Adabiy til va uning mezoni. Adabiy til biror millatning tarixiy jihatdan shakllangan umumxalq tiliga asoslanadi. O‘zbek adabiy tilining asoschisi buyuk shoirimiz Mir Alisher Navoiydir.
Adabiy til u tarqalgan hududda barcha xalq uchun tushunarli bo‘ladi. Bu umumxalq tilida shevalarga va kasb-hunarga xos so‘zlar ham bo‘ladi. Adabiy tilda boshqa tillardan o‘zlashgan so‘zlar ham bo‘lishi mumkin. Adabiy tilni yozma tildan farqlash zarur. Adabiy til oғzaki va yozma shaklda bo‘ladi. Adabiy tilning oғzaki shaklida uning talaffuz normasi o‘z ifodasini topadi. Adabiy tilning o‘z grammatikasi va leksikasi mavjud. Bular ham o‘z adabiy normasiga ega. Adabiy tilda turli sohalarga doir terminlar, dialektizmlar (shevalarga xos so‘zlar), kasb-hunar, madaniy-maishiy va boshqa sohalarga tegishli so‘zlar mavjud bo‘ladi. Adabiy tilning oғzaki shakli yozma shaklidan avval hosil bo‘lishi mumkin. Adabiy tilning shakllanishi va rivojlanishida buyuk shoir va adiblarning xizmati juda kattadir. Ular qo‘llagan so‘z va iboralar va maxsus uslub (stil) adabiy tilning nufuzini ta`minlaydi.
Adabiy til milliy tilning asosida shakllanadi. Milliy tilning yozma va oғzaki shakllari unda so‘zlovchi xalq uchun tushunarli va umumiy bo‘lgan mezonlarga egadir. SHu sababli uni davlat tili yoki rasmiy til sifatida qabul qilinadi. Davlat tili ommaviy axborotda, matbuotda, sud va prokuraturada, barcha davlat tashkilotlari, o‘quv maskanlari va boshqa muassasalarda qo‘llanadi. Tilni xalq yaratgan va uning adabiy va davlat tili sifatida qo‘llovchi ham xalqdir. Davlat tilining erkin rivojlanishini va uning xalq xo‘jaligining turli sohalarida qo‘llanishini ta`minlash til siyosatining asosiy vazifasi hisoblanadi.
Adabiy tilning ma`lum situatsiyada qo‘llanuvchi varianti uning funksional stili deb ataladi. Funksional stillar tilshunoslikning ifodali vositalarini o‘rganuvchi bo‘limi bo‘lmish stilistikada o‘rganiladi.
Tilning funksional stillari: rasmiy-ish stili, kundalik oғzaki nutq stili, ilmiy-texnik stil, diniy stil, badi-iy stil (u poetik (nazmiy) stil, nasriy stilni o‘z ichiga oladi). Ba`zan badiiy stilga nisbatan neytral stil farqlanadi.
|