Tayanch iboralar: kassatsiya instantsiyasining tashkil topishi va rivojlanishi, kassatsiya tartibida shikoyat va protest keltirish huquqi, shikoyat qilish va protest keltirish ob`ekti va sub`ektlari, kassatsiya shikoyatining va kassatsiya protestining mazmuni, shikoyat va protestni ko’radigan sudlar, kassatsiya tartibida keltirilgan shikoyat va protestlarning ko’rilishi va uning protsessual tartibi, shikoyat, protest yuzasidan kassatsiya instantsiya sudining vakolatlari (hal qiluv qarorini o’zgartirish, bekor qilish yoki yangi hal qiluv qarorini chiqarish uchun asoslar), birinchi instantsiya sudining ajrimlari ustidan shikoyat berish va protest keltirish.
Dars o’tish vositalari: mavzu nazariy ahamiyat kasb etishi bilan uni asosan ma`ruza tarzida O’zbeksiton Respublikasining protsessual qonunchiligi haqida, Prezident asarlarida sud -huquq sohasini isloh qilishga qaratilgan vazifalarni hamda Oliy sudning Plenum qarorlarining - normalarini sharhlash orqali yoritiladi hamda zaruratga qarab savol-javoblar uyushtiriladi.
Dars o’tish usullari: darsning mohiyatini ijtimoiy-gumanitar fanlar yutuqlaridan foydalangan holda yorqin tahlil qilish va seminarda har bir talabaning fikrini eshitish bilan yakunlanadi.
Fuqarolik ishi sudda ko’rib hal etilgan manfaador shaxs, uning yakunidan hamisha qanoatlanavermaydi. Shu boisdan ishni ko’rilishidan va uning yakunidan norozi bo’lgan shaxslar, o’zlarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishni davom ettirish maqsadida yuqori sudga shikoyat, boshqa shaxslarning huquqlarini himoya qiluvchi prokuror esa, protest keltirish huquqidan foydalanadilar. Demak, sudning tegishli masala bo’yicha chiqargan qarori ularning sub`ektiv huquqiga ta`sir ko’rsatganligidan dalolat beradi. Shu tufayli, undan keyin protsessni davomiyligi ishda ishtirok etuvchi shaxslarning, prokurorni ham birinchi instantsiya sudining chiqargan aktiga nisbatan bo’ladigan munosabatiga bog’liq bo’ladi. Agar manfaatdor shaxslar sudning chiqargan hal qiluv qarori, ajrimlaridan qanoat hosil qilmasalar yuqorida bayon etilganidek, ish qayta ko’rilishi mumkin.
Fuqarolik ishlarini qayta ko’rish institutlaridan biri bo’lib, kassatsiya tartibida ish ko’rish hisoblanadi. Yuqorida ta`kidlab o’tilganidek, ishlarni qayta ko’ruvchi sudlarning har biri qonunda belgilangan huquqlardan foydalanishi, bundan oldingi appelyatsiya bosqichida ish ko’rish bobida aytib o’tilgan edi.
O’zbekiston Respublikasi fuqarolik protsessual qonunchiligi kassatsiya tartibida ish ko’rish institutidan 2000 yil dekabrida qadar1 fuqarolik ishlarini sudda qayta ko’rishda ikkinchi instantsiya sudi sifatida foydalanib kelingan va shu asosida qonuniy kuchga kirmagan birinchi instantsiya sudining hal qiluv qarorlari va ajrimlariga shikoyat berish, prokuror esa, protest keltirish huquqidan foydalanilgan edi. Ayni vaqtda kassatsiya instantsiya sudida apellyatsiya sudining ayrim elementlari bo’lib, u har ikki bosqich sudlarining vakolatlarini bajargan deyishlikka tegishli asoslar mavjud bo’lgan deb ta`kidlansa, xatolikka yo’l qo’yilmagan bo’ladi, degan fikr tug’iladi.
Kassatsiya-frantsuzcha-buzish ma`nosini anglatib, ko’rilgan fuqarolik ishlarini qayta ko’rish tushuniladi.
Fuqarolik protsessual qonunchiligiga kiritilgan kassatsiya tartibida ish yuritish institutining maqsadi ishni qaytadan to’lig’icha, mazmunan ko’rmasdan faqat ishning shikoyat qilingan qismi bo’yicha moddiy va protsessual huquqiy me`yorlarining to’g’ri tadbiq etilganligini tekshiradi.
FPKga yangi kiritilgan va 2000 yil dekabridan amalda tadbiq etilayotgan kassatsiya instantsiyasida ish ko’rish qator jihatlari bilan oldingi kassatsiya institutidan farqlanadi, jumladan kassatsiya shikoyatini berish, protest keltirish huquqiga ega bo’lgan shaxslar va qaysi muddatda berilishi FPKning 348-moddasida ifodalangan. Unda ko’rsatilishicha, O’zbekiston Respublikasi barcha sudlarining qonuniy kuchga kirgan, apellyatsiya tartibida ko’rilmagan hal qiluv qarorlari, ajrimlari ustidan sudning hal qiluv qarori, ajrimi chiqqan kundan e`tiboran bir yil ichida taraflar va ishda ishtirok etishga jalb qilingan shaxslar tomonidan kassatsiya shikoyati berilishi va prokuror tomonidan protest keltirilishi mumkin.
Demak, kassatsiya sudida birinchi instantsiya sudi tomonidan ko’rib hal etilgan va apellyatsiya sudiga shikoyat (protest) berilmagan, qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qaror va ajrimlar ko’rsatilishi nazarda tutiladi.
Kassatsiya tartibida ishlarni ko’rish fuqarolik ishlari bo’yicha qoraqalpog’iston Respublikasi Oliy sudida, fuqarolik ishlari bo’yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlarida uch nafar sudyadan iborat tarkibda ko’riladi.
Yuqorida ko’rsatib o’tilganidek, shikoyat berish huquqiga apellyatsiya tartibidagidek taraflar (da`vogar, javobgar), uchinchi shaxslar, ularning vakillari protsessda boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishda ishtirok etgan prokuror sudning hal qiluv qarori, ajrimi, qarori ustidan kassatsiya instantsiyasiga huddi apellyatsiya tartibidagidek, faqat o’zining ishtirokida ko’rilgan ishlar bo’yicha protest keltirish huquqiga egadir (FPKning 310-moddasi).
Kassatsiya sudiga shikoyat berish (protest) keltirish huquqi manfaatdor shaxslarda hal qiluv qaror, ajrim qonuniy kuchga kirgandan keyin paydo bo’ladi va bu aktlar shikoyat (protest) keltirish ob`ekti bo’ladi.
Kassatsiya shikoyatlari va protestlari kassatsiya instantsiya sudi nomiga yoziladi, lekin hal qiluv qarori chiqargan sudga beriladi.
Fuqarolik protsessual qonunchiligida kassatsiya tartibida shikoyat qilish (FPKning 3481-moddasi) uchun bir yillik muddat belgilanishi ish ko’rishni asossiz cho’zmaslik, ko’p vaqt o’tishi bilan uning mohiyatini yo’qotishning oldini olish va shu bilan manfaatlar shaxslarning qonuniy huquqlarini himoya qilishga qaratilgan muddat bo’lib xizmat qiladi.
Amaldagi Fuqarolik protsessual kodeksiga kiritilgan o’zgartirish va qo’shimchalar (FPKning 248-moddasi)ga ko’ra, kassatsiya shikoyatlari (protestlari)ni quyidagi sudlarning sudloviga tegishli ekanligi belgilangan:
-
Fuqarolik ishlari bo’yicha qoraqalpog’iston Respublikasi Oliy sudi, fuqarolik ishlari bo’yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari-tegishli fuqarolik ishlari bo’yicha tumanlararo sudlarning hal qiluv qarorlari ustidan, Fuqarolik ishlari bo’yicha qoraqalpog’iston Respublikasi Oliy sudining, fuqarolik ishlari bo’yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining hal qiluv qarorlari ustidan berilgan kassatsiya shikoyatlarini (protestlarini);
-
O’zbekiston Respublikasi Harbiy sudi-okrug va hududiy harbiy sudlarning hamda O’zbekiston Respublikasi Harbiy sudining hal qiluv qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarini (protestlarini);
-
O’zbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari bo’yicha sudlov hay`ati-O’zbekiston Respublikasi Oliy sudining hal qiluv qarorlari ustidan berilgan kassatsiya shikoyatlarini (protestlarini);
-
O’zbekiston Respublikasi Oliy sudining Harbiy hay`ati-O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Harbiy hay`atining hal qiluv qarorlari ustidan berilgan kassatsiya shikoyatlarini (protestlarini) ko’radi.
Kassatsiya shikoyatlari va protestlarni kassatsiya instantsiya sudi nomiga yoziladi, lekin hal qiluv qarori chiqargan tumanlararo sudlari orqali yuboriladi.
Agar ish ko’rishda vakil qatnashgan bo’lsa, vakil tomonidan berilgan kassatsiya shikoyatiga ishonchnoma yoki vakilning vakolatini tasdiqlaydigan boshqa hujjatlar ilova qilinadi. Kassatsiya shikoyati berish (protest keltirish) tartibi FPKning 3483-moddasida o’z ifodasini topgan.
Kassatsiya shikoyati berish (protest keltirish) uchun uning sabablarini puxta tahlil etgan holda FPKning 3484-moddasi talablari asosida berish talab etiladi. Bu huquqiy me`yorda ko’rsatilishicha:
-
shikoyat berilayotgan yoki protest keltirilayotgan sudning nomi;
-
shikoyat berayotgan yoki protest keltirayotgan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);
-
shikoyat berayotgan yoki protest keltirilayotgan hal qiluv qarori va uni chiqargan sud;
-
hal qiluv qarorining noto’g’riligi nimadan iborat ekanligi;
-
shikoyat berayotgan yoki protest keltirayotgan shaxsning iltimosi;
-
shikoyat yoki protestga ilova qilingan yozma materiallarning ro’yxati.
Kassatsiya shikoyati beratgan shaxs birinchi instantsiya sudiga taqdim etilmagan yangi dalillarni keltirishga, ularni birinchi instantsiya sudiga taqdim etishning imkoni bo’lmaganligi asoslab berilgan hollardagina yo’l qo’yiladi.
Kassatsiya shikoyatini shikoyat berayotgan shaxs yoki uning vakili imzolaydi. Kassatsiya protesti prokuror yoki uning o’rinbosari tomonidan keltiriladi va imzolanadi.
Kassatsiya shikoyati (protesti) sudda ishtirok etuvchi shaxslarning soniga qarab nusxalar bilan qo’shib beriladi.
Sudya zarur hollarda, kassatsiya shikoyati bergan shaxsga yoki protest keltirgan prokurorga, shikoyat (protest)ga ilova qilingan yozma materiallarning ishda ishtirok etuvchi shaxslar soniga qarab, nusxalar bilan topshirish majburiyatini yuklay olishi mumkin.
Kassatsiya shikoyatini beruvchi shaxs belgilangan miqdordagi (da`vo talablarini 50% miqdoridagi) davlat bojini to’lashi lozim.
Agar kassatsiya shikoyati berish yoki protest keltirish paytida FPKning 3483 va 3484-moddalari talablari buzilishiga yo’l qo’yilgan bo’lsa yoki davlat boji to’lashdan ozod qilinmagan shaxs shikoyat berganlik uchun boj to’lamagan bo’lsa, kassatsiya shikoyati yoki protesti harakatsiz qoldiriladi.
Kassatsiya shikoyati yoki protestini harakatsiz qoldirish to’g’risida sudya bu shikoyat yoki protestni harakatsiz qoldirilishiga asos bo’lgan kamchiliklarni va ularni tuzatish uchun berilgan muddatni ko’rsatib ajrim chiqaradi.
Agar shikoyat bergan yoki protest keltirgan shaxs ajrimda ko’rsatilgan kamchiliklarni belgilangan muddatda tuzatsa, shikoyat yoki protest dastlab sudga taqdim etilgan kunda berilgan hisoblanadi. Aks holda, shikoyat yoki protest berilmagan hisoblanib, shikoyat bergan yoki protest keltirgan shaxsga qaytariladi va bu haqda ajrim chiqariladi.
Birinchi isntantsiya sudiga kassatsiya shikoyati (protesti) kelib tushgandan so’ng sudya ishni belgilangan protsessual muddatlarda ko’rishga qaratilgan bir qator protsessual harakatlarni amalga oshiradi, jumladan:
-
ishda ishtirok etuvchi shaxslarga shikoyat yoki protestning nusxalarini yuborish;
-
ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ishni kassatsiya instantsiyasida ko’rish vaqti va joyi to’g’risida ma`lum qilishi;
-
sud qarori ijrosini (agar u ijro etilmagan bo’lsa) ish kassatsiya tartibida ko’rilguniga qadar to’xtatib qo’yishi va bu xususda manfaatdor shaxslar, tashkilotlarni xabardor etishi;
-
kassatsiya shikoyati yoki protesti kelib tushgan kundan e`tiboran yigirma kunlik muddat ichida ishni tushgan shikoyat va protest bilan birga kassatsiya instantsiyasi sudiga yuborishi shart.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sudda ish materiallari va tushgan shikoyatlar yoki protest bilan tanishishga haqli.
Bu harakatlar kassatsiya instantsiya sudida ishlarni har tomonlama ob`ektiv ravishda va tezda ko’rishlikni ta`minlashga qaratilgandir.
Kassatsiya instantsiya sudi nomiga shikoyat (protest) berilganda birinchi instantsiya sudidan ishni biron bir mansabdor, vakolatli shaxs belgilangan shikoyat (protest) berish muddati ichida talab qilishga haqli emaslar.
Taraflar va ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan berilgan kassatsiya shikoyatiga shu shaxslar tarafida ishtirok etuvchi sherik ishtirokchilari lozim hollarda shikoyatga qo’shilishlari mumkin.
Birinchi instantsiya sudlari manfaatdor taraflar tomonidan berilgan kassatsiya shikoyatining qanchalik asoslantirilganligi haqida o’z fikrlarini (e`tirozlarini) bildirishlari mumkin, buning uchun, tegishli hujjatlarni e`tiroznomaga qo’shib berishligi lozim bo’ladi. Shikoyat yuzasidan e`tiroz bildirish majburiy bo’lmay, ularning huquqidir.
Kassatsiya instantsiya sudi ishni shikoyat (protest) bilan birga olgandan so’ng, FPKning 3489-moddasida ko’rsatilgan protsessual harakatlarni bajaradi.
Apellyatsiya bosqichidagi kabi kassatsiya sudida ham shikoyat bergan manfaatdor shaxs uni to’ldirishi, o’zgartirishi yoki undan voz kechishi mumkin.
Kassatsiya protesti bildirgan prokuror, shuningdek yuqori turuvchi prokuror sud majlisi boshlanguniga qadar protestni to’ldirish, o’zgartirish yoki qaytarib olishga haqli.
Agar hal qiluv qarori ustidan boshqa shaxslar shikoyat bermagan bo’lsa, shikoyatdan voz kechish qabul qilinganligi to’g’risida va protest qaytarib olingan taqdirda, kassatsiya instantsiya sudi ajrim chiqarib, kassatsiya tartibida ish yuritishni tugatadi.
Shikoyat va protest keltirish huquqidan foydalanish ishda ishtirok etuvchi shaxslarning erkin huquq tamoyiliga asoslangan bo’lib, qonunda ko’rsatilgan moddiy va protsessual huquqlarini amalga oshirish ularning majburiyati bo’lmasdan balki huquqidir.
Demak, ana shunday huquqdan foydalanish manfaatdor shaxslarga nisbatan hach qanday tashqaridan ta`sir etuvchi taziyq bo’lmagan taqdirdagina amalga oshirilishi lozim. Aks holda sud bunday shikoyatdan voz kechishni g’ayriqonuniy deb topishi va uni qanoatlantirmasligi mumkin.
Yuqorida ko’rsatilganidek, prokuror kassatsiya shikoyatini sud majlisi boshlanguniga qadar qaytarib olishi, to’ldirishi, o’zgartirishga haqli, chunki kassatsiya sudida ish ko’rilishi boshlangandan so’ng protestda ko’rsatilgan holatlar tasdiqlanmasligi mumkin. SHuning uchun, bunday tartib prokurorni protest keltirishdan avval chuqur mulohaza etish ishni qonuniy hal etishga qaratilgan holatlarni tahlil etgan holda munosabatda bo’lish nazarda tutilgandir.
Kassatsiya instantsiya sudi birinchi instantsiya tartibida ko’rilgan ish bo’yicha berilgan shikoyat keltirilgan protest tayinlangan vaqtida taraflar va ishda ishtirok etuvchi shaxslarning ishtirokida ko’radi. Kassatsiya instantsiyasida ish ko’rish FPKning 333-342-moddalarida nazarda tutilgan tartibda o’tkaziladi.
Da`vogar qo’zg’atilgan da`vo talablaridan nafaqat birinchi instantsiya sudida, yuqori sudlarda ham voz kechishga haqli. Javobgarning esa, da`vo talablarini tan olishi sud protsessini hal etilishini bir muncha tezlashtirishga imkoniyat beradi. Bulardan tashqari, taraflar fuqarolik ishlarini ish ko’rishning har qanday bosqichida kelishuv bitimi bilan yakunlashlari ham mumkin. Bular haqida FPKning 34811-moddasida quyidagilar belgilangan.
Kassatsiya shikoyat berilgan yoki protest keltirilgandan keyin da`vogarning arz qilgan talablardan voz kechishi, javobgarning da`vogar talablarini tan olishi va taraflarning kelishuv bitimi tuzishi yozma shaklda bayon etilib, kassatsiya instantsiyasi sudiga topshirilishi lozim. Agar ish ko’rish vaqtida da`vogar arz qilgan talablaridan voz kechsa, javobgar arz qilingan talablarni tan olsa yoki taraflar kelishuv bitimi tuzsalar, bu haqda sud majlisining bayonnomasiga yozib qo’yiladi va bayonnomani tegishincha da`vogar, javobgar yoki har ikki taraf imzolaydi.
Sud da`vodan voz kechishni qabul qilishdan yoki kelishuv bitimini tasdiqlashdan oldin da`vogarga yoki taraflarga bunday protsessual harakatlarning oqibatlarini tushuntiradi.
Da`vogarning arz qilgan talablaridan voz kechishi qabul qilingan yoki taraflarning kelishuv bitimi tasdiqlangan taqdirda kassatsiya instantsiyasi sudi chiqarilgan hal qiluv qarorini bekor qiladi va ish yuritishni tugatadi.
Agar da`vogarning arz qilgan talablaridan voz kechishi yoki taraflarning kelishuv bitimi qonunga zid bo’lsa yoxud birovning huquqlari va qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlarini buzadigan bo’lsa, sud voz kechishni rad qiladi yoki tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlamaydi hamda ishni kassatsiya tartibida ko’radi.
Fuqarolik ishlarini sudda ko’rishda taraflarning o’z talablaridan voz kechishligi yoki ular o’rtasida tuzilgan kelishuv bitimlari qonunda zid deganda quyidagi holatlarga sud e`tibor berishi maqsadga muvofiqdir, jumladan:
-yanglishish ta`sirida tuzilgan; aldash, zo’rlik, qo’rqitish, bir taraf vakilining ikkinchi taraf bilan yomon niyatda kelishishi yoki og’ir holatlar yuz berishi ta`sirida tuzilgan; qalbaki va ko’zbo’yamachilik uchun tuzilgan va boshqalar. FKning 113-128-moddalarida bitimlarni haqiqiy emasligi haqidagi qoidalar o’z ifodasini topgan.
Fuqarolik ishida ishtirok etuvchi mustaqil talab bilan arz qiluvchi uchinchi shaxslar, da`vogar kabi qonunda belgilangan protsessual huquqlardan foydalanishlari munosabati bilan ular ham o’z talablaridan voz kechishlari va kelishuv bitimi tuzishga haqlidir.
Ishda ishtirok etuvchi taraflar va boshqa shaxslarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida belgilangan muddatlarga rioya etish kassatsiya instantsiya sudiga ham tegishlidir. Shu tufayli FPKning 34812-moddasida ishni kassatsiya instantsiyasida ko’rish muddatlari ko’rsatilgan. Bu qoidada fuqarolik ishlari bo’yicha qoraqalpog’iston Respublikasi Oliy sudi, fuqarolik ishlari bo’yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O’zbekiston Respublikasi Harbiy sudi kassatsiya shikoyati yoki protesti bo’yicha tushgan ishni u kelib tushgan kundan e`tiboran bir oydan kechiktirmay ko’rib chiqishi lozim. Ish o’ta murakkab bo’lgan yoki boshqa favqulodda hollarda tegishli sudning raisi bu muddatni ko’pi bilan o’n kunga uzaytirishi mumkin.
O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi kassatsiya shikoyati yoki protesti bo’yicha tushgan ishni u kelib tushgan kundan e`tiboran bir oydan kechiktirmay ko’rib chiqishi lozim. Alohida hollarda O’zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi yoki uning o’rinbosari bu muddatni ko’pi bilan yana bir oyga uzaytirishi mumkin.
Yuqorida apellyatsiya sudining ish ko’rish doirasi haqidagi qoidada (FPKning 332-moddasi)da ko’rsatilganidek, kassatsiya instantsiya sudining ishni ko’rish doirasida ko’radigan masalalar asosiylaridan bo’lib hisoblanadi, jumladan, birinchi instantsiya sudi hal qiluv qarorining qonuniy, asosli va adolatli ekanligini tekshiradi. Bulardan tashqari, kassatsiya sudi yangi dalillarni o’rganib chiqishi, agar yangi faktlar birinchi instantsiya sudiga taqdim qilinmagan va shu vaqtlarda taqdim qilinishi mumkin bo’lmagan hollarda ularni sud o’rganishi va tahlil qilgan holda ishni holisona to’g’ri hal etishda foydalanishi mumkinligi muhim masalalardandir.
Kassatsiya sudi ham apellyatsiya sudiga berilgan vakolat kabi birinchi instantsiya sudining hal qiluv qarorlarini to’la hajmda tekshirishi FPKning 34813-moddasida ko’rsatilgan.
Agar birinchi instantsiya sudining chiqargan qarori ishdagi dalillarga noto’g’ri baho berilganligi sababli bekor qilingan bo’lsa va ish shu sudda qaytadan ko’rilishida odilona hal qiluv qarori chiqarilishi to’g’risida gumon bo’lsa, kassatsiya sudi ishni boshqa tarkibda ko’rishlikka topshiradi.
Fuqarolik ishi kassatsiya sudida protsessual qoidalar asosida ko’rib chiqilgandan so’ng, sud o’ziga berilgan vakolat doirasida FPKning 34815-moddasida belgilangan harakatlarni bajarish qabul qiladigan ajrimda:
-
hal qiluv qarorini o’zgarishsiz qoldirishga yoki protestni qanoatlantirmaslikka;
-
hal qiluv qarorini o’zgarish yoxud butunlay yoki qisman bekor qilishga va yangi hal qiluv qarori chiqarishga;
-
hal qiluv qarorini butunlay yoki qisman bekor qilishga hamda FPKning 97, 100-moddalarida ko’rsatilgan asoslarga ko’ra, ish yuritishni tugatishga yoxud arizani ko’rmasdan qoldirishga;
-
FPKning 314-moddasining 2-qismida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo’lgan taqdirda hal qiluv qarorini butunlay yoki qisman bekor qilishga hamda ishni sudda yangidan ko’rib chiqish uchun yuborishga haqli.
Kassatsiya sudining vakolati bilan apellyatsiya instantsiya sudining FPKning 343-moddasida berilgan vakolatida farq yo’qligi ko’rinadi. Bunga sabab apellyatsiya sudida ko’rilmagan fuqarolik ishlari qonuniy kuchga kirgan bo’lsa ham yuqori sudlar tomonidan ko’rilib manfaatdor shaxslarning qonuniy huquqlarini himoya qilish kabi muhim protsessual huquqdan foydalanish nazarda tutilgan.
Kassatsiya sudi fuqarolik ishini sud protsessida ko’rib tamomlagandan so’ng ajrim chiqarish uchun maslaxatxonaga kiradi. Kassatsiya instantsiya sudining ajrimi darhol chiqariladi va e`lon qilinadi, bu bosqichdagi sudda apellyatsiya sudi kabi ajrimi chiqarishni kechiktirishga yo’l qo’yilmaydi.
Sudyalarning maslaxati ajrim chiqarish va uni e`lon qilish FPKning 14-moddasida belgilangan tartibda o’tkaziladi.
Ishni kassatsiya tartibida ko’rgan sud birinchi instantsiya sudining hal qiluv qarorida belgilanmagan yoki unda rad etilgan holatlarni belgilashga yoki isbotlangan deb hisoblashga, biror dalilning ishonchli yoki ishonchsizligi to’g’risidagi, bir xil dalilning boshqa xil dalillardan ustunligi to’g’risidagi, shuningdek moddiy huquqning qanday huquqiy me`yori tadbiq qilinishi va ishni yangidan ko’rganda qanday hal qiluv qarori chiqarilishi kerakligi to’g’risidagi masalalarni oldindan belgilab qo’yishga haqli emas. Bu haqda O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qarorida ko’rsatib o’tilgan.1
Fuqarolik ishi kassatsiya shikoyati yoki protesti bo’yicha qayta ko’rilishi natijasida kassatsiya sudining qabul qiladigan qarori ajrim shaklida bo’ladi.
Kassatsiya sudining ajrimi ham birinchi instantsiya sudining hal qiluv qarori, apellyatsiya sudining ajrimi singari to’rt qismdan iborat tartibda tuziladi (FPKning 206, 315-moddalari). Kassatsiya instantsiyasi sudining ajrimi chiqarilishi bilanoq qonuniy kuchga kiradi, uning ajrimi ustidan faqat vakolatli mansabdor shaxslargina nazorat tartibida protest keltirishga haqli bo’ladi.
Yuqorida ta`kidlab o’tilganidek, apellyatsiya sudiga birinchi instantsiya sudining chiqargan ajrimlari ustidan shikoyat berish prokurorni protest keltirishiga o’xshash kassatsiya sudiga ham birinchi instantsiya sudining ajrimlariga nisbatan shikoyat (protest) berish huquqidan ishda ishtirok etuvchi shaxslar foydalanishi mumkin.
Birinchi instantsiya sudining chiqargan ajrimi ustidan manfaatdor shaxsning beradigan shikoyatiga xususiy shikoyat deb, prokurorning keltirgan protestiga xususiy protest deb ataladi.
Kassatsiya tartibida ham birinchi instantsiya sudining hamma ajrimlari ustidan protest keltirish, shikoyat berish haqida qonun ko’rsatma bermaydi (Bu haqda birinchi instantsiya sudining ajrimlari ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berish prokurorning protest keltirishi haqidagi mavzuda batafsil berilgan). Shikoyat berishi yoki protest keltirilishi mumkin bo’lgan ajrimlar qonunda ko’rsatilgan bo’ladi.
Agar birinchi instantsiya sudlarining ajrimlari ustidan kassatsiya shikoyat (protest)ni berish haqida qonunda ko’rsatilmagan taqdirda ajrimga qarshi e`tirozlar kassatsiya shikoyatiga (protestiga) kiritilishi mumkin.
Birinchi instantsiya sudining apellyatsiya tartibida ko’rilmagan ajrimlari ustidan sudning hal qiluv qaroridan alohida holda kassatsiya instantsiya sudiga sud ajrimi chiqarilgan kundan e`tiboran bir yil ichida taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar tomonidan shikoyat berilishi hamda prokuror tomonidan protest keltirilishi mumkin. Xususiy shikoyatlar berish va xususiy protestlar keltirish ushbu bobda belgilangan tartibda amalga oshiriladi va ko’rib chiqiladi.
Birinchi instantsiya sudining ajrimlari ustidan kassatsiya tartibida berilgan xususiy shikoyat, xususiy protestlar bo’yicha kassatsiya instantsiya sudi ajrimni o’zgarishsiz qoldirishga, shikoyat yoki protestni esa qanoatlantirmaslikka, ajrimni bekor qilishga va ishni mohiyatan ko’rish uchun birinchi instantsiya sudiga yuborishga, ajrimni butunlay yoki qisman o’zgartirishga yoki bekor qilishga hamda masalani mohiyatan hal qilish kabi huquqlarga egadir.
|