2.3. Qadimgi Rimdagi iqtisodiy g`oyalar
Miloddan avvalgi III asrda qadimgi Rim (hozirgi Italiya) da quldorlik munosabatlari o`zining eng yuqori cho`qqisiga ko`tarilgan edi. Rimning boshqa yerlarni bosib olish uchun olib borgan urushlari tufayli yirik imperiya yuzaga keldi, ko`plab qabila va xalqlar qullikka mahkum etildi. Asosan asirlardan iborat bo`lgan qullarning ahvoli Gretsiya qullarinikidan og`irroq bo`lgan. Yana bir o`ziga xos xususiyat shundaki, agar Gretsiyada qullar ko`proq hunarmandchilik va savdoda ezilgan bo`lsa, Rimda qullar asosan qishloq xo`jaligida ekspluatatsiya qilingan. Ishlab chiqarishning quldorlik usulidagi qarama-qarshiliklar shu yerda eng keskin tus oldi va oxir-oqibatda kolonatning paydo bo`lishiga olib keldi. Aholining kambag`al tabaqalari asrlar davomida yerga egalik qilish uchun keskin kurash olib bordilar. Bu holat Rimdagi iqtisodiy g`oyalarga ta'sir etmay qolmadi, qullikka asoslangan yirik latifundiyalar bilan birga quldorlik xo`jaliklari - villalardan samarali foydalanish muammolari bosh masala edi.
Shu davrdagi olim va mutaxassislarning asarlarida bir qancha yangi iqtisodiy g`oyalar ilgari surildi. Bu g`oyalarning rivojiga e'tibor berilsa, quldorlik tizimining yemirilishi bilan unga bo`lgan munosabat ham o`zgardi. Katon Starshiy (m.a. 234-149 yy.) yirik yer egasi bo`lgan, "Dehqonchilik" nomli asarida u qullikka asoslangan natural xo`jalikni himoya qildi. Katon o`z talablarini o`zi ta'minlovchi yoki asosan iste'mol qiymati ishlab chiqaruvchi xo`jaliklarni tan olar edi (natural xo`jalik himoya qilinadi). U faqat ortiqcha mahsulotnigina sotish kerak, xo`jalikda ishlab chiqarish mumkin bo`lmagan narsalarnigina sotib olish zarur, degan g`oyani qo`llaydi. U qul mehnati asosida xo`jalikni yuritishning yangi uslublarini ham ishlab chiqdi. Uning fikricha, qullar yoshligidan sotib olinish kerak, shunda qullarni tarbiyalash, ishga o`rgatish oson bo`ladi (yoshi kattalarda bu ish qiyin kechadi), qullar orasida adovat urug`i sepilsa, ularda egasiga nisbatan ig`volar yo`qoladi. qullar qattiq intizom asosida ishlatilishi, arzimas gunoh uchun jazolanishi, ishiga qarab boqilishi va kiyintirilishi taklif etiladi.
Bu davrda natural xo`jalik bilan birga bozor munosabatlari ham rivojlanayotgan edi. Bozorni qo`llagan Katon shu bilan birga yollanma mehnatga dushman bo`lgan. U qul mehnatini to`g`ri tashkil etishga alohida ahamiyat beradi. Bayram kunlari ish hayvonlariga dam berilgan holda, qullar ishlashga majbur etilgan. Kasallangan ho`kiz davolangan, qulni esa "eski arava" sifatida sotib yuborish tavsiya etilgan.
Dehqonchilikda qul mehnati tobora kam samarali bo`layotganligini ko`rgan Katon yaylov xo`jaligini, keyinchalik savdo va sudxo`rlikni qo`llab-quvvatlagan. Qiymatdan ortiq mahsulotni foyda deb bilgan va uni to`la ravishda ishlab chiqarish harajatlariga qo`shgan (xato fikr). "Yuqori foyda olish uchun yuqori baholar kuni kelishini bamaylixotir kutish kerak", deydi u.
Dehqonlar qo`lidagi yerlar tortib olinib, yirik latifundiyalar vujudga kela boshladi, erkin Rim aholisi, dehqonlar va armiya soldatlari yersizlandi. Bu holat yirik yer egalari - patritsiylar va dehqon-plebeylar o`rtasidagi qarama-qarshilikni kuchaytirdi, oxir-oqibatda aka-uka Grakxlarning agrar islohotiga sabab bo`ldi. Ular yersiz yoki kam yerli dehqonlarning yirik yer egalariga qarshi kurashini himoya qildilar. Ammo, bu ishni quldorlik tuzumini saqlagan holda va yirik yer egalarini cheklash yo`li bilan hal etmoqchi bo`ldilar. Yer egalarining qo`lidagi yerning bir qismini kesib va davlat fondidagi yerdan foydalanib kam yerli dehqonlardan ozod dehqonlar tabaqasi barpo etish ko`zda tutilgan, eng muhimi, bu toifa quldorlarning ishonchli tayanchi bo`lishi kerak edi.
Aka-uka Tiberiy va Gay Grakxlarning agrar islohoti bo`yicha, davlat yeridan foydalanuvchilarning har biri 500 yuger (125 gektar), har o`g`li uchun 250 yuger, ammo bir oila uchun 1000 yugerdan ortiqcha yer olish ta’qiqlangan. Undan ortiq yerlar musodara qilingan va 30 yugerdan bo`linib, kambag`al fuqarolarga berilgan, lekin bu yerni birovga sotish man etilgan. Bu qonun qabul qilindi, ammo uni amalga oshirishga yirik yer egalari va senat qarshilik qildi. Tiberiy Grakx m.a. 132 yilda ataylab o`ldirildi, Gay (ukasi) Grakx m.a. 123-122 yy.da bu islohotni amalga oshirish uchun ishni davom ettirdi, bir qancha demokratik o`zgarishlarni amalga oshirdi (Rimda arzon non sotish), oqibatda 80 ming fuqaro yer uchastkasi oldi. Islohot vaqtincha muvaffaqiyat keltirdi, m.a. 111 y. davlat yerlarini sotishga yo`l berildi, yerlar xususiy mulkka aylandi (m.a. 121 y.da Gay ham jangda halok bo`lgan).
Quldorlik tuzumi inqirozga uchragan va tushkunlikka tushgan davrda rimlik agronomlar Varron (m.a. 116-27 yy.) va Lusiy Kolumella (I asr) lar quldorlik xo`jaligini ratsionallashtirish muammolarini ishlab chiqdilar. Shu bilan birga olim va arxeolog bo`lgan Varron "qishloq xo`jaligi to`g`risida" degan kitobida bu sohaning ahamiyatiga katta o`rin beradi, qishloqdan shaharga intilganlarni qoralaydi. U dehqonchilik bilan chorvachilikni birga rivojlantirishni ma'qul deb biladi. Varron ular o`rtasidagi "Buyuk ittifoq" tarafdori edi. Buning asosiy sababi shundaki, Italiyada don nisbatan arzon edi, chorvachilikning foydasi esa ancha yuqori bo`lgan. Shu bilan birga, Varronning fikricha, har bir xo`jalik o`z-o`zini ta'minlashi kerak, u bozor munosabatlariga kam e'tibor qilgan, qullar ekspluatatsiyasi tarafdori bo`lgan va ularni "gapiruvchi qurollar" deb bilgan. U qullarning siyosiy jihatdan xavfli ekanligini tushungan va imeniyolarda bir millatga tegishli qullarni ko`p saqlamaslik kerak, deb tavsiya etgan (chunki birlashib harakat qilishlari oson).
Kolumella o`zining qishloq xo`jaligiga oid yirik asarida qullar mehnatining samarasi pastligini ta'kidlaydi (birovga ishlaydi-da!). Uning fikricha, qullar yerni yaxshi ishlamaydilar, yer yuqori hosil berishi uchun qayg`urmaydilar. U erkin mayda ishlab chiqaruvchilarning mehnati qullarnikidan yuqori bo`lishini isbotlab berdi, yirik quldorlik latifundiyalariga nisbatan mayda dehqonchilikni afzal deb hisobladi. Bu davrda yirik latifundiyalarning inqirozi aniq bo`lib qoldi, rivojlanish faqat ekstensiv yo`l bilan bordi, ya'ni hosil qo`shimcha yer hisobigagina oshdi. qullar imkoni boricha yerni ishlamaslikka intilgan. Kolumella bunday yerlarni erkin kolonlarga bo`lib berish yaxshiroq samara beradi, degan to`g`ri xulosaga keldi, uningcha mayda ishlab chiqarishga o`tish kerak edi (hozirgi davrga solishtirib ko`ring).
Sitseron Mark Tulliy (m.a. 106-43 yy.) taniqli davlat arbobi va mashhur notik bo`lgan. U yashagan davrda davlat ancha markazlashgan bo`lib, savdo-sotiq ancha o`sdi, sudxo`rlik boyish manbayiga aylandi. U qishloq xo`jaligini qo`llagan holda (chunki bu soha bozor uchun ham mahsulot yetkazar edi), yirik savdo va sudxo`rlikni boyish manbayi deb hisobladi. Demak, Sitseron boshqalardan farqli ravishda quldorlar bilan birga savdogar va sudxo`rlarning manfaatini ham himoya qildi.
Quldorlik tuzumining ichki qarama-qarshiligi tobora o`sdi, qullar qo`zg`oloni ro`y berdi. Tarixda Spartak boshchiligidagi (m.a. 73-71 yy.) qullar qo`zg`oloni katta ahamiyatga ega, u beayov bostirilgan bo`lsa ham, tuzum zaminiga jiddiy zarba bo`ldi. Lutsiy Sergey Katalina m.a. 63-62 yy. kambag`al aholi yordamida hokimiyatni egallamoqchi, qulchilikni yo`q qilmoqchi va boyimoqchi bo`ldi, ammo uning harakatlari ham zoye ketdi.
Yangi eramizning I-II asrlarida Rim imperiyasida nisbatan barqarorlik davri bo`ldi, lekin quldorlik ekspluatatsiyasining samarasizligi tobora ayon bo`lib qoldi, kolonat o`sdi. Aristotel g`oyalarida qulchilik tabiiy zarurat deyilgan bo`lsa, endilikda bunga sharoit taqozosi tufayli kelingan, degan fikrlar yuzaga chiqa bosh-ladi.
Lutsiy Anney Seneka (m.a.3-mil.65 yy.) qulchilikning siyosiy xavfini tushundi va qullar bilan yumshoqroq munosabatda bo`lishni taklif etdi, ular ham tabiatan ozod odam ekanligini tan oldilar.
Shu davrda kolonatga, krepostnoylikka o`tish kuchaydi. Ana shunday bir paytda milodning I asrida (2-yarmida) yangi diniy mafkura - xristianlik vujudga keldi. Uning asosiy aqidalari Injilda keltirilgan. Bu muqaddas kitobda bir qancha iqtisodiy g`oyalar ham berilgan. Oddiy xo`jalik faoliyati (mehnat) zarur va ulug` ish deb qaraladi. Dastlab og`ir qullar haq-huquqini himoya qilgan bu din, bu ahvoldan qutulish yo`li yuqoridan, xudodan deb bilgan. O`sha davrda bu dinning boshqa dinlardan afzalligi shu bo`ldiki, xalqlar o`rtasidagi etnik va sotsial tafovutlar inkor etildi, din oldida hamma barobar deb e'lon qilindi. Keyinchalik bu din boshqa toifalar orasida ham tarqaldi. Dastlab xristianlik mulki umumiy bo`lib, ekspluatatsiya inkor etilgan, odatda sadaqa hisobiga kun ko`rilgan. Birinchi xristianlar ta'qib ostiga olingan, ammo 325 yili Nikey Soborida xristianlikka Rim imperiyasining davlat dini maqomi berildi, oqibatda quldorlik va bo`lajak feodal jamiyatining mafkurasiga aylandi.
Milodiy yilning boshida ilk xristianlikning iqtisodiy g`oyalari Avreliy Avgustin Blajenniy (353-430) asarlarida ham berilgan. U hammaning mehnat qilishi zarurligini, "ishlamagan tishlamaydi" (apostol Pavelning fikri) g`oyasini ilgari surdi (sotsializmning asosiy tamoyilini eslang), dehqonchilik eng faxriy kasb ekanligini aytdi, savdoni esa faqat foyda, naf olish uchun qilinadigan ish deb qoraladi. Aqliy mehnatni jismoniy mehnat kabi baholash muhim edi. Ammo, Avgustin qullarni ozod qilishni qat'iy talab etgan emas, u dinning bosh vazifasi aholining axloqiy takomillashuviga yordam berish, degan xulosa chiqargan. Bu dinda odil baho tamoyili, mahsulotlarni shaxsiy emas, balki ijtimoiy baholash, mulk, boylik va boshqa ko`pgina iqtisodiy muammolarga tegib o`tilgan. Avgustin Blajenniy "G’aflatda yotgan xalqni uyg`otish uchun avvalo uning tarixini uyg`otish zarur", degan buyuk fikrni ifoda etgan.
XULOSA
Dastlabki iqtisodiy g`oyalar insoniyatning paydo bo`lishi bilan shakllangan, ammo bizgacha yetib kelganlari m.a. 2-ming yillikka to`g`ri kelib, ko`proq qadimiy Osiyo xalqlarining xo`jalik faoliyatini aks ettiradi. Antik dunyoga ma'lum darajada amaliyotni nazariy umumlashtirish, abstraksiyalash oqibatida birinchi iqtisodiy mushohadalar, ayrim iqtisodiy tushunchalar, kategoriyalar shakllana boshladi.
Qullikka asoslangan natural xo`jalik, ayniqsa qishloq xo`jaligi qo`llab-quvvatlangan, boylikning asosiy manbayi mehnat deb hisoblangan Hindistonda "buyumning qiymati"ni "ish kunlari" bilan belgilash, mahsulotning bozor bahosi bilan uning tabiiy qiymati o`rtasidagi farq aytilgan, foyda masalasi ko`tarilib, uning miqdori cheklangan. Davlatning iqtisodga aralashuvi qo`llab-quvvatlangan.
Xitoydagi iqtisodiy g`oyalar ancha rivojlangan bo`lib, tabiiy huquq nazariyasi ilgari suriladi, ularda mehnat taqsimoti, davlatning roli, xalq boyligi va hukmdorlar mulki o`rtasidagi bog`lanish, iqtisod va qonun masalalariga tegib o`tiladi.
Agar Osiyoda quldorlik ko`proq patriarxal shaklda bo`lsa, antik dunyoda u klassik ravishda ro`y bergan, natural hunarmandchilik, dehqonchilik xo`jaligi qo`llangan, ammo bu davr oxirida savdo, sudxo`rlik ham qo`llab-quvvatlangan. Pulning asosan almashuv (Ksenofont jamg`arish) funksiyasi tan olingan. Mahsulot ishlab chiqarishni rag`batlantirish, boylik jamg`arish zararli deb hisoblangan. "Ekonomika", "Xrematistika" tushunchalari kiritilugan, ular bir-biriga qarshi qo`yilgan, qiymat (qimmat) kategoriyasi, tovarlarning almashuv tamoyillari (ilk yo`nalish) keltirilgan, ammo buning mezoni (mehnat miqdori, foydalilik) aniq berilmagan.
Rimda quldorlik eng yuksaldi, lekin tanazzulga ham uchray boshladi (Osiyoda feodalizm munosabatlari oldinroq ro`y bergan). qulchilikka munosabat o`zgardi, erkin sohibkorlik ustunligi oydin bo`lib qoldi, dehqonchilik bilan chorvachilik, yirik savdo va sudxo`rlik faoliyati qo`llandi (Sitseron). Mayda ishlab chiqarishga o`tish jarayoni, islohotlar (Grakxlar) yo`li boshlandi.
Katon tomonidan foyda tushunchasi kiritilgan, ammo uni xato ravishda qiymatdan ortiq mahsulot deb bilgan.
Zoroastrizmning muqaddas kitobi Avesto va xristianlik kitoblari Bibliya, Injilda ham muhim iqtisodiy g`oyalar mavjud, masalan sotsializmning bosh tamoyili bo`lgan "ishlamagan tishlamaydi" g`oyasi eramiz boshida ma'lum edi.
qisqacha xulosa qilib shuni aytish mumkinki, bu davrdagi iqtisodiy g`oyalarda natural xo`jalik (nobozor) konsepsiyalari asosiy hisoblanadi.
|