|
-bob. Harakatlanishni boshlash, manyovr qilish
|
bet | 16/40 | Sana | 09.01.2024 | Hajmi | 2,22 Mb. | | #133503 |
Bog'liq 172 12.04.2022(1)9-bob. Harakatlanishni boshlash, manyovr qilish
53. Haydovchi harakatlanishni boshlash, manyovr qilish (qayta tizilish, burilish, qayrilib olish, quvib o‘tish va aylanib o‘tish) va to‘xtashdan oldin bajarilayotgan manyovr boshqa yo‘l harakati qatnashchilarini harakatlanishiga xavf tug‘dirmasligi kerak.
54. Haydovchi yondosh hududdan yo‘lga chiqayotganda unda harakatlanayotgan piyodalar va transport vositalariga, shuningdek, yo‘ldan chiqishda harakatlanish yo‘nalishini kesib o‘tayotgan piyodalar va velosipedchilarga yo‘l berishi kerak.
55. Haydovchi qayta tizilishda harakatlanish yo‘nalishini o‘zgartirmasdan harakatlanayotgan yo‘lakay transport vositalariga yo‘l berishi kerak.
Bir yo‘nalishda harakatlanayotgan transport vositalari bir vaqtda qayta tizilayotganda, haydovchi o‘ng tomondagi transport vositasiga yo‘l berishi kerak.
56. Aylanma harakatlanish tashkil qilingan chorrahalarga kirish uchun burilishdan boshqa barcha hollarda, haydovchi o‘ngga, chapga burilishi yoki qayrilib olishdan oldinroq shu yo‘nalishda harakatlanishi uchun mo‘ljallangan qatnov qismining eng chetki holatni egallashi shart.
Agar 5.8.1 yoki 5.8.2 yo‘l belgilari yoxud 1.18 yo‘l chizig‘i bilan boshqa harakatlanish tartibi o‘rnatilmagan bo‘lsa, qatnov qismining o‘rtasida u bilan bir sathda joylashgan bir yo‘nalishdagi tramvay izidan chapga burilish va qayrilib olishga ruxsat etiladi. Biroq, bu tramvay harakatiga xalaqit bermasligi kerak.
57. Burilishni shunday amalga oshirish kerakki, bunda qatnov qismlarining kesishmasidan chiqayotgan transport vositasi qarama-qarshi yo‘nalishdagi harakatlanish tomoniga o‘tib ketmasligi kerak.
O‘ngga burilishda transport vositasi iloji boricha qatnov qismining o‘ng chetiga yaqinroqda harakatlanishi kerak.
58. Agar transport vositasi o‘zining gabaritlari (eng katta tashqi o‘lchamlari) yoki boshqa sabablarga ko‘ra (eng chekka tasmalardagi tirbandliklar bundan mustasno) Qoidalarning 56-bandi talablariga muvofiq burilishni bajara olmasa, harakat xavfsizligini ta’minlagan holda, boshqa transport vositalariga xalaqit bermasdan, talablardan chetga chiqishiga yo‘l qo‘yiladi.
59. Relssiz transport vositasining haydovchisi chorrahadan tashqarida chapga burilish yoki qayrilib olishda qarama-qarshi yo‘nalishdan harakatlanayotgan transport vositalariga va bir yo‘nalishdagi tramvayga yo‘l berishi shart.
Chorrahadan tashqarida qayrilib olishda, agar qatnov qismining kengligi manyovrni chetki chap holatdan bajarish uchun yetarli bo‘lmasa, uni qatnov qismining o‘ng chetidan (o‘ng yo‘l yoqasidan) amalga oshirishga yo‘l qo‘yiladi. Bu holda haydovchi shu yo‘nalishdagi va qarama-qarshi yo‘nalishdagi transport vositalariga yo‘l berishi shart.
60. Transport vositalarining harakatlanish yo‘nalishlari kesishganda va o‘tish navbati Qoidalarda nazarda tutilmagan hollarda, haydovchi o‘ng tomondan yaqinlashayotgan transport vositasiga yo‘l berishi kerak.
61. Sekinlashish bo‘lagi bor bo‘lgan yo‘lda burilmoqchi bo‘lgan haydovchi o‘z vaqtida ushbu tasmaga qayta tizilishi va tezlikni faqat unda kamaytirishi kerak.
Yo‘lga chiqish joyida tezlashish bo‘lagi bo‘lsa, haydovchi unda harakatlanishi va qo‘shni tasmada harakatlanayotgan transport vositalariga yo‘l berib, transport oqimiga qo‘shilishi kerak.
62. Quyidagi joylarda qayrilib olish taqiqlanadi:
piyodalarning o‘tish joylarida;
tunnellarda;
ko‘priklar, yo‘l o‘tkazgichlar, estakadalar va ularning ostida (tegishli yo‘l belgilari bilan bunday manyovrni bajarish ruxsat berilgan yo‘l qismlari bundan mustasno);
temir yo‘l kesishmalarida;
yo‘lning ko‘rinishi biror-bir yo‘nalishda 100 metrdan kam bo‘lgan joylarda.
63. Transport vositasini orqaga harakatlantirishda haydovchi yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashi va yo‘l harakatining boshqa qatnashchilariga xalaqit bermasligi shart. Zarurat tug‘ilganda haydovchi boshqa shaxslarning yordamidan foydalanishi kerak.
Orqaga harakatlanish chorrahalarda va ushbu Qoidalarning 62-bandiga muvofiq qayrilib olish mumkin bo‘lmagan joylarda taqiqlanadi.
|
| |