|
To‘lovga qobiliyatsizlik va bankrotlik
|
bet | 2/4 | Sana | 28.01.2024 | Hajmi | 51,08 Kb. | | #147396 |
Bog'liq 8-мавзу.маърузаTo‘lovga qobiliyatsizlik va bankrotlik
Mamlakatimizda tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish, mulkning daxlsizligini ta’minlash, fuqarolik huquqlarini to‘sqinliksiz amalga oshirishda bankrotlikning oldini olish va huquqiy tartibga solishga alohida e’tibor berilib, qator maqsadli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari ishtirok etadigan raqobat kurashida qaysidir korxona to‘lovga qobiliyatsiz qarzdorga aylanishi tabiiy. Barqaror iqtisodiy tizim shakllangan rivojlangan mamlakatlarda ham korxonalarning inqiroz bo‘lish hodisalari kuzatiladi. Iqtisodiyotni barqarorlashtirish uchun birinchi navbatda iqtisodiy tanglik jarayonlariga barham berish talab etiladi. Bugungi sharoitda qarzdor korxonaning bankrot bo‘lishidan ko‘ra uni saqlab qolish iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan foydalidir.
Xususiy tadbirkorlik va kichik biznes rivoji yo‘lidagi barcha to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, unga to‘liq erkinlik berish iqtisodiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi .
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bankrotlik va to‘lovga qobiliyatsizlik tushunchalari o‘rtasida qat’iy farqni belgilamagan bo‘lsa-da, ko‘p hollarda bu tushunchalar nazariyada ham, amaliyotda ham bir ma’noda qo‘llanilmaydi .
Milliy qonunchiligimizda bankrotlik va iqtisodiy nochorlik tushunchalari bir xil ma’noda qo‘llanilishini ko‘rish mumkin. Bankrotlik to‘g‘risidagi qonunning 3-moddasiga ko‘ra bankrotlik (iqtisodiy nochorlik) – iqtisodiy sud tomonidan e’tirof etilgan, qarzdorning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini to‘la hajmda qondirishga va (yoki) majburiy to‘lovlar bo‘yicha o‘z majburiyatini to‘la hajmda bajarishga qodir emasligi.
Adabiyotlarda bu tushunchalarning ma’no-mazmuniga bag‘ishlangan fikr-mulohazalar bildirilgan bo‘lsada, yagona yondashuv mavjud emas .
To‘lovga qobiliyatsizlik tushunchasi qarzdorning kreditorlar talablarini bajara olmaslik holatini bildiradi. To‘lovga qobiliyatsizlik holati ish qo‘zg‘atilishidan oldin paydo bo‘ladi va bu holat qarzdor bankrot deb topilib, davlat ro‘yxatidan chiqarilguncha yoki qarzdor to‘lov qobiliyati tiklanguncha saqlanib turadi. Kuzatuv, sud sanatsiyasi, tashqi boshqaruv va tugatishga doir ish yuritish taomillari qarzdorning to‘lovga qobiliyatsizligi natijasida qo‘llaniladi, qarzdorning bankrotligi natijasida emas. Bankrot deb topilgan barcha qarzdorlar to‘lovga qobiliyatsiz hisoblansa, to‘lovga qobiliyatsiz qarzdorlarning barchasi ham bankrot deb topilmasligi mumkin.
To‘lovga qobiliyatsizlik qarzdorning moliyaviy holatini anglatsa, bankrotlik to‘lovga qobiliyatsizlikning huquqiy oqibatidir. To‘lovga qobiliyatsizlik bankrotlikning o‘zi emas. To‘lovga qobiliyatsizlik qarzdorning iqtisodiy holati, bankrotlik esa to‘lovga qobiliyatsiz qarzdorning sud hujjati asosida tugatilishidir . Shunga o‘xshash fikrlarni boshqa adabiyotlarda ham uchratish mumkin .
F.H.Otaxonov va F.B.Ibratova yozadiki, bu o‘rinda qarzdor korxonaning sudgacha bo‘lgan ahvolini nochor so‘zi bilan ifodalab, iqtisodiy sud qarori bilan korxona bankrot deb e’tirof etilgan bo‘lsa, qarzdor korxonani bankrot deb topilishini ajratish lozim. Bankrot tushunchasi esa faqat sudning hal qiluv qaroridan so‘ng korxonaga nisbatan qo‘llanishi mumkin . Demak, bankrotlik sudning hal qiluv qarori bilan bankrot deb topilgan qarzdorning huquqiy holatini anglatadi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, ayrim davlatlar (Yaponiya, Koreya, Norvegiya, Finlandiya, Qozog‘iston) qonunchiligiga ko‘ra to‘lovga qobiliyatsizlikni bartaraf qilish bo‘yicha sudda ikki xil ish ko‘riladi: bankrotlik to‘g‘risidagi ish va reabilitatsiya to‘g‘risidagi ish. Bu holatda to‘lovga qobiliyatsizlik tushunchasiga ustunlik berish talab etilmaydi, chunki bankrotlik va reabilitatsiyani o‘z ichiga oluvchi umumiy tushunchadan foydalanishga ehtiyoj yo‘q. Germaniya, AQSh, Rossiya, O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq sudda yagona ish doirasida turli taomillar (masalan, sud sanatsiyasi, tugatishga doir ish yuritish) qo‘llaniladi, maxsus qonunlarning tuzilishi ham shunga mos ravishda ishlab chiqilgan. Ushbu vaziyatda to‘lovga qobiliyatsizlik tushunchasidan foydalanish talab etiladi. Germaniya To‘lovga qobiliyatsizlik statutida ham to‘lovga qobiliyatsizlik tushunchasidan keng foydalanilib, to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish doirasida qarzdor bankrot deb topilishi yoki sud sanatsiyasi orqali sog‘lomlashtirilishi mumkin.
Yuqoridagilarga asosan to‘lovga qobiliyatsizlik, bankrot, bankrotlik tushunchalariga quyidagicha ta’rif berish taklif etiladi:
to‘lovga qobiliyatsizlik – qarzdorning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini qondirishga va (yoki) majburiy to‘lovlar bo‘yicha o‘z majburiyatini bajarishga qodir emasligi.
Bankrotlik – iqtisodiy sud tomonidan qarzdorga nisbatan uni tugatish uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan tugatishga doir ish yuritish taomilining qo‘llanilishi.
|
| |