|
Mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga rioya etilishi ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish
|
bet | 3/5 | Sana | 20.05.2024 | Hajmi | 113,5 Kb. | | #245890 |
Bog'liq mish23. Mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga rioya etilishi ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish.
Mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan nizomga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining mehnat bo‘yicha davlat texnik inspektorlari tomonidan amalga oshiriladi.
Mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa davlat organlari tomonidan ham amalga oshiriladi. Bular jumlasiga quyidagi davlat organlarini kiritish mumkin:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi havo, suv va tuproqni ifloslantirishdan ogohlantirish, shovqin va titrashni yo‘qotish, korxonalarda sanitariya holati talab darajasida bo‘lishni ta’minlash (harorat, nisbiy namlik, yoritilganlik va h.k.) ishlarni nazorat qiladi. Jumladan kasb kasalliklari kelib chiqishini oldini oladi.
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi yong‘inlarni oldini olish prafilaktikasi va unga qarshi tadbirlarni, o‘t o‘chirish vositalarining holatini, yong‘in haqida xabar berish vositalarining ishini nazorat qiladi.
“O‘zdavenergonazorat” davlat inspeksiyasining asosiy vazifalari:
- elektr energiyasi, issiqlik energiyasi oqilona va samarali ishlab chiqarilishi, uzatilishi, iste’mol qilinishini va ko‘mirdan foydalanilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish;
- elektr energiyasini, issiqlik energiyasini ishlab chiqarishda, uzatishda, iste’mol qilishda va ko‘mirdan foydalanishda xavfsizlikni ta’minlashga yo‘naltirilgan oldini olish chora-tadbirlari amalga oshirilishini nazorat qilish;
- elektr energiyasi, issiqlik energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, iste’mol qilish va ko‘mirdan foydalanish sohasida zarur normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish.
Kasaba uyushmalari va xodimlarning boshqa vakillik organlari mehnatni muhofaza qilish sohasida vakillikni, shuningdek xodimlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni amalga oshiradi.
Kasaba uyushmalari va xodimlarning boshqa vakillik organlari, shuningdek xodimlarning o‘zi mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakil etgan shaxslar quyidagi huquqlarga ega:
- tashkilotlarning rahbarlaridan va boshqa mansabdor shaxslaridan mehnat sharoitlari va muhofazasi to‘g‘risida, shuningdek ishlab chiqarishdagi barcha baxtsiz hodisalar hamda kasb kasalliklari haqida axborot olish;
- ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va kasb kasalliklarini tekshirishda ishtirok etish;
- xodimlarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘ilgan hollarda ishlarni to‘xtatib turish, shuningdek mehnatni muhofaza qilishga oid talablarning buzilishlarini bartaraf etish to‘g‘risida ish beruvchiga takliflar kiritish;
- mehnatni muhofaza qilish holatini o‘rganish, ish beruvchilarning jamoa shartnomalari va kelishuvlarida nazarda tutilgan mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha majburiyatlari bajarilishini nazorat qilish;
Xodimning sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash jabrlanuvchining mehnatda mayib bo‘lishiga qadar bo‘lgan o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan jabrlanuvchi tomonidan kasbga oid mehnat qobiliyatini yo‘qotish darajasiga muvofiq bo‘lgan foizlardagi har oylik to‘lovdan, shuningdek xodimning bir yillik ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda bir yo‘la beriladigan nafaqa to‘lovidan hamda xodimning sog‘lig‘i shikastlanishidan kelib chiqqan qo‘shimcha xarajatlarni (agar u davolanish, protez qo‘ydirish va tibbiy hamda ijtimoiy yordamning boshqa turlariga muhtoj deb topilgan bo‘lsa, ushbu tadbirlar bilan bog‘liq xarajatlar, shuningdek jabrlanuvchining qayta tayyorgarligi va tibbiy xulosaga muvofiq ishga joylashishi uchun xarajatlar va boshqa xarajatlar) kompensatsiya qilishdan iboratdir.
Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa yoki kasb kasalligi oqibatida xodim vafot etgan taqdirda, zararning o‘rni qoplanishi huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga boquvchining vafoti bilan bog‘liq holda etkazilgan zararning o‘rnini qoplash uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda har oylik to‘lovlar amalga oshiriladi, shuningdek vafot etgan xodimning o‘rtacha yillik ish haqining olti baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda bir yo‘la beriladigan nafaqa to‘lanadi va dafn etish xarajatlarining o‘rni qoplanadi.
Voyaga yetmagan xodimning sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan taqdirda zararning o‘rnini qoplash uning avvalgi ish haqidan kelib chiqqan holda, ammo qonun hujjatlarida belgilangan eng kam ish haqining besh baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblab chiqariladi.
|
| |