|
Tabiatshunoslik darslariga qo’yiladigan asosiy talablar
|
Sana | 28.05.2024 | Hajmi | 66,5 Kb. | | #256110 |
Bog'liq TABIATSHUNOSLIK DARSLARIGA QO’YILADIGAN ASOSIY TALABLAR
TABIATSHUNOSLIK DARSLARIGA QO’YILADIGAN ASOSIY TALABLAR
Reja:
Dars-tabiatshunoslikdan olib boriladigan o’quv-tarbiya ishining asosiy shakli.
Darsning tuzilish bosqichlari.
Tabiatshunoslik darslariga bo’lgan didaktik talablar.
Darsga bo’lgan ta’lim-tarbiyaviy talablar.
Psixologik talablar.
Gigiyenik talablar.
Asosiy tushunchalar: dars o’quv-tarbiya ishining asosiy shakli; darsning ta’rifi; darsning mazmuni; darsga mos metodlarni tanlash; darsning tuzilishi, strukturasi; tabiatshunoslik darslariga qo’yiladigan talablar; didaktik tarbiyaviy, psixologik gigiyenik talablar; ularning ahamiyati.
Maktablarda olib boriladigan ta’lim-tarbiya ishlarining katta qismi dars jarayonida olib boriladi, shu bois dars o’quv ishlarining asosiy shakli deyiladi. Darslarda davlat dasturi va ta’lim darajada darslikda belgilangan o’quv materiali o’rganiladi. Darslarda qatnashish o’quvchilar uchun majburiydir.
Davlat dasturi va qat’iy dars jadvali asosida o’qituvchi tomonidan ma’lum o’quv predmetlaridan muayyan hajmdagi bilimlarni bir xil yoshdagi o’quvchilar guruhiga beriladigan mashg’ulotga dars deb ataladi.
Darsning samaradorligini ko’tarish uchun beriladigan bilimlar saviyasini ko’tarish, nazariy bilimlarni hayot bilan bog’lab olib borish, pedagogik texnologiyalarni qo’llash, o’quvchilarga tabiatshunoslik bilimlarini o’zlashtirishga yanada qiziqish uyg’otish, ularning bilimini mustahkamlashga yordam beradi.
Tabiatshunoslik darslarida o’quvchilar dasturga muvofiq, o’qituvchi rahbarligida nazariy bilimlar, amaliy o’quv va ko’nikmalar oladilar. O’qituvchi materialni o’quvchilarga tushunarli bayon qilib, turli xil o’quv, ko’rgazmali qurollardan foydalanib, zarur tushunchalar beradi, o’quvchilarga darslik bilan mustaqil ishlash, o’z bilimlaridan amalda foydalanish o’quvlarini singdiradi.
Tabiatshunoslik darslarining maqsadi va mazmuni har xil, ammo ularning barchasida umumiy maqsad o’quvchilarning kompleks tarbiyasi va ularga bilimlarni tushunarli holda bayon qilish, birlashtirish, umumlashtirish.
Didaktik talablar. Tabiatshunoslik darslarining samaradorligi quyidagi shartlarning bajarilishiga bog’liq: vaqtdan unumli foydalanish; darsning mavzusi va maqsadini aniq belgilash; vazifalarni to’g’ri qo’l bilish va izchil yecha bilishdan iborat.
O’qituvchi darsga tayyorlana turib, uning tuzilishini belgilaydi. Bilimlarni nazorat qilish, tushuncha berish, mustahkamlash, yangi va oldingi bilimlarni nazorat qilish, bilimlarni umumlashtirish va tartibga solishni qanday izchilikdan o’tkazish muhimligini, so’rash paytida uning qaysi turidan foydalanish kerakligini qayd qiladi.
O’quv materialini o’rganish vaqtini to’g’ri belgilash avvalo to’g’ri belgilash muhimdir. Darsning samaradorligini ta’minlovchi omillardan biri - bu yangi o’quv materialining mazmunini o’zlashtirish o’qituvchi va o’quvchining diqqat markazida turishdir. Uyga vazifani tekshirish yoxud takrorlash bilan vaqtni sarflash noto’g’ri xoldir. O’quv materiali mazmunida o’quvchilar e’tibor berishi lozim bo’lgan lahzalar alohida ajralib turishiga e’tibor qaratiladi. Bu o’rinda o’qituvchiilgari o’rganilgan mavzularga ham albatta tayanadi. Bu masalani «CHo’llar» (IV sinf) mavzusi bilan bog’laymiz.
Bu paytda o’quvchilar o’qituvchi rahbarligida avvalo cho’l iqlimining belgilarini: yog’inlar miqdorining kamligi, yozning o’ta jazirama issiqdagi, havo va tuproqning sutkalik va yillik o’zgarishlarining kattaligini hisoblab chiqadilar.
Shuningdek, o’quvchilar xarita va sur’atlar bilan ishlaydilar, nihoyat o’quvchilarga cho’l yuzasining xilma-xilligi, dars va ko’llarning kamligi, tuprog’ining asosan qumli va loyli ekanligi, o’simliklarning siyrakligi, asosan o’tchil, usimliklardan iboratligi haqida aniq xulosalar chiqarishga imkon beradi.
Muhim didaktik talablardan biri-mavzu mazmunidagi eng muhim ma’lumotlarni ajratib, urg’u berish asosida tushuncha hosil qilish bilimlarni yaxshi o’zlashtirishga yordam beradi, ayni paytda o’quvchilar tomonidan uy vazifasini bajarishda yengillik tug’iladi. Bu paytda o’quvchining vaqtini tejash, qiyinchilik tug’dirmasligi bo’yicha g’amxo’rlik qilish o’qituvchining diqqat markazida turishi lozim.
Dars jarayonida o’rganishni rag’batlantirish yo’llariga ham e’tibor berilishi kerak. Xususan, qiziqarli masala va mashqlar tuzish, idrokiy o’yinlar, ko’rgazmali qurollar tayyorlash va ulardan dars jarayonida foydalangan holda puxta o’zlashtiradigan, zukko o’qituvchilarni rag’batlantirib borish ko’zlangan maqsadga erishishni yengillashtiradi. Ammo, barcha darslar ham hamma vaqt qiziqarli bo’lavermaydi. Shu bois, o’quvchilarni qiziqtirish asosida qiyinchiliklarni yengish, ularda iroda va qat’iyatlikni tarbiyalash lozim.
Zamon talabiga mos tabiatshunoslik darslari o’qitishning shakllarini anglagan holda tanlangani, xususan, butun sinf, guruh va yakka tartibdagi mashg’ulotlarni uyg’unlashtirilganligi bilan xarakterlanadi.
Darsning barcha vazifalari oldindan belgilangan va rejasi tuzilgan bo’lsa, unga quyiladigan barcha talablarni bajarish oson kechadi. O’qituvchi dars rejasini tuza turib, uning asosiy maqsadini, tuzilishini, mazmunini, loyihasini, o’tkazish metod va uslublarini, jihozlarni, tashkil qilish shakllarini belgilaydi. Xususan, tadqiqiy yondashuv, muammoli darslar, dasturlashtirilgan o’qitish-pedagogik texnologiya asoslariga tayangan holda darslarni tashkil qilishga erishish uning didaktik talabini hal qiluvchi asosiy omildir. Bu o’rinda darsni to’g’ri rejalashtirish, uni qismlarga ajratish; dars tipini belgilash; didaktik maqsad bilan taqazo qilinadigan tuzilishini belgilash ta’lim maqsadlariga erishishning muhim qismi hisoblanadi.
Tabiatshunoslik darsining samaradorligi o’qitish metodlari to’g’ri tanlanganda va ular ko’rgazmalilik vositalari bilan uyg’unlashtirilganda muayyan darajada ortadi. Shu kabi ta’limning zamonaviy texnika vositalaridan mohirona foydalanish o’quv mehnati jadalligi va o’quv jarayoni texnik madaniyatini oshiradi. Ammo, bu o’rinda mazkur vositalardan muvaffaqiyatli foydalanish uchun o’qituvchidan ilmiy, metodik va texnik bilimlarini, o’quv va ko’nikmalarini muttasil oshirib borishni talab qiladi.
Darsni talab darajasida o’qitish uchun o’qituvchi o’quv materiali mazmunini ifodalovchi konspekt tuzishga (erishishi) kerak, unda o’quvchilarga beriladigan savollar ro’yxati o’z aksini topadi, qiziqarli, idrokiy ma’lumotlar qayd etiladi. Shuningdek, konspekt matnida qo’shimcha manbalar (she’rlar, maqollar, matallar (ertak), topishmoqlar, yozuvchilar va davriy matbuot sahifalaridan tabiatga oid parcha yoki lavhalar ko’rsatilsa va ular o’quvchi ongida singdirib borilsa, ularning bilim doirasi yanada kengayib boradi. Endi ish boshlagan o’qituvchi nazorat turini, bajaradigan ishlarni kuzatishlar, kundalik kuzatishlardagi topshiriqlar, tabiatshunoslik daftarlaridagi topshiriqlar, kontur yoki tabiiy xaritalar bilan ishlash, amaliy yoki laboratoriya tajribalariga oid ishlarni alohida belgilab qo’yishi kerak.
Tarbiyaviy talablar. Kichik yoshli maktab o’quvchilarini har tomonlama yetuk insonlar qilib tarbiyalash uchun ilk qadamlar qo’yilishida tabiatshunoslik o’quv mashg’ulotlari katta imkoniyatga ega. U o’quvchilarni aqliy, axloqiy, mehnat, estetik jismoniy, ekologik tarbiyasi uyg’unligini ta’minlaydi.
Xususan, tabiatshunoslik darslari boshlang’ich sinf o’quvchilarida tabiatga ilmiy nuqtai-nazardan qarashni shakllantirish uchun boy ma’lumotlar beradi. Ta’lim tarbiyalovchi xarakterga egali qoidasiga amal qilgan holda, o’quvchi yoshlarda dunyoga moddiy qarash g’oyalarini singdirishga alohida e’tibor berilishi lozim. Shunga muvofiq o’qituvchi darsga tayyorlana turib, o’quv dasturi va metodik ko’rgazmalarga tayanib, mazkur darsda qanday asosiy tushunchalar, o’quv va ko’nikmalar hosil qilishini, qanday tarbiyaviy g’oyalar, ular ongiga singdirilishini, o’quvchilarning idrokiy qiziqishlarini qondirishga qaysi yo’l bilan yordam berish yo’llarini puxta o’ylab qo’yish lozim.
O’qituvchining diqqati o’quvchilarga dunyodagi borliq avvalo realdir, ular o’ziga xos xususiyatlari va qonuniyatlari asosida rivojlanadilar, ular doimiy o’zgarish va rivojlanishda, harakatda degan g’oyani singdirishga qaratiladi va har bir dars mavzusi mazmuniga muvofiq tarzda oydinlashtirib boriladi.
Kundalik darslar jarayonida kichik maktab o’quvchilariga estetik tarbiya berish alohida ahamiyat kasb etadi. Tabiat insonni ruhan boyitadi, ma’naviy boyligini orttiradi.
Psixologik talablar. Tabiatshunoslik predmeti o’qituvchisi darsga tayyorlanish paytida har bir o’qituvchining psixologik xususiyatini:
tafakkur tipini (ijodiymi yoki yo’qmi);
xotira turini (ixtiyoriy yoki ixtiyorsiz);
tanib olish, eslash, yod olish; fikrlarni tiklash; diqqatning mavjudligini (o’rganilayotgan narsaga fikrlarini jamlash qobiliyatini, hayolinig ijodiy qobiliyatini), irodasini (o’z oldiga uzoq va yaqin maqsadlar qo’ya olishi va ularga erisha bilishini), hissiy faolligini hisobga olishi kerak.
Balalarning tabiatga bo’lgan munosabatiga ularning psixologik holati ham katta ta’sir ko’rsatadi, bunday hollar sayohatlar, kuzatishlar, amaliy ishlar, o’qituvchining jonli hikoyalari paytida vujudga keladi. Shunga ko’ra o’quvchilar shaxsiga ta’sir ko’rsatish, ular bajargan ishlaridan xursandchilik va qanoatlantiruvchi o’quv faoliyatiga jalb qilish, darsda o’qituvchi faoliyatining zarur shartidir.
Tavsiya qilingan topshiriqlarning (kollektsiya, gerbariy, maket kabinetlarni tayyorlash) bajarilishini aniq, sinchiklab yoki o’z vaqtida nazorat qila borib, o’qituvchi talabchan, ammo xayrixoh va adolatli bo’lish va bolaning hurmatini o’z joyiga qo’yishi kerak.
Yuqoridagilarni hisobga olib, o’qituvchining psixologik holati tezda o’quvchilarga ta’sir etadi. O’qituvchining e’tiborli, saranjon, zukko bo’lishi kayfiyati, aksincha, qo’pol, serzarda yoki loqayd bo’lish holati bolalarga tez beriladi. Shunga ko’ra pedagogik qoida va odobga rioya qilish, dars yoki boshqa mashg’ulotlar jarayonida o’qituvchi oilaviy holatlari, tevarak-atrofdagi voqelik noxushliklardan butunlay ajralgan holda ish tutishi kerak, o’zini erkin va kasbiga g’arq bo’lgan, obrazga kirgan holda his etishi kerak.
Gigiyenik talablar. O’quvchining tetik sog’lom, harakatchan, bilim egallashga bo’lgan qobiliyatini ta’minlovchi omillardan biri-bu darsga bo’lgan gigiyenik talabdir, u bilan uzviy bog’langan sharoitlarni hosil qilishdir. U omillar:
sinfda muayyan haroratni tartibga solish;
yoritish normasi;
aqliy jihatdan charchashni oldini olish;
sezgi organlarining me’yoridagi faoliyati;
amaliy topshiriqlarni bajarishda shaxsiy gigiyena masalalariga rioya qilish.
Avvalo bolalarning salomatligini himoya qilish uchun sinf xonasining harorati talab darajasida bo’lishi, havosi toza, birmuncha nam holatda, nafas olishni yengillashishi ta’minlanishi kerak. O’qituvchi o’quvchilarga havo tarkibidagi chang zarralarining inson organizmiga kirishi xavfli kasalliklarni keltirib chiqarishi, uning oqibatlari haqida tushuncha hosil qilishi zarur. O’quvchilar polni yuvib turishning ahamiyatini tushunsinlar. Yorug’lik tushishi masalasi ham diqqat markazida bo’lishi talab etiladi, zero kunduzgi va tungi yorug’likning ta’sirini bola yoshligidan fahmlashi kerak. Sinf xonasining deraza romlarini yirik keng bo’lishi, xonada belgilangan darajani ta’minlaydi. Bola stolda ishlayotganda lampa yorug’ligi chap tomondan tushishi ma’lum qilinadi. Shuningdek, kitob o’qiyotganda ham kitob bilan ko’z oralig’i masofasiga qattiq rioya qilish kerakligini o’qtiriladi.
O’qituvchi bolalarning kundalik charchab qolishi yoki tetik turishlarini kuzatib borish kerak. Aqliy jihatdan charchashni oldini olish uchun o’quv ishidagi bir xillikdan, bayonni bir ohangda bo’lishidan ehtiyot bo’lish, nazariy materialni har xil sezgi organlarini ishga jalb qilish imkonini beruvchi amaliy topshiriqlar bilan almashtirib borish kerak.
Fikrlash faoliyatini kuchlanishini talab qiluvchi topshiriqlar - ko’rgazmali qurol, tarqatma materiallardan foydalanish bilan, darslik bo’yicha murakkab bo’lmagan topshiriq va mashqlarni bajarish bilan almashinishi lozim.
1-2-sinf o’qituvchisi o’quvchining qaddi-qomatini normal yoki go’zalligini ta’minlanishiga e’tibor qaratishi lozim. Ular avvalo partada to’g’ri o’tirishi umurtqa pog’ona, yelka va kuraklar to’g’ri, ko’rkam shakllanishi darkor, aks holda bo’kilgan, qiyshiq ko’rinishga ega bo’lish ehtimoli katta bo’ladi.
Tabiatshunoslik darslari samaradorligini oshirish uchun unga tayyorlanishda uning tashkiliy tuzilishini, strukturasini aniq uylab olish, amaliy topshiriqlarni - (o’quv tajriba maydonchasida, tirik tabiat burchagida, hayvonlarni parvarish qilish, ularni kuzatish, yoki ular bilan o’ynagandan keyin) bajarishdan keyin albatta shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish - qo’l va yuzni yuvish, kiyimni toza tutish, u yerda ishlatilgan qurol yoki priborlarni tozalab, o’z o’rnida qo’yish, ish stolini yig’ishtirib, saranjomlab qo’yish yumushlari ham kundalik hayot davomida o’rgatilib boriladi va ular o’quvchilar ongida shartli reflekslar tarzida muhrlanishi lozim.
Ta’lim jarayonida dars va darsdan tashqari mashg’ulotlar jarayonida o’tkaziladigan ishlar paytida, shu kabi tugash davrida, albatta o’quvchilarning gigiyenik talablar qanday ekanligi va ularning mohiyatiga ko’ra qat’iy amal qilishga erishish ko’zlangan maqsadni amalga oshiradi.
FOYDALANILADIGAN ADABIYOTLAR:
1. Nuriddinova M.I. Tabiatshunoslikni o’qitish metodikasi.
Cho’lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi. Toshkent-2005 y.
2. Pakulova V.M., Kuznetsova V.I. Metodika prepodavaniya. Moskva
«Prosvesheniye» 1990 g.
3. Grigoryants A.G. «Tabiatshunoslikni o’qitish». Toshkent «O’qituvchi» 1992
4. www.ziyonet.uz
5. www.nur.uz
|
| |