1.5 O’zbekistonda aholini ish bilan ta’minlashning istiqbol ko’rsatkichlari
Respublikamiz iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning bozor tamoyillariga to’liq o’tishi aholi ish bilan bandligining istiqbolini belgilash sohasida bir qator murakkab va ko’p aspektli vazifalarni qo’yadi. Istiqbollash mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini belgilash va uning aniq parametrlarini ishlab chiqish maqsadida amalga oshiriladi. Istiqbol ko’rsatkichlari yordamida mamlakatni yaqin kelgusida rivojlantirish dasturlari, kontseptsiyalari va amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning aniq yo’nalishlari belgilanadi. SHu bois, belgilanadigan istiqbol ko’rsatkichlari aniqlilik, hisob-kitobga egalik, asoslanganlik, tekshirilganlik va ko’p omillik kabi xususiyatlarga ega bo’lishi lozim.
Iqtisodiy ko’rsatkichlarni istiqbollashda ko’p tomonlama omilli yondashuv talab etiladi. CHunki, kelgusida ro’y berishi mumkin bo’lgan voqea-xodisalar va jarayonlar bir necha omillar ta’sirida yuz beradi. Jumladan, tabiiy-iqlimiy, ekologik, demografik, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy omillar. Mazkur omillar barcha iqtisodiy jarayonlar kabi mehnat bozori rivojlanishining istiqbol ko’rsatkichlariga ham o’z ta’sirini o’tkazmay qolmaydi. Tabiiy-iqlimiy va ekologik omillar mehnat bozori istiqboliga sezilarli ta’sir ko’rsatib, uning natijasida bir qancha muammolar yuzaga kelishi mumkin. Masalan, qishloq xo’jaligi, qayta ishlash sanoati, yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati kabi tarmoqlar tabiiy-iqlimiy sharoitlarga ta’sirchan bo’lib, ularning keskin o’zgarishi va noqulay kelishi tufayli mazkur tarmoqlarda faoliyat yuritayotganlar ishsiz aholiga aylanib qolishi va mehnat bozorida ishchi kuchi taklifi sifatida namoyan bo’lishi mumkin. Lekin, mazkur ta’sir tufayli vujudga keladigan ishchi kuchi taklifi miqdorini oldindan bashorat qilib bo’lmaydi, shu sababli mehnat bozorining istiqbolini belgilash doimo muammoli vazifa hisoblanadi.
Mamlakat mehnat bozorining istiqbol ko’rsatkichlari bevosita demografik omillarga bog’liq. CHunki, aynan demografik jarayonlargina kelgusida mehnat potentsialining miqdor va sifat jihatdan shakllanishi, taqsimlanishi, ishchi kuchiga aylanishi hamda taklif sifatida mehnat bozorida paydo bo’lishini ta’minlaydi. Demografik jarayonlarning bugungi holati mehnat bozorining kamida kelgusi 16 yillik istiqboliga ham o’z ta’sirini o’tkazadi. CHunki, bugun tug’ilgan chaqaloq 16 yildan so’ng mehnat bozorida o’z ishchi kuchini taklif etsa, undan so’ng yana bir necha 10 yillar davomida to nafaqaga chiqquncha faoliyat ko’rsatishi mumkin.
Garchi, so’nggi yillarda mamlakatimizda aholining o’sish ko’rsatkichi kamayib borayotgan bo’lsa-da, biroq yaqin kelgusi yillarda aholi soni o’sishiniing nisbatan yuqori ko’rsatkichi saqlanib qolishi kutilmoqda. CHunki, ko’p farzandli bo’lish, oilada ham o’g’il, ham qiz farzandlarga ega bo’lish, yagona qiz yoki o’g’il farzand bilan cheklanmaslik kabi istaklar millatimizga xos xarakterdir. Aynan shu sababli yaqin kelgusi yillarda oilalarning o’rtacha hajmi 5,4 kishi atrofida bo’lishi kutilmoqda.
2010 yilda mamlakatimiz o’rtacha doimiy aholisi 29,5 mln. kishini tashkil etdi, ularning 17,8 mln. nafari qishloq joylariga to’g’ri keladi. SHuningdek, demografik jarayonlar va mehnat bozori o’zgarishining joriy holati saqlanib qolsa, u holda 2014 yilda o’rtacha doimiy aholi soni 29,3 mln. kishiga yetib, qishloq aholisi 18,9 mln.kishini tashkil etishi mumkin. 2010-2014 yillar davomida respublikamiz aholisining o’rtacha o’sish sur’ati taxminan 101,2% bo’lsa, bu ko’rsatkich qishloq joylarda 101,5% ni tashqil qiladi. Farg’ona vodiysi viloyatlari, Samarqand, Qashqadaryo, Toshkent va Surxondaryo viloyatlari aholisining boshqa hududlarga nisbatan tez o’sish tendentsiyasi (101,4-101,7%) saqlanib qolgan holda, 2010-2014 yillarda aholi soni o’sishining past ko’rsatkichi Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatiga to’g’ri kelishi kutilmoqda.
|