4. Soliq xizmati idoralari tizimi, ularning vazifalari, huquqlari.
Yuqorida qayd qilinganidek, soliq siyosati davlat, ya'ni uning vakolatli organlari tomonidan olib boriladi. Agar ushbu vakolatli organlar hokimiyat turi nuqtai-nazaridan olib qaraladigan bo‘lsa, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlariga bo‘linadi. Ayrim hollarda davlatning soliq siyosati Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan olib boriladi, degan fikrlar uchraydi. Amalda esa soliq siyosati davlat hokimiyatining barcha bo‘g‘inlari: Qonun chiqaruvchi, Ijro etuvchi va sud hokimiyatlari faoliyatlarining ajralmas qismi sifatida kompleks tarzda amalga oshiriladi.
Bu hokimiyatlar tomonidan soliq siyosati quyidagi tartibda ishlab chiqiladi va uning ijrosi ta'minlanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat hisoblangan Oliy Majlis tomonidan soliqqa oid va unga bevosita tegishli bo‘lgan qonunlar qabul qilinadi, o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi yoki ayrimlari bekor qilinadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat - hokimiyat boʻlinishi prinsipi va nazariyasiga muvofiq davlatning uch hokimiyat tarmogʻidan biri. Qonun chiqaruvchi hokimiyath. Konstitutsiya va qonunlarni qabul qilish, ularga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, zarur hollarda ularni belgilangan tartibda bekor qilish vakolatlariga ega boʻladi. Demak, soliq siyosatining huquqiy negizlari mazkur hokimiyat faoliyati bilan bog‘liqdir. Ijro hokimiyati bo‘lgan Vazirlar Mahkamasi va uning bo‘linmalari, Davlat Soliq Qo‘mitasi, Moliya Vazirligi, Adliya Vazirligi, Iqtisodiyot Vazirligi, mahalliy hokimiyatlar va boshqa tegishli organlar tomonidan Oliy Majlis tomonidan qonun yo‘li bilan joriy etilgan soliqlar va soliqlarga tenglashtirilgan majburiy to‘lovlarning ishlash mexanizmini ta'minlashga xizmat qiluvchi huquqiy- me'yoriy hujjatlar orqali ularning ijrosi ta'minlanadi. Bunda albatta ijro hokimiyatining bir bo‘g‘ini hisoblangan Davlat soliq qo‘mitasining soliq siyosati ijrosini ta'minlashdagi alohida o‘ringa ega ekanligini qayd etish lozim. Bundan tashqari, har yilning oxirida kelgusi yil uchun amal qiladigan soliqlar va soliqlarga tenglashtirilgan majburiy to‘lovlar bo‘yicha soliq stavkalarini tasdiqlash, o‘zgartirishlar kiritish vakolati Vazirlar Mahkamasiga berilgan. Soliq siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar bo‘g‘inlari bilan birga sud hokimiyatining bo‘g‘inlari ham alohida ahamiyatga ega. Sud hokimiyati tomonidan qonuniy amal qilayotgan soliqlar va soliqlarga tenglashtirilgan majburiy to‘lovlarning o‘z vaqtida byudjetga kelib tushishi ustidan nazorat o‘rnatilib, soliq qonunchiligi buzilishlarini oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar qo‘llanadi.
Soliq siyosatini ishlab chiqishda nafaqat alohida olingan muassasalar bevosita qatnashadi, shuningdek uni ishlab chiqishda soliq xizmati bilan shug‘ullanmaydigan sub'ektlar, aniqrog‘i soliq to‘lovchilar qatnashishi mumkin, ya'ni bunda soliq to‘lovchilarning o‘zlarida soliqlarni takomillashtirishga qaratilgan takliflar, soliqlarni hisoblashni oson va samarali ishlash kabilar taklif sifatida berilishi mumkin.
Soliq solish sohasidagi davlat boshqaruvining samaradorligi ko‘p jihatdan davlat apparatining turli bo‘g‘inlari faoliyatidagi moslashuvchanlikka bog‘liq. Vakolat har bir organning o‘ziga xos rolini belgilaydi va bir vaqtning o‘zida uning boshqa organlar faoliyati bilan moslashuvini ta'minlaydi. Davlatning asosiy vazifalaridan birini hal etilishi - byudjetni to‘ldirish, soliq to‘lovchilarning iqtisodiy va yuridik xatti-harakatlariga ta'sir etishning u yoki bu dastagiga ega bo‘lgan barcha davlat hokimiyati organlar faoliyatining muvofiqlashtiruvisiz mumkin emas. Ko‘pgina adabiyotlarda ta'kidlanganidek, konseptual soliq tamoyillaridan biri davlat organlarining soliq siyosatini ishlab chiqishda va amalga oshirishda birgalikdagi ishtiroki hisoblanadi.
Soliq siyosatini ishlab chiqish va uni amalda qo‘llash jarayonida bir qancha o‘z vakolati doirasida faoliyat yuritadigan organlar birgalikda bahamjihat ishni tashkil etishlari shart. Bu organlar faoliyat turi, ularni tashkil etish asoslari, maqsad va vazifalarining farqlanishi soliq munosabatlarini tashkil etishda ayrim muammolarni keltirib chiqaradi. Bu jarayonda aktiv ishtirok etishni ta'minlash maqsadida ular faoliyatini muvofiqlashtirish va bir-biriga moslashuvchanligini ta'minlash kabi qator muammolarni hal etish zarur.
Shuni alohida qayd etish lozimki, asosiy iqtisodiy huquqlar va soliq to‘lovchilarning erkinligini ta'minlash qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatning doimiy nazorati ostida turadi. Prezident tomonidan ularning faoliyatiga nisbatan bildiriladigan asosiy talablar bevosita soliq sohasidagi ishlarning umumiy ahvoli, uni boshqarish, xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarning tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va boshqalar bilan belgilanadi. Davlat soliq qo‘mitasi va boshqa soliqlar bo‘yicha bevosita va bilvosita vakolatga ega bo‘lgan organlar ishini muvofiqlashtirgan holda hokimiyatning ushbu sohalari soliq solish bilan bog‘liq shaxs huquqlarini ta'minlash uchun yuqori darajali javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi hamda ularning manfaatlari yo‘lida muammoli vaziyatlarni oldini olish maqsadida o‘zaro hamkorlikning barcha jihatlarini mukammal tartibga soladi.
Qonun chiqaruvchi organ (Oliy Majlis) Konstitutsiyaning 78-moddasi 8-bandi va «O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi to‘g‘risida»gi qonunning 4-moddasiga muvofiq hukumatning taqdimiga muvofiq soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni belgilaydi. Davlat soliq qo‘mitasining vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha qonunchilikni qo‘llash amaliyotini umumlashtirish asosida soliq qonunchiligini takomillashtirishga doir takliflarni ishlab chiqish va ularni hukumatga kiritish huquqi uning Oliy Majlis bilan o‘zaro munosabatlari hukumatning ishtiroki bilan qurilishiga yaqqol misol bo‘la oladi. Ma'lumki, Vazirlar Mahkamasi Davlat Soliq Qo‘mitasiga nisbatan vakolatlari bo‘yicha rahbar organ hisoblanadi. Soliq qonunchiligini qo‘llash amaliyotini doimiy ravishda umumlashtirish, davlat hokimiyati va boshqaruvining yuqori organlarini mazkur sohaning xususiyatli jarayonlari haqida muntazam xabardor qilib borishi lozim.
Davlat Soliq Qo‘mitasini boshqa hokimiyat organlari, tashkilotlar bilan turli yo‘nalishlarda amalga oshiriladigan o‘zaro hamkorligini tahlil qilish muhim ahamiyatga ega. Ushbu o‘zaro hamkorlik o‘zining yuridik tabiatiga ko‘ra huquqiy bo‘lgani holda, munosabatlar predmetining o‘ziga xosligi bilan tavsiflanadi. Mahalliy hokimiyat organlari va davlat soliq organlarining o‘zaro hamkorligini tartibga soluvchi me'yorlar turli yuridik kuchga ega bo‘lgan qator me'yoriy hujjatlarga tayanadi. Umumiy xususiyatlarga ko‘ra, o‘zaro hamkorlik Konstitutsiya me'yorlarida, boshqa qonunchilik hujjatlarida aks ettirilgan, o‘zaro hamkorlikning yanada aniq yuzaga kelishi ko‘pincha soliq sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi boshqa me'yoriy hujjatlarda o‘z aksini topgan. Mazkur davlat tuzilmalarining o‘zaro munosabatlari xususiyatiga ta'sir etuvchi ob'ektiv omil mahalliy vakillik va ijro hokimiyati organlarining hududning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlanishi, mahalliy byudjetlarni shakllantirish va ijro etish, mahalliy soliqlarni belgilash, byudjetdan tashqari fondlarni shakllantirish masalalarini hal etish uchun konstitutsiyaviy belgilanishi hisoblanadi. Bu bilan davlat hokimiyatini tashkil etishning tegishli darajalarida hal etiladigan boshqaruvning barcha masalalarida, shu jumladan, moliyaviy sohada ham yuridik vakolatlilik mustahkamlanadi.
Soliq organlari va mahalliy hokimiyat organlari o‘rtasida yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan o‘zaro hamkorlik respublikada olib boriladigan yagona soliq siyosatini olib borishda, soliqlar va boshqa soliqlarga tenglashtirilgan majburiy to‘lovlarning hudud byudjetiga kelib tushishini ta'minlash bo‘yicha vazifalarning bajarilishi natijalarini tahlil qilishda ishtirok etish orqali namoyon bo‘ladi.
Shu o‘rinda mahalliy hokimiyat organlarining soliqlar bo‘yicha vakolatlariga qisqacha to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, mahalliy hokimiyat organlari mamlakatimiz soliq qonunchiligiga muvofiq bir qancha vakolatlarga ega bo‘lib, ular o‘zlarining hududida joylashgan soliq to‘lovchilarga mahalliy soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha qo‘shimcha soliq imtiyozlarini belgilash, soliq stavkalarining miqdorini Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilab qo‘yilgan eng yuqori stavkalar doirasida belgilash kabi vakolatlarini sanab o‘tishimiz mumkin.
Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, respublikamizda soliq siyosati davlatning maxsus vakolatli organlari tomonidan ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi. Soliqlar bo‘yicha har bir hokimiyat organi maxsus vakolatlarga ega bo‘lib, ularning har biri o‘z faoliyatlarini samarali olib borishda ushbu vakolatlardan foydalanadi. Bunda vakolatli organlar sifatida barcha hokimiyat organlari, jumladan, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari birgalikda faoliyat ko‘rsatadi va unda Davlat soliq qo‘mitasi soliq siyosatini amaliyotga joriy etishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan vazifalarni bajaradi.
Qisqacha xulosalar
Bugungi kunda respublikamiz soliq siyosatining huquqiy asoslari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining Soliq Kodeksi, «Davlat soliq xizmati to‘g‘risida»gi Qonuni, hukumatning boshqa soliqqa oid qonun, qarorlari, Prezident Farmonlari va boshqa me'yoriy hujjatlar bilan izohlanadi.
Soliq siyosatini ishlab chiqishda nafaqat alohida olingan muassasalar bevosita qatnashadi, shuningdek uni ishlab chiqishda soliq xizmati bilan shug‘ullanmaydigan sub'ektlar, aniqrog‘i soliq to‘lovchilar qatnashishi mumkin, ya'ni bunda soliq to‘lovchilarni o‘zlarida soliqlarni takomillashtirishga qaratilgan takliflar, soliqlarni hisoblashni oson va samarali ishlash kabilar taklif sifatida berilishi mumkin.
Soliqqa tortish tizimini takomillashtirishning muhim yo‘nalishlaridan biri soliq tizimini tartibga solish, soliq turlarini kamaytirish, hisob-kitob mexanizmini soddalashtirish va ular bo‘yicha to‘lov davriyligini kamaytirish hisoblanadi.
Mamlakatimiz bozor iqtisodiyotiga o‘tish yo‘lidan jadal rivojlanib borar ekan iqtisodiyotning turli tarmoqlari orasida mahalliy soliqlar alohida e'tibor talab etadi. Chunki obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i iqtisodiyotimiz tayanchi, mahalliy byudjetning asosiy tarkibiy qismidir. Obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i davlat byudjeti daromadlarini shakllantirishda asosiy o‘rin tutadi va soliq tizimida mahalliy soliqlar tarkibida muhim ahamiyatga ega.
Nazorat va muhokama uchun savollar
-
Soliq siyosati haqida tushuncha bering?
-
Soliq siyosatining taktikasi hakida gapirib bering?
-
Soliq siyosatining konsepsiyasi to‘g‘risida ma'lumot bering?
-
Soliq siyosati strategiyasi deganda nimalarni tushunasiz?
-
Soliq siyosatini ishlab chiqishda davlatning roli qanday?
-
Soliq siyosati xususiyatlari va yo‘nalishlarini tushuntirib bering?
-
O‘zbekiston Respublikasi soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari nimalardan iborat?
-
Obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘ini to‘lovchilar kimlar hisoblanadi?
-
Obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i solish ob'ekti nima hisoblanadi?
-
Obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i bo‘yicha qanday soliq imtiyozlari belgilangan?
-
Obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i stavkalari va hisoblash tartibi qanday?
-
Obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish uchun soliq qanday muddatlarda to‘lanadi?
Asosiy adabiyotlar
-
O‘zbekiston Respublikasi Soliq Kodeksi. –T.Adabiyot (arab. - adab so‘zining ko‘pligi) - 1. Fan va amaliyotning biror sohasidagi yutuqlarni umumlashtiruvchi asarlar majmui (texnikaviy A., qishloq xo‘jaligi A.i, siyosiy A. va boshqalar). 2. San’atning bir turi (badiiy A. deb ham ataladi) : Iqtisodiyot va huquq dunyosi, 2006. -152 bet.
-
O‘zbekiston Respublikasining «Davlat soliq xizmati to‘g‘risida»gi Qonuni. // Xalq so‘zi, 1997 yil, 29 avgust. 1-2 bet.
-
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 18 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2007 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni prognozi va davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida»gi 532- sonli Qarori.
-
Karimov I.A. Yangilanish va barqaror taraqqiyot yo‘lidan yanada izchil harakat qilish, xalqimiz uchun farovon turmush sharoiti yaratish – asosiy vazifamizdir.Harakat - borliqnint ajralmas xususiyati boʻlgan oʻzgaruvchanlikni (q. Barqarorlik va oʻzgaruvchanlik) ifodalovchi falsafiy kategoriya. H. tushunchasi imkoniyatlarning voqelikka aylanishini, roʻy berayotgan hodisalarni, olamning betoʻxtov yangilanib borishini aks ettiradi. // Xalq so‘zi, 2007 yil 13 fevral.
-
Alimardonov M.I., To‘xsanov Q.N. Soliq nazariyasi. – T.: O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Adabiyot jamg‘armasi nashriyoti, 2005.
-
Zavalishina I.A. Soliqlar: nazariya va amaliyot –T.: Iqtisodiyot va huquq dunyosi nashriyot uyi, 2005. -544 bet.
-
Yahyoev Q.A. Soliqqa tortish nazariyasi va amaliyoti, Darslik (qayta ishlangan). - T.: Fan va texnologiyalar markazi, 2003. -247 bet.
-
Yutkina G.F. Nalogi i nalogooblojeniya: Uchebnik. –M.: INFRA-M, 2001. -429 s.
-
Toshmurodova B. Soliqlar vositasida iqtisodiyotni boshqarish mexanizmi. –T.: Yangi asr avlodi, 2002. –126 b.
-
http://www.nalog.ru (Rossiya Federatsiyasi Davlat soliq xizmati sayti).
-
http://www.soliq.uz (O‘zR Davlat Soliq Qo‘mitasi sayti).
|