|
Mehnatni muhofaza qilishni boshqarish
|
bet | 2/5 | Sana | 20.05.2024 | Hajmi | 113,5 Kb. | | #245890 |
Bog'liq mish2Mehnatni muhofaza qilishni boshqarish.
Mehnatni muhofaza qilishni davlat tomonidan boshqarish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, mehnatni muhofaza qilish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi, shuningdek mehnatni muhofaza qilish sohasida qonun hujjatlariga muvofiq ayrim vakolatlarga ega bo‘lgan boshqa davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
- mehnatni muhofaza qilish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;
- mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi va amalga oshiradi;
- davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi faoliyati muvofiqlashtirilishini ta’minlaydi;
- mehnat sharoitlarining davlat ekspertizasini o‘tkazish tartibini belgilaydi;
- ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va kasb kasalliklarini tekshirish hamda hisobga olish tartibini belgilaydi;
- tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish tartibini belgilaydi;
- mehnatni muhofaza qilish uchun ish beruvchi tomonidan mablag‘lar ajratish, shuningdek mehnatni muhofaza qilish jamg‘armalarini tuzish va ularning mablag‘laridan foydalanish tartibini belgilaydi;
- mehnatni muhofaza qilish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari.
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari o‘z vakolatlari doirasida:
- mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
- mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni va normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi;
- mehnatni muhofaza qilish sohasidagi tarmoq maqsadli va maxsus dasturlarni tasdiqlaydi hamda ularning amalga oshirilishini ta’minlaydi;
- tizimidagi tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
- tizimidagi tashkilotlarda ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning va xodimlar sog‘lig‘iga boshqacha shikast yetkazilishining tekshiruvdan o‘tkazilishi hamda hisobga olinishini tashkil etadi va ta’minlaydi;
- tizimidagi tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislarining mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha tayyorlanishi, qayta tayyorlanishi, malakasi oshirilishi va bilimlari tekshirilishini tashkil etadi.
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
2. Tashkilotning mehnatni muhofaza qilish xizmatlari.
Ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi, xodimlarining soni ellik kishi va undan ortiq bo‘lgan har bir tashkilotda mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini ta’minlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil etiladi yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha tegishli tayyorgarlikka ega bo‘lgan mutaxassis lavozimi joriy etiladi. Ellikta va undan ortiq transport vositasi mavjud bo‘lgan tashkilotda yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ham tashkil etiladi yoki yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etiladi.
Xodimlarining soni ellik nafardan kam bo‘lgan tashkilotda mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassis lavozimini joriy etish to‘g‘risidagi qaror ish beruvchi tomonidan mazkur tashkilot faoliyatining o‘ziga xos xususiyati hisobga olingan holda qabul qilinadi.
Mehnatni muhofaza qilish xizmati va yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tashkilotning mustaqil tarkibiy bo‘linmalari bo‘lib, ular bevosita tashkilot rahbariga bo‘ysinadi.
Mehnatni muhofaza qilish xizmati mutaxassislari mehnatni muhofaza qilish qoidalari va normalariga barcha xodimlar tomonidan rioya etilishini nazorat qilish, tarkibiy bo‘linmalarning rahbarlariga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish, shuningdek mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar va normativ-huquqiy hujjatlar talablarini buzayotgan shaxslarni javobgarlikka tortish to‘g‘risida tashkilot rahbariga taqdimnomalar kiritish huquqiga ega.
Mehnatni muhofaza qilish xizmatining vazifalari mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozorining professional ishtirokchilari tomonidan shartnoma asosida amalga oshirilishi mumkin.
Mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozorining professional ishtirokchilari.
Mehnatni muhofaza qilish sohasida shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozorining professional ishtirokchilaridir.
Mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozorining professional ishtirokchilari:
tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish xizmatining vazifalarini amalga oshirishi;
ish o‘rinlarining mehnat sharoitlari bo‘yicha attestatsiyasini o‘tkazishi;
mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlashi va ularning malakasini oshirishi;
tashkilotda mehnatning muhofaza qilinishini boshqarish tizimi auditini o‘tkazishi mumkin.
Mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozorining professional ishtirokchilariga va ular tomonidan xizmatlar bajarilishiga doir talablar, shuningdek ularning yagona reestrini yuritish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Mehnatni muhofaza qilishni moliyalashtirish quyidagilar hisobidan amalga oshiriladi:
- O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan ajratiladigan byudjet mablag‘lari;
- ish beruvchining o‘z mablag‘lari;
- qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuzilgan mehnatni muhofaza qilish jamg‘armalarining mablag‘lari;
- yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
- qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Mehnatni muhofaza qilish uchun byudjet mablag‘lari tegishli (respublika va mahalliy) byudjetlarda alohida qayd bilan ajratiladi, bu mablag‘lardan boshqaruv organlarining, nazorat qiluvchi va tekshiruvchi organlarning ta’minoti, ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirish, mehnatni muhofaza qilishga oid davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni bajarish uchun foydalaniladi.
Har bir ish beruvchi mehnatni muhofaza qilish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni qonun hujjatlarida, jamoa shartnomasida, shuningdek jamoa kelishuvlarida yoki boshqa ichki normativ hujjatlarda belgilanadigan miqdorda ajratadi. Xodimlar ana shu maqsadlar uchun biror-bir chiqim qilmaydilar.
Tashkilotlar mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha jamg‘armani o‘zining tijorat faoliyati va boshqa faoliyatidan olinadigan foyda (daromadlar), shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan tashkil etishga haqlidir.
Mehnatni muhofaza qilishga mo‘ljallangan mablag‘lardan boshqa maqsadlar uchun foydalanilishi mumkin emas.
Mehnatni muhofaza qilish uchun ish beruvchi tomonidan mablag‘lar ajratish, shuningdek mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha jamg‘armalarni tashkil etish va ularning mablag‘laridan foydalanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi ishtirokida belgilanadi.
|
| |