Ortofotoplanlar asosida esa topografik xaritalar yaratiladi. Bu xaritalarda
geodezik punktlar, relyef, gidrografiya, o'simlik, tuproq,
iqtisodiy va madaniy
ob'ektlar, yo'llar, aloqa, chegaralar, umuman, jamiki yer obyektlari to'g'risidagi
ma'lumotlar qayd etiladi.
O'zbekistonda oxirgi yillarda kosmosuratlardan eng zamonaviy usul bo'lgan
aerosuratlar olishga o'tilyapti. Bu yanada aniqlikni ta'minlaydi. Bungacha 2015,
2018-yillarda olingan kosmosuratlardan foydalanilar edi. Ularning aniqligi
nisbatan kamroq bo'lib, olingan tasvirlar xaritada yaqinlashtirilgani sari
xiralashib boradi va yo'qolib ketadi. Aerosuratlar
tasvirlarini esa qancha
yaqinlashtirsa ham, rasm tiniqligini yo'qotmaydi.
Hozir yurtimizda eng zamonaviy “Leica DMC III” rusumidagi kameralar
yordamida 96 592 kvadrat kilometr hudud aerosuratlari olindi va 69 318 kvadrat
kilometr maydondagi hududlar uchun ortofotoplanlar tayyorlandi. Bunda
kamera samolyotga o'rnatilib,
belgilangan er maydonlari, ob'ektlarni
aerotasvirga oladi. Ushbu kameralar kosmosuratlardan farqli tarzda yerdagi 5
santimetrgacha bo'lgan narsani ham aniq ko'rsatib beradi. Masalan, aerotasvir
tushirilgan elektron xaritada, hatto, erdagi gugurt qutisini ham ko'rish mumkin.
Yaqinda aerosuratlar olishda foydalanish uchun Italiyada
ishlab chiqarilgan
“Tecnam P2006T” rusumli samolyot olib kelindi. eng so'ngi rusumdagi mazkur
samolyotdan foydalana boshlansa, O'zbekistonning turli masshtabdagi
xaritalarini tez-tez yangilab turish imkoniyati yuzaga keladi.
Gap shundaki, yurtimizda har xil masshtabdagi xaritalar yaratilgan bo'lib, ular
muntazam yangilab boriladi. Natijada, xaritalarning dolzabligi ta'minlanadi. Bu
mamlakatdagi jadal rivojlanish sur'ati bilan bog'liq. Masalan,
Andijon viloyati
hududidagi shaharlarning topografik xaritalari 2014-yilda yangilangan. Undan
keyin hududda qancha o'zgarishlar bo'ldi. Yangi obyektlar, yo'llar qurildi. Ularni
xaritaga kiritish uchun esa yangilab borish talab etiladi. Shunday eskirgan
xaritalarning barchasi raqamlashtirildi. Ammo bu jarayon davomiy hisoblanadi.
Yangilash muddatlari esa xaritalar masshtabiga qarab belgilanadi.
Avvallari O'zbekiston hududlari xaritasini elektron ko'rishning ham imkoni yo'q
edi. Yurtimizda elektron xaritalarni yaratish ishlari 2006-yillardan boshlangan.
Hozirgi kunda mamlakatimiz xaritasini to'liq elektron shaklda ko'rish mumkin.
Hatto, davlat koordinata tizimi yopiq holatdan ochiq tizimga, ya'ni, butunjahon
geodezik tarmog'iga o'tkazilyapti. U endilikda, ommaga ochiq taqdim etiladi.