Estetik tarbiyaning mohiyati
Estetik tarbiya - o‘quvchilarni voqyelikdagi, san‘atdagi, tabiatdagi, kishilarning
ijtimoiy va mehnat munosabatlaridagi, turmushdagi go‘zallikni idrok qilish
hamda to‘g‘ri tushunishga o‘rgatish, ularning badiiy didini o‘stirish, go‘zallikka
muhabbat uyg‘otish va xayotiga go‘zallikni olib kirish qobiliyatlarini
tarbiyalashdir. Tarbiya nazariyasida ikki xil tushuncha mavjud: estetika va
badiiy tarbiya tushunchalari.
Estetik tarbiya ancha keng ma‘noga ega bo‘lib, tabiat va jamiyat,
mehnatdagi go‘zalliklarni ideal nuqtai nazardan idrok etishga, shuningdek
estetik faoliyatga, voqyelikni go‘zallik qonun-qoidalari asosida o‘zgartirishga
qodir shaxsni tarbiyalashga qaratilgandir.
Estetik rivojlantirish- bu shaxsning estetik ongi, munosabatlari va estetik
faoliyatining vujudga kelishi hamda takomillaShuvidan iborat uzoq davom
etadigan jarayondir. Bu jarayon yosh va ijtimoiy omillar bilan belgilanadigan
turli darajalariga egadir. U shaxsning jamiyat estetik madaniyatini egallab
olishga bog‘liq bo‘lib, turli yo‘llar va shakllar yordamida amalga oshiriladi.
U jamiyat estetik madaniyatini turli ma‘naviy va moddiy ko‘rinishlarda
tushunib olishni ta‘minlaydi.
Jamiyat va ayrim shaxsning estetik madaniyati tushunchalari mavjud.
Jamiyatning estetik madaniyati deganda insoniyat butun rivojlanish tarixi
jarayonida to‘plangan moddiy va ma‘naviy qadriyatlari majmui
tushuniladi. O‘quvchi shaxsining estetik madaniyati uning madaniy
merosini faol, ijodiy o‘zlashtirishi natijasida hosil bo‘ladi. Shaxs estetik
madaniyatining asosiy tarkibiy qismlari estetik ong, ehtiyojlar, munosabatlar va
estetik faoliyatlardir.
Estetik ong, estetik idrok, bilim, mulohaza, baxs, estetik idealni qamrab
oladi.
Estetik ehtiyojlar va munosabatlar esa, eng avvalo shaxsning estetik
qiziqishlari, didi, estetik xissiyotlarida ifodalanadi.
Estetik faoliyat ko‘nikma, malaka, ijodiy qobiliyatlar mavjudligi bilan
tasvirlanadi.
Estetik ong ijtimoiy voqyelik, tabiat, san‘at bilan bevosita muloqot
jarayonida shakllanadigan g‘oyalar, nazariyalar, qarashlar, badiiy ta‘lim va
tarbiya natijasida shakllanadi, estetik ongning asosini estetik idrok tashkil
qiladi.
Estetik idrok bu atrof voqyelikdagi buyumlar, hodisalarning estetik
mohiyatini butun tarkibiy qismlari bilan birgalikda aks ettirish, idrok etilgan
narsalarni shaxsda mavjud bo‘lgan xissiy va aqliy narsalarning o‘zaro aloqasi
bilan ifodalanadigan estetik mezonlar bilan qiyoslash jarayonidir.
Estetik idrok go‘zallik bilan uchrashganda yuzaga keladi va aniq
maqsadga qaratilganligi bilan izohlanadi. To‘laqonli estetik idrok estetik
tushunchalar va estetik mulohazalarni shakllantirish bilan birgalikda sodir
bo‘ladi.
Estetik mulohaza-shaxsning aniq bir estetik hodisaga munosabatini
bildiruvchi aqliy harakatida ifodalanadi. Shaxsning estetik mulohazasi
chuqurligi, takomillashganligi, murakkabligi, yuqori yoki pastligi bilan ajralib
turadi. Estetik mulohaza darajasi shaxsning xulq atvori va bilim saviyasiga,
estetik tajribasiga bog‘likdir.
Estetik baho deganda bu shaxsning muayyan hodisa yoki obrazga
insoniyat butun tarixiy rivojlanishi jarayonida hosil qilgan va estetik
mulohazalarida ifodalangan estetik qoidalar, g‘oyalar bilan qiyoslash asosida
baho berish tushuniladi. Estetik baho tevarak-atrof, voqyea-hodisalarga, san‘at
asarlaridagi go‘zallik yoki qabixlik, daxshatlilik yoki hazil -mutoyibaga
moyillik, hazilkashlik kabi kategoriyalarga tayanib, ularning estetik qimmati
obrazli aks ettirishning chuqurligi va yaxlitligi, muallif ijodiy usulining
yorqinligi va ifodali ekanligi haqidagi fikrlarni qamrab oladi. Estetik baho
berishda shaxsning ijtimoiy yashash tuzumi, ijtimoiy kelib chiqishi yaqol
ko‘zga tashlanadi, chunki go‘zallik va xunuklik yoki badbasharalik kabi turli
ijtimoiy tuzumda turlicha baholanib kelingan. Masalan, yuqori sinflarda
adabiyot o‘qituvchisi tomonidan o‘tkazilgan "bahs" kechasida o‘quvchilar
taniqli yozuvchi A.Qodiriyning asarlarini muhokama qilib, yozuvchining roman
yozish qobiliyatini baholaydilar. Unda roman yozishning qoidalariga amal
qilinganligini qiyoslash orqali ajratib ko‘rsatadilar.
Estetik ideal bu shaxsning tabiat, jamiyat va san‘atdagi maqsad tarzida idrok
etadigan takomillashgan go‘zallik haqidagi ijtimoiy bahosining aks etishidir.
Shunga ko‘ra, estetik idealning muhim belgisi shaxsning dunyoqarash
hususiyatiga ko‘ra aniqlanadi. Estetik ideal uchun estetik madaniyat hodisasi
sifatida faqat uning o‘lchovi tarzida emas, balki undovchi tarzidagi ham muhim
hususiyat bo‘lib qoladi.
Estetik ehtiyoj deb, shaxsning voqelikni estetik jihatdan bilib olishga badiiy
faoliyatning aniq bir turiga yoki uning xilma-xil turlariga undovchi subyektiv
omillariga aytiladi. Estetik ehtiyojlar estetik axborotga ehtiyojni, go‘zallik
haqidagi fanning rivojlanish qonuniyatlarini chuqurrok bilishga, estetik zavq
bergan narsani ko‘prok idrok etishga intilishda beo‘xshovlikka murosasiz bo‘lish
va uni butkul yo‘qotishga harakat qilishda, aniq bir san‘at asari, uning muallifi
haqidagi yangiliklarni bilishga intilishda ifodalanadi.
Estetik qiziqish-shaxsni estetik faoliyatiga, voqyelik va san‘at asarlarini
estetik jihatdan ifodalashda ko‘rinadi. Estetik qiziqishning asosiy belgilari
o‘quvchida estetik faoliyatga intilishi, o‘zi yoqtirgan san‘at asarlarini yig‘ib,
to‘plab borishi, ularni takror-takror o‘qib, idrok etishi, ular haqida fikr bildirishga
intilishi, boshqalarning shu masalaga doir fikrini bilishga qiziqish, muayyan
san‘atkor, janr, yunalish kabilarni afzal ko‘rishda namoyon bo‘luvchi, tanlash
hususiyatining mavjudligi bilan ifodalanadi. Masalan: o‘quvchilar o‘zlarini
qiziqtirgan san‘at ustasining rasmlarini, asarlarini to‘playdilar, qayta-qayta o‘qib
chiqadilar.
O‘quvchilar estetik qiziqishlarining kengligi, chuqurligi, barqaror yoki
beqarorligi bilan ajralib turadilar. Bu ularning faolligi darajalarini va atrof
hayotga estetik hamda amaliy munosabatlarida namoyon bo‘ladi. O‘quvchidagi
estetik qiziqish darajasi pedagogik ta‘sir natijasida yuqoriga ko‘tarilishi yoki
susayishi ham mumkin. Estetik qiziqishlar o‘quvchida estetik ehtiyojni
tug‘ilishiga sabab bo‘ladi.
Estetik did shaxsda uning shaxsiy va ijtimoiy hususiyatlarining qo‘shilishi
natijasida hosil bo‘ladigan murakkab hodisadir. Did o‘z tabiatiga ko‘ra faqat
shaxsga oid ammo shaxs ijtimoiy munosabatlar majmui bo‘lganligi uchun, u
estetik baholash mezoni bo‘lib xizmat qiluvchi ham subyektiv, ham obyektiv
me‘yorlarni o‘zida birlashtiradi. Estetik did obyektiv estetik o‘lchovdir, go‘zallik
va xunuklikka, ko‘tarinkilik va tubanlikka baho berishni subyektiv egallaganlikda
ifodalanadi. Baho, buyum yoki hodisaning estetik mohiyatini egallash jarayoniga
taalluqli bo‘lib, did esa shaxsning buyum yoki hodisaga nisbatan estetik
munosabat bildirish turida ifodalanadi. Estetik did estetik axborotlar oqimi,
estetik va ahloqiy normalar yig‘indisi orqali shakllanadi va shaxsning buyum,
hodisalarga estetik baho berishda yaqqol namoyon bo‘ladi.
Estetik tuyg‘u bu shaxsning buyum yoki hodisaga estetik baho berish
munosabatini subyektiv boshdan kechirishdir. Estetik tuyg‘u o‘quvchining
mazkur buyumning shakli, rangi va mazmunidan ma‘naviy lazzatlanishda yoki
aksincha nafratlanishda ifodalanadi. estetik xis-tuyg‘u inson aql-zakovatiga ko‘ra
mazmunli, murakkab, chuqur va xilma-xil bo‘ladi. Estetik xis-tuyg‘u, chuqur va
barqaror estetik qiziqishlarni hosil qilishi mumkin.
O‘quvchida estetik idrok, bilim, mulohazalar, baho, ideal, xis-tuyg‘u,
qiziqish, ehtiyoj va estetik faoliyatga kirishadi, estetik did birligi, uni estetik faol
bo‘lishga, o‘z faoliyatini namoyon qilishga tayyorlaydi. U asta-sekin tevarak-
atrofni go‘zallik qonunlari asosida o‘zgartirishga, go‘zallik yaratishga harakat
qiladi, chunki inson go‘zallikni nafaqat mushohada etadi, balki uni yaratadi ham.
Estetik jihatdan tarbiyalangan odam hayotni go‘zal qilishga intiladi, estetik
tomondan faol bo‘ladi. Uning estetik faolligi hayotda go‘zallik yaratishda
egallangan estetik ko‘nikmalarida: chiroyli, bejirim kiyinishda, madaniy
muomalasida, o‘zini tuta bilishida, oila va ishda estetik muhitni yaratishda
namoyon bo‘ladi.
"Estetik tarbiya" bilan bir qatorda "badiiy tarbiya tushunchasi" ham
mavjud.
Badiiy tarbiya deb shaxsni san‘at vositalari yordamida ya‘ni san‘at asarlarining
mazmuni va shaklini estetik idrok etishni rivojlantirishga, san‘atning ma‘lum
turida qatnashish va ijodiy faoliyat uchun zarur bo‘lgan badiiy did, hamda
qobiliyatlarni shakllantirishga aytiladi. San‘at turli estetik shaxsning barcha
tomonlariga xissiy-estetik ta‘sir etadi va uni badiiy faoliyatning har xil turlari
bilan tanishtiradi.
O‘quvchilarda voqelikka, estetik munosabat hamda badiiy did qanday
mazmunda shakllanishi rivojlanayotgan mustaqil O‘zbekiston uchun alohida
ahamiyatga ega. Shu tufayli pedagoglar o‘quvchilar uchun O‘zbekiston
hayotining muhim hodisalarini aks ettiradigan, ularni g‘oyaviy tarbiyalaydigan
hamda ularga estetik ta‘sir ko‘rsatadigan san‘at asarlarini tanlab olishlari va
bolalarning estetik faoliyatini jamiyat taraqqiyoti, hayoti bilan bog‘lashlari lozim.
O‘quvchilarni estetik tarbiyalashda izchillik qoidasi o‘quvchining
estetik madaniyati, zamonaviy san‘atining o‘tmish san‘ati, an‘analar va estetik
tarbiyaning ilg‘or nazariyalari bilan aloqada bo‘lishini taqozo qiladi.
O‘zbek xalqi o‘tmishdagi boy milliy, madaniy merosga, badiiy
boyliklarga, san‘atiga egadir. O‘quvchilarda unga nisbatan hurmat va
ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishni tarbiyalash hamda tarbiya jarayonida
ularni butun badiiy ijodiyotining eng ilg‘or tomonlarining o‘rganishga undash
zarur.
O‘quv va ijodiy faoliyatning birga qo‘shib olib borilishi u yoki bu o‘quvchi
vazifasining hal qilish darajasiga ko‘ra turlicha bo‘lishi mumkin: o‘quv
materiali qanchalik kam o‘zlashtirilgan bo‘lsa, ijodiylik ham shunchalik oddiy
bo‘lishi va aksincha o‘quv materiali qanchalik ko‘p va yaxshi o‘zlashtirilgan
bo‘lsa, unda ijodiy faoliyatdan shunchalik kengroq foydalanish ya‘ni ijod qilish
keng qirrali bo‘lishi mumkin. O‘quvchining estetik rivojlantirishning asosiy yo‘li
uning mustaqil badiiy faoliyati va ijodkorligini shakllantirishdir.
|