Dissertatsiya, avtoreferat, maqolalarga nisbatan standart talablar




Download 3,69 Mb.
bet9/69
Sana13.05.2024
Hajmi3,69 Mb.
#228151
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   69
Bog'liq
ILMIY VA O’QUV-USLUBIY FAOLIYATDA AXBOROT TEXNOLOGIYALARI

Dissertatsiya, avtoreferat, maqolalarga nisbatan standart talablar.

Dissertatsiya va avtoreferatlarni rasmiylashtirish qoidalari:
Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 9-sentabrdagi 421-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi to‘g‘risida”gi Nizom va Ilmiy darajalar berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom (1996-yil 10-iyul, ro‘yxat raqami 261) asosida ishlab chiqilgan.
I. Dissertatsiya va avtoreferatlar uchun qo‘yiladigan mezonlar
1. Fan doktori ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiya muallif o‘tkazgan tadqiqotlar va u yaratgan ishlanmalar asosida muhim xalq xo‘jaligi, ijtimoiy-madaniy, ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga molik ilmiy muammo hal qilingan yoki tegishli fan sohasining istiqbolli yo‘nalishini rivojlantirishda ulkan yutuq deb baholash mumkin bo‘lgan nazariy qoidalar majmui ishlab chiqilgan yoxud joriy etilishi texnikani rivojlantirishga katta hissa qo‘shadigan ilmiy asoslangan texnikaviy, iqtisodiy yoki texnologik yechimlar o‘z ifodasini topgan ilmiy asar bo‘lishi kerak.
2. Fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiya fanning tegishli sohasi uchun katta ahamiyatga molik masala yangicha hal qilingan yoki muallifning muhim amaliy masalalarni hal etishni ta’minlovchi ilmiy jihatdan asoslangan texnikaviy, iqtisodiy yoki texnologik tavsiyalari o‘z ifodasini topgan ilmiy asar bo‘lishi kerak.
3. Dissertatsiya shaxsan yozilgan bo‘lishi, muallif oshkora himoya uchun jamoat muhokamasiga taqdim etayotgan yangi ilmiy natijalar va holatlarning majmuini o‘z ichiga olishi, mohiyat jihatidan ichki birlikka ega bo‘lishi va muallifning shaxsan fanga qo‘shgan hissasini aks ettirishi lozim.
4. Amaliy ahamiyatga molik dissertatsiyada aniq muammoning yechimi va muallif erishgan ilmiy natijalardan amaliyotda foydalanilganligi to‘g‘risida ma’lumotlar, nazariy ahamiyatga molik dissertatsiyada esa ilmiy xulosalardan foydalanishga doir tavsiyalar berilishi lozim.
5. Fan doktori ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan ilmiy ma’ruza shaklidagi dissertatsiya talabgor tomonidan avval chop etilgan va ushbu fan sohasining mutaxassislariga keng ma’lum bo‘lgan, fan va amaliyot uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan ilmiy va tajribaviy-konstruktorlik ishlarining majmui asosida tayyorlangan, muallif o‘tkazgan tadqiqot va ishlanmalar natijalarining qisqacha umumlashtirilgan bayonidan iborat bo‘ladi. Ilmiy ishning ahamiyati hamda ilmiy ma’ruza shaklidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosani talabgorning asosiy tadqiqotlari o‘tkazilgan va ishlanmalari bajarilgan tashkilot beradi.
Ilmiy ma’ruza shaklidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishga ruxsatni ixtisoslashgan kengash murojaatnomasi asosida Oliy attestatsiya komissiyasi (bundan keyin — OAK) beradi.
6. Ilmiy ma’ruza shaklidagi dissertatsiya muqova (1-ilova) va matn qismini o‘z ichiga oladi.
7. “OAK Byulleteni” jurnalida dissertatsiyaning himoyasi to‘g‘risida e’lon berilganidan so‘ng, ixtisoslashgan kengashning ruxsati bilan dissertatsiyaning qo‘lyozma huquqidagi avtoreferati nashr qilinadi. Ilmiy ma’ruza shaklidagi doktorlik dissertatsiyasi avtoreferat sifatida tarqatiladi.
8. Avtoreferatda dissertatsiyaning asosiy g‘oya va xulosalari bayon etilishi, o‘tkazilgan tadqiqotlardagi muallifning qo‘shgan hissasi, tadqiqot natijalarining yangilik darajasi va amaliy ahamiyati ko‘rsatilishi shart.
Doktorlik dissertatsiyasining titul varag‘i va avtoreferat muqovasida faqat bitta ilmiy maslahatchi ko‘rsatiladi.
Nomzodlik dissertatsiyasining titul varag‘i va avtoreferat muqovasining orqa tomonida faqat bitta ilmiy rahbar ko‘rsatiladi. Zarur hollarda OAK ruxsati bilan nomzodlik dissertatsiyasining titul varag‘ida ikkinchi ilmiy rahbar yoki ilmiy maslahatchini ko‘rsatish mumkin. Ixtisosliklar tutashligida bajarilgan nomzodlik dissertatsiyalari bundan mustasno.
9. Dissertatsiya va avtoreferat o‘zbek, rus yoki ingliz tillaridan birida yozilishi mumkin. Avtoreferat oxirida o‘zbek, rus va ingliz tillarida qisqacha rezyume bo‘lishi tavsiya etiladi.
Rezyumening hajmi doktorlik dissertatsiyasi uchun bir betdan va nomzodlik dissertatsiyasi uchun yarim betdan oshmasligi lozim.
10. Dissertatsiya avtoreferati bosmaxonada yoki ko‘paytirish apparatlarida ixtisoslashgan kengash tomonidan belgilangan nusxada bosiladi.
Dissertatsiyada yo‘l qo‘yilgan noaniqliklar va xatolarni dissertatsiya himoyasidan keyin tuzatishga ruxsat berilmaydi.
II. Dissertatsiyani rasmiylashtirish qoidalari
11. Dissertatsiya ishi kirish qismi, kamida uchta bo‘lim, asosiy xulosalar va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat bo‘lib, o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtiriladi.
Titul varag‘i OAK tomonidan tasdiqlangan namuna bo‘yicha rasmiylashtiriladi.
Dissertatsiya nomi aniq va qisqa bo‘lishi tavsiya etiladi.
12. Dissertatsiya ishining mavzusi ilmiy kengash tomonidan tasdiqlanganidan so‘ng “OAK Byulleteni” jurnalida nashr qilinishi shart.
13. Dissertatsiya davomida har bir parametrning o‘lchami hamma vaqt bir xil bo‘lishi zarur.
14. Kirish (so‘zboshi) dissertatsiya ishi davomida nimalar kelishi haqidagi o‘quvchining tushunchasini yengillashtirishi lozim. Shuning uchun bu o‘rinda ilmiy tadqiqotning obyekti aniq va lo‘nda yoritib berilishi, mazkur tadqiqotni o‘tkazishning dolzarbligini asoslab berish kerak.
Dissertatsiya ishi yangiligi bilan ajralib turishi kerak. Shuning uchun so‘zboshida qisqa annotatsiya ko‘rinishida muammoning echilishida (nomzodlik dissertatsiyasi uchun) yoki fan sohasida (doktorlik dissertatsiyasi uchun) muallif tomonidan qilingan yangilik bayon etilgan bo‘lishi kerak. So‘zboshini muallif himoyaga olib chiqayotgan asosiy holatlarni sanab o‘tish bilan tugatishi lozim.
15. Dissertatsiyaning bo‘limlari uchtadan kam bo‘lmasligi kerak. Bo‘limlarda ishning asosiy mazmuni bayon etiladi.Dissertatsiyaning birinchi bo‘limida talabgor o‘rganilayotgan masalaning bugungi holatiga qisqa baho (nomzodlik ishlari uchun) va fan sohasining holatiga tasnif (doktorlik dissertatsiyalari uchun) berib o‘tishi kerak. Bu baho va tasnif dissertatsiyaning kirish qismida ham berilishi mumkin.
16. Talabgor har qanday ilmiy ishga qo‘yiladigan quyidagi talablarni bajarishi lozim:
a) materialni bayon qilishda o‘quvchiga dissertatsiya bo‘limlarining bir-biri bilan o‘zaro bog‘liqligi, bo‘limlar ichida qismlar va bandlar aloqadorligi haqida aniq tushuncha bera oladigan mantiqiy izchillik;
b) ma’lumotlarning ishonchliligi;
v) bayon qilingan fikrning aniq va qisqa bo‘lishi;
g) tadqiqotning har bir bo‘limidagi ayrim masalalarni echishda natijalarni aniq bayon qilish.
So‘nggi talabni bajarish uchun talabgor, odatda, dissertatsiya bo‘limlarining oxirida qism tarzida bo‘lim bo‘yicha xulosalar berishi kerak.
17. Xulosa butun dissertatsiya tadqiqoti bo‘yicha qisqa umumlashtirilgan natijalardan iborat bo‘lishi kerak.
18. Dissertatsiya yuzasidan foydalanilgan adabiyotlar 3-ilovaga muvofiq tarzda rasmiylashtirilishi tavsiya etiladi.
19. Dissertatsiya mavzusi bo‘yicha asosan so‘nggi 10 — 15 yil ichida nashr qilingan adabiyotlardan foydalanish tavsiya etiladi.
20. Ilovalar dissertatsiyaning asosiy matni bilan birga bitta kitobga jamlangan bo‘lishi yoki alohida kitob holida chiqarilgan bo‘lishi mumkin. Ilovalarga dissertatsiya matnini to‘ldiruvchi va tasvirlovchi turli yordamchi materiallar kiritiladi:
a) oraliq matematik isbotlar, formulalar, hisob-kitoblar;
b) statistik ma’lumotlar va ularni qayta ishlash metodlari;
v) aniq tajribalar natijalari;
g) dastlabki materiallar;
d) yordamchi nomogrammalar va jadvallar;
e) tajribalarda, o‘lchash va sinovlarda qo‘llanilgan apparatlar va uskunalar ta’rifi;
j) dissertatsiya tadqiqoti jarayonida ishlab chiqilgan EHMda echilgan masalalar yordamchi algoritmlari va dasturlari, metodlari;
z) yordamchi xarakterdagi illyustratsiyalar (tasvirlar);
i) mukammal izohlar;
k) dissertatsiya ishining natijalarini tatbiq etish bo‘yicha dalolatnomalar va boshqalar.
k) dissertatsiya ishining natijalarini tatbiq etish bo‘yicha dalolatnomalar va boshqalar.
Ilovalar ketma-ketligi tartibi dissertatsiyada ularga murojaat qilish tartibiga mos kelishi va foydalanish qulayligini ta’minlashi kerak.
21. Dissertatsiya matnini kompyuterda WORDning 14 shriftida 1,5 intervalda A4 formatli standart oq qog‘ozning bir tomonida yozish tavsiya etiladi.
Doktorlik dissertatsiyasining matni 250 betdan, nomzodlik dissertatsiyasi esa 120 betdan oshmasligi kerak. Ijtimoiy va gumanitar fanlar sohasidagi dissertatsiya hajmi ko‘pi bilan 30 foizga oshirilishi mumkin. Ilovalar ko‘rsatilgan hajmga kirmaydi.
22. Dissertatsiya betlarining chap tomoni 30 mm, yuqori tomoni 25 mm, o‘ng tomoni 15 mm, quyi tomoni 25 mm bo‘lishi tavsiya etiladi. Matndagi formulalar puxta va aniq yozilgan bo‘lishi shart. Katta va kichik harflar, yuqori va pastki indekslari formulada aniq berilishi kerak. Formula uchun belgilarning o‘lchami quyidagicha belgilanadi: katta harflar va raqamlar 5-6 mm, kichik harflar 3 mm, daraja ko‘rsatkichlari va indekslari 2 mm dan kam bo‘lmasligi tavsiya etiladi.
23. Dissertatsiya matni va ilovadagi jadvallar, chizmalar, sxemalar, diagrammalar, grafiklar, fotosuratlar o‘lchami A4 formatli standart varaqda bajarilishi kerak yoki standart o‘lchamdagi oq qog‘ozga yopishtirilgan bo‘lishi tavsiya etiladi. Foto va rasmlarga izohlar hamda yozuvlar o‘qish uchun qulay holda joylashtirilishi zarur.
Dissertatsiyada tuzatishlarga ruxsat etilmaydi.
24. Dissertatsiyaning barcha betlari titul betidan oxirgi betgacha tartib bilan raqamlanadi. Birinchi bet titul varag‘i hisoblanib, unga raqam qo‘yilmaydi, keyingi betga “2” raqami qo‘yiladi va hokazo. Tartib raqami betning yuqori tomonining o‘rtasiga qo‘yiladi. Talabgor tomonidan dissertatsiyaning har bir nusxasi titul varag‘iga imzo chekiladi.
25. Bo‘limlarning nomlanishi bosh harflar bilan yoziladi. Bo‘lim ichidagi nomlanishlar xatboshidan kichik harflar bilan yoziladi. Sarlavhalarni yozishda bo‘g‘in ko‘chirishga ruxsat berilmaydi. Sarlavha oxirida nuqta qo‘yilmaydi. Sarlavha va matn orasi 3-4 interval bo‘lishi tavsiya etiladi. Sarlavhani tagiga chizib yozishga ruxsat etilmaydi. Dissertatsiyaning har bir bo‘limi yangi betdan boshlanadi.
26. Dissertatsiya bo‘limlari butun dissertatsiya bo‘yicha arab raqamlari bilan belgilanib, raqamdan so‘ng nuqta qo‘yiladi. Kirish va xulosa qismlari raqamlanmaydi. Bo‘lim ichida paragraflar arab raqamlari bilan belgilanadi. Paragraf raqami nuqta bilan ajratilgan bo‘lim va paragraf raqamidan iborat bo‘ladi. Paragraf raqami oxirida nuqta qo‘yiladi, masalan, “2.3.”.
Har bir paragraf ichida bandlar arab raqamlari bilan belgilanadi. Band raqami nuqtalar bilan ajratilgan bo‘lim, paragraf va band raqamidan iborat bo‘ladi. Raqam oxirida nuqta qo‘yiladi, masalan, “1.1.2.”.
27. Illyustratsiya (surat)lar ko‘rish uchun qulay tarzda joylashtirilishi kerak. Agar dissertatsiyani burish lozim bo‘lsa, uni soat stryelkasi bo‘ylab burish kerak. Barcha surat (grafik, chizma, diagramma, fotosurat)lar “rasm” so‘zi va bo‘lim bo‘yicha ketma-ket arab raqamlari bilan belgilanadi. Ilovalarda keltirilgan suratlar bundan mustasno. Surat raqami bo‘lim va surat raqamidan iborat bo‘lib, nuqta bilan ajratiladi, masalan “1.2-rasm” va izoh beruvchi yozuvdan pastga yoziladi.
28. Raqamli materiallar jadval ko‘rinishida rasmiylashtirilishi lozim. Jadvalni rasmiylashtirish namunasi 4-ilovada ko‘rsatilgan.
Har bir jadval sarlavhaga ega bo‘lishi kerak. Sarlavha bosh harf bilan boshlanadi. Sarlavhaning ostiga chizilmaydi.
Jadval grafalarining sarlavhalari bosh harflar bilan, sarlavhachalari esa, agar ular sarlavha bilan bitta gapni tashkil etsa, kichik harflar bilan, agar ular mustaqil bo‘lsa, katta harflar bilan boshlanishi kerak. Jadval bosh qismini diagonal bo‘yicha bo‘lish mumkin emas. Satrlar balandligi 8 mm dan kam bo‘lmasligi tavsiya etiladi.
Ko‘plab grafalarga ega bo‘lgan jadvalni qismlarga bo‘lish va bir qismni ikkinchi qismdan keyin joylashtirishga ruxsat etiladi.
Bo‘limlar doirasidagi jadvallar izchil, ketma-ket arab raqamlari bilan belgilanadi. Jadval raqami bo‘lim raqami bilan jadvalning tartib raqamidan tashkil topadi va ular o‘zaro nuqta bilan ajratiladi. Masalan: “1.2-jadval”.
Agar dissertatsiyada bitta jadval bo‘lsa, u raqamlanmaydi va “jadval” so‘zi yozilmaydi.
Jadvalning biror qismi boshqa betga o‘tganda, “jadval” so‘zi va uning tartib raqami bir marta jadvalning birinchi qismi ustida ko‘rsatilib, qolgan qismlar ustiga “davomi” degan so‘z yoziladi.
29. Simvollarning ma’nolari bevosita formula ostida ularning formuladagi ketma-ketligi bo‘yicha beriladi. Har bir simvolning ma’nosini yangi qatordan berish lozim.
Tenglama va formulalar matndan alohida bo‘sh qatorlar bilan ajratib yoziladi. Har bir formulaning yuqori va pastki tomonlarida kamida bir satrdan joy qoldirish tavsiya etiladi. Agar tenglama bitta qatorga sig‘masa, sig‘magan qism tenglik belgisi (=)dan yoki qo‘shish (+), ayirish ( ), ko‘paytirish (x), bo‘lish (:) belgilaridan keyin ko‘chirilishi kerak.
Dissertatsiyadagi formulalar (agar ular bittadan ko‘p bo‘lsa) bo‘lim doirasida arab raqamlari bilan belgilanadi. Formula raqami bo‘lim raqami va formulaning bo‘limdagi tartib raqamidan tashkil topib, o‘zaro nuqta bilan ajratiladi. Bu narsa betning o‘ng tomonida formula bilan bir qatorda qavslar bilan ko‘rsatiladi (5-ilova).
30. Matndagi manbalarga havolalarni satr osti eslatmalarida keltirish yoki manbaning “Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati” bo‘yicha tartib raqamini kvadrat qavslarda ko‘rsatish lozim.
Illyustratsiyalarga qilingan havolalar suratning tartib raqami bilan ko‘rsatiladi, masalan, “1.2-rasm”. formulalarga qilingan havolalar formulaning qavs ichidagi tartib raqami bilan ko‘rsatiladi, masalan, “(2.2) formulada”. Matnda barcha jadvallarga havola berilishi kerak.
31. Har bir ilova yangi betning o‘ng yuqori burchagida “Ilova” so‘zi bilan boshlanadi. Agar dissertatsiyada bittadan ko‘p ilova bo‘lsa, ular ketma-ket arab raqamlari bilan belgilanadi. Masalan, “1-ilova”, “2-ilova” va h.
Ilovalarni alohida rasmiylashtirganda, titul varag‘ida dissertatsiya mavzusining nomi ostida katta harflar bilan “ILOVALAR” so‘zi yoziladi.
III. Dissertatsiya avtoreferatini rasmiylashtirish qoidalari
32. Dissertatsiya bo‘yicha qo‘lyozma huquqidagi avtoreferat chop etilishi va ko‘paytirilishi kerak. Avtoreferatni WORDning 14 shriftida 1 intervalda yozish tavsiya etiladi.
Doktorlik dissertatsiyasi bo‘yicha dissertatsiyaning qo‘lyozma huquqidagi avtoreferati hajmi 32 betdan, nomzodlik dissertatsiyasi bo‘yicha esa 16 betdan oshmasligi tavsiya etiladi. Ijtimoiy va gumanitar fanlar sohasidagi dissertatsiya avtoreferatining hajmi ko‘pi bilan 30 foizga oshirilishi mumkin.
Dissertatsiya avtoreferati belgilangan shakldagi muqova (6-ilova) hamda matn qismidan iborat. Avtoreferat muqovasi, avtoreferat oxirida beriladigan e’lon qilingan ishlar ro‘yxati, rezyume va illyustratsiyalar umumiy hajmga kirmaydi.
33. Avtoreferat matni quyidagi bo‘limlarga bo‘linadi:
1. Dissertatsiyaning umumiy tavsifi. Ushbu bo‘lim quyidagi qismlardan iborat bo‘ladi:
a) Mavzuning dolzarbligi;
b) Muammoning o‘rganilganlik darajasi;
v) Dissertatsiya ishining ilmiy-tadqiqot ishlari rejalari bilan bog‘liqligi;
g) Tadqiqot maqsadi;
d) Tadqiqot vazifalari;
e) Ilmiy yangiligi;
j) Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati;
z) Natijalarning joriy qilinishi;
i) Ishning sinovdan o‘tishi;
k) Natijalarning e’lon qilinganligi;
l) Dissertatsiyaning tuzilishi va hajmi.
2. Dissertatsiyaning asosiy mazmuni. Ushbu bo‘limda bajarilgan tadqiqotning qisqacha tavsifi bayon qilinishi kerak.
3. Xulosa. Ushbu bo‘lim asosiy xulosalarni hamda tavsiyalarni qamrab olishi kerak.
4. E’lon qilingan ishlar ro‘yxati. Bunda muallifning faqat dissertatsiya mavzusi bo‘yicha e’lon qilingan ishlarining ro‘yxati beriladi.
5. Rezyume quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
tayanch (eng muhim) so‘zlar;
tadqiqot obyektlari;
ishning maqsadi;
tadqiqot usuli;
olingan natijalar va ularning yangiligi;
amaliy ahamiyati;
tadbiq etish darajasi va iqtisodiy samaradorligi;
qo‘llanish (foydalanish) sohasi.
Rezyume o‘zbek, rus va ingliz tillarida yozilishi kerak.
Maqola — publitsistik janr. Maqolada ijtimoiy hayot hodisalari chuqur tahlil qilinib, nazariy va ommaviy jihatdan umumlashtiriladi, davlat siyosati, iqtisodiyot, texnika, fan va madaniyatda erishilgan yutuqlar, ilgʻor ish tajribalari ommalashtiriladi, xalq xoʻjaligidagi nuqsonlar tanqid qilinadi. Matbuotda bosh Maqola, nazariy va targʻibot Maqola, muammoli Maqola keng qoʻllanadi. Bosh Maqola (yoki tahririyat tomonidan yoziladigan Maqola) tahririyatning eng masʼuliyatli Maqolasi boʻlib, unda ichki va xalqaro hayotga doir muhim masalalarni oʻquvchilar ommasiga yetkazish vazifasi qoʻyiladi. Bunday Maqola muayyan masala yuzasidan yoʻl-yoʻriq koʻrsatishi, mavjud kamchiliklarni ochib tashlashi, har bir ishning asosiy haqiqiy yulini belgilab berishi loziMaqola Prezident farmonlari, Oliy Majlis qonunlari, Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadigan davlat va hukumat hujjatlari, qarorlari, qonunlari davrning dolzarb masalalari bosh Maqolada ochib beriladi. Nazariy Maqola va targʻibot Maqolaning asosiy vazifasi mustaqillik, milliy gʻoya, istiqlol mafkurasining asoslari va prinsiplarini; ilmiy Maqolaning vazifasi fan, madaniyat, texnika yutuqlarini tushuntirish, ommalashtirish, oʻquvchining gʻoyaviy, ilmiy saviyasini oshirishdan iborat. Muammoli Maqola munozara va bahsla-shuv mazmunida boʻlib, unda biror masala yuzasidan muallif oʻz qarashlarini oʻrtaga tashlaydi.
Oʻzbekistonda Maqola janri tarixi, asosan, „Turkiston viloyatining gazeti“ bilan bogʻliq. Unda ijtimoiysiyosiy hayotning turli sohalari oʻz ifodasini topgan (Furqat, Ibrat, Hakimxon va boshqalar). Keyinchalik taraqqiyparvar oʻzbek milliy matbuotida Hamza, Abdulla Avloniy, Abdulla Qodiriy va boshqa oʻz Maqolalari bilan ishtirok etishgan. Hozirgi ommaviy vositalarida Maqolaning hamma turlarida materiallar berib boriladi.maqola bu dolzarb mavzularni yorituvchi nashrdir.
Maqola istilohi keng maʼnoda gazeta, jurnal, radio, televideniya, shuningdek, toʻplamlardagi ilmiy asarlarga nisbatan ham qoʻllanadi.
Maqolalar uch tarkibiy qismdan iborat bo‘ladi:
1. Kirish — bunda tanlangan mavzuning dolzarbligi belgilanadi.
2. Asosiy qism — muallif tomonidan rejalangan fikr, muammo yoki yangilik bayon qilindi.
3. Xulosa — mavzu yuzasidan muallifning xulosalari, tavsiyalari beriladi.
Maqolalar ilmiy yoki publitsistik uslubda, adabiy til meʼyorlariga to‘liq amal qilingan holatda yoziladi. Maqola yozishda maqolaning mavzusini belgilash va unga sarlavha tanlash ham muhim ahamiyat kasb etadi. Maqolaning sarlavhasi qisqa, lekin eʼtiborni jalb qiladigan va, albatta, maqolaning bosh mavzusini yoritib beradigan bo'lishi lozim. Maqola Bundan tashqari, maqolalarda muallif haqida qisqacha maʼlumot va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati ko‘rsatiladi.



Download 3,69 Mb.
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   69




Download 3,69 Mb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Dissertatsiya, avtoreferat, maqolalarga nisbatan standart talablar

Download 3,69 Mb.