• QO‘LLANILADIGAN TA’LIM TEXNOLOGIYALARI: ma’ruza, BBB, namoyish, aqliy hujum, klasster, ZOOM dasturi orqali videodars.
  • O‘zbekistonning eng yangi tarixi




    Download 59.83 Kb.
    bet1/2
    Sana12.06.2023
    Hajmi59.83 Kb.
    #72061
      1   2
    Bog'liq
    1 Maruza
    maktabgacha ta’lim tashkilotlarida yozgi sog‘lomlashtirish, 1111111111111111, ariza S, Bazarbaev Maxsetbay, Толик презентация, Bazarbaev 2z MI, kirish11111, Ehtimollar nazariyasi va matematik [uzsmart.uz], FIZOKRATLAR MAKTABI-F.KENE, Qurʻoni Karim va Hadislardagi iqtisodiy qarashlar, Amerika maktabi, 3 Maruza, Amonov Ravshan Xolmo’minovich, favqulodda vaziyatlarda fuqarolar muhofazasi haqida tushuncha

    Mavzu: Kirish. “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” o‘quv fanining predmeti, maqsadi va vazifalari, nazariy-metodologik tamoyillari. Mustaqillikka erishish arafasida O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy ahvol


    Reja:
    1. O‘zbekiston tarixini davrlashtirish masalasi. “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” o‘quv fanining predmeti, maqsad va vazifalari. Fanni o‘rganishning nazariy-uslubiy asoslari.
    2. XXI globallashuv asrida ta’lim sohasida mazkur fanni o‘qitishdagi nazariy-konseptual yondashuv va ilg‘or innovatsiyalar.
    3.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning ma’naviy etuk shaxsni tarbiyalashda tarixiy xotiraning o‘rni va saboqlari to‘g‘risidagi fikrlari.
    4. XX asr 80-yillari o‘rtalarida respublika ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy hayotidagi inqirozli holat.
    5.Markazning O‘zbekistonda amalga oshirgan qatag‘on siyosati: “Paxta ishi”, “O‘zbek ishi” nomli kampaniyalar. Aholi turmush tarzining og‘irlashuvi. Orol fojiasi. Farg‘ona voqealari.
    6.1989 yil o‘rtalarida respublika ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘zgarishlar. Milliy manfaatlar ustuvorligining o‘sib borishi.


    QO‘LLANILADIGAN TA’LIM TEXNOLOGIYALARI: ma’ruza, BBB, namoyish, aqliy hujum, klasster, ZOOM dasturi orqali videodars.
    Tarix fani ijtimoiy taraqqiyot va o‘tmishga oid har xil voqea-hodisalarning izchil rivojlanishi, ularning qachon, qaerda, qanday holatda yuz berganligi, insoniyatning paydo bo‘lishi va uning tadrijiy-evolyusion rivojlanish jarayoni va boshqalarni o‘rganadi. Shuningdek, O‘zbekiston tarixi umumjahon-insoniyat tarixining ajralmas qismi hisoblanib, u olamshumul voqeliklarga juda boy. O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani yaqin tarixni, so‘nggi yarim asrdan kamroq vaqtni xolisona va haqqoniy o‘rganadi.
    Tarixiy haqiqat to‘la ro‘yobga chiqishi, haqqoniy tarix yozilishida tarix fanining predmeti va ob’ektini to‘g‘ri belgilanishi o‘ta muhim ahamiyatga ega. Chunki, O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani uchun ham boshqa barcha fanlar qatori predmet va ob’ekt masalasi asosiy masala bo‘lib hisoblanadi. Zero, fan uning o‘rganish predmeti va ob’ekti aniq bo‘lmasa, uning oldidagi vazifa noaniq bo‘lib, maqsadga erishish mushkul bo‘ladi.
    O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani o‘z xususiyatiga ko‘ra, birinchidan, o‘zining butun diqqat e’tiborini faqat yaqin o‘tmishga qaratadi, undan saboq beradi, xulosa chiqaradi, yosh mustaqil davlatning hayot yo‘lini ko‘rsatadi.
    Ikkinchidan, O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani boshqa ijtimoiy fanlarga nisbatan aniq fan. U matematika usulidan keng foydalanadi. Voqea va hodisalar qat’iy aniqlikda, davriy ketma-ketlik-xronologik asosda o‘rganiladi.
    Uchinchidan, O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani ko‘p qirralik va xilma-xillik xususiyatiga ega. Uning o‘rganish predmetiga esa, mana shu makondagi jamiki xilma-xil voqea va hodisalar, ulardagi umumiy aloqadorlik va yaxlit birlik hamda qonuniyatlar hodisasi va jarayonlar, umuman, xalq va insonning yaratuvchanlik faoliyati kiradi. O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining o‘rganish makoni-ob’ekti O‘zbekistonning mustaqillik davri tarixidir.
    Ob’ekt aniq tarixiy davr, makon, zamon va geografik mintaqaviy chegaralar, ma’lum bir xalq, millat, mamlakat tarixi bilan bog‘liq bo‘lib, shular doirasidagi voqea va hodisalarning bir butun va yaxlitlikda o‘z ichiga oladi. Predmet esa mana shu bir butun ob’ekt ichidagi aniq tarixiy-madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardan iboratdir.
    Tarix fani boshqa, ayniqsa, ijtimoiy-gumanitar fanlari bilan mustahkam va uzviy aloqa birligida rivojlanadi. Shuning uchun ham, tarixchilar falsafani, adabiyot va tilni, dinshunoslikni va boshqa fanlarni bilmay turib, haqqoniy tarixni to‘la yoritib berolmaydilar.
    Shuni ham aytish lozimki, tarix bilan boshqa ijtimoiy- gumanitar fanlarning o‘rganish ob’ekti bitta ya’ni jamiyatdir. Predmeti esa inson va tabiat. Shuning uchun ham boshqa fanlar tarix fani taraqqiyotiga, tarixiy haqiqatlarning ro‘yobga chiqishiga bevosita yordam beradi. Shuningdek, tarix fani ham boshqa soha fanlari rivojiga katta ta’sir etadi. Ammo, shuni ham ta’kidlash joizki, tarix boshqa fanlarni, shuningdek ijtimoiy-gumanitar fanlarning ham tarixidir. Chunki boshqa fanlarning hammasi ham, tarix mahsulidir.
    Xulosa shuki, tarix fani ya’ni, O‘zbekiston tarixi millat va Vatan taqdirini ravnaq topishida muhim ahamiyatga ega. Masalaning mohiyati shundaki, birinchidan, ijtimoiy-gumanitar fanlarning rivojlanishi har jihatdan tarix fanining naqadar haqqoniy bo‘lishiga bog‘liqdir. Chunki ular tarix bilan bevosita bog‘liq. Ikkinchidan, tarix falsafasi qanchalik to‘la va ravon yuzaga chiqsa, boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlarning mazmun va mohiyati hamda ta’sirchanligi ham shuncha yuksak darajada bo‘ladi.
    Tarix falsafasi deganda, tarix ya’ni o‘tmish tajribasi va sabog‘idan to‘g‘ri xulosa chiqara olish tushuniladi. Boshqacha aytganda, o‘tmish-tarixga qarab, kelajakni to‘g‘ri belgilay olish ham tarix falsafasini anglashni bildiradi.
    Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda tarix fani sobiq mustabid tuzum mafkurasidan voz kechish, yangi yondashuvlar bilan bog‘liq o‘zgarishlarga yuz tutdi. Fan taraqqiyoti va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish O‘zbekiston tarixchilari zimmasiga jahon amaliyoti yutuqlaridan kelib chiqib, tarix fanini yanada yuqori ilmiy-nazariy darajaga olib chiqish hamda yangi ilmiy yo‘nalishlarni o‘zlashtirish kabi vazifalarni yuklamoqda.
    Davlatimiz rahbarining 2017 yil 30 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzurida O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha jamoatchilik kengashi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori kengash ishidagi kamchiliklarni bartaraf etish va uni yangi pog‘onaga ko‘tarish hamda bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim hujjatlardan biridir.
    Qarorda Jamoatchilik kengashi oldiga O‘zbekistonning eng yangi tarixini tizimli, haqqoniy va xolis tarzda o‘rganishni tashkil etish, yangi avlod ilmiy va o‘quv-uslubiy adabiyotlarni yaratish hamda mamlakatimizning dunyodagi o‘rni va rolini ko‘rsatishga qaratilgan qator vazifalar qo‘yilgan. Mazkur hujjatda ko‘rsatilgan vazifalarni bir-birini to‘ldiruvchi ikki yo‘l orqali ro‘yobga chiqarish lozim. Birinchi yo‘l – yangi avlod ilmiy va o‘quv adabiyotlarini yaratish. Ikkinchi yo‘l – mavjud bilimlarni yoshlarga targ‘ib etish va o‘qitish.
    O‘zbekistonning eng yangi tarixi haqida so‘z yuritilganda, biz uchun, avvalo, mamlakatimizning 1991 yildan keyin bosib o‘tgan tarixiy yo‘li mohiyati va mazmunini anglab etish muhimdir. Bu jarayon qanday borganligini, mamlakatimiz mustaqillik arafasida va uning dastlabki yillarida qanday muammolarga duch kelganini tushunib etish muhim. O‘zbek jamiyatida qadimgi davrlardan beri ayrim demokratiya unsurlari: o‘zini o‘zi boshqarishning jamoa shakli, mahalla yig‘inlari, oqsoqollar kengashlari va xalq diplomatiyasi mavjud edi. Biroq hozirgi kunda ushbu institutlar tomonidan an’anaviy funksiyalar bajarilishining o‘zi bilan qanoatlanib bo‘lmaydi. Biz ularning faoliyatini hozirgi davr talablariga mos yangi mazmun bilan to‘ldirishimiz maqsadga muvofiqdir.
    Rivojlangan demokratik davlatlarda siyosiy partiyalar fuqarolik jamiyatining eng muhim institutlaridan birini tashkil etadi. Mamlakatimiz Birinchi Prezidenti Islom Karimov fuqarolarning davlat va jamiyatni boshqarishda keng ishtirok etishini ta’minlovchi siyosiy institutlarning xilma-xilligiga asoslangan yangi demokratik tizim negizlarini shakllantirish zarurligiga alohida e’tibor qaratgan.
    Sobiq tuzum davrida davlat va yakkapartiyaviylik tizimi shaxs ustidan yalpi hukmronligini o‘rnatgan edi. Fuqaroning huquqiy himoyalanmagani, boshqaruvning ma’muriy-buyruqbozlik usullari, har qanday muqobil fikrlashning tazyiq ostiga olinishi ko‘p odamlarda chorasizlik tuyg‘usini uyg‘otib, real hayotdan uzoqlashish istagini oshirdi. “Siyosiy autsayderlar” deb ataluvchi kishilar sonining o‘sishi, jamiyatda ijtimoiy pessimizm va boqimandalikning kuchayishiga sabab bo‘ldi.
    Afsuski, bugungi kunda ham jamiyatda eski davrga xos bo‘lgan ijtimoiy ongning retsidivlari muayyan darajada saqlanib qolmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ushbu holatni nazarda tutgan holda O‘zbekistondagi siyosiy partiyalarni jiddiy tanqid ostiga olib, quyidagilarni ta’kidladi: “Ochiq aytish kerak, siyosiy partiyalarda bu sohada haligacha xotirjamlik, qandaydir mudrab o‘tirish kayfiyati hukm surmoqda. Hech kimga foydasi bo‘lmagan majlislar soatlab davom etmoqda, tanqidiy tahlil o‘rniga mayda masalalar bilan o‘ralashib, dolzarb muammolarning echimi chetda qolib ketmoqda”. Bugun kuchli fuqarolik jamiyatni qurish vazifasi tobora ko‘proq dolzarblik kasb etmoqda. Uning amalga oshirilishi real va faol ko‘p partiyali tizimni shakllantirishni talab etayotir.
    O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganishda yuqorida ta’kidlab o‘tilgan vazifalar qatorida jamiyatni ijtimoiy-iqtisodiy isloh qilishdagi o‘zbek modelining konseptual asoslarini idrok etish, davlatimizning global va mintaqaviy integratsiya jarayonlarida ishtiroki bilan bog‘liq masalalarning to‘g‘ri va haqqoniy tahlilini xalqimiz va kelajak avlodga etkazish burchimizdir.
    O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti mamlakat milliy davlatchiligining vujudga kelishi va taraqqiy topishining eng yangi tarixini o‘rganish, ilmiy, ilmiy-ommabop, o‘quv-metodik, ma’rifiy adabiyotlarni tayyorlash va chop etish borasidagi etakchi ilmiy-tadqiqot muassasalaridan biri. Institutda O‘zbekiston eng yangi tarixining turli jabhalarini tadqiq etuvchi “Yangi va eng yangi tarix”, “Etnologiya va antropologiya”, “Tarixshunoslik va manbashunoslik” bo‘limlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu erda eng yangi tarixni o‘rganishda tarix, xalqaro munosabatlar nazariyasi, sotsiologiya, antropologiya, etnologiya, falsafa, iqtisodiy nazariya, siyosiy muammolarni qamrab olgan yangi fanlararo yondashuvlar tahlili amalga oshirilmoqda. Yana ahamiyatli jihati, institutning olti nafar etakchi olimi Jamoatchilik kengashi a’zosi hamdir.
    Olimlar tomonidan “Buyuk va muqaddas, mustaqil diyor”, “O‘zbekistonning eng yangi tarixi: nazariy-metodologik asoslari, o‘rganish tajribasi, manba va uslublar”, “O‘zbekiston yoshlari ijtimoiy-madaniy islohotlar jarayonida”, “O‘zbekistonning eng yangi tarixidan lavhalar”, “Farg‘ona vodiysi shaharlarida iqtisodiy transformatsiya jarayonlari (1991-1996 yillar)” kabi qator to‘plam va monografiyalarning nashr etilishi O‘zbekistonning eng yangi tarixiga oid amalga oshirilgan qator ilmiy-tadqiqot loyihalar natijasi, deyish mumkin.
    Bizda, afsuski, O‘zbekistonning eng yangi tarixi turli aspektlarini o‘rganish bilan shug‘ullanayotgan mutaxassislarning (tarixchilar, sotsiologlar, siyosatshunoslar, faylasuflar, iqtisodchi olimlar, huquqshunoslar) tarqoqligi, ular faoliyatini muvofiqlashtirish talab darajasida emasligi yaqqol ko‘rinib qolmoqda. Bugun ilmiy gumanitar hamjamiyat vakillarining hamkorligisiz va birgalikda sarflanadigan kuch-g‘ayratisiz hozirgi zamon tarixining mazmunini tushunish murakkabligi barchaga ayon.
    Ana shunday bir paytda davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzurida O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha jamoatchilik kengashi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori kengash va tarixchilarga muhim yo‘riqnomalarni belgilab berdi. Institut olimlari va kengashning faoliyatini qayta ko‘rib chiqish, tariximizni mufassal ifoda etadigan tadqiqotlar, kitoblar, monografiya va darsliklar yaratish masalasini tez va sifatli hal etmoq talabini qo‘ymoqda.
    Mazkur qarorda belgilanganidek, institut va kengash a’zolari qator rejalar, amalga oshirilishi zarur bo‘lgan masalalarga jiddiy kirishgan. Unda siyosat, iqtisod, madaniyat, ijtimoiy hayotning barcha sohalarida sodir bo‘layotgan voqealar asosida O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganish bo‘yicha kompleks yondashuvni ta’minlash inobatga olingan. Ushbu vazifalarning ilmiy idrok etilishi va hal qilinishi muayyan darajada tarix fani mavjud tushuncha-metodologik arsenalining tanqidiy tahlili va tegishli tarzda O‘zbekistonning eng yangi tarixiga oid turli voqealarni tadqiq etish bilan shug‘ullanayotgan barcha ilmiy yo‘nalishlarning nazariy salohiyati yangilanishi bilan bog‘liqdir.

    1. O‘zbekiston tarixi fanining metodologik (uslubiy) ilmiy-usul va tamoyillari quyidagilardan iborat:

      • Ilmiy xolislik (ob’ektivlik);

      • Tarixiy – tahliliylik;

      • Mantiqiy – uzviylik;

      • Vorislik va izchillik;

      • Xronologik izchillik;

      • G‘oyaviylik va vatanparvarlik;

      • Halol va xolislik;

      • Qiyoslash va kuzatish;

      • Kuzatish va umumiylashtirish;

      • Baxslashish, munozara yuritish va isbotlash;

      • Matematik hisoblash;

      • Shakllash va modellashtirish;

      • Ayrimlikdan umumiylikka (induksiya) va umumiylikdan ayrim (juz’iy)likka (deduksiya);

    Bugungi kunda oshkoralik, shaffoflik kabi tamoyillar ilgari surilayotgan bir vaqtda tarix qanday bo‘lsa, uni shundayligicha o‘rganish ustivor bo‘lmog‘i kerak. Chunki yaqin tarix ko‘pchilik o‘z ko‘z o‘ngidan o‘tkazgan voqeliklardir. Uni oshirmay, yashirmay, boricha o‘rganish zarurdir.
    Umuman olganda, O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganish va uni o‘qitishning dolzarb muammolari bo‘yicha keng munozaralarning zaruratini chuqur anglagan holda olimlar, pedagog xodimlar va maorifning boshqa vakillarini tarix ilmi va fani masalalarini keng ommaga etkazish hamda matbuotda faol muhokama qilish zarur. Jamiyatimiz, ayniqsa, yosh avlod ona Vatanimizning yaqin o‘tmishini tushunishga, murakkab, jo‘shqin va jadal sur’atlar bilan davom etayotgan mamlakatimiz mustaqilligining tarix solnomasini tizimli o‘rganishga, uni to‘laqonli anglab etishga katta ehtiyoj sezmoqda. Mazkur sharafli ijtimoiy vazifani amalga oshirish esa o‘zbek tarixchilarining ilmiy va fuqarolik burchidir.
    Ko‘p ming yillik taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan va o‘tmishida katta tarixiy siljishlar bilan birga, tanazzullar va inqirozlarga guvoh bo‘lgan o‘zbek xalqi hayotida XX asrning oxiri va XXI asrning boshlari muhim ahamiyat kasb etdi. Ana shu davrda xalqimiz yaratgan buyuk bunyodkorliklar, siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, ijtimoiy va ma’naviy sohadagi beqiyos yutuqlar O‘zbekistonning bundan keyingi uzoq kelajakka mo‘ljallangan taraqqiyotiga asos bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu davrning mohiyati – butunlay yangi tuzum, yangicha turmush tarzi, zamonaviy jahon sivilizatsiyasi talablariga javob bera oladigan aqliy salohiyat, intellektual imkoniyat bilan bog‘liqligi muhim ahamiyatga ega.
    Garchi mustaqillik davri tarixan qisqa bo‘lsada, mustabid tuzum iskanjasidan chiqib ketish, butun bir xalqning mustaqilligi va erkinligini ta’minlash kabi g‘oyatda tahdidli va tahlikali, ayni paytda sharafli jarayonni boshdan kechirdi.
    O‘zbekiston Respublikasining mustaqillik yillarida bosib o‘tgan yo‘lining mazmun-mohiyati va xususiyatlarini obektiv baholagan holda mustaqillik davrini quyidagi ikki bosqichga bo‘lib o‘rganish maqsadga muvofiq bo‘lar edi:
    1) 1991–2016-yillar. Bu davrda milliy davlatchilik asoslari va ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini yuzaga keltirishga qaratilgan o‘tish davrining dastlabki islohotlar jarayoniga ilk qadamlar qo‘yildi. Demokratik an’analar asosida yangi davlat boshqaruv tizimi – qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati tashkil etildi hamda fuqarolik jamiyati asoslari yaratildi, erkin bozor iqtisodiyotiga o‘tila boshlandi. 2000-yildan mamlakatda faol demokratik yangilanish va modernizatsiyalash jarayonlari kuzatildi. Jumladan, kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyatiga bosqichma-bosqich o‘tish asosiy vazifa qilib qo‘yildi. Natijada mamlakatning siyosiy va iqtisodiy hayotida demokratlashtirish va liberallashtirish jarayonlari chuqurlashdi, inson haq-huquqlari va erkinliklarini himoya qiluvchi mustaqil sud tizimi mustahkamlandi, fuqarolik jamiyati asoslari rivojlandi. 2010-yildan demokratik islohotlar va mamlakatni modernizatsiyalash jarayonini yanada chuqurlashtirish masalasi ilgari surildi. Uning boshlanishi O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan mamlakatda fuqarolik jamiyatini shakllantirish va demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish konsepsiyasining ishlab chiqilishi bilan bog‘liqdir. Shuningdek, bu davr davlat hokimiyati va boshqaruvini yanada demokratlashtirish, sud-huquq tizimi, axborotlashtirish sohasini isloh etish, so‘z erkinligini ta’minlash, saylov qonunchiligini takomillashtirish, demokratik bozor islohotlarini chuqurlashtirishga qaratilganligi bilan xarakterlanadi.
    2) 2017-yildan keyingi yillar. Bu davr tarixi 2016-yil dekabr oyida saylangan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning strategik taraqqiyotga asoslangan keng ko‘lamli jadal islohotlar davri hisoblanadi. Natijada, hayotimizga yangi iboralar, xususan, “xalq bilan muloqot”, “xalq qabulxonalari”, “virtual qabulxona”, tanqidiy tahlil”, “qat’iy tartib-intizom”, “arzon uylar”, “texnoparklar”, “o‘z bolangni o‘zing asra”, “yo‘l xaritasi”, “kafolatlangan xavfsizlik” singari tushunchalar kirib keldi va hayotimizning ajralmas qismiga aylandi.O‘zbekiston Kompartiyasi MQning 1989-yil 23-iyun kuni bo‘lib o‘tgan XIV plenumida Islom Abdug‘anievich Karimov O‘zbekiston Kompartiyasi MQning birinchi kotibi etib tayinlandi. Islom Karimov ishga kirishgan kunning ertasigayoq – 24 iyun kuni O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetida katta majlis o‘tkazdi va unda ma’ruza qildi. Islom Karimov O‘zbekistonda vujudga kelgan o‘ta murakkab ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni va uning sabablarini chuqur tahlil qilib achchiq va haqqoniy bir xulosaga keladi. «Biz bundan buyon eskicha yasholmaymiz va bunday yashashga zamonning o‘zi yo‘l qo‘ymaydi», – degan edi u.
    I.A.Karimov boshliq yangi rahbariyat tomonidan o‘zbek xalqining milliy o‘zligini anglash kuchayib borayotganligi birinchi bor e’tirof etildi. Xalqning shon-shuhrati, qadr-qimmatini himoya qilish, milliy mustaqillikka erishish tomon yo‘l boshladi.
    Respublikada kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish va tarbiyalash masalalarida milliy manfaatdorlik ustuvorligi ta’minlandi. Markazdan yuborilgan «kadrlar desanti» o‘z mavqeyini yo‘qotdi. Anishev, Ogarek, Satin va boshqa «kazo-kazolar» respublikadan chiqarib yuborildi. Mahalliy kadrlar rahbarlik lavozimilariga ko‘tarildi.
    Kadrlar siyosatidagi jiddiy ijobiy o‘zgarish shundan iborat bo‘ldiki, endi O‘zbekiston partiya, sovet, davlat, huquqni himoya qilish organlarining boshliqlarini Moskva orqali hal qilish, Moskva belgilagan xodimlarni ko‘tarish amaliyotiga chek qo‘yildi. Bu masalalarni hal qilishni Respublika rahbariyati o‘z qo‘liga oldi. Oliy o‘quv yurtlarida o‘qiyotgan talantli yoshlar uchun maxsus stipendiyalar belgilash, xorijiy davlatlarda o‘qish uchun davlat hisobidan yordam berish masalalarni ilgari surdi. Bu vaziyatni teran anglagan rahbarning jasorati bo‘lib, siyosiy mutelikdan qutilish, mustaqillik tomon tashlangan muhim qadam bo‘ldi. To‘qib chiqarilgan «o‘zbek ishi», «paxta ishi»ning tamomila sharmandasi chiqdi. Bu bilan bog‘liq ishlar qayta ko‘rilib, aybsiz qamalgan minglab odamlar oqlandi, o‘z oilasiga qaytdi, adolat tiklandi.
    O‘zbek tili – davlat tili. Respublika jamoatchiligi tomonidan allaqachon o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish masalasi ko‘tarilgan edi. O‘zbekistonning sobiq rahbariyati bu masalaga millatchilik, mahalliychilik deb qarardi. O‘zbekistonning yangi rahbariyati jamoatchilik fikrini inobatga oldi, masalani bosiqlik bilan hal qilish yo‘lini tanladi. O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining 1989 yil 21 oktyabrda bo‘lgan o‘n birinchi sessiyasida «O‘zbekiston SSRning davlat tili haqida» Qonun qabul qilindi. Qonunda: «O‘zbekistonning davlat tili o‘zbek tilidir, o‘zbek tili Respublikaning siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotining barcha sohalarida to‘liq amal qiladi», – deb belgilab qo‘yildi. 1990-yil 19-fevralda «O‘zbekiston SSRning davlat tili haqida»gi Qonunni amalga oshirish davlat dasturi qabul qilindi. Qonun va davlat dasturiga binoan, mehnat jamoalari, o‘quv yurtlari, korxonalar va davlat muassasalarida ish yuritish rus tilidan o‘zbek tiliga o‘tkazila boshladi. Bu qonunning qabul qilinishi va uning amalga oshirila boshlanishi respublika ijtimoiy hayotida katta tarixiy voqea bo‘lib, mustaqillik sari tashlangan yana bir muhim qadam bo‘ldi. Respublika iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasini xolisona tahlil etish, baholash va ko‘tarishga qaratilgan dastlabki sa’y-harakatlar qilindi. Qishloq aholisiga shaxsiy tomorqa uchun er ajratildi. Erga muhtoj 381 ming oilaga tomorqa erlari berildi, 372 ming oila o‘z tomorqalarini kengaytirib oldi. Shu maqsadlar uchun jami 150 ming gektar er ajratildi. Respublikada «Ish bilan ta’minlash» dasturi ishlab chiqildi. Ana shu dasturga binoan 1990-yilda 300 ming kishi, asosan yoshlar ish bilan ta’minlandi. Aholining kam daromadli qismini ijtimoiy jihatdan himoyalash uchun 1990-yilda budjetdan va korxonalar hisobidan 142 mln so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratildi.
    Prezident lavozimining ta’sis etilishi. 1990-yil 18-fevralda O‘zbekiston Oliy
    Sovetiga saylov bo‘ldi. Bu saylov ning yangiligi shundan iborat bo‘ldiki, oldingi saylovlarda bir deputatlik o‘rniga bitta nomzod ko‘rsatilgan bo‘lsa, mazkur saylovda 500 saylov okrugining 326 tasida muqobil nomzodlar ko‘rsatildi.
    1990-yil 24–31-mart kunlari Toshkentda o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining I sessiyasi bo‘lib o‘tdi. 24-mart kuni sessiya SSSR tarkibidagi respublikalar orasida birinchi bo‘lib «O‘zbekiston SSR Prezidenti lavozimini ta’sis etish to‘g‘risida» Qonun qabul qildi. 1990-yil 24-mart kuni Oliy Sovet sessiyasida yashirin ovoz berish yo‘li bilan Islom Abdug‘anievich Karimov O‘zbekiston Prezidenti etib saylandi. Ana shu sessiyada I. Karimov nutq so‘zlab, O‘zbekistonning siyosiy mustaqilligini, o‘zini-o‘zi idora qilishga va o‘zini-o‘zi pul bilan ta’minlashga o‘tishni ta’minlashni o‘zining asosiy vazifasi ekanini ta’kidladi. SSSR va Markaziy hokimiyat mavjud bo‘lgan sharoitdayoq O‘zbekistonda Prezident saylanishi muhim voqea bo‘ldi, mamlakatimiz mustaqilligiga erishish sari tashlangan yana bir dadil qadam bo‘ldi.
    Mustaqillik Deklaratsiyasi. O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining II sessiyasi 1990-yil 20-iyun kuni «Mustaqillik Deklaratsiyasi»ni qabul qildi. Deklaratsiyada har bir millatning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqidan kelib chiqqan holda, xalqaro huquq qoidalariga, umumbashariy qadriyatlarga va demokratiya tamoyil lariga asoslanib O‘zbekiston SSRning davlat suvereniteti e’lon qilindi. Mustaqillik Deklaratsiyasi 12 moddadan iborat bo‘lib, quyidagilar bayon etilgan:
    • O‘zbekiston SSR davlat suvereniteti;
    • O‘zbekiston SSR demokratik davlatining o‘z hududida barcha tarkibiy qismlarda va barcha tashqi munosabatlarda tanho hokimligi;
    • O‘zbekiston SSR davlat hududi chegarasi daxlsiz va bu hudud xalqning muhokamasiga qo‘yilmay turib o‘zgartirilishi mumkin emas. SSSR Oliy Soveti qabul qiladigan qarorlar O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasiga muvofiq O‘zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan tasdiqlangandan keyingina O‘zbekiston hududida kuchga ega bo‘ladi;
    • O‘zbekiston SSR davlat hokimiyati vakolatiga O‘zbekiston SSR ichki va tashqi siyosatiga tegishli barcha masalalar kiradi va hokazolar.
    O‘zbekiston mustaqilligi to‘g‘risidagi Deklaratsiya muhim tarixiy hujjat bo‘lib, mamlakatimizning o‘z davlat mustaqilligini qo‘lga kiritish yo‘lida yana bir yangi qadam bo‘ldi.
    2. Sovet imperiyasining tanazzulga yuz tutishi. Ittifoq shartnomasini yangilash talabi. Sobiq SSSR tarkibidagi respublikalar rasman teng va suveren deb yuritilsa-da, amalda qaram edi. Ular o‘z erlari, suvlari, o‘rmonlari va er osti boyliklariga, ko‘pdan ko‘p korxonalariga o‘zlari egalik qilolmas edilar. 80-yillarning oxirlari 90-yillarning boshlarida ko‘pchilik respublikalar mavjud vaziyatni o‘zgartirish talablarini ilgari sura boshladilar.
    O‘zbekiston Respublikasining rahbari I. Karimov 1989-yil 20-sentabrda Moskvada bo‘lib o‘tgan KPSS MQning plenumida so‘zlagan nutqida, respublikalar bilan SSSR o‘rtasidagi vakolatlarni aniq-ravshan ajratib qo‘yishni ko‘zda tutadigan yangi federativ shartnoma ishlab chiqish zarurligi to‘g‘risida o‘z fikrini bildirib: «Biz Ittifoq va respublikalarning vazifalarini, burchlarini va o‘zaro majburiyatlarini aniq-ravshan belgilab qo‘yish, respublikalar mustaqilligini har jihatdan mustahkamlash tarafdorimiz», – degan edi.
    Biroq markaziy hokimiyat respublikalarga erkinlik berish haqidagi talab-takliflarni e’tiborga olmadi, to‘g‘rirog‘i ularga erkinlik berishni xohladi. Markazning qaysarligi hamda respublikalar jamoatchiligining ta’siri ostida markazdan ajralish harakati kuchayib bordi. 1990-yil bahorida Boltiqbo‘yi respublikalari Latviya, Litva, Estoniya, keyinroq Gruziya va Ozarbayjon SSSR tarkibidan chiqqanligini e’lon qildilar. 1990-yil avgust oyida Ittifoqni yangilash dasturi ishlab chiqildi.
    1991-yil fevral-mart oylarida Ittifoq Shartnomasi loyihasi ustida qayta ish olib borildi. Unda Boltiqbo‘yi respublikalari, Gruziya, Armaniston, Moldova vakillari qatnashmadi, Ozarbayjon kuzatuvchi bo‘lib qatnashdi. Ittifoq bilan respublikalar vakolatlarini farqlab qo‘yishga harakat qilindi. Nihoyat, Ittifoq va respublikalar vakolatlari belgilab berilgan shartnoma loyihasi matbuotda e’lon qilindi.
    O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I.Karimov O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining 1991-yil 12-mart da bo‘lgan IV plenumida so‘zlagan nutqida: «Ittifoq Shartnomasini imzolash uchun ‘ng qulay payt qo‘ldan boy berib qo‘yildi. Ikki yil muqaddam bu masalani ko‘targan kishilarning ovoziga hech kim quloq solmadi. Markaz 1922-yildagi shartnomaga mahkam yopishib olib, oqilona takliflarni qabul etmadi, ishni paysalga soldi», – degan edi. Bu fikrning to‘g‘riligini hayot to‘la isbotladi.
    Butunittifoq referendumi. SSSR Oliy Soveti Ittifoq Shartnomasini o‘zgartirish, SSSRni teng huquqli suveren Respublikalar Federatsiyasi sifatida yangilash xususida xalqning fikrini bilish maqsadida 1991-yil 17-mart kuni Butunittifoq referendumini o‘tkazishga qaror qildi. 1991-yil 20-fevralda O‘zbekiston Oliy Kengashning Rayosati referendum o‘tkazishni ma’qulladi va SSSR Oliy Soveti tomonidan tayyorlangan byulleten bilan birga, yana bitta qo‘shimcha byulletenni ovozga qo‘yishga qaror qildi. Qo‘shimcha bulletenga «Siz O‘zbekistonning mustaqil, teng huquqli Respublika sifatida yangilangan Ittifoq (Federatsiya) tarkibida qolishiga rozimisiz?» – degan savol qo‘yildi. Ovoz berishda qatnashgan saylovchilarning 93 foizi bu savolga «Ha» deb javob berdilar. Demak, o‘zbekistonliklar o‘z mamlakatini mustaqil davlat sifatida Federativ Ittifoqda bo‘lishini, O‘zbekistonning suveren Respublika sifatida rivojlanishini yoqlab ovoz bergan edilar.
    1991-yil aprelda Kievda Ukraina, Rossiya, Belorus, O‘zbekiston, Qozog‘iston Respublikalari rahbarlarining uchrashuvi bo‘ldi. Uchrashuvda mustaqil Respublikalar manfaatlariga mos keladigan Ittifoq SHartnomasini tuzishga yondashish yo‘llari ishlab chiqildi va tegishli bayonot imzolandi. Bu hujjatni Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston Respublikalari ham imzolashga rozilik bildirdi. Markaz yon berishga majbur bo‘ldi.
    3. Mustaqil Davlatlar Ittifoqini tuzishga intilish. 1991-yil aprelda Novo-Ogoryovoda SSSR Prezidenti M.S. Gorbachovning 9 respublika – RSFSR, Ukraina, Belorussiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston rahbarlari bilan uchrashuvi bo‘ldi. Ishtirokchilar tomonidan «Mamlakatdagi vaziyatni va tanglikni bartaraf etishga doir kechiktirib bo‘lmaydigan choralar to‘g‘risida» qo‘shma Bayonot imzolandi. Bu hujjat «9+1» (9 respublika + Markaz) degan nomni oldi. Uning mazmuni markazning yon berganini, Kievda bil dirilgan fikr-mulohazalarga rozi bo‘lganini ko‘rsatadi. 1991-yil 3-iyunda Novo-Ogoryovoda SSSR Oliy Soveti vakillari bilan Respublika rahbarlari o‘rtasida uchrashuv bo‘ldi. Uchrashuvda Mustaqil Davlatlar Ittifoqi (MDI) tuzish masalasi muhokama qilindi.
    Mulk, til va yangi shartnomani tasdiqlash tartibi to‘g‘risida keskin munozara bo‘ldi. Uchrashuvda ishtirokchilarning fikr-mulohazalari asosan inobatga olingan «Mustaqil Davlatlar Ittifoqi to‘g‘risida shartnoma» loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha barcha Respublikalar Oliy Sovetlariga muhokama uchun jo‘natildi. Mazkur shartnoma loyihasi O‘zbekiston Oliy Sovetida 1991-yil 14-iyunda muhokama qilindi. Kengash Federatsiya tamoyillari asosida Mustaqil Davlatlar Ittifoqini tuzish tarafdori ekanligini bildirdi. Shu bilan birga, Respublikalar vakolatlarini yanada kengaytirishga doir takliflarni ilgari surdi.
    1991-yil iyul oyining oxirlarida Novo-Ogoryovoda yangi shartnoma loyihasini uzil-kesil tayyorlash uchun markaz vakillari va respublikalar rahbarlarining uchrashuvi bo‘ldi. Markazni ham, respublikalar rahbarlarini ham qanoatlantiradigan «Mustaqil Davlatlar Ittifoqi to‘g‘risida shartnoma» loyihasi tayyorlandi. Ammo hamma rozi bo‘lgani holda «Mustaqil Davlatlar Ittifoqi to‘g‘risidagi shartnoma»ni imzolash 1991-yil 20-avgust kuniga qoldirildi. SSSR Prezidenti M.S. Gorbachov Foros (Qrim)ga dam olish uchun jo‘nab ketdi.
    1991-yil 17–19-avgust kunlari O‘zbekiston Prezidenti I. Karimovning Hindiston Respublikasiga Davlat rahbari sifatida ilk mustaqil rasmiy tashrifi bo‘ldi. Tashrif doirasida O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasida iqtisodiy, savdo, ilmiy-texnikaviy hamda madaniyat, ta’lim, fan, turizm, sport va ommaviy axborot vositalari sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida bitimlar imzolandi. Natijada mamlakatimiz mustaqil tashqi siyosatining dastlabki tamal toshi qo‘yildi.
    1991-yil avgust voqealari. Markaziy hokimiyatni – SSSRni saqlab qolish, respublikalarga mustaqillik bermaslik payida yurganlar uchun qandaydir bir «imkoniyat» vujudga kelgan edi. Ana shu kuchlar tomonidan 1991-yil 18-avgustda markaziy hokimiyatni avvalgi maqomida saqlab qolish maqsadida fitna tayyorlandi va SSSRda Favqulodda holat davlat Qo‘mitasi (FHDQ) tuzildi. Uning boshliqlari G.I. Yanaev – SSSR vitse-prezidenti, O.D. Baklanov – SSSR Mudofaa Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari, V.A. Kryuchkov – SSSR Davlat Xavfsizligi qo‘mitasi raisi, V.S. Pavlov – SSSR Bosh vaziri, B.K. Pugo – SSSR Ichki ishlar vaziri, D.T. Yazov – SSSR Mudofaa vaziri, V.A. Starodubsev – SSSR Dehqonlar uyushmasi raisi, I.Tizyakov – SSSR Sanoat, qurilish, transport va aloqa davlat korxonalari hamda inshootlari uyushmasining prezidenti kabi Markaziy hokimiyatning rahbarlari edi. G.I. Yanaev o‘zini M.S. Gorbachovning salomatligi yomonligi sababli 19-avgustdan boshlab SSSR Prezidenti vazifasini ijro etuvchi deb e’lon qildi.
    Shu tariqa, fitnachilar M.S. Gorbachovni noqonuniy yo‘l bilan hokimiyatdan chetlashtirib, o‘zlari hokimiyatni egallab oldilar. Mazkur qo‘mita Sovet rahbariyatining Bayonoti, sovet xalqiga Murojaatnoma, Davlatlar va hukumatlarning boshliqlariga hamda BMT Bosh kotibiga Murojaat va boshqa qarorlarni e’lon qildi. Butunittifoq doirasida mo‘rtlashib qolgan ijtimoiy-siyosiy vaziyat yanada taranglashdi. Mamlakatdagi siyosiy kuchlar vaziyatga turlicha munosabat bildirdilar.
    Qaltis vaziyatda 1991-yil 19-avgustda O‘zbekiston Prezidenti I. A. Karimov Hindistonga qilgan rasmiy tashrifdan qaytib keldi va Toshkent shahri faollari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda Prezident O‘zbekistonning nuqtayi nazarini bildirib, respublikamizda favqulodda holat joriy etishga hojat yo‘qligi, O‘zbekistonda vaziyat barqarorligi, qonunga xilof ko‘rsatmalar bajarilmasligini qat’iy ta’kidladi.
    1991-yil 20-avgust kuni Toshkentda O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi Rayosati va O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahar rahbarlari ishtirokidagi qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlis mamlakatda vujudga kelgan vaziyatni muhokoma qilib, Bayonot qabul qildi. Bayonotda O‘zbekiston Respublikasining tinch vaqtda kuch, avvalo, harbiy kuch ishlatishga qarshi ekanligi ta’kidlandi. Unda tinchlik, osoyishtalikni saqlash va mustahkamlash, har qanday ig‘vogarona harakatlarning oldini olish, hamma joyda qattiq intizom va tartibni saqlash, mishmishlar va ehtiroslarga berilmaslik vazifalari ilgari surildi. Bayonotda O‘zbekiston «Davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi Deklaratsiya» qoidalarini og‘ishmay va izchil amalga oshirish yo‘lidan boraveradi, deb ko‘rsatildi.
    1991-yil 21-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z farmoni bilan O‘zbekiston hududida hokimiyat va boshqaruv idoralari, korxonalar, tashkilotlar hamda muassasalarning qabul qilgan barcha qarorlari va ularning ijrosi SSSR va O‘zbekiston SSR Konstitutsiyalariga hamda qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlariga va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga so‘zsiz mos kelishi kerak, deb belgilab qo‘ydi. Farmonda SSSRda Favqulodda Holat Davlat Qo‘mitasining SSSR Konstitutsiyasi hamda qonunlariga, O‘z bekiston SSR Konstitutsiyasi hamda qonunlariga zid keladigan farmonlari va qarorlari haqiqiy emas, deb belgilab qo‘yildi.
    Fitnachilarning qonunga xilof ravishda urinishlari natijasida 1991-yil 19–21-avgust kunlari Moskvada fojiali hodisalar ro‘y berdi. Rossiya Federatsiyasi rahbariyati tashabbusi bilan demokratik kayfiyatdagi Moskva aholisi tomonidan fitna bostirildi. Fitnachilar qamoqqa olindi. M.S. Gorbachov prezidentlik lavozimiga qaytib keldi. Biroq mamlakatdagi siyosiy vaziyat tang ahvolga tushib qoldi.
    Markaziy hokimiyat falaj bo‘lib, harakatsiz qolgan edi. Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi ham halokatga uchradi. 1991-yil 25-avgustda O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Farmoni e’lon qilindi. Farmonga binoan SSSRda vujudga kelgan ahvolni e’tiborga olib, O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini himoya qilish maqsadida Respublika Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizligi komiteti O‘zbekiston SSRning qonuniy tasarrufiga olindi. Mazkur idoralar zimmasiga, birinchi navbatda, O‘zbekiston va uning fuqorolari xavfsizligini, manfaatlarini muhofaza qilish topshirildi. Mazkur farmonga binoan O‘zbekiston hududida joylashgan SSSR Ichki ishlar vazirligining ichki qo‘shinlari bevosita O‘zbekiston SSR Prezidentiga bo‘ysundirildi. Respublika Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik qo‘mitasi, prokuraturasi va adliya organlari, shuningdek, respublika hududida joylashgan ichki qo‘shinlar, Turkiston Harbiy okrugi qismlari va qo‘shinlari partiyadan butunlay xolis qilindi.
    Mazkur farmonda O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi Rayosatiga juda qisqa muddatda Respublikaning Davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi qonun loyihasini tayyorlash va uni O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi muhokamasiga taqdim etish taklif qilindi. Mazkur Farmon imzolangan kun – 1991-yil 25-avgustda kuchga kirdi.
    Xulosa qilib aytganda, Prezident Islom Karimovning kuch-g‘ayrati, oqilona siyosati, tashabbusi natijasida jonajon Vatanimiz – O‘zbekistonning Davlat mustaqilligiga tinchlik va qonuniy asosda erishish imkoniyati yaratildi.

    Download 59.83 Kb.
      1   2




    Download 59.83 Kb.

    Bosh sahifa
    Aloqalar

        Bosh sahifa



    O‘zbekistonning eng yangi tarixi

    Download 59.83 Kb.