Qaror asosida Usmon Nosir tavalludining 110-yilligini mamlakatimizda adabiyot va sanʼat bayrami sifatida keng nishonlanibgina qolmay, uning qatagʻon davrida kechgan hayoti va faoliyatini oʻrganish, hozirga qadar nomaʼlum boʻlib kelayotgan qoʻlyozma asarlarining taqdiri haqida maʼlumotlar toʻplash ishlari olib boriladi.

Quyida taniqli shoir Toʻra Mirzoning Usmon Nosir haqidagi badiasini eʼtiboringizga havola etamiz.

Usmon Nosir deganda yoki uning sheʼrlarini oʻqiganingizda ichingiz jiz etadi. Bu sassiz hayqiriqdan koʻnglingizni qup-quyuq tutun oʻrab, xoʻrsinasiz va ayanchi taqdiriga aybdorlarini oʻylaysiz... Ammo yurtimizdagi ayrim kimsalar hali hanuz oʻsha manfur zamonni sogʻinishayotganidan hafsalangiz pir boʻlib, taassufdan koʻnglingiz oyogʻingizdan ham pastroqqa sirgʻalib tushadi.

Usmon Nosirning onasi Xolambibi Namanganda tugʻilib oʻsgan hamda oʻqimishli ayol edi. U toʻngʻich farzandi Usmonni tuqqaniga koʻp vaqt oʻtmasdan eri vafot etadi. Oqila, oʻqimishli ayol juda ham erta beva qolgach, uni yaxshi bilgan qarindoshlar munosib er chiqqunicha, unga yana turmush qurish haqida lom-mim demaydilar.

Tasodifan Qoʻqondan mehmon boʻlib kelgan Nosir ismli yigit Xolambibini yaxshi koʻrib qoladi. Yigitni soʻrab-surishtirishsa, fozil va oʻqimishli ekanligi ayon boʻladi. Xullasi kalom, Xolambibini yor-yor bilan Qoʻqonga uzatishadi. Nosirbek Usmonga oʻz jigariday qarab, unga oʻz ismini familiya qilib beradi. Yigitdagi isteʼdodni payqab, unga oʻzi arabiy imlodagi yozuvni oʻrgatadi, rus-tuzem maktab-internetiga oʻqishga joylaydi. Usmon maktabni bitirgach, uni Samarqand dorilfununiga oʻqishga yuboradi. Xolambibi Nosir hojidan uchta qiz farzand koʻradi...

Xolambibiga murojaat sifatida bir sheʼr bitgandim:

... Teskari aylanar gʻarib ona-Yer,

Tomoshachi quyosh manglayida ter,

Chevriladi chechak, oʻrar zarpechak,

Handaqqa otilar elim degan er.

Oʻttizinchi sabil yil, Xolambibi,

Qurt-qumursqa boʻldi fil, Xolambibi,

Usmon Nosir sheʼrin osmonga yozir,

Yolgʻon koʻkda, chin soʻz qil, Xolambibi.

Yosh shoir Usmon Nosir oʻsha paytdagi Oʻzbekistonning poytaxti Samarqandda oʻqigan paytdayoq dastlab talabalar orasida, keyinroq poytaxt ahlida noyob iqtidorli shoir sifatida eʼtirof etiladi.

Poytaxt Toshkentga koʻchirilgach, sheʼriy kitoblari peshma-pesh nashr etilgan ijodkorning muxlislari tobora ortib boradi. Taʼbir joiz boʻlsa, u mashhurlik taxtiga chiqadi, davralarda eng suyumli shoirga aylanadi.

Uning hibs qilinishidan bir oy burun qizil imperiyaning birinchi raqamli nashri “Pravda gazetasida «Na Vostoke poyavilsya novыy Pushkin, uzbekskiy poet Usman Nasir» sarlavhali maqola chop etilib, shoir haqida moʻl hamdu sanolar oʻqilgan edi. Ammo Moskovda tan olinish, eʼtirof ayrimlarning miltirayotgan hasadiga yermoyi sepganday boʻldi. Ularning hasad bilan qilgan igʻvolari tufayli shoir hibs etiladi.

Oʻtgan asrning 20 yillari oxirrogʻida Abdulla Qodiriy ilk bora Toshkent shahar sudi qarori bilan 6 yil muddatga qamalgan kunning oʻzidayoq Oʻzbekiston Oliy kengashi Prezidiumi raisi Yoʻldosh Oxunboboyev dargʻazab boʻlib, tunda Oʻzbekiston Oliy Sudining navbatdan tashqari majlisini chaqirtiradi. Yarim tungacha davom etgan majlisda jumhuriyatdagi sudlarning eng yuqori organi Oliy sud Toshkent shahar sudi qarorini bekor qilib, Abdulla Qodiriyni zudlik bilan ozod qilish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi. Ammo yarim kechada qarorni qamoqxonaga olib borishganida darvozani hech kim ochmaganligi bois bir kundan soʻng buyuk yozuvchi hibsdan ozod qilinadi.

1930-yildan boshlab qirmizi Oʻzbekistonning inon-ixtiyori, yaʼni jilovi xavfsizlik organlariga toʻlaligicha topshirilgan boʻlib, Oliy Sovet, KP Markaziy Qoʻmitasi, Komissarlar Soveti va boshqa har bir muassasa qovoq-tumshugʻi osilgan chekistlarning qoʻgʻirchoq tashkilotiga aylanib ulgurgan edi...

Bisotimda oʻsha davr manzarasini aks ettirgan bir sheʼr bor:

... Ogʻzingni ochma bir bor,

Aygʻoqchi qator-qator,

Yeydi dedi-dedilar,

Elga ozaymas ozor.

Xoʻrsinib olsang nafas,

Chopib kelar yuzta kas,

Istalin suratiga

Chap qovogʻin solsa, bas...

Taassuflar boʻlsinki, taʼbir joiz boʻlsa, Usmon Nosir sheʼrlarini yod biladigan, ammo tili soqov, qulogʻi kar rahbarlar nafas olish hamda uni chiqarish uchun ruxsatni ham Kremldan olishardi.

Faqat Xrushchyov zamonidagina ajal bayroqdori stalinizm keskin qoralanib, Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Usmon Nosir va boshqa tuhmat bilan qamalgan milliy salaflar oqlandi. Garchand Xrushchyovning sobiq KPSSning XX syezdidagi stalinizm illatlari haqidagi otashin nutqidan soʻng boshlangan evrilish sharofati bilan nohaq repressiyaga uchragan millat oydinlarining oqlanish jarayoni boshlangan boʻlsada, diktatura tarafdori boʻlganlar tarafidan Xrushchyov tezda yuqori mansabdan olib tashlanib, uning oʻrniga L.Brejnev oʻtirgandan keyin yopigʻliq qozonning ustidan olingan qopqoq tagʻin oʻz joyiga yopildi. Hatto oqlangan shoirlarning bayozlari orasidan toʻplanib salmoqli hajmda chop etilgan “Tirik satrlar” kitobi doʻkonlardan yigʻib olinib, olovga otildi. Choʻlpon, Fitrat, Behbudiy, Avloniy va boshqa jadidlarning jaranglashga ulgurmagan unlari yana oʻchirildi. Lekin Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir kitoblari nishli tahrirdan oʻtkazilib, jiddiy oʻzgartirishlar kiritilgan, tahrir qilingan holda chop etildi.

M.Gorbachyov tomonidan qayta qurish davri boshlangach, soʻlayozgan umid giyohlari yana koʻkara boshladi.Usmon Nosir hibsxonada ham muttasil ijod qilgani haqida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining ikkinchi delegatsiyasi tarkibida Kemerovoga borganimda qamoqxona maxsus kutubxonachisi boʻlgan ayol yigʻlab gapirib bergan edi.

Men “Usmon Nosir koʻmilgan joyga borishimiz shart”, deb oyoq tirab turib oldim. Nodira Rashidova ham bu fikrimni qoʻllab-quvvatladi. Xullas, uyushma boʻlimi raisi Kemerovo viloyati partiya qoʻmitasining birinchi kotibiga telefon qilib, bizning tamannomizni yetkazib, undan madad soʻradi. Ertasiga tong paytida biz qamoqxona tomon traktorga minib otlandik. 50-60 chaqirim masofani deyarli 3 soatda bosib oʻtdik. Yoʻldagi qorlar yanada qalinlashib borardi. Tobora manzilga yaqinlashar ekanmiz, traktor ham yurolmaydigan holatga keldi. Shu paytda viloyat rahbariyati tomonidan hozirlab qoʻyilgan buldozer qingʻir-qiyshiq yoʻllardagi qorlarni tozalab, nihoyat Mariinsk shahriga yetib bordik.

Yarim soatdan soʻng Usmon Nosir oʻtirgan hibsxonaning kutubxonachisi uyiga edik. Saksonlardan oshgan bir kampir oʻz uyida bizni iliq kutib oldi. Kamtarona dasturxon atrofida uning gʻamgin xotiralarini koʻzda yosh bilan tingladik. Uning hikoya qilishicha, hibsxonada mahbuslarga qogʻoz va qalam berish qatʼiyan taqiqlangan ekan. Lekin Usmon Nosirga ayricha munosabat mavjud boʻlib, qamoqxonada xizmat qiladigan yigirmadan ortiq oʻris ayollarining barchasi unga koʻngil qoʻyishganiyu shoirning oʻris tilida aksentsiz gapirishi, oʻta samimiy ekanligi bois qoʻllaridan kelgancha yordam berishga harakat qilishib, ular oʻz uylaridan qogʻoz-qalam keltirishar, shoir koʻp va xoʻb ijod qilgan ekan. Ammo qamoqxona maʼmuriyati bundan xabar topgach, rahbariyat tomonidan barcha ayollar chaqirilib, agar kimda-kim shoirga yana biror marta koʻmaklashsa, ayniqsa, qogʻoz va qalam keltirib bersa, ishdan haydalishi toʻgʻrisida qatʼiy ogohlantiriladi. Usmon Nosir ayollarning unga yer ostidan tikilib, sassiz oʻtib ketishayotganidan hamma narsani tushunib, iloji boricha ojizalar koʻziga koʻrinmaslik uchun oʻzini chetga oladigan boʻlib qoladi. Kutubxonachi ayol bir gal olisdan shoirga nazar solsa, u toʻlqinlanib, qoʻlidagi koʻmir ushogʻi bilan beton devorga sheʼr yozayotganiga guvoh boʻladi.

Kutubxonachi kampir Usmon Nosirning sogʻligʻi ogʻirlashgani sayin unga rahmi kelgan yigirmadan ortiq ayol jamlanib, yigʻlashib repressiyachi “xalqlar dohiysi, ota Stalin” nomiga alam toʻla oʻtinch-xat yozishib, buyuk shoir Usmon Nosir minbaʼd xalq dushmani emasligini eʼtirof etaroq uni ozod qilishni iltijo bilan soʻrashganini koʻzlari toʻla yosh bilan aytar ekan, bu mungli sasni eshitgan oʻzbek delegatsiyasi vakillari tugul oʻsha yerda jam boʻlgan mahalliy qalamkashlar koʻzyoshlarini jilovlay olishmadi. Rus tilida juda erkin gapiradigan Usmon Nosirni hibsxonadagi barcha xizmatchi ayollar, keksa kampir iqroricha, qattiq suyib qolishgan edi. Shoir Mixail Lermontovning uzun sheʼrlarini bitilgan tilda yonib oʻqiganida ayollardan tashqari jonsiz devorlar ham goʻyo nafas olmay tinglashgan. Goʻyo qorongʻi qamoqxona ichi yorishib ketganday boʻlarkan. Usmon Nosir buyuk rus shoirining «Demon» (“Iblis”) dostonini oʻz tarjimasida oʻzbekcha va ruscha aktyorday yonib oʻqiganida xotin-xalaj koʻz yoshlarini jilovlay olishmas ekan...

Safar taassurotlari, ulugʻ shoirning ayanchli taqdiri bilan bogʻliq xotiralar qalbimga olov yoqdi. Kutubxonachining dard-alam toʻla tuygʻularini sheʼrga soldim.

MARIINSK HIBSXONASI KUTUBXONACHISI IQRORI

Kemerovo hibsxonasi,

Mahbuski, kishanda nafasi,

Dohiy, xalqlar otasin maqtab,

Bosh gʻurra, tinmas “ura, ur...” sasi.

Bir shoir, Mashrabning xeshimi?

Boʻzlaydi kunduzmi yo kechmi,

Soʻzlarni ushlaydi, mushtlaydi,

Kim oʻzi? Vijdonning eshimi?

Baqirar, hayqirar, pichirlar,

Tishida tovushlar vijirlar,

Koʻzlari porlaydi bir mayin,

Kipriklar hayqirib, gʻijirlar.

Tashqarida ortar qortepa,

Och qargʻalar uchun gʻortepa,

Yalinmaydi shoir, sinmaydi,

Koʻkragida oʻsar ortepa.

Koʻzlarida chaqnar savollar,

Ohlimi, siyohli xayollar,

Hibsxona aro shoirni

Sevib qolgan barcha ayollar.

Tegrasida oʻrgilar mehr,

Koʻzlarida shoirning sehr,

Toʻgʻram nonni tutgan ayol-chun

Naq devorga shoir bitar sheʼr.

Zorlab qoldiki onaizor,

Ortib ketdi boshida oq qor,

Tongga boqsa, mushtipar vohlab,



Sabohda oh, toq qora ohor. Toʻra MIRZO,

Download 1.15 Mb.




Download 1.15 Mb.