Har qanday pedagogik yangilik zamirida biron-bir g‘oya yotadi. g‘oya
asosida esa o‘qituvchining bolalar bilan o‘zaro harakati yotadi, ya‘ni: sinfda
psixologik birlik vaziyatini yaratish; har bir o‘quvchi o‘z shaxsini o‘zi namoyon
etishini ta‘minlash; har bir metodik yondashuv uchun o‘ziga xos muloqot yo‘lini
tanlash; o‘quvchilar tashabbusini zimdan boshqarib borish va boshqalar. Bunda
o‘qituvchi har bir o‘quvchi qalbiga kirib borish uchun o‘zining didaktik usullari,
tashkiliy shakllari orqali yo‘l topadi. Darsdagi o‘quvchilar faoliyatiga nafaqat
o‘qituvchi, balki o‘qvuchilar ham rahbarlik qiladi. Avvalo a‘lochi o‘quvchi, keyin
boshqa o‘quvchilar ham o‘qituvchi topshirig‘iga binoan nima ish qilganini aytadi
va qolgan o‘quvchilarni orqalaridan ergashtiradilar. Bunday «izohli boshqaruv»
o‘quvchi maktab ostonasiga qadam qo‘ygan kundan boshlanishi kerak.
Bularning hammasi didaktik topilmalar, pedagogik kashfiyotlar, bir so‘z
bilan aytganda, yangi pedagogik texnologiyalardir.
Pedagogik texnologiya, o‘quvchilar qay tarzda, qanday usullar bilan
o‘qitilsa, natija samarali bo‘ladi, degan savolga javob beradi. U o‘zining muayyan
tizimiga ega bo‘lib, bunda komponentlarning ketma-ketliligi, o‘zaro bog‘liqligi, bir
butunligi saqlanadi.
Pedagogik texnologiyaning boshqaruvchanligi shundan iboratki, bunda
ta‘lim jarayonini rejalashtirish, tashxis qilish, natijalash, tuzatish va o‘zgarishlar
kiritish imkoniyatlari mavjud. Bunda ta‘limdan kutilgan natijaga erishiladi, vaqt
tejaladi, bu esa pedagogik texnologiyaning samarasi demakdir. Pedagogik
texnologiyaning jo‘nligi-ishlangan model boshqa pedagoglar qo‘llanganda ham
xuddi o‘shanday samara berishi kerakligini bildiradi. Bir so‘z bilan aytganda,
ta‘lim jarayoniga yangicha yondashib, ijodkorlik, bunyodkorlik tatbiq etilsagina,
ta‘lim samarasi yangi bosqichga ko‘tariladi, ya‘ni:
-bolaning talabi, moyilligi, istak-hohishi uning imkoniyatlari darajasida
qondiriladi;
- o‘quvchining o‘quv mehnatiga mas‘uliyati, javobgarligi oshadi;
- bilimlarni mustaqil egallash malakalari shakllanadi;
- shaxsning jamiyatda o‘z o‘rnini tezroq topib olishi uchun muhit yaratiladi.
Buning uchun bugun biz o‘quvchiga «sen buni bilishing kerak» degan
majburlovchi da‘vatdan «menga bu zarur va men buni bilishga, uni hayotga
qo‘llashga qodirman» degan ichki ishonch va intilishni uyg‘otishga o‘tishimiz
kerak.