6.1.2. Uch fazali zanjirlarning ulanish sxemalari
Uch fazali zanjirlarda generatorlar, motorlar, transformatorlar chulg‘amlari va iste'molchilar asosan yulduz va uchburchak sxemalari bo‘yicha ulanadi.
Agar generator chulg‘amlarining bir xil nomlangan uchlari o‘zaro ulansa, u holda yulduz sxema hosil bo‘ladi (6.4- rasm, a). Buning uchun elektr mashina va transformatorlar chulg‘amlarining bir xil nomlangan uchlarini sim bilan ulash yetarli bo‘ladi (6.4- rasm, b).
Faza chulg‘amlarining bir xil nomlangan uchlari o‘zaro ulangan umumiy nuqta generator neytral nuqtasi deb ataladi va N harfi bilan belgilanadi. Sxema ko‘rinishini soddalashtirish maqsadida generator fazalarini o‘zaro 1200 burchak ostida emas, balki parallel joylashtiramiz (6.4- rasm, d).
Uch fazali zanjirda yuklama ham yulduz sxemasida ulanishi mumkin. Iste'molchilar fazalari o‘zaro ulangan umumiy nuqta iste'molchilar neytral nuqtasi n, uni generator neytral nuqtasi bilan ulab turuvchi Nn sim neytral sim deb ataladi (6.5- rasm). Neytral sim fazalar kuchlanishlarining o‘zaro bog‘liqsizligini ta'minlaydi.
Generator va iste'molchi mos fazalarini ulovchi АА, ВВ, СС simlar liniya simlari, ulardagi IA, IВ, IС toklar esa liniya toklari deb ataladi. Liniya simlari orasidagi UAВ, UВC, UCA kuchlanishlar liniya kuchlanishlari deb ataladi. Liniya simlaridagi toklarning musbat yo‘nalishi shartli ravishda generator(manba)dan yuklama(iste'molchi)ga tomon (elektr energiyasi manbadan iste’molchiga uzatilayotganligi inobatga olib), neytral simdagi tokning musbat yo‘nalishi esa yuklamadan generator tomon olinadi (6.5- rasm). Generator faza chulg‘amlaridan va yulduzcha sxemada ulangan iste'molchilardan o‘tayotgan toklar faza toklari deb ataladi. 6.5- rasmdan ko‘rinib turganidek, istemolchilar yulduz sxemada ulanganda liniya toklari faza toklariga teng bo‘ladi.
6.5- rasm
Uch fazali generator faza chulg‘amlarini uchburchak sxemasi bo‘yicha ulash uchun ular o‘zaro ketma-ket ulanadi (6.6- rasm, a, b). Uchburchak ulanganda chulg‘amlar berk kontur hosil qilsa-da, shu konturdagi tok nolga teng, chunki simmetrik EYK lar geometrik yig‘indisi nolga teng bo‘ladi. Agar biron bir faza teskari ulansa, berk uchburchakda tok keskin oshadi (6.6- rasm, c, d).
Chulg‘amlari uchburchak ulangan generator faza kuchlanishi unga mos liniya kuchlanishiga teng, ya'ni UF = UL. Uchburchak sxemasi bo‘yicha ulangan yuklama fazalaridagi IAВ, IВС, IСА toklar esa faza toklari deb ataladi.
Elektroenergetikada generator chulg‘amlari hamda yuklamaning "yulduz-uchburchak", "uchburchak-yulduz", "yulduz-yulduz", "uchburchak-uchburchak" sxemalari keng qo‘llaniladi.
|