|
Bankrotlik to‘g‘risidagi qarzdorning huquqiy holati va to‘lovga qobiliyatsizlik belgilari
|
bet | 3/4 | Sana | 28.01.2024 | Hajmi | 51,08 Kb. | | #147396 |
Bog'liq 8-мавзу.маърузаBankrotlik to‘g‘risidagi qarzdorning huquqiy holati va to‘lovga qobiliyatsizlik belgilari
Tadbirkorlik faoliyati davomida pul majburiyatlari va majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzlarning to‘lanmasligi ushbu shaxslarning qarzdorga aylanishiga, unga nisbatan bankrotlik to‘g‘risidagi ishni qo‘zg‘atish va tegishli taomilni qo‘llashga asos bo‘ladi. Bankrotlik to‘g‘risidagi ishda turli ishtirokchilar qatnashmasin, qo‘llaniladigan barcha taomillarda qarzdor alohida o‘ringa ega bo‘ladi, barcha protsessual harakatlar uning atrofida amalga oshiriladi. Biroq, bankrotlik taomillarini qo‘llash uchun faqat qarzdor bo‘lishning o‘zi yetarli emas, unda to‘lovga qobiliyatsizlik belgilari mavjudligi talab etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 57-moddasi, Bankrotlik to‘g‘risidagi qonunning 1-moddasiga asosan davlat korxonasi va budjetdan ta’minlanadigan tashkilotlardan tashqari barcha shaxslarga bankrotlik to‘g‘risidagi ish qo‘zg‘atilishi mumkin. Bankrotlik to‘g‘risidagi qonunning umumiy qoidalari tijoratchi tashkilotlarga, ya’ni shirkatlar, jamiyatlar, xususiy korxona, ishlab chiqarish kooperativiga nisbatan bir xil qo‘llaniladi. Ular tomonidan tegishli majburiyatlar va (yoki) to‘lovlar majburiyati yuzaga kelgan kundan e’tiboran uch oy davomida bajarilmasa, jami talablar eng kam ish haqi miqdorining kamida besh yuz karrasini tashkil etadigan bo‘lsa, sud bankrotlik to‘g‘risidagi ishni qo‘zg‘atishi mumkin. Bankrotlik to‘g‘risidagi qonunning IX bobida qarzdor yuridik shaxslar ayrim toifalari (shaharni tashkil etuvchi korxona hamda unga tenglashtirilgan korxona, qishloq xo‘jaligi korxonasi, bank, sug‘urtalovchi, qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchilari) bankrotligining o‘ziga xos xususiyatlari keltirilgan.
Yuridik adabiyotlarda notijorat tashkilotga nisbatan bankrotlik to‘g‘risidagi ishning qo‘zg‘atilishi yoki qo‘zg‘atilmasligi to‘g‘risida bahs boradi. Ko‘pchilik olimlar notijorat tashkilotni tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish faktidan qat’i nazar, bankrotlik to‘g‘risidagi ishni qo‘zg‘atish mumkin deb hisoblashadi. Olimlarning ayrimlari notijorat tashkilotga nisbatan bankrotlik to‘g‘risidagi ishni qo‘zg‘atish mumkin emasligini bildiradi.
Iqtisodiy nuqtayi nazardan notijorat tashkilotlarning faoliyati avans kapitalga bog‘liq bo‘lmaganligi sababli ularning to‘lovga qobiliyatsiz qarzdorga aylanish ehtimoli juda past. Bundan tashqari, notijorat tashkilot o‘z faoliyatida kreditlardan keng miqyosda foydalanmaydi. Bu esa to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi normalarni ko‘rsatilgan shaxsga qo‘llash zaruratini shubha ostiga qo‘yadi. Boshqa tomondan holatga huquqiy baho bersak, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 40-moddasida tijoratchi bo‘lmagan tashkilotlar daromad keltiradigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishlari mumkinligi belgilangan. Notijorat tashkilotlarning shunday faoliyatni amalga oshirishi avans kapitalga murojaat qilish va kreditdan foydalanish zaruratini keltirib chiqarishi mumkin. Natijada to‘lovga qobiliyatsizlikka oid huquqiy normalarni ularga nisbatan qo‘llashga to‘g‘ri keladi. S.V.Lukyanova notijorat tashkilotlarga nisbatan bankrotlik to‘g‘risidagi ishni qo‘zg‘ashda “to‘lovsizlik” prinsipiga rioya qilishni, ya’ni qarzdor mol-mulki miqdori uning majburiyatlari miqdoridan kam bo‘lmasligini ta’kidlaydi. V.F.Popondopulo esa notijorat tashkilotlarni ham to‘lovga qobiliyatsiz qarzdor bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslar tarkibiga kiritadi . Bildirilgan fikrlarni inobatga olgan holda bu vaziyatda tartibga solishning ikki usulidan birini qo‘llash lozim bo‘ladi, ya’ni:
1) notijorat tashkilotlarga to‘lovga qobiliyatsizlikka oid normalar qarzdorlik faqat daromad keltiruvchi boshqa faoliyat natijasida vujudga kelgan taqdirdagina qo‘llash;
2) qarzdorlikning paydo bo‘lish asoslaridan qat’i nazar, to‘lovga qobiliyatsizlikka oid normalarni qo‘llash.
Mushohada yuritadigan bo‘lsak, ikkinchi usul nisbatan to‘g‘riroq. Birinchi usulning kamchiligi shundan iboratki, daromad keltiruvchi boshqa faoliyat natijasida vujudga kelgan qarzdorlikni belgilash masalasi bo‘yicha bir xil sud amaliyotini ta’minlashning iloji yo‘q. Shu nuqtayi nazardan qarzdorlik paydo bo‘lish asoslaridan qat’i nazar, bankrotlik to‘g‘risidagi ishni notijorat tashkilotlarga ham qo‘llash mumkin.
Bankrotlik to‘g‘risidagi qonunning 1-moddasi mazmunidan qonunning yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan qo‘llanilishi, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmaydigan jismoniy shaxslar ushbu munosabatlarda qatnasha olmasligini anglash mumkin. Ayrim olimlar to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi normalarning fuqarolarga nisbatan qo‘llanilishini ijobiy jihat sifatida ta’kidlashadi, ya’ni bankrotlik to‘g‘risidagi ish oqibatida bajarilmagan majburiyatlardan qutulishga erishiladi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bajarilmagan majburiyatlardan qutulish to‘lovga qobiliyatsizlikning umume’tirof etilgan prinsiplariga mos kelmaydi va bu qarash nafaqat kreditorlarning talablari to‘liq va adolatli qanoatlantirilmasligiga olib keladi, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri kreditorga zarar yetkazadi. Ko‘rsatilgan faktga tushunmaslik to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi qonunchilikning konseptual qoidalari noto‘g‘ri qo‘llanilishiga olib keladi.
Hozirgi davrda to‘lovga qobiliyatsizlik (bankrotlik) huquqining rivojlanishi natijasida jismoniy shaxslarning to‘lovga qobiliyatsizligi bilan bog‘liq normalar rivojlandi. Ayrim davlatlarda qarzdor jismoniy shaxsni reabilitatsiya qilish uchun qarzdorlik miqdori alohida ahamiyatga ega. Masalan, Kanadada qarzdorning qarzi 75 ming Kanada dollaridan ortiq bo‘lsa, qarzlar restrukturizatsiya qilinishi mumkin .
Shunday qilib, “to‘lovga qobiliyatsiz qarzdor” kategoriyasining doktrinal mazmuni huquqiy tartibga solishdagi to‘lovga qobiliyatsizlik qarzdor tushunchasi bilan mos kelmaydi. Bankrotlik to‘g‘risidagi ish quyidagi shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin:
– yuridik shaxslarga, shu jumladan, notijorat tashkilotlar;
– yakka tartibdagi tadbirkorlar;
– budjetdan ta’minlanadigan tashkilotlar (nazariy jihatdan);
– jismoniy shaxslar (qarzlarni restrukturizatsiya qilish shaklida).
Bankrotlik to‘g‘risidagi ishni qo‘zg‘atishda qarzdorning huquqiy holati muhim ahamiyatga egadir. Umumiy qoidaga ko‘ra bankrotlik to‘g‘risidagi ish qarzdorda to‘lovga qobiliyatsizlik belgilari (bankrotlik alomatlari) mavjud bo‘lganda qo‘zg‘atiladi. To‘lovga qobiliyatsizlik (bankrotlik) huquqining rivojlanish tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, dastlab bankrotlik to‘g‘risidagi ish to‘lovsizlik asosida qo‘zg‘atilganligiga guvoh bo‘lamiz. To‘lovsizlik deganda majburiyatlarning umumiy miqdori qarzdorning mol-mulki qiymatidan ortib ketishi natijasida qarzdorning pul majburiyatlarini bajarishga qodir emasligi tushuniladi.
To‘lovsizlik asosida ishni qo‘zg‘atish kreditorlar manfaatlariga mos kelmas va kreditorlar bankrotlik to‘g‘risidagi ishni qo‘zg‘atish uchun qarzdorlik miqdori qarzdorning mol-mulki qiymatidan ortishini kutishlari lozim edi. Natijada davlatlar qonunchiligi va amaliyotiga oldin qo‘llanilmagan yangi kategoriya to‘lovga qobiliyasizlik belgilari kirib keldi. To‘lovga qobiliyatsizlik belgilarining afzalligi shundan iborat ediki, agar qarzdor kreditorlar talablarini tegishli muddatlarda bajarishga qodir bo‘lmasa, qarzdorlik miqdori belgilangan summani tashkil etsa, kreditorlar yoki qarzdor bankrotlik to‘g‘risidagi ishni ochish to‘g‘risida sudga murojaat qilishlari mumkin bo‘lardi.
Darhaqiqat, kreditorlarning tegishli miqdordagi talablari qanoatlantirmaslik bankrotlik to‘g‘risidagi ishni qo‘zg‘atishning asosiy sharti hisoblanadi. Ushbu qarzdorlik miqdorlarining qonun normalari bilan belgilanmasligi qarzlarni undirish jarayoni uzoq muddatga cho‘zilishiga olib keladi.
Bankrotlik to‘g‘risidagi qonunning 4-moddasida to‘lovga qobiliyatsizlik belgilari bankrotlik alomatlari deb bayon qilingan. Germaniya To‘lovga qobiliyatsizlik statutining 17-moddasi, Finlandiya Bankrotlik aktining 2-bobi 3-moddasi va Korxonalar restrukturizatsiyasi aktining 1-bobi 6-moddasi, Belarus Respublikasining “Iqtisodiy nochorlik (bankrotlik) to‘g‘risida”gi Qonuni 9-10-moddalari, Qozog‘iston Respublikasining “Reabilitatsiya va bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonuni
5-moddasida ham bankrotlik to‘g‘risidagi ishni qo‘zg‘atish asosi to‘lovga qobiliyatsizlik belgilari yoki to‘lovga qobiliyatsizlik deb keltiriladi. Bundan tashqari, Bankrotlik to‘g‘risidagi qonunning bir nechta, ya’ni 4, 5, 156-moddalarida to‘lovga qobiliyatsizlikning belgilarini anglatuvchi qoidalar mavjud. Bankrotlik to‘g‘risidagi qonunning 4-moddasida keltirilgan qarzdorning kreditorlar talablarini bajara olmasligi,
5-moddasidagi qarzdorlik miqdori, 156-moddasidagi shaharni tashkil etuvchi korxona qarzdorligi to‘lovga qobiliyatsizlikning ob’ektiv tomonini anglatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi “Bankrotlik taomillarini yanada soddalashtirish va sud boshqaruvchilari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi
PQ–4146-son qarorida agar qarzdor yuridik shaxsga nisbatan jami talablar summasi eng kam ish haqi miqdorining kamida uch yuz karrasini tashkil etadigan bo‘lsa, qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorga yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxsga nisbatan esa eng kam ish haqi miqdorining kamida yigirma karrasini tashkil etadigan bo‘lsa, sud tomonidan qo‘zg‘atilishi taklif etildi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra qarzdorlik miqdori qarzdor yuridik shaxslar uchun besh karrasi, qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorga yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxslar uchun o‘ttiz karrasini tashkil etishi lozim. Shularga asosan, to‘lovga qobiliyatsizlik belgilari hisoblangan qarzdorlik miqdorlariga o‘zgartirish kiritish maqsadga muvofiq.
Qarzdorning ishni qo‘zg‘atish haqidagi arizasi zudlik bilan yoki o‘z vaqtida taqdim qilinmasligi oqibatida qarzlar undirilmasdan qolmoqda. Amaliyotda odatda ariza kechiktirilgan qarzdorlikni undirish bo‘yicha hech qanday chora qolmaganda va ijro ishini yuritish davomida qarzdor mol-mulki qarzni uzish uchun yo‘naltirilgandan keyin taqdim etilmoqda. Xorijiy davlatlar qonunchiligida qarzdorning bankrotligining oldini olish, uni kreditorlardan himoya qilish va o‘z vaqtida chora ko‘rish maqsadida to‘lovga qobiliyatsizlik xavfi asosida ham ishni qo‘zg‘atish mumkinligi belgilangan.
|
| |