|
Talabalarda raqamli texnologiyalarga oid kompetentlikni rivojlantirishning ijtimoiy-pedagogik xususiyatlari
|
bet | 1/3 | Sana | 15.05.2024 | Hajmi | 29,37 Kb. | | #236427 |
Talabalarda raqamli texnologiyalarga oid kompetentlikni rivojlantirishning ijtimoiy-pedagogik xususiyatlari
Globallashuv sharoitida talabalarni raqamli texnologiyalarga oid kompetentligini rivojlantirishning pedagogik muammosi XXI asrning uzluksiz ta’lim tizimiga axborot- kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bilan bog‘liq, ya’ni axborot va bilimlardan, jumladan, ta’lim sohasida foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida hamda jamiyatni ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotining barcha jabhalarida asosiy rivojlanish omili sifatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha ko‘pgina tadqiqotlar olib borilmoqda. Shuning uchun raqamli texnologiyalarning ta’lim jarayoniga ta’siri, unda talabalar ta’lim olishi va bilimini baholash usullariga mos o‘zgartirishlar kiritilishi muhim jihatlardan biri bo‘lib, bu kompyuter va dasturiy ta’minotning asosiy tamoyillarini bilish, tushunish, ma’lumotlarni qidirish, qayta ishlash uchun elektron resurslardan foydalanish, elektron hujjatlarni yaratish hamda tahrirlash, internetda muloqot qilish va ishlash qobiliyatlarini o‘z ichiga oladi. Bu esa axborot texnologiyalari va raqamli iqtisodiyotning jadal rivojlanishi sharoitida talabalarning muvaffaqiyatli kasbiy faoliyati va shaxsiy rivojlanishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Raqamli ta’limning ijobiy jihatlaridan biri – bu internet tarmog‘ida mavjud bo‘lgan ta’limiy manbalardan foydalanish va dunyoning istalgan nuqtasidan mashg‘ulotlarda qatnashish imkoniyatini taqdim etadi. Bu esa o‘z navbatida onlayn ta’limga o‘tish, virtual ta’lim muhitini yaratish va ta’lim tashkilotining boshqaruv tizimini takomillashtirish zarurligini anglatadi. Shu bois, ayni vaqtda talabalarning raqamli kompetentligini rivojlantirishni kompleks yondashuvi va turli xil o‘qitish hamda baholash usullaridan foydalanish dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Bu borada xorijda, xususan Yevropa oliy ta’lim muassaslarida birmuncha tadqiqot ishlari olib borilgan. Bularda talabalarning DigComp IT kompetensiyalarini rivojlantirish tavsiya etilgan bo‘lib, ular: axborot va ma’lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha vakolatlar; aloqa va hamkorlik; raqamli kontent yaratish; xavfsizlik hamda muammolarni hal qilish kabi beshta sohaga ajratilgan. Ushbu nazariyalar Yevropa oliy ta’lim muassaslarida asosiy kompetensiyalar sifatida ilmiy asoslangan hamda raqamli kompetensiyalarni rivojlantirish uchun quyidagi tuzilma taqdim etilgan.
Raqamli kompetensiyalar–bu axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish uchun zarur bo‘lgan bilim, ko‘nikma va malakalar yig‘indisidir. Raqamli kompetensiya keng qo‘llaniladigan va tadqiqotchilar tomonidan turli yondashuvlar bilan belgilanishi mumkin bo‘lgan tushunchadir. Ilgari surilayotgan tadqiqot talabalarning raqamli kompetentligini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, bunda raqamli kompetensiya-axborot-komminikatsiya texnologoyalaridan samarali foydalanish orqali, mashg‘ulotlarni loyihalash asosida o‘quv jarayonida foydalanish qobiliyatidir, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va raqamli axborot vositalaridan foydalanishda talab qilinadigan bilimlar, ko‘nikmalar, munosabatlar (shu jumladan, qobiliyatlar, strategiyalar, qadriyatlar va xabardorlik) to‘plamidir. Unda: vazifalarni bajarish; muammolarni hal qilish; muloqot qilish; axborotni boshqarish; hamkorlik qilish; kontent yaratish va almashish; bilimlarni samarali, munosib amalda qo‘llish va imkoniyatlarni kengaytirish uchun aks ettirish kabi masalalar jamlangandir. Raqamli ta’lim-talabalar uchun raqamli kompetensiyalarni rivojlantirish hamda ta’limni o‘zgartirish va takomillashtirish uchun raqamli texnologiyalardan pedagogik foydalanish kabi ikkita asosiy yo‘nalishni qamrab oladi. Talabalarning raqamli kompetentligini rivojlantirishda raqamli-pedagogik faoliyatga alohida e’tibor qaratish lozim. Raqamli-pedagogik faoliyat ta’lim va tarbiya jarayonini samarali tashkil etish uchun o‘quv jarayonida raqamli vositalar va texnologiyalardan foydalanishni anglatadi. Raqamli-pedagogik faoliyatning funksiyalarini to‘rt turga bo‘lish mumkin: muloqot; kontentni yetkazib berish; baholash va hamkorlik. Ushbu masalalarga Daniya, Finlyandiya, Shvetsiya, Norvegiya kabi davlatlarda alohida e’tibor qaratilgan. Mazkur davlatlarning raqamli kompetensiya milliy o‘quv dasturlarida, xususan Daniyada “IT va Media”, Finlandiyada “Ko‘p savodxonlik va raqamli kompetensiya”, Norvegiyada “Raqamli ko‘nikmalar” kabi tushunchalar kiritilgan. Shvetsiyalik olimlarning ta’kidlashicha, talabalarning raqamli kompetentligini rivojlantirish uchun hayotning barcha sohalarida zarur bo‘lgan raqamli kompetensiyaga e’tibor qaratish muhim hisoblanadi. Shunday qilib ilmiy-metodik manbalarning tahliliga ko‘ra, talabalarda raqamli kompetentlikni rivojlantirish–bu raqamli savodxonlik ko‘nikmalariga qaratilgan texnologiya, sifatli ta’lim va intefaol o‘qitish usullaridan foydalanishni ta’minlashdir. Shuningdek, global tarmoqning imkoniyatlaridan maqsadli foydalanish qobiliyatidir. Talabalarda raqamli kompetentlikni rivojlantirishning nazariy asoslari, raqamli texnologiya, zamonaviy hayot va kasbiy faoliyatning ajralmas qismi ekanligini tushunish bilan bog‘liq. Talabalar o‘z faoliyatlarida samaradorlikni oshirish uchun raqamli texnologiyalardan foydalanish usullarini tushunishlari lozim. Talabalarda raqamli kompetentlikni rivojlantirishning uslubiy asosi ularning malakasini oshirishga yordam beradigan tegishli ta’lim dasturi va o‘qitish usullarini yaratishni o‘z ichiga oladi. Ta’lim dasturi raqamli texnologiyalarni faoliyatning turli sohalarida amaliy qo‘llashga yo‘naltirilganligi muhim ahamiyatga ega. Bunda talabalarning individual ehtiyojlari va ularning raqamli savodxonlik darajasini hisobga olish muhim hisoblanadi.
Talabalarda raqamli texnologiyalarga oid kompetentlikni rivojlantirish ularning ta’lim va tarbiya jarayonidagi muhim tarkibiy qismidir. Ushbu masalalarga ta’lim muassasalari yetarlicha e’tibor qaratib, tegishli dastur va o‘qitish uslublarini ishlab chiqishlari kerak, chunki kelajakda raqamli kompetensiya barcha sohalarda muvaffaqiyatga erishish uchun asosiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Shu bilan birga raqamli savodxonlik va xavfsizlik yo‘nalishlari ham oliy ta’lim muassaslari talabalari uchun muhim hisoblanadi. Talabalarga onlayn maxfiylik, kiberxavfsizlik va texnologiyadan mas’uliyatli foydalanishni tushunishga yordam beradigan resurslarni taqdim etish zarur. Raqamli vositalar va platformalardan foydalanish, jamoaviy ishlash hamda muammolarni hal qilish ko‘nikmalarini shakllantirish orqali talabalar o‘rtasida hamkorlik va muloqot rivojlantiriladi.
Olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, oliy ta’lim muassasalarida raqamli texnologiyalarni tatbiq etishga oid izlanishlar olib borilishiga qaramay, ayni paytda ushbu yo‘nalishda pedagogik tadqiqotlar o‘tkazish zarurati kelib chiqmoqda. Bu zaruratni paydo bo‘lishini, kompyuterning amaliy dasturlari kun sayn takomillashayotganligi, oliy ta’lim muassaslarida ta’lim va tarbiya jarayonlari faol raqamlashtirilayotganligi bilan izohlash mumkin. Shuning uchun oliy ta’lim muassasalari talabalarida raqamli kompetentlikni rivojlantirishda quyidagilarga e’tibor qaratish lozim: talabalar orasida raqamli kompetensiyaning hozirgi darajasini baholash; texnologiyani o‘zida mujassamlashtirgan o‘quv dasturlarini ishlab chiqish; o‘qituvchilar uchun treninglar o‘tkazish; hamkorlik va jamoaviy ishlarni rag‘batlantirish; texnologiyadan foydalanishni ta’minlash; rivojlanishni kuzatib borish va ehtiyoj tug‘ulganda malaka talabalarini takomillashtirish.
Ushbu masalalarga, ya’ni talabalarda raqamli kompetentlikni rivojlantirish va uni ta’limda qo‘llashga oid xorijiy metodistlar tomonidan samarali tadqiqot ishlari olib borilgan. Olib borilgan tadqiqot natijalari o‘qituvchilarga talabalarning raqamli savodxonligini, tanqidiy fikrlashini, muammolarni hal qilish va hamkorlik qilish ko‘nikmalarini oshirishga yordam beradigan innovatsion yondashuvlar, vositalar va usullarni joriy qilish imkonini taqdim etdi.
Umuman olganda, ta’limda raqamli kompetensiyani rivojlantirish va qo‘llash usullarini shakllantirishda xorijiy tajribalarga tayanish muhimdir. Ularning tadqiqotlari o‘qituvchilarga talabalarni raqamli kompetentligini rivojlantirishni interfaol usullari va shaxsga yo‘naltirilgan yondashuvlarini taqdim etadi. Ushbu yondashuv oʻqitish strategiyalari, oʻquv dasturlarini takomillashtirish, baholash usullarini takomillashtirish va umumiy taʼlim amaliyotiga integratsiyalashni oʻz ichiga oladi. Shuning uchun mamlakatimiz ta’lim-tarbiya jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etishda va talabalarning raqamli texnologiyalarga oid kompetentligini rivojlantirshda xorijiy tajribalardan foydalanish muhim ahamiyatga egadir.
“Talabalarda raqamli texnologiyalarga oid kompetentlikni rivojlantirishning ijtimoiy-pedagogik asoslari” deb nomlangan ikkinchi bobida talabalarda raqamli kompetentlikni rivojlantirishning falsafiy va pedagogik-psixologik omillari, elektron ta’lim vositalari orqali talabalarning raqamli texnologiyalarga oid kompetentligini rivojlantirishning tashkiliy-didaktik tarkibiy tuzilmasi, ularning auditoriyadan tashqari mashg‘ulotlar jarayonida raqamli kompetentligini rivojlantirishga doir tahliliy ma’lumotlar keltirilgan.
Talabalarda raqamli texnologiyalarga oid kompetentlikni rivojlantirishning ijtimoiy-pedagogik xususiyatlari - raqamli savodxonlikni, hamkorlikda o‘rganishni, media savodxonlikni, texnologiyalardan axloqiy foydalanishni, uzluksiz o‘rganishni va raqamli texnologiyalarda mas’uliyat bilan shug‘ullanishni o‘z ichiga oladi. Ta’lim tizimida ushbu xususiyatlarga e’tibor qaratish orqali ta’lim oluvchining raqamli asrda rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish mumkin.
Talabalarning ijtimoiylashuvi ham falsafiy, ham pedagogik- psixologik omillarni o‘z ichiga oladi. Falsafiy omillar ularning axloqiy asoslarini shakllantiradi, pedagogik-psixologik omillar esa talabalarning rivojlanishini tushunishga, samarali muloqotga, madaniy munosabat va refleks amaliyotiga qaratilgandir. Ushbu omillarni hisobga olgan holda, talabalar inklyuziv va kengaytiruvchi ta’lim muhitini yaratishga yaxshiroq tayyorlanishi lozim. Ijtimoiylashtirishning falsafiy omillari oliy ta’lim tizimida talabaning e’tiqodi, qadriyatlari va munosabatlarini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi. Bu omillar ularning ta’lim, o‘qitish va tarbiyachi rolini tushunishlariga ta’sir qiladi.
Umuman olganda, oliy ta’limda ijtimoiylashuvning falsafiy omillari talabaning dunyoqarashi, o‘qitishga bo‘lgan yondoshuvi va rahbarlik tamoyillarini yoritadi. Bu omillar ularning ta’limga bo‘lgan e’tiqodiga, o‘qituvchi sifatidagi roliga va oliy ta’lim tizimida talabalarning intellektual, ijtimoiy hamda hissiy rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.
Elektron ta’lim vositalari orqali talabalarda raqamli kompetentlikni rivojlantirishning tashkiliy tuzilmasi: o‘quv rejasini ishlab chiqish; o‘quv maqsadlari; o‘qitish usullari; baholash strategiyalari; o‘qituvchilar malakasini oshirish va infratuzilmani qamrab olgan bir nechta asosiy komponentlarni o‘z ichiga oladi. Ushbu komponentlar talabalar uchun keng qamrovli va samarali raqamli savodxonlik dasturini yaratish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Talabalar uchun samarali raqamli savodxonlik dasturini yaratish uchun o‘quv dasturlari ishlab chiqishda quyidagi tuzilmaga e’tibor qaratish lozim.
Mazkur komponentlar asosida talabalarda raqamli kompetentlikni rivojlantirishning didaktik tuzilishi quyidagi bosqichlarga ega:
|
| |