Ma’ruzaning qisqacha matni:
Veterinar farmatsiya farmatsevtik fanining bir maxsus sohasi bo‘lib, hayvonlarning jismoniy, anatomiya, fiziologiya tuzilishi o‘ziga xos bo‘lishlarini hisobga olgan holda mustaqil ravishda rivojlangan.
Veterinariyada ishlatiladigan dori turlari maxsus dorixonalarda, ba’zan meditsina dorixonalarida tayyorlanadi.
Bu dori turlarining retseptlari veterinariya vrachlari va feldsherlari tomonidan yozilib, ular ham tibbiyot retseptlariga qo‘yiladigan talablarga javob berishi kerak. Retseptda kasal bo‘lgan hayvon haqida ma’lumot, turi, laqabi, yoshi bo‘lishi lozim.
Veterinariyada ishlatiladigan dori turlari, ularning tarkibidagi dorivor va yordamchi moddalar va tayyorlanishi odatdagi dori turlari texnologiyasidan hech qanday farq qilmaydi. Faqat ba’zi dori turlarining hajmi, miqdori ko‘p bo‘ladi (masalan, bolyuslar- 0,5-50,0g, shamchalar 200,0 g gacha)
Qo‘shimcha moddalar sifatida javdar uni va ko‘pincha dorilar ta’mi va xidini yaxshilovchi moddalar qo‘shiladi.
Veterinariyada qo‘llaniladigan dorilar ko‘proq dozada berilishi va ayrim o‘ziga xos dori turlarga ega bo‘lishi bilan ajralib turadi.
Masalan, bo‘tqalar, bolyuslar kabi dori turlari ishlatiladi. Veterinariyada ishlatiladigan dori turlari quyidagicha tasniflanadi:
Qattiq dori turlari
Yumshoq dori turlari
Suyuq dori turlari.
Qattiq dori turlariga kukunlar, yig‘malar, tabletkalar, xab dorilar, bolyuslar kiradi. Yumshoq dori turlariga bo‘tqalar, surtmalar, linimentlar kiradi. Suyuq dori turlariga eritmalar, elimshaklar, emulsiyalar va suspenziyalar kiradi.
|