[
OKOZ:
1.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.02.00.00 Axborot va axborotlashtirish sohasida boshqaruv. Elektron hukumat / 12.02.01.00 Axborotlashtirishni boshqarish organlari]
[
TSZ:
1.Iqtisodiyot / Aloqa]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Axborot texnologiyalari sohasidagi kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirish, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish va aholining kundalik hayotiga keng joriy etishni ta’minlashning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
Axborot texnologiyalari sohasidagi kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash tizimining samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar davlat organlari va tarmoq tashkilotlarini malakali IT-mutaxassislar bilan ta’minlash uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Xususan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab va bir qator xorijiy universitetlar filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, tuman va shaharlarda raqamli texnologiyalarga o‘qitish markazlari bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda.
Shu bilan birga, respublikaning mehnat bozorida malakali kadrlar yetishmovchiligi axborot texnologiyalari sohasidagi o‘quv dasturlari va uslublarini takomillashtirish, ta’lim muassasalarining IT-kompaniyalar bilan o‘zaro hamkorligini kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Axborot texnologiyalarining o‘qitilishini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, mehnat bozorining malakali IT-mutaxassislarga bo‘lgan talabini qoniqtirish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.04.2022-y., 06/22/106/0314-son)
2. Quyidagilar:
2020-yilda tashkil etiladigan, informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan tayanch maktablari hamda ularga biriktirilgan oliy ta’lim muassasalari, ilmiy va innovatsiya markazlari, hamda ishlab chiqarish korxonalari ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq;
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.04.2022-y., 06/22/106/0314-son)
2020 — 2023-yillarda informatika va axborot texnologiyalari yo‘nalishida uzluksiz ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.04.2022-y., 06/22/106/0314-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.04.2022-y., 06/22/106/0314-son)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Prezident ta’lim muassasalari agentligi, Xalq ta’limi vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
(5-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.04.2022-y., 06/22/106/0314-son)
a) 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab:
ixtisoslashtirilgan va boshqa umumta’lim maktablarida “Informatika va axborot texnologiyalari” fanining “Bir million dasturchi” loyihasiga oid o‘quv dasturlari bilan bosqichma-bosqich integratsiya qilinishini ta’minlasin;
o‘quvchilari “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan davlat umumta’lim maktablarining 100 nafar eng yaxshi “Informatika va axborot texnologiyalari” fani o‘qituvchilarini Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi va IT-parkning mablag‘lari hisobidan har yili bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida bir martalik mukofotlash tizimini joriy qilsin;
b) umumiy o‘rta ta’limning o‘quv dasturini ishlab chiqish doirasida “Informatika va axborot texnologiyalari” fani bo‘yicha o‘quv dasturlarini axborot texnologiyalari sohasida o‘qitishning zamonaviy tendensiyalariga muvofiqlashtirsin;
Oldingi tahrirga qarang.
(5-bandning “v” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.04.2022-y., 06/22/106/0314-son)
6. Ixtisoslashtirilgan maktablarga biriktirilgan tashkilotlarning ushbu maktablarni muqobil darslik va qo‘llanmalar bilan ta’minlash, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va o‘qituvchilari malakasini oshirishda amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tashabbusi qo‘llab-quvvatlansin.
Belgilansinki, ixtisoslashtirilgan maktablarni rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, ularning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, shu jumladan ularni zamonaviy jihozlar, mebel, kompyuter va tashkiliy texnika bilan jihozlash, shuningdek, o‘quv adabiyotlari, metodik qo‘llanmalar va boshqa vositalar bilan ta’minlash quyidagi mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 26-noyabrdagi “Zamonaviy maktab”larni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4537-son qaroridagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlashning asosiy parametrlarida nazarda tutilgan moliyalashtirish manbalari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining mahalliy budjetlari qo‘shimcha manbalari va budjetdan tashqari mablag‘lari;
ixtisoslashtirilgan maktablarga biriktirilgan oliy ta’lim muassasalarining budjetdan tashqari, ilmiy va innovatsiya markazlari hamda ishlab chiqarish korxonalarining homiylik mablag‘lari;
xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarning texnik ko‘magi va grant mablag‘lari;
homiylik mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.04.2022-y., 06/22/106/0314-son)
8. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi Xalq ta’limi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va “O‘zstandart” agentligi bilan birgalikda 2021-yil 1-martga qadar “Informatika va axborot texnologiyalari” fani o‘qituvchilarini sertifikatlash milliy tizimini joriy qilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi PQ-241-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.05.2022-y., 07/22/241/0408-son)
10. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining axborot texnologiyalari yo‘nalishi bo‘yicha o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlaydigan texnikumlarga 4-ilovaga muvofiq ishlab chiqarish korxonalarini biriktirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin. Bunda ushbu korxonalar tomonidan quyidagilar amalga oshirilishi nazarda tutiladi:
texnikumlar moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni kompyuter va boshqa jihozlar, darsliklar va zamonaviy adabiyotlar bilan ta’minlashda doimiy asosda amaliy yordam ko‘rsatish;
texnikumlarda o‘quvchilarni, shu jumladan axborot texnologiyalari sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha korxonalarning yillik tarmoq buyurtmasini shakllantirish;
texnikumlarda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inxa universiteti va Toshkent shahridagi Amiti universiteti o‘qituvchilarini jalb qilgan holda, shu jumladan masofaviy o‘qitish orqali o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishga ko‘maklashish.
11. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:
a) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda 2021/2022 o‘quv yilidan Toshkent viloyatida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining filialini tashkil etsin.
Vazirlar Mahkamasi 2021-yil 1-yanvarga qadar Toshkent viloyatida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining filiali faoliyatini tashkil etish bo‘yicha Hukumat qarorini qabul qilsin;
b) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda har bir hududda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlarni tayyorlash uchun texnikumlar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida Hukumat qarori loyihasini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
12. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining:
oliy ta’lim muassasalarining tegishli ta’lim yo‘nalishlari talabalari o‘rtasida informatika, dasturlash va axborot texnologiyalari sohalarida o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadalari g‘oliblari, shuningdek, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan belgilanadigan nufuzli xalqaro olimpiadalar sovrindorlari bo‘lgan talabalarni oliy ta’lim muassasalarining tegishli magistratura yo‘nalishlariga ajratilgan kvota doirasida davlat grantlari asosida imtihonsiz qabul qilish;
2021/2022 o‘quv yilidan boshlab informatika va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlayotgan barcha oliy ta’lim muassasalari tomonidan umumta’lim maktablari bitiruvchi sinflari o‘quvchilari o‘rtasida “Informatika va axborot texnologiyalari” fani bo‘yicha ko‘p bosqichli (tuman (shahar) — viloyat — oliy ta’lim muassasasi) o‘z olimpiadasini o‘tkazishi va 1 — 3-o‘rinlarni egallagan o‘quvchilarni birinchi o‘quv yili uchun to‘lov oliy ta’lim muassasalarining mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan holda imtihonsiz o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
13. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2021-yildan boshlab “Informatika va axborot texnologiyalari” fani bo‘yicha xalqaro olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan professor-o‘qituvchilarni oliy ta’lim muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan bir oylik maosh miqdorida bir martalik mukofotlash tizimi joriy etiladi.
Bunda, oliy ta’lim muassasasi o‘z moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqib, olimpiadalarning g‘oliblari tomonidan egallangan o‘ringa qarab, ularni tayyorlagan professor-o‘qituvchilarni qo‘shimcha mukofotlash tizimini joriy etish huquqiga ega.
14. Oliy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturi doirasida psixologiya-pedagogika fanlarini o‘rgangan informatika va axborot texnologiyalari yo‘nalishi bitiruvchilariga ixtisoslashtirilgan maktablar va umumta’lim maktablarida “Informatika va axborot texnologiyalari” fanlarini o‘qitishga ruxsat berilsin.
15. Belgilab qo‘yilsinki:
oliy ta’lim muassasalarining informatika va axborot texnologiyalari bilan bog‘liq ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha imtiyozli diplomga ega bo‘lgan bitiruvchilari mazkur oliy ta’lim muassasalarining magistraturasiga kirish imtihonlarisiz to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi;
umumta’lim maktablarining “Informatika va axborot texnologiyalari” fani bo‘yicha o‘rta-maxsus ma’lumotli va kamida bir yil pedagogik ish stajiga ega o‘qituvchilari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha masofaviy o‘qitish shaklida to‘lov-kontrakt asosida kirish imtihonlarisiz qabul qilinadi.
16. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-yanvarga qadar quyidagilarni joylashtirib borishni nazarda tutuvchi “O‘zbekistonning IT-iste’dodlari” portalini ishga tushirsin:
axborot texnologiyalari sohasidagi xalqaro va tarmoq olimpiadalari, kompyuterda dasturlash va kibersport bo‘yicha xakatonlar g‘oliblarining muntazam reyestri;
“Bir million dasturchi” dasturini amalga oshirishning holati, axborot texnologiyalari va kompyuterda dasturlash sohasida o‘tkaziladigan olimpiadalar, tanlovlar va aksiyalar to‘g‘risida ma’lumotlar;
axborot texnologiyalari va kompyuterda dasturlash sohasiga ixtisoslashtirilgan markazlar, maktablar va boshqa ta’lim muassasalari, shuningdek, o‘tkaziladigan o‘quv kurslari, to‘garaklar va treninglar to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlar.
17. Axborot texnologiyalari sohasidagi ilmiy va innovatsiya markazlarining istiqbolli loyihalarini tijoratlashtirishni tashkil etish dasturi (keyingi o‘rinlarda — Tijoratlashtirish dasturi) 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar Tijoratlashtirish dasturida belgilangan chora-tadbirlarni muvofiqlashtirishni ta’minlasin.
Tijoratlashtirish dasturi ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishga mas’ul tashkilotlarning o‘z mablag‘lari, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat natijalarini tijoratlashtirish Prezident jamg‘armasining mablag‘lari, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan ushbu maqsadlarga ajratilgan mablag‘lar, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalarning mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi belgilansin.
18. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda, shu jumladan raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarini jalb etgan holda aholini mehnat bozorida axborot texnologiyalari hamda Internet tarmog‘i orqali ko‘rsatiladigan autsorsing xizmatlari sohasidagi talab yuqori bo‘lgan kasblar va tadbirkorlik asoslariga o‘qitishni tashkil etsin.
19. Moliya vazirligi ushbu qarorni joriy yilda amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur mablag‘larni 2020-yilga tasdiqlangan budjet parametrlari doirasida ajratsin, 2021-yildan boshlab esa kelgusi yil O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin.
20. Mazkur qarorda belgilangan vazifalar va chora-tadbirlarning sifatli hamda o‘z vaqtida bajarilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilishning quyidagi tartibi o‘rnatilsin:
xalq ta’limi vaziri Sh. Shermatov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori S. Babaxodjayev — umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “Informatika va axborot texnologiyalari” fanini o‘qitish sifatini oshirish, hududlarda ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini samarali tashkil etish va yoshlarni xalqaro olimpiadalarga tayyorlashni ta’minlaydi;
oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I. Majidov, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Sadikov, tegishli oliy ta’lim muassasalari rektorlari — o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalarida, faoliyat yuritayotgan va yangi tashkil etiladigan ixtisoslashtirilgan maktablarda “Informatika va axborot texnologiyalari” fanini samarali o‘qitishni va ularga o‘quv-uslubiy yordam ko‘rsatishni muvofiqlashtiradi;
innovatsion rivojlanish vaziri I. Abduraxmonov, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Sadikov, tegishli ilmiy va oliy ta’lim muassasalari rahbarlari — yoshlarni informatika va axborot texnologiyalari sohasida ilmiy-tadqiqotga jalb qilish va olimlarni rag‘batlantirish, ularning ishlab chiqarish tarmoqlarida mavjud muammolarning ilmiy yechimiga qaratilgan dasturiy mahsulotlarni yaratishiga ko‘maklashish yuzasidan tizimli va keng qamrovli ishlarni tashkillashtiradi;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B. Musayev, Bosh vazir maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i O. Umarov — mazkur qarorda belgilangan vazifalar va chora-tadbirlarning sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishi ustidan tizimli nazoratni tashkil etadi.
21. Xalq ta’limi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
22. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 6-oktabr,
PQ-4851-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-oktabrdagi PQ-4851-son qaroriga
1-ILOVA
2020-yilda tashkil etiladigan, informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan tayanch maktablari hamda ularga biriktirilgan oliy ta’lim muassasalari, ilmiy va innovatsiya markazlari, hamda ishlab chiqarish korxonalari
RO‘YXATI