16-MAVZU: MURAKKAB SINTAKTIK BUTUNLIK VA ABZAS
REJA:
1. Tilshunoslikda abzas muammosi.
2. Supersintaktik birlik va abzas.
Matn lingvistikasi, xususan, matn birliklarini belgilashdagi eng munozarali va behad ko‘p tadqiq etilgan masalalardan biri abzasning mohiyati, tabiati va matn tarkibidagi maqomi masalasidir. Bu borada rus va Evropa filologiyasida juda katta miqdordagi ilmiy ishlar yaratilgan, ularning soni bir necha yuzlardan ham oshadi. Ularning aksariyatida abzas va supersintaktik butunliklar o‘rtasidagi munosabat, umumiy va farqli jihatlar, ularning matndagi ahamiyatlilik darajasi kabi masalalar borasida bahs yuritiladi. Ammo oldindanoq alohida ta’kidlash zarurki, bizningcha, abzasni supersintaktik butunliklar bilan qiyoslash, ularni bir-biri bilan solishtirish ilmiy mantiq nuqtai nazaridan unchalik asosli emas.
Tilshunoslikda abzas va uning mohiyati talqini masalasida bir-biridan farqli bir necha nuqtai nazarni ko‘rish mumkin. Ularning ba’zilarini qarab chiqaylik.
O.I.Moskalskaya supersintaktik butunlik va abzasni solishtirar ekan, supersintaktik butunlikning sintaktik mohiyatga ega hodisaligini, abzas esa kompozitsion sath birligi ekanligini ta’kidlaydi. Abzasning matnda kompozitsion-stilistik birlik maqomida bo‘lishiga boshqa tadqiqotchilar ham e’tiborni qaratadilar.
Bir qator tadqiqotchilar abzasning sintaktik struktura birligi bo‘la olmasligini aytadilar. Ularning fikricha, abzas til sistemasining birligi emas, shuning uchun unda boshqa sintaktik birliklardan farqlanishga xizmat qiladigan grammatik belgilar yo‘q, demakki, u alohida sintaktik birlik emas. Ana shundan kelib chiqib, ular abzasni sintaktik kategoriya deb hisoblamaydilar va shunday ta’kidlaydilar: “Matnning sintaktik strukturasida so‘z birikmasi, so‘zlar qo‘shilmasi, gaplar, murakkab sintaktik butunliklardan boshqa hech qanday birlik yo‘q.” Ayni paytda ular abzasning yozma nutq amaliyotida fikr idrokini qulaylashtirish maqsadida yozuvchi tomonidan ongli ravishda ajratiluvchi birlik ekanligiga alohida urg‘u beradilar.
Yana ayrim tilshunoslar supersintaktik butunlikni matnda sintaktik birlik sifatida qarash mumkin emasligini, faqat abzasgina matnda ana shunday maqom ola bilishini isbotlashga urinadilar. Masalan, ayni masalani nemis tili materialida o‘rgangan L.G.Fridman murakkab sintaktik butunlik o‘zining sintaktik birlik maqomini tayin etadigan tegishli ko‘rsatkichlarga ega emas deb hisoblaydi, shuning uchun uni grammatik birlik tarzida emas, balki bir qator mustaqil gaplarning mazmuniy umumiyligi asosida shakllanadigan mantiqiy-semantik butunlik tarzida talqin qilish to‘g‘ri bo‘lishini aytadi. Muallif abzas stilistik, adabiy-kompozitsion birlik sifatida tadqiq etilgan ishlarda uni sintaktik birlik maqomini tayin etadigan belgilar yo ikkinchi planga surib qo‘yilishini, yoki umuman e’tibordan chetda qolishini tanqid qiladi. U abzasning mohiyati va maqomi haqida quyidagicha anchayin keskin fikrni ilgari suradi: “Nisbatan quyi sath birligi bo‘lmish gapdan farqlovchi relevant belgilar turkumiga ega bo‘lgan frazadan katta sintaktik birlik abzasdir deb hisoblaymiz... Abzasning kompozitsion birlik sifatidagi rolini inkor etmagan holda biz o‘ylaymizki, u eng avvalo sintaktik birlikdir, chunki abzasning aynan sintaktik tabiati uning adabiy-kompozitsion birlik sifatida qo‘llanishi uchun imkoniyat yaratadigan bazis, asosdir.” Ko‘rinadiki, tadqiqotchi abzasni xuddi gap kabi sintaktik hodisa sifatida talqin qiladi va matnning asosiy birligi abzasdir degan fikrni qat’iy asoslashga harakat qiladi.
Bunday qarash, bu qadar keskin bo‘lmasa-da, boshqa tilshunoslarda, ayniqsa, xorijiy tillarni o‘qitish metodikasi bilan shug‘ullangan mutaxassislarda ham bor. Masalan, ana shunday yo‘nalishdagi ishlardan birida matn yaratishning majburiy unsuri sifatida abzas alohida ajratib ko‘rsatiladi, uning matn lingvistikasida o‘ziga xos strukturaga ega bo‘lgan to‘laqonli birlik ekanligi ta’kidlanadi va shunga asoslangan holda abzas “katta matn” ichidagi “kichik matn” degan xulosaga kelinadi, uning “abzas-tahlil”, “abzas-tavsif”, “abzas-kontrast”, “abzas-analog”, “abzas-ta’rif” kabi mazmuniy turlari ajratiladi.
Abzasni sintaktik hodisa sifatida tushunish yoki abzas va supersintaktik butunlik tushunchalarini qorishtirish turli tilshunosliklarda ancha-muncha uchraydi. Hatto muayyan bir asarda abzasning bir necha farqli talqinlarini ham uchratish mumkin. Masalan, I.V.Arnoldning “Hozirgi ingliz tili stilistikasi” kitobidagi “Matniy sath - abzas” nomli paragraf shunday boshlanadi: “Yozma nutqning bir xatboshidan ikkinchi xatboshigacha bo‘lgan, murakkab sintaktik butunlik sifatida reallashgan va adabiy matnning nisbiy tugallangan qismini tashkil etuvchi bo‘lagi abzas deyiladi.” Abzas nazariyasining ibtidosi A.M.Peshkovskiy ishlariga borib taqalishini, keyinchalik esa N.S.Pospelov, T.I.Silman va boshqa ko‘plab tilshunoslar tomonidan tadqiq etilganligini ta’kidlar ekan, muallif mazkur ta’rifidagi fikrlarini yanada oydinlashtiradi: “Abzas gapga nisbatan yuqori darajadagi sintaktik-intonatsion butunlikdir.” Ammo bir sahifadan keyinoq bu fikridan qaytganday bo‘ladi. U abzas tarkibidagi gaplarning grammatik va mazmuniy mustaqilligi turli yozuvchilarda, hatto bir yozuvchining turli janrdagi asarlarida ham turlicha bo‘lishini va shuning uchun “abzasning tipik strukturasi uchun misol keltirish umuman mumkin emasligi”ni ta’kidlaydi. Bir-ikki sahifalik misollar tahlili asosida dastlabki fikriga zid bo‘lgan mana bunday xulosaga keladi: “Shunday qilib, abzas jumlaning (fikr ifodasining) mantiqiy va emotsional strukturasini grafik aks ettirganligi uchun uni fikr ifodasining kitobxon tomonidan idrok qilinishini engillashtiruvchi kompozitsion usul sifatida talqin qilish mumkin.” Albatta, abzas bir paytning o‘zida ham “gapdan katta sintaktik-intonatsion butunlik”, ham “grafik-kompozitsion usul” bo‘lishi mumkin emas, ya’ni butunlik-birlik bilan usul boshqa-boshqa tushuncha va hodisalardir.
Hozirgacha qarab chiqilgan abzas haqidagi mulohazalardagi asosiy nuqtalarni shunday guruhlashtirish mumkin: 1) abzas - sintaktik birlik, 2) abzas sintaktik birlik emas, balki 3) abzas – kompozitsion-stilistik birlik, 4) abzas – kompozitsion-grafik usul. Ko‘rinib turganiday, bu qarashlarning har biri boshqasini inkor etadi yoki to‘la e’tirof etmaydi. Abzasning sintaktik (umuman lingvistik) hodisa emasligini, u o‘z mohiyatiga ko‘ra bunday bo‘la olmasligini aksar tilshunoslar ta’kidlaydilar. Ammo shunga qaramasdan, abzas va supersintaktik birlik (murakkab sintaktik butunlik) munosabati masalasida bahs-munozaralarning intihosi ko‘rinmaydi.
Bu o‘rinda supersintaktik birlik va abzasning farqli mohiyatga egaligini ko‘rsatib berishga bag‘ishlangan ilmiy izlanishlar turli tilshunosliklarda ancha-muncha bor. Ammo ular orasida ikki maqola alohida
diqqatga sazovor. Xususan, N.A.Levkovskayaning rus tili materiali va E.V.Referovskayaning fransuz tili materiali asosidagi maqolalarida bu muammoga o‘ziga xos tarzda yondashilgan va masalaning mohiyatiga daxldor konkret farqlarni birma-bir belgilashga harakat qilingan.
N.A.Levkovskayaning ko‘rsatishicha, matnni bo‘laklarga ajratish - ko‘p aspektli murakkab jarayon, bu jarayon, umuman, ikki tomonlama xarakterga ega, ya’ni, birinchidan, u matnning funksional yo‘nalishi – matnning pragmatik maqsadi bilan bog‘liq bo‘lgan ob’ektiv jarayon. Ikkinchidan, u matn ijodkorining niyati – muallifning pragmatik maqsadiga bog‘liq bo‘lgan subyektiv jarayon. Matnni bo‘laklashda ana shunday, ya’ni matnning pragmatik maqsadi – muallifning pragmatik maqsadi tarzidagi o‘ziga xos dixotomiya mavjud bo‘ladi. Matnni aynan matnning pragmatik maqsadiga muvofiq bo‘laklash mahsuli sifatida supersintaktik birlik yuzaga keladi. Matnni muallifning pragmatik maqsadiga ko‘ra bo‘laklash mahsuli sifatida esa abzas yuzaga keladi. Ana shunga ko‘ra, tadqiqotchi supersintaktik birlik matnni ob’ektiv bo‘laklash birligi ekanligini, uning fikriy tugallikka, mantiqiy butunlikka egaligini aytadi. Abzas esa matnni subyektiv bo‘laklash birligi bo‘lganligidan hamisha ham fikriy tugallikka sohib bo‘lolmasligiga, abzas aksar hollarda kitobxonga ta’sir qilish samaradorligini oshirishning sof emfatik vositasi sifatida namoyon bo‘lishiga alohida urg‘u beradi. Maqola muallifi abzas ilmiy matnda struktur, semantik va kommunikativ butunlik maqomida bo‘lsa-da, badiiy matnda, asosan, emfatik vazifa bajaruvchi vosita sifatida ishtirok etishini ta’kidlaydi. Albatta, bu badiiy matnning o‘ziga xos maqsad va vazifalari, xususiyatlari, umuman, yozuvchining kitobxonga estetik ta’sir qilishdan iborat pragmatik maqsadi bilan bog‘liq ekanligi ma’lum. Badiiy matnda, tabiiyki, yozuvchining estetik niyati hal qiluvchi ahamiyatga molikdir.
E.A.Referovskayaning ilmiy kuzatishlarida ham abzas mohiyatidagi subyektivlikka asosiy e’tibor qaratilgan, uningcha, “abzas muallifning individual manerasiga muvofiq tarzda mavzuning mazmuniy rivojiga, supersintaktik birlik esa fikr ifodasining struktural shakllanishiga qaratilgan”dir.
Ko‘rinadiki, supersintaktik birlik va abzas o‘rtasidagi farqni tayin etishda matnni bo‘laklashning ob’ektiv va subyektiv omillaridan kelib chiqilsa, muammoning xolis echimiga kelish mumkin. Chindan ham, matnni abzaslarga bo‘lishda muallifning subyektiv maqsadi, fikr tarkibidagi nimani, qanday, qay tarzda ta’kidlash hal qiluvchi rol o‘ynaydi. To‘g‘ri, ilmiy matnda fikrning mantiqiy oqimini tabiiy ifodalash muhim, shuning uchun supersintaktik birlik va abzas, asosan, mos keladi. Ammo hatto ilmiy matnda ham muayyan holatlarda tadqiqotchining fikrni bitta-bitta, “hijjalab”, ta’kidlab ko‘rsatish maqsadi bilan bir supersintaktik birlik bir necha abzaslarga bo‘lingan holda ifoda qilinishi ham mumkinki, bu holat muallif fikrining anglanishini aslo qiyinlayshtirmaydi, aksincha, yanada qulaylashtiradi, xolos. Masalan, tilshunoslikka oid quyidagi ilmiy matn parchasiga e’tibor beraylik:
|