Shu bobning 12 va 13-mavzulari: “So‘nuvchi elektromagnit tebranishlar va tranzistorli elektromagnit tebranishlar generatori”ning tuzilishi va ishlashini bayon qiladi. Mavzuning 3.5 va 3.6-rasmlarida yuqori chastotali elektromagnit tebranishlarni hosil qilishda uzib-ulagich (kalit)ni o‘qituvchi ulab-uzib turishi lozim bo‘ladi. Kalitni qo‘limiz bilan ulab-uzib tursak, tebranish konturida so‘nuvchi elektromagnit tebranishlar hosil bo‘ladi, ammo uning ossillograf ekranidagi tasvirini kuzatishda ancha qiyinchiliklar ro‘y beradi. Kalitni ulaganimizda va uzganimizda tebranish konturidagi hosil bo‘layotgan so‘nuvchi tebranishlar chastotasi va fazasi bilan elektron ossillografning yoyuvchi generatori chastotalari orasida katta farq yuzaga kelib, ekrandagi tebranishlar ossillogrammasi turg‘un bo‘lmaydi. Natijada o‘quvchilar ekranda aniq tasvirni ko‘ra olmaydilar.
|
1-rasm
| Biz uzoq izlanishlardan so‘ng muammoning yechimini topdik: So‘nuvchi tebranishlarni amalda kuzatish uchun quyidagi 1-rasmda tasvirlangan chizma bo‘yicha elektr zanjiri tuzishni tavsiya qilib o‘tmoqchimiz.
Dars jarayonida darslikning 3.6-rasmidagi qurilmani o‘quvchilarga batafsil tushuntirib, keyin quyidagi 1-rasmda ko‘rsatilgandek chizma bo‘yicha zanjir tuzib, 3.6-rasmdagi uzib-ulagich o‘rnini bir tomonlama o‘tkazuvchanlik xususiyatiga ega bo‘lgan yarim o‘tkazgichli VD1 diod bilan almashtirsak, o‘zgarmas kuchlanish manbai bo‘lmish galvanik elementni 50 Hz chastotali o‘zgaruvchan 6 Volt (V) li kuchlanish manbaiga o‘zgartirsak, ossillograf ekranida uyg‘unlashgan turg‘un holatdagi so‘nuvchi tebranishlarning 3.5-rasmdagi so‘nuvchi grafigi hosil bo‘lib, masala hal bo‘ladi. Keyingi chizmadan ko‘rinadiki, VD1 diod elektron uzib-ulagich vazifasini o‘taydi. VD1 diod anodiga berilgan o‘zgaruvchan kuchlanishning birinchi yarim davri davomida kondensator zaryadlansa, keyingi ikkinchi yarim davri bo‘lmish 0,01 sekund davomida diod kondensatorni tashqi kuchlanish manbaidan uzib turadi. Shunday qilib, konturga kuchlanish manbaidan har 0,01 sekund vaqt davomida davriy ravishda energiya kelib turish sharoiti tug‘iladi. Shu vaqt ichida tebranish konturida LC-parametrlarga hos tebranishlar yuzaga keladi.
Tebranish konturda aktiv qarshilik har doim mavjud bo‘lganligidan undagi erkin elektromagnit tebranishlar so‘nuvchi bo‘ladi.
Tajriba davomida konturga ketma-ket qilib 10-100 Ω atrofidagi reostatni ulab, tajriba takrorlansa, tebranishlarning tezda so‘nib qolishini kuzatamiz. Yuqorida tilga olingan tajribalarda o‘qituvchi tebranish konturida hosil bo‘layotgan erkin elektromagnit tebranishlar davri (chastotasi)ning g‘altak induktivligi L va kondensator sig‘imi C ga qanday bog‘liq ekanligini ham ko‘rsatishi mumkin. Buning uchun g‘altak ichiga turli xil magnit singdiruvchanlikga ega bo‘lgan: temir, ferrit, mis, aluminiy va bronza kabi moddalarni kiritishi lozim bo‘ladi. G‘altak induktivligi oshganda chastotaning pasayishi, induktivlik kamaytirilsa, ossillograf ekranida tebranishlar sonining ortib borishini ko‘rsatish mumkin. Kondensator sig‘imi va g‘altak induktivligi qancha katta qilib olinsa, tebranish konturidagi so‘nuvchi teranishlarni maktab elektron ossillografida kuzatish shunchalik osonlashadi. Bu kabi natijalardan o‘quvchilar Tomson formulasining to‘g‘ri ekanligiga yana bir ishonch hosil qiladilar.
1-rasmdagi qurilmani namoyish qilishda:
O‘zgaruvchan kuchlanish manbai sifatida elektr taqsimlash shiti ~ 220/42 V va PHY elektr taqsimlagichi ~ 42/6 V dan yoki istalgan bir ~220/6V pasaytiruvchi transformatordan foydalaniladi.
VD1 diod sifatida maktab fizika laboratoriyasida mavjud bo‘lgan (Д226Б, Д7Ж yoki КД 226...) diodlardan foydalanish mumkin.
L-induktivlik g‘altagi sifatida PXY (11)-“Tomson g‘altagi” (temir o‘zagi bilan) yoki qismlarga ajraladigan maktab transformatorining ~220/127 V kuchlanishga mo‘ljallangan o‘zakli birinchi g‘altagidan foydalaniladi.
C-kondensator sifatida maktabda mavjud bo‘lgan kondensatorlar batareyasi (0.5÷58 μF) dan foydalanamiz.
Abdulla Raxmonov, Xorazm viloyati Hazorasp tumanidagi 25-son umumta’lim maktabining oliy toifali fizika fani o‘qituvchisi, xalq maorifi a’lochisi.
Umar Raxmanov, Xorazm viloyati Hazorasp tumanidagi 25-son umumta’lim maktabining birinchi toifali fizika fani o‘qituvchisi.
Raxmonbergan Raxmanov, Urganch Davlat universiteti axborot-texnologiyalar kafedrasi katta o‘qituvchisi.
|